Endi qonun himoyasidasiz!
Shu yilning 27 mart kuni davlatimiz rahbari jamiyatimizda adolat va huquqiy ustuvorlikni yanada baland ko'tarish, mustahkamlash yo'lidagi ikkita qonunni imzoladi.
Ular — “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishga to'sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish haqida”gi hamda “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to'sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonunlardir.
Pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash uchun ma'muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln. so'mgacha (100 baravar) jarimaga sabab bo'lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln. so'mgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin. O'z navbatida Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo chorasi kuchaytirildi.
Shuningdek, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta'sir o'tkazish fuqarolarga — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa—7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga Ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo'ladi.
Shubhasizki, ushbu qonunlar jamiyatda pedagoglarning, tibbiyot xodimlarining nufuzi va obro'sini oshirish yo'lidagi tarixiy qadam bo'ldi.