Ona tili – qalbimiz oynasi, millatimiz sog'inchi
Dunyo xaritasida shunday xalqlar borki, ularning soni bor-yo'g'i bir necha yuz yoki bir necha ming kishini tashkil etadi. Ularning na qudratli armiyasi, na ulkan iqtisodiyoti bor. Lekin ularni asrlar bo'ronidan, turli tashqi ta'sirlar va globallashuv girdobidan asrab kelayotgan yagona bir kuch bor – bu ularning o'z tilidir.
Xo'sh, kichik bir xalqning o'z tilini asrlar davomida saqlab qolishi ortida qanday sir yotibdi? Tilni asrash uchun faqat davlat siyosati va qonunlarning o'zi yetarlimi? Yoki tilning haqiqiy taqdiri oilada, insonning kundalik jonli nutqida hal bo'ladimi?
Shu va boshqa savollar yuzasidan filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi maslahat kengashi a'zosi Nodira DO'STXO'JAYEVA bilan suhbatlashdik.
– Nodira opa, siz uchun ona tili nima? Bolalikdan qalbingizga singib ketgan qaysi so'z yoki ibora ona tilimizning mehri va jozibasini bugun ham yodingizga solib turadi?
– Vatan… Davlat madhiyasi yangraganda, doim ko'zimga yosh keladi. Madhiyadagi mahobatli satrlar… Ona tilimning eng sara so'zlari bu! Vatandan tashqariga chiqsak ham, ona tilimiz o'zligimiz sifatida qalbimizda yashayveradi. Buni ba'zan teran anglaymiz, ba'zan esa yo'q…
Ona tilimiz – tomirlarimizda oqayotgan qonimizdek… Biz usiz yashay olmaymiz. Balki, kimdir bu fikrga istehzo bilan qarar. Lekin eng og'ir damlarda qaysi davlatda yashamaylik, qanday xizmat qilmaylik, baribir ona tilimizda onamizdan najot so'rab bo'zlaymiz. Biz dunyo kezamiz, turli tillarni eshitamiz, turfa insonlarni ko'rib, ular bilan do'stlashamiz. Biroq o'zga yurtdagi biror gavjum do'konda ona tilimizda so'zlashayotgan insonni uchratib qolsak, beixtiyor unga talpinamiz, topib, darhol o'z tilimizda suhbatlashishga shoshilamiz. Inson o'z yurtidan olisda bo'lgani sayin o'z tilining qadrini yanada teranroq his etarkan. Mening nazarimda, til shunchaki muloqot vositasi emas. Til – insonni inson qiladigan, uni o'zligi va ildizlari bilan bog'lab turadigan muqaddas rishtadir.
Bizning tilimiz shu qadar boy, shu qadar nafiski, undagi birgina “qoqindiq” so'zining zamirida farzandni har qanday balo-qazodan asrash, uning dardini o'z zimmasiga olishdek beqiyos onalik mehri mujassam. Bunday go'zallikni boshqa hech bir tilga aynan tarjima qilib bo'lmaydi.
– Bugun dunyoda shiddatli globallashuv jarayoni kechmoqda. Yirik tillar axborot, ilm-fan, texnologiya va iqtisodiyotda tobora keng maydonni egallayapti. Shunday murakkab sharoitda nufusi juda kam bo'lgan ayrim xalqlar o'z tilini asrab qolishga muvaffaq bo'lmoqda. Bu hodisani qanday izohlaysiz?
– Bilasizmi, til shunchaki o'zaro aloqa vositasi yoki so'zlar yig'indisi emas.
Til – millatning yashab qolish kodi, uning ruhi, xotirasi va dunyoqarashidir.
Kichik xalqlar mana shu haqiqatni juda teran anglaydi. Ular uchun til – milliy o'zlikni boy bermaslikning bosh omili. Chunki til yo'qolsa, u bilan birga xalqning ko'plab urf-odatlari, boy tarixi, og'zaki ijodi va dunyoni idrok etish tarzi ham zavolga yuz tutadi. Kichik xalqlar shuni yaxshi tushunadiki, agar bola o'z tilida fikrlamasa, o'z tilida his etmasa, vaqt o'tib, uning tafakkurini o'zga til egallab oladi.
