Ziyo bilan ziynatlangan umr
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Xorazm viloyati bolalar kutubxonasi direktori lavozimida samarali mehnat qilib kelayotgan, vohada tajribali va tashabbuskor rahbar sifatida tanilgan, yosh avlodni ma'naviy yetuk, bilimli hamda barkamol etib tarbiyalash, ularning kitobxonlikka bo'lgan qiziqishini oshirish yo'lida jonbozlik ko'rsatib kelayotgan fidoyi kasb egasi Nazira Rahmonovaning munosib xizmatlari ham ko'plab yurtdoshlarimiz qatorida e'tirof etildi.
O'z ishiga sadoqatli Nazira Rahmonovaning yosh avlod kelajagiga daxldorlik tuyg'usi bilan yo'g'rilgan va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga bag'ishlangan samarali faoliyati yuksak baholandi. Uning II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlanishi butun jamoaga cheksiz g'urur va shuhrat keltirdi.
Kitob — qalbga huzur, ko'ngilga surur, ko'zga nur, yurakka mehr, ochilmagan sehr, dilga ravshanlik, horg'inlikka taskin, bitmas-tuganmas xazina, eng yaqin sirdosh va dardlarga malhamdir!
Kitob mutolaa qilar ekansiz, ma'nan yuksalib boraverasiz. Qahramonlar bilan birga quvonasiz, g'am chekasiz va nihoyat xotirjamlik topasiz. Kitobning sehri shundaki, u sizni sirli dunyolarga yetaklaydi; ongingiz va tafakkuringiz asar mag'zi bilan chambarchas bog'lanib qoladi. Shunday asarlar borki, ular hikmatga yo'g'rilgan — hayot yo'llarida adashib, to'g'ri yo'lni topolmay qolganingizda kitob sizga yo'lchi yulduz, beminnat maslahatchi bo'ladi. Chindan ham, kitob o'qish — beqiyos saodat, mutolaa jarayoni esa betakror zavqdir…
Biz bejiz kitob va uning hikmatlari xususida so'z yuritmadik. Boisi, bugungi qahramonimiz — kitobni chin do'st bilib, uni ko'z qorachig'idek asrab-avaylayotgan, o'ttiz yildirki ushbu ma'rifat olamida yashab, g'amgin damlarda ham undan taskin topib kelayotgan fidoyi inson Nazira Rahmonovadir.
Millat farzandlarini mutolaaga qiziqtirish yo'lida
— Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Bu millatning kitob o'qimasligi kimga kerak?” degan fikrni kuyinib aytganlarida ko'zimga beixtiyor yosh kelgan edi, — deya xotirlaydi Nazira opa. — Davlatimiz rahbari bu hayotiy haqiqatni ta'kidlayotgan ekan, demak, kitobxonlik targ'ibotini yanada kuchaytirishimiz shartligini yurakdan his qildim. Xodimlarimiz bilan birgalikda kutubxonamiz yaqinidagi maktablarga bordik, o'quvchilar bilan yuzma-yuz suhbatlashdik. Kitobga qiziqishi bo'lgan, mutolaaga tashna bolalarni qamrab olib, faol kitobxonlarimiz safini kengaytirdik…
Prezidentimizning ma'naviyat va mutolaa haqidagi so'zlari hamon qulog'im ostida jaranglab turgandek: “Kitob o'qigan, o'zining ustida ishlagan odamda qanot bo'ladi. U befarq bo'lmaydi. Uning kuchi bilimida bo'ladi. Shuning uchun hech kimni pisand qilmaydi. “Kattalar”ga xushomad qilmaydi. Uning bilimi bor, ilmi bor. Mana, nima uchun kitob o'qinglar deymiz. Kitob o'qisangiz, savol berishni bilasiz”. Davlatimiz rahbarining ana shunday teran hikmatlarini unutib bo'larmidi?
Yurtboshimiz tomonidan kitobxonlikni ommalashtirish, yurtdoshlarimiz orasida o'qish va uqish madaniyatini targ'ib qilish zarurligi ko'p bor ta'kidlandi. Shunday ekan, bu yo'nalishdagi ishlarimizni jadallashtirmasak, zimmamizdagi burchni ado etmagan bo'lamiz.
Opa bilan dildan suhbatlashamiz. Uning so'zlari samimiy, fikrlari aniq hamda lo'nda. Nazira opa — o'z kasbining chinakam ustasi. U kitobdan zavq olib, undan hikmat terayotganini, hayot so'qmoqlaridagi ayriliqlar va tashvishlarni aynan mutolaa bilan yengib o'tganini to'lqinlanib hikoya qiladi.
Buxorolik talaba qizning Xorazmdagi taqdiri
— Asli buxorolikman, — dedi Nazira Rahmonova. — Turmush o'rtog'im Yusuf Rahmonov bilan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)da birga tahsil olganmiz. Men kimyo fakultetini, Yusuf aka esa huquqshunoslik fakultetini bitirganlar. U kishi uzoqni ko'ra biladigan, zukko, bilimdon va ko'p kitob o'qiydigan inson edilar. Talabalik davrida ortiqcha gaplashmasdik; u kezlar bor diqqat-e'tiborimiz faqat o'qishda bo'lgan.
