Qurbonlik qilish amali va fazilatlari
Bugun butun islom olamida qutlug' bayram – Qurbon hayiti keng nishonlanmoqda. Jamiki islom ummati uchun qadrli bo'lgan ushbu shukuhli bayram, avvalo, mehribon va rahmli Alloh taologa behisob shukronalar keltirmog'i uchun ham katta bir saodatli kunlardir. Qolaversa, ushbu bayramning ahillik, saxovat va oliyjanoblik kabi fazilatlari yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik tamoyillariga hamohangdir.
Shu kunlarda qancha yurtdoshlarimiz muqaddas Haj ziyoratini ado etishmoqda. Muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi va g'amxo'rligi bois yuz nafar faol va yurtimizga mehnati singgan obro'-e'tiborli vatandoshlarimiz ham qutlug' amallarini bajarishmoqda. Ular ko'rsatilgan bunday marhamat, e'tibordan minnatdor bo'lib, Prezidentimizni, Vatanimizni, butun xalqimizni duo qilishmoqda.
Quyida Qurbonlik qilishning savobi va amallari haqida so'z yuritiladi.
“Kimki xursandchilik bilan, savob umidida qurbonlik qilsa, qurbonligi unga do'zaxdan parda bo'ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati), deya marhamat qilganlar suyukli Payg'ambarimiz.
Shu o'rinda Jaloliddin Rumiy hazratlari “Masnaviyi ma'naviy” asarida ajib hikoyani keltiradi. Bir qishloqda nihoyatda g'arib, kambag'al kishi yashar edi. Bir yili qahatchilik bo'lib, quduqlar, hovuzlar qurib qoldi. Odamlar holdan toygan, haligi bechoraning esa ahvoli yanada og'ir edi.
Bir kuni xotini unga: “Bag'dod xalifasi nihoyatda karamli, saxovatli, deb eshitganman. Uning oldiga boring, shoyad biz ham ro'shnolik ko'rsak”, dedi. Eri unga: “Xalifaning huzuriga sovg'a-salom bilan borish kerak. Bizda hech vaqo yo'q bo'lsa”, dedi. Shunda xotini: “Soyda chuchuk suv yig'ilib qolgan. Bunday shirin suv xalifa huzurida bo'lmasa kerak. O'sha suvdan bir idishga solib olib boring”, dedi. Bu fikrdan mamnun bo'lgan eri suvni ko'zaga solib, yo'lga ravona bo'ldi. Xotin esa erining eson-omon borib kelishini Yaratgandan tilab duoga qo'l ochdi.
Er Bag'dodga yetib borib, xalifa huzuriga kirdi. Xalifa undan: “Qo'lingdagi nima?” deb so'radi. Haligi odam “Bu jannat suvi. Bunday suvni hech kim hech qachon ichmagan”, dedi.
Xalifa xizmatkorlariga musofirni bir ko'za oltin bilan siylab, daryo yo'li bilan uni kuzatib qo'yishni buyurdi. Haligi odam yo'lda Dajla daryosini ko'rib, nahotki xalifa shuncha suv bo'la turib mening suvimni olib qoldi va evaziga shuncha oltin berdi, deb hayron bo'ldi.
Aslida, xalifa suvga muhtoj emas edi. Biroq u saxovati tufayli musofirning ko'nglidagi ixlosini qadrlash, uni shod etish maqsadida oltin hadya qildi.
Bu hikoyadan ma'no shuki, Alloh taolo bizning qurbonliklarimizga muhtoj emas. Biz esa doimo Rabbimizning inoyatiga, rahmati va mag'firatiga muhtojmiz.
Qurbonlikning fazilatlari juda kattadir. Qurbonlik qilish Alloh taoloning g'azabini so'ndiradi, Robbimizning roziligiga erishtiradi.
Qurbonlik qilishga imkoni bo'la turib, qurbonlik qilmaslik xayrli ish emasdir. Zero, qurbonlik qilishda barcha — eru xotin, bola-chaqa, faqiru miskinlar uchun umumiy manfaat bordir. Qurbonlik tufayli Alloh taoloning umumiy afvi namoyon bo'ladi.
