Fidoyilarga ehtirom ko'rsatildi
OKMKda Avtomobil transporti xodimlari kuni keng nishonlandi
Mamlakatimizda har yili oktyabr oyining so'nggi yakshanbasi Avtomobil transporti sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanishi an'anaga aylangan. Ushbu qutlug' sana munosabati bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham soha fidoyilariga ehtirom ko'rsatish maqsadida ko'tarinki ruhdagi bayram tadbiri tashkil etildi.
Bayram dasturi doirasida kombinat konlarida tunu kun xizmat qilayotgan mahobatli avtogigantlar, og'ir yuk mashinalari hamda yengil avtomobillar ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Mehmonlar va tadbir ishtirokchilari ushbu zamonaviy transport vositalarining texnik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Bundan tashqari, tadbirga o'zgacha fayz va shukuh bag'ishlagan turli sport musobaqalari hamda milliy taomimiz bo'lmish palov tanlovi o'tkazildi.
Tantanali tadbir doirasida soha faollarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda so'zga chiqqan OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Sa'di Shermatov barcha ishchi-xodimlarni samimiy muborakbod etdi. U o'z nutqida avtomobil transporti tizimi kombinatning ulkan ishlab chiqarish zanjirida eng muhim va strategik ahamiyatga ega bo'g'inlardan biri ekanligini alohida ta'kidladi.
OKMK boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovning tegishli buyrug'iga asosan, ko'p yillardan buyon kombinat rivojiga munosib hissa qo'shib kelayotgan soha vakillariga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko'krak nishoni va Faxriy yorliqlar tantanali ravishda topshirildi.
“Eng yaxshi ekskavator mashinisti” va “Eng yaxshi bezatilgan avtomashina” nominatsiyalari hamda palov tanlovi g'oliblari ham tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Xalq sayliga aylanib ketgan bayram tadbiri davomida “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy jamoalari tomonidan tayyorlangan sho'x kuy-qo'shiqlar va dilrabo raqslardan iborat konsert dasturi ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.
OKMKda 2021 yilda amalga oshirilgan tashkiliy islohotlar natijasida transport tizimi Avtomobil transporti boshqarmasi hamda Texnologik transport boshqarmasi kabi tarkibiy bo'linmalarga ajratildi. Bugungi kunda ushbu boshqarmalar “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning ishlab chiqarish jarayonlari uzluksizligini ta'minlashda muhim o'rin tutadi. Ayni paytda Avtomobil transporti boshqarmasi va Texnologik transport boshqarmasida jami to'rt mingdan ziyod xodim faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Texnologik transport boshqarmasida 2 051 nafar xodim mehnat qiladi. Ular kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, konchilik ishlarini samarali tashkil etish va strategik loyihalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda.
Kombinatda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari transport tizimi zimmasiga ham yangi vazifalarni yuklamoqda. Xususan, yillik 60 million tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega 4-mis boyitish fabrikasi, uning negizida barpo etilayotgan chiqindilarni saqlash ombori hamda yiliga 300 ming tonna mis mahsulotlari ishlab chiqarishga mo'ljallangan yangi metallurgiya majmuasi kabi yirik loyihalarda transport ta'minoti muhim ahamiyatga ega.
Transport xizmatlari samaradorligini oshirish va mavjud texnika parkini zamonaviylashtirish maqsadida joriy yilda har ikki boshqarmada ham transport vositalari va maxsus texnikalarni yangilashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shu yilning o'zida Avtomobil transporti boshqarmasi avtoparki 20 ta yangi transport vositasi bilan to'ldirildi. Yangi transport vositalari boshqarmaning xizmat ko'rsatish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xodimlar va yuklarni tashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Texnologik transport boshqarmasida ham konchilik ishlari uchun mo'ljallangan, yuqori yuk ko'tarish quvvatiga ega karyer samosvallari hamda boshqa maxsus texnikalarni xarid qilish va ishga tushirish choralari ko'rilmoqda.
Jumladan, yuk ko'tarish quvvati 221 tonnani tashkil etuvchi “HITACHI” rusumli 3 ta karyer samosvali foydalanishga topshirildi. Yana bitta shunday texnika uchun zarur butlovchi qismlar keltirilmoqda, yana birini esa yil yakuniga qadar yetkazib berish kutilmoqda.
Yuk ko'tarish quvvati 236 tonna bo'lgan “NMT-240 KRANTAS” rusumli 2 ta karyer samosvali ham kombinatga keltirildi. Yil oxiriga qadar yana 2 ta shunday samosval xarid qilinishi rejalashtirilgan. Mazkur texnikalar konlarda ma'dan tashish jarayonlari samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish ehtiyojlarini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy texnikalar bilan ta'minlash barobarida, transport sohasida ilg'or axborot texnologiyalarini joriy etish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, transport harakatini nazorat qilish, yoqilg'i-moylash materiallari sarfini monitoring qilish hamda ish jarayonlarini raqamlashtirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu esa mavjud resurslardan oqilona foydalanish, xarajatlarni maqbullashtirish va transport xizmatlari sifatini oshirish uchun zamin yaratadi. Bayram shukuhi yig'ilganlarga ishchanlik ruhini baxsh etdi.
Muhammad KENJA.
