Oila mustahkamligi nimaga bog'liq?
Insonning shaxs sifatida shakllanishida oilaning o'rni beqiyos. Chunki ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlar, insonning fe'l-atvori birinchi galda oilada shakllanadi. Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, har qaysi mamlakat, har qaysi xalq hayotida Shaxs – Oila – Jamiyat – Davlat degan tushuncha va qadriyatlar hal qiluvchi o'rin tutadi. Shu bois oila doimiy ravishda davlat muhofazasida bo'lishi asosiy qomusimizda mustahkamlab qo'yilgan.
Bosh qomusimizning 76-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo'g'inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir”, deyilgan.
Darhaqiqat, har bir oila jamiyatning negizidir, oilalar mustahkamligi esa mustaqilligimizning barqarorligini ta'minlovchi asoslardan biri hisoblanadi.
Shu bois hukumatimiz oilalarning moddiy va ma'naviy butunligini ta'minlashga hamda onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza etishga alohida e'tibor qaratmoqda.
Hozirda mamlakatimizda, ma'lumotlarga ko'ra, 8,3 milliondan ortiq oila mavjud bo'lib, ularning 2 milliondan ortig'i yosh oilalardir. Aslida, har bir oilaning tarkib topishi yangi bir avlodning vujudga kelishi demakdir. Shunday ekan, agar yosh oilalarda kelishmovchilik yuzaga kelsa, bu holat kelgusi avlod hayotiga ham o'z ta'sirini o'tkazmay qolmaydi.
Demak, yosh oilalar ajrashishlarining oldini olish, mustahkam va ma'nan sog'lom oilalarni barpo etish uchun balog'at yoshidagi yigit-qizlarni turmushga tayyorlash bugungi kunda har birimizning jamiyat oldidagi muhim vazifamizga kiradi. Shu maqsadda respublika hududida balog'at yoshidagi qizlarni turmushga tayyorlash, “Barkamol avlod — sog'lom jamiyat negizi” dasturlarini ishlab chiqish amaliyotga tatbiq etilgan.
Xo'sh, oila ajrashishlari nega yuz beradi? Buning sabablari juda ko'p. Masalan, keyingi yillarda qizlarni balog'atga yetmasdan uzatish hollari uchrayapti. Ular ro'zg'or tutishni, qaynona-qaynotaga xizmat qilish va mehmon kutish taomillarini, shuningdek, kiyinish va muomala madaniyatini to'la anglab yetmagan bo'lishadi. Shu singari, yosh kuyovlar oilaviy burchlarini yaxshi bilishmaydi. “O'qimagan shu damda, turtinar har qadamda”, deganlaridek, kelin-kuyovlarning ro'zg'or borasidagi bilimsizligi bora-bora oilaviy munosabatlarni izdan chiqaradi. Shuningdek, turmush qurayotgan aksariyat yoshlarimiz oila yuritishda ham bilimsizdirlar. Oilaviy o'zaro munosabatlarda esa ro'zg'orni butlash, pulni sarflash va shu singari moddiy masalalar ko'ndalang bo'ladi. Kelin-kuyovning iqtisodiy bilimdan bexabarligi ro'zg'or yuritishda yangi muammolarni vujudga keltiradi. Natijada ularning noshudligi tufayli yangi oila devori tiklanmasdanoq nuray boshlaydi. Ba'zan yoshlarning sabrsizligi, qanoatsizligi oqibatida tinimsiz janjal kelib chiqaveradi. Aksariyat hollarda bunday janjallar oila ajrashishi bilan barham topadi. Ayanchlisi shundaki, bunday oilada tug'ilgan go'daklar yosh ota-ona o'rtasidagi kelishmovchiliklarning qurboniga aylanadi.
Bunday ko'ngilsizliklarning oldini olish uchun, avvalo, farzandlarimizga maktab davridanoq to'g'ri tarbiya berib borishimiz kerak. O'smirlarning tibbiy savodxonligini oshirish, kelajakda sog'lom oilani shakllantirish maqsadida bitiruvchi sinflar, litsey va kasb-hunar kollejlarida oila psixologiyasi fani samarali o'qitilishini kuchaytirishimiz lozim. Ayrim ota-onalar o'z orzu-havaslari yo'lida farzandlari taqdirini chuqur o'ylamasdan, yosh qizlarini turmushga uzatib yuborishlariga chek qo'yilishi zarur.
Bosh qomusimizning 77-moddasida: “Ota-onalar va ularning o'rnini bosuvchi shaxslar o'z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sog'lom, to'laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g'amxo'rlik qilishga majburdirlar”, deb yozib qo'yilgan. Tezroq to'y ko'rish orzusidagi ba'zi yurtdoshlarimiz ham mana shu qoidani o'rganib, unga amal qilsalar, mamlakatimizda ajrashishlar kamayib, oilalar yanada mustahkamlanib, kelajakda barkamol avlod, komil inson voyaga yetishiga zamin yaratiladi.
Zulfizar YuLChIYEVA,
Toshkent davlat texnika universiteti
pedagogika va psixologiya
kafedrasi mudiri.
Maqsudali ROHATALIYEV,
assistent.