Shu ma'noda, til millatning eng mustahkam ma'naviy qal'asidir.
– Demak, tilning yashab qolishi unda necha million kishi so'zlashishi bilangina emas, balki xalqning unga bo'lgan sadoqati bilan belgilanar ekan-da?
– Mutlaqo to'g'ri. Tarixda millionlab odamlar gapirgan, ulkan davlatlar va qudratli saltanatlarning tili bo'lgan tizimlar borki, ular bugun kundalik tirik muloqotda mavjud emas.
Tilning qudrati yoki yashovchanligi faqatgina so'zlashuvchilari soni bilan o'lchanmaydi. Agar xalq o'z ona tilidan har kuni foydalansa, uni farzandiga qunt bilan o'rgatsa, adabiyotini o'qib, o'z tilida yangi asarlar yaratsa, ana shu til yashaydi.
Bola o'z tilini ilk bor onasidan, buvisidan, bobosidan eshitadi. Oiladagi oddiy so'zlashuvlar, ertaklar, maqollar, allalar, kattalarning bolaga erkalatib aytadigan har bir so'zi tilning avloddan-avlodga bekamu ko'st o'tishiga xizmat qiladi.
Tilni asrashning eng to'g'ri va ishonchli yo'li – uni hayotdan, kundalik turmushdan uzib qo'ymaslikdir. Til faqat bayram kunlarida, rasmiy minbarlarda yoki darslik sahifalaridagina yashab qolmasligi kerak. U xonadonda, maktabda, ishxonada, ko'cha-ko'yda, badiiy kitoblarda, televidenie va internetda – qisqasi, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida faol qo'llanishi lozim.
– Nodira opa, shu nuqtada o'zimizga bir nazar tashlasak. O'zbek tilining bugungi ahvoli sizni qoniqtiradimi?
– Zamon shiddat bilan o'zgaryapti, globallashuv davrida umrguzaronlik qilyapmiz. Qizlarimiz, umuman, yoshlarimiz bir nechta xorijiy tilni puxta egallayotganini ko'rib, ham ona, ham ustoz sifatida behad quvonaman. Ammo qalbimda bir og'riqli xavotir ham bor: o'zga tillarni o'rganamiz deb, o'z ona tilimizni, ota-bobolarimizdan qolgan ulug' merosni ikkinchi darajaga tushirib qo'ymayapmizmi? Ko'cha-ko'yda, ijtimoiy tarmoqlarda so'zlarni buzib talaffuz qilayotgan, o'z ona tilida so'zlashishdan uyalayotgan yoshlarni uchratganda, yuragim eziladi. Axborot asrining tezligi bizni ba'zan yuzakilikka, haddan tashqari qisqalikka o'rgatib qo'ydi; vaholanki, tilning teranligi, sofligi va fasohati kitobda, chinakam ijodda namoyon bo'ladi.
Ochig'i, ba'zan ko'cha-ko'ydagi peshlavhalarni, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarni, ayrim ommaviy chiqishlarni ko'rib, ichim achiydi.
Biz ona tilimizning ijtimoiy va davlat maqomini yuksaltirdik. Biroq endi kundalik hayotimizda ham unga hurmat bilan yondashishimiz, sodda qilib aytganda, bepisand bo'lmasligimiz shart.
So'zlarni atay buzib talaffuz qilish, imlo qoidalariga beparvolik, ruscha yoki inglizcha so'zlarni pala-partish aralashtirib gapirish kundalik odatga aylanib borayotgani xavotirlidir.
O'ylab ko'ring, betakror tarix va boy adabiyotga ega bo'lgan buyuk millat o'z tilining xazinasidan o'zi to'laqonli foydalanmasa, bu biz uchun eng jiddiy mushohada mavzusi emasmi?
– Siz o'zbek tilining boyligi haqida to'xtaldingiz. Bu boylikni oddiy, hayotiy misollar orqali qanday tushuntirgan bo'lardingiz?
– Albatta. Ba'zan til boyligini izohlash uchun murakkab ilmiy istilohlarga murojaat qilamiz. Vaholanki, bu nafosatni xalqning oddiy kundalik nutqida ham yaqqol ko'rish mumkin.