Oliy ta'lim o'chog'ini tamomlagach, kunlarning birida uyimizga sovchi yubordilar. Ochig'i, bungacha oila qurish yoki sevgi-muhabbat haqida umuman gaplashmagan, faqat salom-alik bilan cheklanganmiz. Shu sababli sovchilar kelganida rosa hayron qolganman.
Ota-onamning oq fotihasi bilan 1969 yili to'yimiz bo'lib o'tdi. Oila qurgach, maktabda o'qituvchilik qilib, yosh avlod tarbiyasi bilan mashg'ul bo'ldim. Turmush o'rtog'im esa prokuratura organlarida xizmat qildilar. Xizmat yuzasidan qanchalik band bo'lmasinlar, farzandlar kamoli va tarbiyasiga hamisha katta mas'uliyat bilan qarardilar. To'rt nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik.
Farzandlarimiz ota izidan borib, huquqshunoslik yo'nalishini tanlashdi. Umr yo'ldoshim boqiy dunyoga ketgach, bu og'ir ayriliqdan so'ng o'zimni qo'yarga joy topolmay qoldim. Kitobga bo'lgan cheksiz mehrim meni kutubxonaga yetakladi. Mana, shu dargohda ishlab kelayotganimga ham o'ttiz yilga yaqinlashib qoldi. Yosh avlodni mutolaaga jalb etish yo'lida ahil jamoamiz bilan hamjihatlikda mehnat qilyapmiz. Prezidentimizning kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari biz uchun dasturilamal, faoliyatimiz istiqbolini yorituvchi mayoq bo'ldi, desam, sira mubolag'a bo'lmaydi.
Ayni paytda kutubxonamiz fondida 120 ming nusxa kitob mavjud: ularning 100 mingtasi bosma, 20 mingtasi esa elektron shaklda. Hududimizdagi maktablar bilan doimiy hamkorlik o'rnatganmiz; tez-tez mazmunli ma'rifiy tadbirlar tashkil etib turamiz. Bolalarning qadami kutubxonamizga fayz va nur bag'ishlaydi. O'quvchilar oqimining tobora kengayayotgani — bizning eng katta yutug'imiz. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo'lgan barcha kitobxonlarga xizmat ko'rsatishdan baxtiyormiz.
Binomiz juda qulay hududda — umumta'lim maktablari va maktabgacha ta'lim tashkilotlariga yaqin joyda joylashgan. Mahallamizdagi xonadonlarga, ayniqsa, keksalar hamda imkoniyati cheklangan fuqarolarning uylariga kitoblarni shaxsan yetkazib beramiz. O'qib bo'lishgach, yangilariga almashtiramiz.
Masalan, Sanobar qizimiz shu mahallada istiqomat qiladi; barcha oilalarni yaxshi taniydi. Ayniqsa, keksalar va nogironligi bo'lgan yurtdoshlarimiz bilan tez til topishadi. Shuning uchun ularga mutolaa adabiyotlarini yetkazib berish vazifasini unga ishonganmiz.
Nazira Rahmonova har bir bolaning qalbida mutolaaga zavq uyg'otish uchun maktablarga borishdan sira charchamaydi. Ko'pincha bir mashina kitob bilan o'quvchilar huzuriga shoshadi. Uning rahbarligi davrida mazkur ma'rifat maskani salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Kutubxonaning faol a'zolari bir qator nufuzli tanlovlarda g'olib bo'layotgani ham ana shu tinimsiz mehnatlarning shirin mevasidir.
Mohir tashkilotchi bo'lgan qahramonimiz sermahsul faoliyati tufayli davlatimiz e'tiboriga tushgan. U “Xalq ta'limi a'lochisi”, “Mo''tabar ayol” va “Xalq ta'limi fidoyisi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan.
Oila — jamiyatning tayanch ustuni. Oilada totuvlik, osoyishtalik hukm sursa, baraka va yutuqlar ham o'z-o'zidan kelaveradi. Bu borada qahramonimiz hayoti — ibrat namunasi.
Buxorolik qizning Xorazmdek go'zal zaminga kelin bo'lib tushishi, hayotda o'z o'rnini topib, voha ahli mehrini qozonishi, shu yerda palak yozib, elga ezgulik bilan xizmat qilishi — peshonasiga bitilgan muborak taqdir tuhfasi bo'lsa ne ajab…
Bosh vazirning tashrifidan so'ng boshlangan yangilanishlar
— Yakshanba kuni edi, — deya so'zini davom ettiradi Nazira opa. — Viloyat hokimligidan sim qoqib, kutubxonamizga Bosh vazir Abdulla Aripov kelayotganini bildirishdi. Darhol ishga shoshdim. Chunki kutubxonamiz binosi qurilganiga salkam yuz yil to'lgan edi. Bino ko'hna bo'lishiga qaramay, biz uni doimo ta'mirlab, ozoda va saranjom tutishga harakat qilardik.
