To'rtinchi qavatdan sakragan qadr

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yettinchi bobi 26-moddasida shunday deyiladi: “Inson sha'ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo'lishi mumkin emas.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”.

Bosh Qomusimizning 28-moddasida esa “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo'li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi”, deyilgan.

Bu moddalar qanchalik to'g'ri, adolatli bo'lmasin, hayotda ba'zan ularga tayanilmayotgani afsuslanarlidir.

To'g'risi, bugun ijtimoiy tarmoqlarga qarab ko'ngil ozadi. Chunki u yerda turli yolg'on-yashiq xabarlar, lavhalar, behayo xatti-harakatlarni ko'rib diling og'riydi. Ba'zi bir odamlarning qahri qattiqlashib borayotganini, zo'ravonligini, qo'polligini, uyat va orsizligini ko'rish mumkin tarmoqlarda. Lekin shu bilan birgalikda odamlar o'z dardini, ularga qilinayotgan turfa xil nohaqliklarni, adolatsizliklarni ham bayon etishmoqda. Bular ham bor gaplar.

Xususan, ichki ishlar xodimlari tomonidan yo'l qo'yilayotgan har xil holatlar ham, ochiqroq aytganda fuqarolarning haq-huquqlarini poymol qilish, zo'ravonlik ishlatish misollarini ham ijtimoiy tarmoqlarda kun-kunora ko'raverib, hatto bu “odatiy” holga aylanib borayotganidan tashvishlanmay iloj yo'q.

Nega? Chunki aslida odamlarning poymol bo'lgan huquqlarini tiklashga ko'mak beradigan, yordam qo'lini cho'zadigan kishilarku ular.

Aslida Xudo ko'rsatmasin, kimningdir boshiga biror kulfat tushadigan bo'lsa, kimdir biron-bir zo'ravonlikka, qattollikka duchor bo'ladigan bo'lsa, ana shu ichki ishlar xodimlari zudlik bilan tegishli chora ko'radigan, xolis qonuniy ish yuritadigan insonlar bo'lishi kerak.

Aslida ham shunday. Tunu-kun qanchadan-qancha mahallalarimiz, qishloqlarimiz, shaharlarimizda el osoyishtaligi uchun xizmat qilayotgan vijdonli, halol huquq-tartibot idoralari vakillari bor ekanki, hamma emin-erkin ishlab, yashab, o'qib, o'z yumushlari bilan band bo'lib yuribdi.

Ammo nazarimizda guruchning ichidagi kurmaklar singari, ba'zi bir o'z vazifasiga noloyiq, odamlardan o'zini ustun qo'yadigan, qonunlarni mensimaydigan forma kiygan “organ” xodimlari ham yo'q emasga o'xshaydi.

Ushbu mulohazalarni bejiz bayon etmayapmiz. Chunki xabaringiz bo'lsa kerak, shu kecha-kunduzda internet tarmoqlarida ayniqsa, ikkita voqea atrofidagi bahs-munozaralar qizg'in davom etyapti. Ko'p­lab yurtdoshlarimizning e'tirozlariga sabab bo'lyapti.

Gap shundaki, IIV axborot xizmatiga ko'ra, joriy yilning 4 iyun kuni IIV Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga asosan Toshkent viloyati Bo'ka tumani hududida sodir etilgan qator o'g'irliklarda gumonlanib, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi 36 yoshli U.S. himoyachisi ishtirokida Bo'ka tumani IIB tergov xonasida videoyozuvga to'liq yozib olingan holda so'roq qilingan.

Gumonlanuvchi U.S. soat 19:00da Bo'ka tumani IIBdagi vaqtincha hibsxonaga joylashtirilgan.

Shu kuni soat 23:30larda gumonlanuvchi U.S.ning sog'lig'i yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmati chaqirtirilib, shifokorlar tomonidan ko'rsatilgan muolajalarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan IIV mas'ullarining olib borgan o'rganishlarida aniqlanishicha, 3 iyun kuni soat taxminan 22:00larda gumonlanuvchi U.S. Bo'ka tumani Jinoyat qidiruv bo'limining tezkor xodimlari tomonidan protsessual tartib buzilgan tarzda maxsus so'rov xonasiga emas, balki xizmat xonasiga olib chiqilib, u bilan boshqa jinoyatga aloqadorligi bo'yicha surishtiruv o'tkazilgan. Jarayonda fuqaroning sog'lig'i yomonlashib, keyinchalik o'limi yuz bergan.

