Vatandoshimiz oqlandi, lekin…

Elimiz juda og'ir sinovlarni boshidan o'tkazgan. Repressiya yillari, “paxta ishi” bo'yicha qanchadan-qancha vatandoshlarimizning huquqlari poymol etildi. U davrlarda ishi sudda ko'rilgan odam borki, qamalardi. Jinoyat ishlari bo'yicha sudya va tergovchining hukmi oldida oqlovchining o'rni bilinmasdi. Tergov davrida kaltak­langan, hatto xotini, qizini keltirib zo'rlanishi bilan qo'rqitilgan — do'q-po'pisalar ila irodasi sindirilgan jabrdiydalarga ko'p duch kelganman.

O'zbekiston haqli islohot yo'liga o'tgandan keyin, jinoyat ishlari bo'yicha sudlov tizimida ham ijobiy o'zgarishlar ro'y berdi. Ayniqsa, Prezidentimizning 2020 yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari” to'g'risidagi qarorini sudya sifatida adolat yo'lidagi muhim qadam deb hisoblayman.

Ammo bugun ham   kishini ranjitadigan holatlar ko'zga tashlanmoqda. Bu fuqarolarning bir-birini jinoyat qilishga undash, ya'ni “pravakator”lik illatidir.

Jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro shahar sudining 2021 yil 25 iyundagi hukmiga ko'ra B.Ahmedov O'zbekiston Res­publikasi jkning tegish­li moddasiga asosan bir yil muddatda davlat tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Unga ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.   Tergov hujjatlariga asosan u Buxoro shahar Davlat Soliq inspeksiyasi Soliqqa oid huquqbuzarliklar bilan ishlash sho''basi katta inspektori sifatida “Mirzo omad plyus” MChJ rahbari Anvar Sharipovning ishonchiga kirib MChJ hisob raqamini yopish uchun undan 100 AQSh dollari olganlikda ayblanadi.

Viloyat sudiga kiritilgan apellyatsiya yuzasidan B. Ahmedovning ishi kamina raisligida o'tgan sudda qayta ko'rildi. Shavkat Quvvatov, Nozim Jo'rayev kabi sudlov hay'ati a'zolari sa'y-harakati bilan adolat qaror topdi. Vatandoshimiz oqlandi. Nega dersiz?

“Jabrdiyda” A.Sharipov B.Ahmedovga qo'ng'iroq qilib, o'zini tanishtiradi. Ertasiga kelib, o'ziga   Buxoro tumanlararo Iqtisodiy sudidan chaqiruv qog'ozi kelgani,   “Mirzo omad plyus” MChJ fao­liyatidan hisobot topshirilmaganligi uchun hisob raqami yopilgani, hisobotni topshirib bersa unga 100 AQSh dollari berishini ma'lum qiladi.

Va B.Ahmedovning plastik kartasi raqamini yozib berishi, bugunoq pul tashlashini aytadi. Haqiqatan 2021 yil 29 yanvar kuni yana qo'ng'iroq qilib, plastigiga pul tushganini ma'lum qiladi. Sudda B.Ahmedovning A.Sharipovdan pul so'ramagani, A.Sharipovning o'zi oilasidan ikki marta ajralgani uchun qiynalib yurgani, “Fura” mashinasida qancha xizmati bo'lsa qilishini, tezda Ros­siyaga ketishini aytib, uni “yordam” berishga majbur qilgani aniqlandi. Shu bilan birga, B.Ahmedov mazkur ishlarga vakolati bo'lmasa-da “Mirzo omad plyus” MChJning soliq hisobotini tuzish va provardida to'xtatilgan hisob raqamining ochilishini ta'minlash uchun qonuniy harakatlarni amalga oshirgan. A. Sharipovga qo'ng'iroq qilib, hisobot topshirmaganligi sababli uning hujjatlari sudga oshirilgan bo'lishi mumkinligini va ertagayoq Davlat xizmatlari markazidan elektron kalitni olishini va kalit orqali korxona faoliyatini ko'rib chiqishlarini aytgan. Va bu jarayon amalga oshirilgan. Sud davomida mazkur holat tasdiqlandi.

Keyin A.Sharipovning korxonasi viloyat soliq boshqarmasi hisobidagi soliq to'lovchi bo'lsa-da, boshqarmaga emas shahar DSI xodimiga murojaat qilgan. B.Ahmedov hisobotlarni topshirish kerakligini bir necha marotaba tushuntirib aytgan bo'lsa-da, baribir undan shu masalani hal qilib berishni iltimos qilavergan.   U sud tomonidan korxonaning hisob varag'i to'xtatilgan bo'lsa, tegishli soliq hisobotlari topshirilgachgina hisob varag'i ochilishi mumkinligini bilgan. Ammo B.Ahmedovga qo'ng'iroq qilavergan. Jabrlanuvchining sudlanuvchiga kunda necha bor qo'ng'iroq qilganlari haqdagi ma'lumotlar ham sudga taqdim qilindi.

Mazkur jinoyatda jabrlanuvchi deb topilgan A.Sharipov oldin ham bir necha jinoyat ishlarida “jabrlanuvchi” deb topilgan. 2017 yil Romitan tuman sudida D.Sharipova, F. Temirovlar, 1918 yil Kogon shahar sudida A. Zadayevlarning ko'rilgan jinoyat ishlarida ham A.Sharipov jabrlanuvchi bo'lgan. Bundan uning sodda insonlarni jinoyat sodir etishga undaganligi yaqqol ko'rinadi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining B.Ahmedovga nisbatan oqlov hukmining qonuniyligi O'zbekiston Respub­likasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atida, kassatsiya instansiyasida yana bir marta ko'rilib, o'zgarishsiz qoldirildi. B.Ahmedovga nisbatan oqlov hukmi to'g'ri chiqarilganligi yana bir bor tasdiqlandi. Kassatsiya instansiyasida ko'rib chiqishda Oliy sud sudyalari, jumladan, Ilhom Rahmonqulov, Shamsiddin Tojiyev, Jahongir G'aybullayevlarning ko'p yillik tajribalari qo'l keldi, deb hisoblayman.

Har qanday qonuniy chiqarilgan oqlov hukmi adolat tantanasiga xizmat qiladi. “Birniki — yuzga, yuzniki — ming­­ga, mingniki esa — tumanga” deganlaridek sudning oqlov hukmi, avvalo, oqlangan shaxsning oilasiga, qarindoshlari, mahallasi, tumani, umuman butun jamiyatga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Ammo kishini bir masala o'ylantiradi. Korrupsiyaga qarshi kes­kin kurash olib borilayotgan davrda A.Sharipov nima uchun mas'ul shaxsga pul taklif qiladi? O'zining ham pora olgan kishi bilan teng darajada jinoyat sodir etayotgani ma'lum-ku!

B.Ahmedov oqlashga oqlandi. Ammo buni hayot deydilar. Hamma ham xolis niyatni to'g'ri tushinavermaydi. Axir, birov o'zingni tomdan tashla, desa, tashlamaymiz-ku!

Sur'at NAYIMOV,

jinoyat ishlari bo'yicha Buxoro viloyati,

Jondor tumani raisi,

yuridik fanlari nomzodi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 11 =