Odam alayhissalomdan to Iso alayhissalomgacha qurbonlik go'shtini yeyish joiz bo'lmagan. Ularning davrlarida qurbonlik Alloh taolo huzurida maqbul bo'lsa, bir olov kelib uni kuydirib yuborar edi. Ummati Muhammadiyaga esa Alloh taolo qurbonlik qiluvchiga o'zi qurbonlikka so'ygan jonliqni halol qildi.
Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog'-salomat, hech bir nuqsonsiz bo'lishiga urinish Robbimizga nisbatan yuksak odobni ifodalaydi. Qurbonlikning go'shti ham, qoni ham Alloh taologa kerak emas. U zotga faqat bandaning taqvosi yetadi, xolos. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligidan darak beradi.
Qurbonlikning yana bir hikmati kambag'allarning ko'ngillarini ko'tarishdir. Ularga yaroqsiz, nuqsonli hayvonlarni emas, balki eng afzal, eng sog'lom jonliq go'shtini ehson qilishning ajri juda katta amallardandir.
Qurbonlikning bitta rukni bor. U ham bo'lsa, qurbonlik qilinishi joiz bo'lgan jonliqlardan birini Qurbon hayiti kunlari so'yishdir.
Jonliqni so'ymasdan tirik holda biror kambag'alga berish qurbonlik hisobiga o'tmaydi. Bu ish faqat sadaqa bo'lib qoladi. Biroq qurbonlik vojib bo'lgan kishi sotib olgan qurbonligini qandaydir sabab bilan so'ymasa yoki biror jonliq ololmay qolgan bo'lsa, uni Qurbon hayiti o'tgandan keyin o'sha jonliq qiymatini faqirlarga sadaqa sifatida beradi. Bunday vaziyatda sotib olib, lekin so'ya olmagan qurbonligini faqirga tirik holda ham berish mumkin.
Qurbonlik so'yishda bunday niyat qilinadi: “Yo Robbim, shu jonliqni Sening roziliging uchun so'yishga niyat qildim. Dargohingda qabul ayla!”
Shundan so'ng uch marta “Allohu akbar!” deya takbir aytadi va: “Bismillahi Allohu akbar!” deb qurbonlikni so'yadi.
Quyida qurbonlikka doir ayrim savol-javoblar bilan ham tanishing:
Savol: Qurbon hayitida qurbonlik qilmoqchi edik. Umuman, oila katta bo'lsa, qurbonlik go'shtining hammasini olib qolsa bo'ladimi?
Javob: Qurbonlik qiluvchi inson Alloh taoloning roziligi uchun qurbonlikka yaroqli hayvonni so'yish bilan zimmasidagi bir vojibni ado etgan bo'ladi. Siz so'raganingizdek, katta oilalar qurbonlik go'shtining hammasini o'z oilalari uchun olib qolishi joiz. Shuningdek, qurbonlik qiluvchi hayit kuni go'shtning hammasini muhtoj insonlarga tarqatishi ham joiz.
Oilasi katta bo'lganlar qurbonlik go'shtini uch qismga bo'lib, bir qismini tarqatishi, bir qismini o'z oilasi uchun olib qolishi va yana bir qismini qarindosh-urug' va yaqinlar bilan pishirgan holda baham ko'rishi mustahabdir.
Savol: Biz ko'p qavatli uyda istiqomat qilamiz. Qurbon hayiti kunlari g'ayridin qo'shnilarimizga qurbonlik go'shtidan bersak bo'ladimi?
Javob: G'ayridin kishilarga qurbonlik go'shti va nafl sadaqalardan berish joiz. Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
“Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan haydab chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana surasi, 8-oyat).
Abdulloh ibn Amr ibn Os g'ulomiga: “Qo'chqorni so'yib, yahudiy qo'shniga nasiba bergin”, dedi. Bir soat vaqt o'tgach, yana dedi: “Ey g'ulom, agar qo'chqorni so'ysang, yahudiy qo'shnimizga nasiba ber”. G'ulom: “Yahudiy qo'shni bizlarga aziyat beradi-ku!” dedi. Abdulloh ibn Amr: “Ey quloqsiz, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bizlarga hamisha qo'shni haqida vasiyat qilaverganlaridan qo'shni qo'shniga merosxo'r bo'lsa kerak, degan o'yga bordik”, dedi.
Tolibjon NIZOMning
“Qurbonlik” risolasidan olindi.