Qiziq, gumonlanuvchi “IIB tergov xonasida video­yozuvga to'liq yozib olingan holda so'roq qilingan”i bayon etilayaptiyu, negadir kechga borib uning sog'ligi yomonlashib, vafot etgan. Biz shu joyida silliqdan-silliq munosabatlar yozuvchilarga “ofarin” aytib turganimizda keyingi ma'lumot vaziyatni ochiqlagandek ko'rinadi: “Bo'ka tumani IIB boshlig'i A.Babaxanov, uning birinchi o'rinbosari V.Xudayqulov, jinoyat qidiruv bo'limi rahbari J.Subanov, tergov bo'limi boshlig'i J.Achilov, shuningdek, nav­batchilik qismi mas'uli Sh.Ibragimovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi”.

O'z-o'zidan ma'lumki, videoyozuvlar, advokatlar bilan ish ko'rib turgan “madaniyatli” xodimlar bejiz ishdan bo'shatilmagan bo'lsa kerak? Bundan keyingi xabar esa mazkur vaziyatni yanada oydinlashtirgandek: “Bosh prokuratura xabar berishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llash) bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi”.

Demak, hamon bizda sobiq tuzumdan qolgan zo'ravonlik, inson haq-huquqlarini oyoq osti qilish holatlari uchrayapti. Hamon tergov xonalarida qo'pollik, qiynoq va boshqa noqonuniy xatti-harakatlar davom etayotgandek emasmi?

Xuddi shunday bir voqea haqida “KUN.UZ” sayti quyidagicha xabar bergan: “Chilonzor tuman IIBda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit shubhali tarzda vafot etdi. Surxondaryolik Hafizulloh Turg'unboyev bir necha yildan beri oilasidan uzoqda, Toshkentda yashab, ishlayotgan bo'lgan. Rasmiylar izohiga ko'ra, u so'roqqa olib ketilayotgan paytda hojatxonaga chiqib kelishni so'ragan va qochmoqchi bo'lib, binoning 4-qavatidagi hojatxona oynasidan o'zini tashlagan. Natijada oyog'i sinib, shifoxonada vafot etgan. Lekin bu izohga yigitning otasi ishonmayapti. Uni va umuman ko'pchilikni shubhalantirayotgan ayrim sabablar bor. Turg'unboyevning otasi suhbatlashgan shifokorlar uning o'g'lida 4-qavatdan yiqilish alomatlari bo'lmagani, yigitning hech qaeri sinmaganini aytgan. Doktor ham oyoq-qo'li sinmagan, hech narsa bo'lmagan, dedi. Shunga shubham bor, o'g'lim baquvvat va yosh edi, qamoqdan qo'rqadigan bola emasdi. Mening bittagina o'g'limni urib o'ldirishgan deb o'ylayman. IIB binosi oynalarida panjaralar bo'ladi, u sig'maydi-ku. Agar tashlagan bo'lsa, kameralar bo'ladi o'zini tashlaganini ko'rsatishsin yoki barmoq izlarini ko'rsatishsin”, – deydi Kun.uz bilan suhbatda yigitning otasi Erkin Xolboyev. Ayni payt­­da ushbu holat bo'yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o'tkazyapti. Sud-tibbiy ekspertizasi ham tayinlangan.

Albatta, jinoyatchilikka qarshi kurashish o'ta muhim. Ammo har qanday gumonlanuvchini, u kim bo'lishidan, qanday jinoyatni sodir etishda gumonlanayotganidan qat'i nazar, tazyiqlarga solish, umuman, qo'l ko'tarish, qo'pol muomalada bo'lish qonunga xilof-ku!

Ming afsuski, yashirishga imkon yo'q. Ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot tizimlarida bu borada hamon muammolar anchagina. To'g'ri, yuqorida aytganimizdek, tizimlarda mehnat qilayotganlar ichida o'z ishini vij­donan bajaradigan, qonun ustuvorligi uchun xizmat qiladigan, formasiga munosib insonlar kam emas. Lekin ular orasida o'z ishining ma'no-mazmunini o'ylab ham ko'rmagan, unga xalq o'z hisobidan kiyim kiydirib qo'yganini eslab ham qo'ymaydiganlar ham uchraydi. Shu boisdan hali ho'v bir zamonlardagiday formalidan qo'rqish fobiyasi odamlarimiz yuragini tark etmagan. Aslida bu tizim kuchishlatar emas, himoya tizimi bo'lishi kerak emasmi?! Prezidentimiz har doim xalqni rozi qilish kerakligini ta'kidlayotgan, davlat xalqning xizmatchisi bo'lishi lozimligini aytayotgan bir paytda davlat organlari tizimidagi ayrim xodimlarning madaniyat, ma'naviyat, ma'rifat darajasi yetishmastligi kishini o'ylantiradi.