Misol uchun, farzandni erkalatishni olaylik. Biz shunchaki “bolam” deb cheklanmaymiz: “aylanay”, “o'rgilay”, “girgitton” deymiz. Bu so'zlarning har biri mehr-muhabbatning o'ziga xos nozik jilosini ifodalaydi. Bir qarashda oddiy tuyulgani bilan, har bir kalima zamirida xalqimizning bola tarbiyasiga, zurriyotiga bo'lgan cheksiz mehri va ichki kechinmalari yotibdi.
Yoki “shamol” so'zini ko'rib chiqaylik. O'zbek tilida uning turli xususiyatlarini ifodalovchi qanchadan-qancha nomlar bor: yel, yelvizak, epkin, shabada, dovul, bo'ron. Tabiiyki, bularning bari bir xil hodisa emas – har birining o'z ma'no ko'lami va o'rni bor. Birgina shu faktning o'zi ham xalqimiz tabiat manzaralarini naqadar nozik ilg'agani va kuzatganidan dalolat beradi.
“Shabada” deganda ko'nglimizda mayin esgan salqin havo, “epkin”da bir lahzalik yengil nasim tuyg'usi jonlanadi. “Elvizak” biroz tez harakatlanadigan, tor joydan o'tuvchi havo oqimi bo'lsa, “dovul” va “bo'ron” shiddatli, kuchli tabiiy ofat holatini ko'z oldimizga keltiradi. “El” esa xalq tilida qadimiy va keng qo'llanadigan mushtarak so'zlardan biridir.
Shuningdek, “qaramoq” fe'lini eslaylik: “boqmoq”, “termilmoq”, “tikilmoq”, “mo'ltillamoq”, “ko'z tashlamoq”, “nigoh solmoq” – bularning har biri insonning ruhiy holatiga qarab turlicha ma'no kasb etadi.
Yoki “yig'lamoq” so'zi: “yig'ladi”, “ko'ziga yosh oldi”, “ho'ngrab yig'ladi”, “miq etmay yig'ladi”, “ko'z yoshi to'kdi”, “unsiz yig'ladi” kabi ifodalar inson ichki olamining boshqa-boshqa qirralarini ochadi.
Kulgining ham, mehrning ham, g'am-anduhning ham ana shunday rang-barang ifoda vositalari mavjud. Til boyligi – lug'atlarda chang bosib yotgan minglab jonsiz so'zlar emas. U inson hissiyoti va kundalik turmushida qayta-qayta qo'llangandagina chinakam boylikka aylanadi. Shu sababli biz tilimizdagi so'zlarni shunchaki yodlab olmay, ularni amalda yashatishimiz lozim.
– Tilimizga o'zga tillardan so'z o'zlashishiga qanday qaraysiz? Axir tillar bir-biridan so'z olib, boyib boradi-ku!
– Boshqa tillardan so'z qabul qilish – til taraqqiyotidagi tabiiy jarayon. Lekin ona tilimizda uning aniq, jarangdor va chiroyli muqobili bo'la turib, begona so'zlarni beo'rin ishlatishga hech qanday ehtiyoj yo'q. Misol uchun, “prezentatsiya” o'rniga “taqdimot”, “status” o'rniga “maqom”, “imij” o'rniga “qiyofa” desak, fikrimiz o'zbekona va tushunarli chiqadi. Maqsad chet so'zlarni butunlay inkor etish emas, balki o'z tilimizning cheksiz imkoniyatlarini qadrlashdir.
Bizda juda boy lug'at zaxirasi bor. Mumtoz adabiyotimizda, xalq og'zaki ijodida, boy tarixiy manbalarimizda hali muomalaga to'liq kiritilmagan qanchadan-qancha gavhar so'zlar mavjud. Ularni qayta kashf etish, zamon ruhiga moslab muomalaga kiritish ham til ravnaqiga qo'shilgan katta hissadir.
– Demak, “til sofligi” deganda barcha o'zlashma so'zlarni sun'iy ravishda chiqarib tashlashni tushunmaslik kerak ekan-da?
