Konstitutsiyaviy sudga qachon murojaat qilish mumkin?

Mamlakatimizning yangi Konstitutsiyasi 54-moddasida: “Insonning huquq va erkinliklarini ta'minlash davlatning oliy maqsadidir”, deb belgilangan. Sud organlari ana shu maqsadni ro'yobga chiqarishda asosiy vazifani o'taydi va buzilgan huquqlarni tiklashni kafolatlaydi.

Biroq yuqoridagi normani inson hayoti va huquqlaridan boshqa yuksak qadriyatlar yo'q, deb tushunish xato. Davlat suvereniteti, uning hududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligi, milliy qadriyatlar, xalqning tili va urf-odatlari ham yuksak qadriyatlar hisoblanadi.

Konstitutsiyaning 55-moddasida: “Har kimga o'z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deyilgan. Mazkur norma davlatimizning birinchi Kons­titutsiyasida ham bor edi. Yangi Kons­titutsiyamizda esa: “Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko'rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi. Har kim O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo'lingan bo'lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli”, deb belgilandi.

“Vakolatli, mustaqil hamda xolis sud”ga bo'lgan huquq tegishli protsessual qonunlarda belgilangan sudlovga taalluqlilik va tegishlilik, sud tarkibiga raddiya berish, yuqori sud instansiyasiga shikoyat qilish huquqlari orqali, shuningdek, sudyalarning lavozimda bo'lishining kafolatlari orqali ta'minlanadi. Insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish huquqini ta'minlovchi BMTning xalqaro inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha organlari bo'lib, ushbu tashkilotlar tomonidan fuqaroning o'z davlatining huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo'lishi shart qilib qo'yiladi. Bunda “huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalari” deganda aynan sud organlari, sudning eng yuqori instansiyasi tomonidan ishning ko'rib chiqilganligi va baho berilganligi tushuniladi.

Yangi Konstitutsiyamizning 133-moddasiga kiritilgan quyidagi yangi norma ham e'tiborga molik: “Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo'lingan bo'lsa, sudda ko'rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o'ziga nisbatan qo'llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to'g'risidagi shikoyat bilan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli”.

Bu norma sizga sudda huquqingizni himoya qilishda yana bir muhim imkoniyat beradi. Endilikda fuqarolar va yuridik shaxslar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo'lgach, bevosita Konstitutsiya­viy sud­­ga unga nisbatan qo'llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to'g'risida shikoyat qilishga haqli. “Sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo'lish” deganda eng yuqori sud instansiyasi, ya'ni O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishning ko'rib chiqilishi va baho berilishi tushuniladi. Ma'lumki, sud huquq va erkinliklar himoyachisi bo'laroq bu borada qonun nomidan gapirish vakolatiga ega. Biroq sudda qo'llanilgan qonun normasi Konstitutsiyaga zid bo'lgan holatda insonning huquqini tiklash vositasi bo'lib aynan yuqoridagi norma xizmat qilishi lozim. Kons­titutsiyaviy sudning asosiy vakolatlaridan biri qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlar normalariga sharh berish hisoblanadi. Ya'ni, bu holatda Konstitutsiyaviy sud aniq bir inson yoki yuridik shaxsning vajlarini inobatga olgan holda tegishli qonun normasining Kons­titutsiyaga muvofiqligiga baho berishi lozim bo'ladi.

Muhimi shuki, davlatimizning yangi Konstitutsiyasida sud orqali huquqni himoya qilishga doir muhim normalar mus­tahkamlangan.

Oybek HAKIMOV,

Toshkent tumanlararo sudi sudyasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 2 =