Har bir fuqaro, eng avvalo, davlat organlari xodimlari, jumladan, ichki ishlar tizimida ishlovchilar Bosh Qomusimiz va sohaga oid qonunchilikni yanada puxta o'qib-o'rganishlari, o'z vazifalari barobarida xalq huquqlarini ham yetarli darajada mukammal ang­lab olishlari ziyon qilmaydi, albatta. Bu borada kadrlarni qayta tayyorlash yoki shunga o'xshash qayta o'qitish das­turi ishlab chiqilishi davr talabi bo'lib turibdi, nazarimizda. Jahon tajribasidan til sertifikatini qabul qilganimizdek, ma'naviyat va ma'rifat sertifikatiga ham zarurat yuqori desak, xato bo'lmasa kerak.

Zotan, Prezidentimiz aytganidek, “Takror va tak­ror aytaman: Yangi O'zbekistonning asosiy ustuni — bilim, ta'lim va tarbiya bo'ladi!”. Bilimli, tar­biyali, imon-e'tiqodli huquq-tartibot xodimi fuqarolarning ya'ni o'z vatandoshlarining u yoki bu huquqlarini oyoqosti qilmaydi, aksincha, faqatgina qonun talab­lari bilan ishlaydi.

Ma'lumki, har bir insonda qadim qadriyatlarimiz asosida shakllangan tarbiya bo'ladi. Buni diniy tarbiya deb ataymiz. Aytmoqchi bo'lganimiz, Xudodan qo'rqqan odam birovning bolasiga ozor bermaydi. Shu bois, ma'rifat, savodxonlik bilan bir qatorda tarbiya masalasi ham har bir inson uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Zotan, O'zbekiston imijini jahon maydonida ko'rsatish uchun, avvalo, davlat organlari xodimlari imiji benuqson bo'lishi juda muhim.

Ichki ishlar sohasi xodimlari, umuman, davlat tashkilotlarida ishlovchilar ularning kiyib turgan liboslaridan tortib, olayotgan maoshlarigacha shu xalqning hissasi borligini hamisha qalban his qilishlari kerak. Ularning bu yurish-turishlari “osmondan tushib qolmagan”ini bilishlari zarur.

Ya'ni ular jamiyatga zo'ravonlik emas, himoyachi ekani, qonun himoyasi uchun kamarbasta bo'lishlari lozimligini, avvalo, o'zlari tushunib yetishlari foydadan holi bo'lmaydi.

Qolaversa, jahon maydonida bo'y ko'rsatib kelayotgan Yangi O'zbekistonga eskicha yondashuvlar, xususan, “ushlanganlarni qiynoqqa solish” amaliyotlarini tugatish vaqti allaqachon keldiki, buni soha vakillari o'z xohishlari bilan tushunishlari, tushunmagan taqdirlarida tushuntirilishlari muhim. Zotan, Prezidentimiz xalq uchun, xalq roziligi uchun tinim bilmay odilona xizmat qilishga undayotgan bir paytda ayrim zo'ravon qonun vakillari o'z xizmat vazifasidan foydalanib, yurtdoshlarimizga ozor berayotgani, otani farzandidan, farzandlarni otasidan judo qilayotgani hech qanaqasiga oqlab bo'lmaydigan holat. To'g'ri, biz yuqorida “zo'ravon” deb atayotgan ichki ishlar sohasi xodimlarining ham aybi hali tasdiqlanmagan, ammo bunday holatlar birinchisi emas-da. Shu paytgacha qiynoqqa solish, urush, haqorat qilish, pora talab qilish, pora olish kabi qator jinoyatlarni sodir etib, bugun aybi o'z isbotini top­gan, aybiga yarasha jazo o'tayotgan sobiq “organ” vakillari kammi?

Shubhasizki, jinoyatchilikka qarshi kurashish, el osoyishtaligini ta'minlash, odamlar tinchligini muhofaza qilish oson yumush emas. Bunda qattiqqo'llik, pirinsipiallik singari jihatlar zarur, albatta. Lekin aytaylik har qanday bezorini, o'g'rini, hatto qotilni ham qilmishiga yarasha jazoga tortish uchun uni albatta urib, mayib qilish shartmi? Eng yomoni, ana shunday usullar qo'llanilar ekan, ba'zan aybsiz aybdorga, gunohsiz gunohkorga aylanib qolishi ham hech gap emas.

Xullas, qonun ustuvorligi ta'minlanishi uchun birinchi navbatda ana shu yo'lda xizmat qilayotgan “forma kiygan” insonlar faoliyatida jiddiy o'zgarishlar yasalishi bugungi davr talabi desak xato bo'lmaydi. Qolaversa, Prezidentimiz ta'biri bilan ayt­ganda, bugungi odamlar kechagi odamlar emas. Bugun yurtdoshlarimiz tobora o'z haq-huquqlarini ang­lab, har qanday noqonuniy xatti-harakatlarga murosasizdirlar. Matbuot va so'z erkinligi ta'minlangan yurtda esa bunday salbiy xatti-harakatlar darrov jamoatchilik e'tiboriga tashlanishi tabiiy hol.

Sitora TOJIDDINOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − one =