Bosh vazirimiz viloyat hokimi Jo'rabek Rahimov hamrohligida kirib keldilar. Abdulla Nig'matovich shu qadar samimiy va ko'ngli ochiq inson ekanlarki, lol qoldim. Xonalarni aylanib, xodimlarni so'radilar, chunki yakshanba bo'lgani sababli atrof sukutga cho'mgan edi.
— Kitobxonlar qani, xodimlar qaerda? — deya so'radilar.
— Bugun yakshanba — dam olish kuni-ku, — dedim. Hukumat rahbarining hamisha mas'uliyatli ish bilan bandligi, tinim bilmay mehnat qilishi sabab hafta kunlarining hisobini ham “unutib” yuborganlarini shu onda angladim.
Bosh vazirimiz suhbatdoshini diqqat bilan tinglaydigan, muammoning tub mohiyatini chehrasidan uqib oladigan, zukko va teran fikrli rahbar ekan. U inson kishini dovdiratmasdan, ochiq muloqot asosida savol-javob qilib, mavjud masalalarni atroflicha o'rgandilar. Kitob saqlanadigan har bir javonni, barcha xonalarni sinchkovlik bilan ko'zdan kechirdilar. Shu asnoda deyarli bir asrlik tarixga ega pianinoni ko'rib qolib, chalib ko'rdilar va “Buni sozlab qo'yish kerak ekan”, dedilar.
Ana shunday e'tiborli va olijanob insonlar bilan uchrashtirgani uchun taqdirimdan behad minnatdor bo'ldim. Prezidentimiz atrofida shunday fidoyi va samimiy rahbarlar borligini ko'rib, porloq kelajagimizga bo'lgan ishonchim yanada mustahkamlandi.
Endilikda mazkur ko'hna bino o'rnida mutlaqo yangi, zamonaviy kutubxona qurilishiga taraddud ko'rilmoqda. Bundan jamoamiz behad mamnun. Hukumat rahbarining tashrifidan so'ng ma'rifat maskanimizda tub yangilanishlar nafasi boshlandi. Ayniqsa, Bosh vazirimiz Abdulla Aripov kamtarona mehnatlarimni yuqori baholab, ko'ksimga yuksak davlat mukofotini o'z qo'llari bilan taqib qo'yganlari bizni behad hayajonga soldi.
— Kutubxonangiz ham, tarbiyalayotgan yoshlaringiz ham Prezidentimiz e'tiboriga tushdi, — dedilar u kishi. Quvonchim ichimga sig'may, uzoq umr tilab, minnatdorlik bildirdim. Darhaqiqat, dargohimiz va kitobxonlarimiz muhtaram Prezidentimizning yuksak e'tiborida ekani ayni haqiqat. Faol kitobxonlarimizdan biri Maftunaxon Ochilova o'tgan yili “Yosh kitobxon” respublika tanlovida faxrli 1-o'rinni egallab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sovg'asi — “BYD” avtomobili hamda yangi xonadon bilan taqdirlangani butun jamoamizga katta quvonch va ilhom bag'ishlagan edi.
Tashrifning ertasi kuni xodimlarimizni samimiy qutlab, xushxabarni yetkazdim. Quvonchdan ko'zlarimizga yosh keldi: “Sabrning tagi sariq oltin, deganlari rost ekan. Prezidentimiz mehnatimizni qadrladilar. Endi ko'rkam, zamonaviy binoda yayrab ishlaysizlar”, dedim. Jamoamizning eski binoni ham ko'z qorachig'idek asrab, ozoda tutib kelgani ularning o'z kasbiga bo'lgan cheksiz sadoqatini namoyon etadi. Mana, hozir ham hammayoq chinnidek toza…
Kitob — insoniyatga in'om etilgan bebaho ne'mat. O'zim ham mutolaadan aslo to'xtamayman. Hozirda Gabriel Garsia Markesning “Yolg'izlikning yuz yili” asarini uchinchi bor qayta o'qiyapman.
Shu payt kutubxonaga Urganch shahar Ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo'yicha katta inspektori Nasiba Abdullayeva kirib keldi.
— Men bu yerning doimiy a'zosiman, — dedi Nasibaxon samimiyat bilan. — Kitob mutolaasini yaxshi ko'raman. Yangi nashrlar kelganini eshitib, darhol yetib keldim.
Ha, bu yerga yutuqlar qo'shaloq kelmoqda. Tajribali rahbarning yuksak orden bilan taqdirlanishi va bir asrlik ko'hna bino o'rnida zamonaviy kutubxona qad rostlashi butun urganchliklarni cheksiz quvontirmoqda.
Feruza TANGRIBERGANOVA.