– Albatta. “Sof til” deganda tilni barcha tashqi ta'sirlardan mutlaqo tozalab tashlashni tushunish noto'g'ri. Buning iloji ham yo'q, bunga ehtiyoj ham sezilmaydi.
Til tirik organizm ekan, u muttasil o'zgaradi, boyiydi, yangi tushunchalarni qabul qiladi. Biroq har bir yangi so'zning o'z o'rni va zarurati bo'lishi darkor. Til madaniyati – har qanday so'zni taqiqlash emas, balki har bir so'zni o'z o'rnida, marom bilan ishlatish madaniyatidir.
– Jurnalistlar va ijodkorlarning til oldidagi mas'uliyati xususida nimalarni ta'kidlagan bo'lardingiz?
– Bu mas'uliyat ikki hissa yuqoridir. Zero, ijodkor va jurnalistning so'zi minglab, ba'zan millionlab yurtdoshlarimizning qulog'iga yetib boradi.
Agar jurnalist yoki muharrir xatoga yo'l qo'ysa, bu shunchaki shaxsiy xatolik bo'lib qolmaydi, balki jamoatchilik o'rtasida qayta-qayta takrorlanib, noto'g'ri shaklning ommalashishiga sabab bo'ladi. Shu bois qalam ahli matnga shunchaki tezkor xabar yetkazish vositasi deb emas, balki jamiyatning nutq madaniyatini shakllantiruvchi omil deb qarashi lozim. Buning uchun har bir ijodkor doimo izohli lug'atlar bilan ishlashi, so'zlarning ma'no tovlanishlarini sinchiklab tekshirishi va imloviy aniqlikka jiddiy e'tibor berishi zarur. Bu ortiqcha rasmiyatchilik emas, balki kasbiy burch va vijdon ishidir.
– Sizningcha, ona tilimizning sofligini saqlab, uni kelajak avlodlarga bekamu ko'st yetkazish uchun amaliy ishlarni nimadan boshlamoq kerak?
– Birinchi navbatda, tarbiyani oiladan boshlashimiz shart. Bola uyida faqat ravon, shirali va sof ona tilini eshitib voyaga yetsin.
Ikkinchidan, maktab va umumiy ta'lim tizimida davlat tili me'yorlariga, nutq madaniyati va savodxonlikka qo'yiladigan talablarni keskin kuchaytirish zarur.
Uchinchidan esa jamoatchilik mas'uliyati. Har bir ijodkor, jurnalist, bloger yoki oddiy fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida fikr bildirayotganda so'z mas'uliyatini to'la his qilishi darkor. Tilni asrab-avaylash faqat tilshunos olimlarning vazifasi emas, balki butun millatning umumxalq ishidir.
– Xullas, tilni asrashni nimalardan boshlashimiz lozim?
– Tilni e'zozlash katta minbarlardan yangraydigan balandparvoz xitoblardan emas, balki kundalik hayotimizdagi kichik, ammo bardavom odatlardan boshlanadi.
Qonun tilning huquqiy maqomini mustahkamlashi mumkin, biroq tilni tirik saqlaydigan asl kuch – uning odamlar yuragi va kundalik muloqotidagi o'rnidir. Agar xonadonlarda ona tili jaranglasa, maktabda u to'g'ri va maromida o'rgatilsa, kitoblarda bejirim qo'llansa, matbuotda ehtiyotkorlik bilan ishlatilib, internet kengliklarida ham munosib mavqe topsa – til hech qachon zavolga yuz tutmaydi, barhayot yashayveradi.
Agar biz bugun tilimiz sofligi va nufuzi uchun kurashmasak, ertaga milliy qiyofamizni yo'qotib qo'yish xavfiga ro'baro' kelamiz. Til yashasa, millat yashaydi. Ona tili millatning tirik ruhidir. Ruhi mustahkam millat esa hech qachon yengilmaydi. Keling, mana shu bebaho xazinamizni asrab-avaylaylik, unda go'zal so'zlashib, benuqson yozaylik. Zero, tilga bo'lgan ehtirom va e'tibor – millatga, Vatanga hamda o'zligimizga bo'lgan eng yuksak sadoqat timsolidir.
Suhbatdosh:
Hilola IBROHIMOVA.
