Saxovatpeşalik eng uluğ fazilat, ammo…
“Körmaganning körgani qursin!”
Rivoyat qilişlariça, qadimda davlatmandlikni orzu qilgan bir dehqon ozgina yeridan ungan hosilni ham qöni-qöşni, yoru birodarlari bilan baham körarkan. Buning ustiga, yon-atrofidagi kişilarning ham yerini haydab, uruğ sepiş, parvariş qiliş, hosil yiğib olişiga qölidan kelganiça qaraşarkan.
Uning bu harakati qişloq ahlida ajablaniş uyğotibdi:
— Bu ketişda qaçon boyiysiz? Özingizni öylasangiz bölmaydimi, boşqalar bilan nima işingiz bor?
— Ha, endi, Xudo “ol, qulim” desa, bir kuni molu davlat öz oyoği bilan keladi. Hamma narsaning vaqti-soati bor, — deb javob bergan dehqon yana öz mehr-muruvvatini dariğ tutmay, hammaga baravar topganidan ulaşaveribdi. Aytganiday, Allohning marhamati bilan dehqonning hosiliga hosil qöşilib, boyib ketibdi. Haş-paş degunça qişloqning boyvaççalari qatoriga qöşilib, heç kimni mensimay qöyibdi. Beş qölini baravar oğziga tiqqan boyning avvalgi saxovatpeşaligidan asar ham qolmabdi. Aksinça, u beva-beçoralarga şafqat qilmaydigan, ularning yerini, hosilini tortib oladigan odat çiqaribdi. Qisqasi, avvalgi xokisor, kamsuqum dehqon badnafs va oçköz kimsaga aylanibdi. “Körmaganning körgani qursin” degan naql, balki, şunday voqealarga işoradir.
Köp ötmay, uning butun boyligi kunpayakun bölib kökka sovurilibdi. Tomorqasi hosil unmaydigan qatqaloq joyga aylanibdi. Boy hayron emiş: “Nega avval oşiğim olçi edi, endi esa şörim quridi?” U öylab-öylab, qişloqda yaşovçi bir donişmand kişining huzuriga yöl olibdi. Avvaldan uning xatti-harakatlarini kuzatib yurgan oqil kişi boyning nima maqsadda kelganini darhol anglabdi va salmoqli ohangda söz boşlabdi:
— Yaqin ötmişingni bir esla, sen avval juda qöli oçiq, saxiy eding, hamma seni maqtardi. Özing qiynalsang ham, özgalarni öylaganing uçun Alloh seni siyladi, öz marhamatini körsatdi. Boyiding, ammo bosar-tusaringni bilmay qolding, aqlingni yöqotding. Davlatmand bölişing bilan kambağallarga şafqat qilmay qöyding, ularning hatto böyradek yeriga ham köz olaytirding. Qisqasi, sen Yaratgan egamning qahriga uçrading. Endi kimdan najot istaysan? Boşingga tuşgan parokandalikni yöqotmoqçi bölsang, avvalgi holingga qayt, qöling va bağring oçiq bölsin!
Boy özidan ötgan katta xatolik sababini anglabdi-yu, ortiga ravona bölibdi. Tez orada özining avvalgi qiyofasiga, yaşaş tarziga qaytibdi.
Bundan anglaşiladiki, xayr-saxovatni öz örni va makoniga qarab qilgan kişining biriga ön qaytadi.
Darvoqe, saxovatpeşalik xalqimiz hayotida eng qadrlanadigan xislat. Ayniqsa, Ramazoni şarifda uning qadr-qimmati, mazmun-mohiyati boşqa paytga qaraganda köproq böy körsatadi. Buning ziddi — ziqnalik, xasislik sifati ham nafaqat bizda, balki butun dunyoda ildiz otganki, u faqat qoralanadi. Qaysi davr bölişidan qatʼi nazar, har ikkisi odamzod hayotida turliça köriniş bilan namoyon bölib turadi. “Beruvçi qöl Allohga xuş keladi”, “Öng qöling berganini çap qöling bilmasin!”, “Minnatli oş tatimas” kabi naqllar zamirida xayr-saxovatli bölişning afzal ekanligiga işora bor.
Maʼrifiy şakldagi oliyhimmatlik
Yunusobod tumanidagi 63-umumtaʼlim maktabida xalqimizning sevimli şoirasi Zulfiya tavalludi kuniga tayyorgarlik qizğin. Tadbirga “Ishonch” gazetasi tahririyati xodimlari kelişadi. Ha, bu galgisi butunlay boşqaça. “Mening Navoiy bobom” inşolar körik-tanlovida iştirok etgan öquvçilar kim ğolib bölişini intiq kutişmoqda. Kim ham inşosi eʼtirof etilişini xohlamaydi, deysiz? “Mulla bilganini öqiydi” deganlaridek, 100 öquvçining yozgani xilma-xil. Birovniki silliq va ravon, yana biri buyuk mutafakkirning qaysidir asariga baho bergan, kimdir Navoiy nega bunçalar daho ekanligini taʼriflagan.
— Maktabimizning hamkorlari juda köp, — deya hikoya qiladi taʼlim maskani rahbari Rohila Vahobova. — “Ishonch” gazetasi tahririyati bilan joriy öquv yili boşidan hamkorlik örnatdik. Bunga muvofiq, hazrat Alişer Navoiy tavallud topgan 9 fevral sanasi arafasida inşo yoziş böyiça körik-tanlov ötkazdik. Öquvçilar Navoiy haqida jöşib yozdi, izlandi, asarlarini öqidi, xullas, buyuk siymo haqidagi tasavvurlari ança boyidi. Tahririyat tomonidan ğoliblarga pul mukofoti ajratildi. Maʼrifiy şakldagi oliyhimmatlikda ikki maqsad bor: ommaviy kitobxonlikni rivojlantiriş orqali yoşlarni rağbatlantiriş. Tahririyat xodimlarining ğoliblarga sovğani topşiriş marosimi çinakam bayramga aylanib ketdi. Birinçi örin sohibasiga ikki, ikkinçi öringa bir yarim, uçinçi öringa esa bir milliondan pul mukofoti naqd holda topşirildi. Özbekiston Kasaba uyuşmalari federatsiyasining nufuzli naşri rahbariyati, ijodiy xodimlari xuddi şunday hamkorlikni boşqa taʼlim muassasalari bilan ham örnatsa, xayr-saxovat körsatiş orqali kitobxonlikni rivojlantirişga, yoşlar maʼnaviyatini yuksaltirişga hissa qöşgan bölardi. Qani edi, boşqa nufuzli naşrlar ham “Ishonch”dan ibrat olsa…
Oşkora emas, pinhonasi yaxşi
Imkoniyati çeklanganlar uçun turli davlat va jamoat taşkilotlari tomonidan bayram, hayit munosabati bilan sovğa-salom ulaşiş — bizda azaliy qadriyat, yaxşi odat. Nogironligi bölgan şaxs öziga körsatilgan eʼtibordan mamnun böladi, albatta. Unga, aslida, davlat tomonidan körsatilayotgan ğamxörlik ham eʼtiborga molik. Biz şunday davrga yetib keldikki, inson ongi, tafakkuri, or-nomusi va hamiyati ança çuqurlaşdi. Bu har bir kişining öz xatti-harakati töğri yoki notöğri ekanligini öylab körişga undaydi. Baʼzida qoş qöyaman deb, köz çiqarib qöyiş ham mumkin. Bu turli ijtimoiy tarmoqlar faollaşgan zamonda röy berayotganiga misollar juda köp. Ayniqsa, xayr-saxovat körsatiş bobida oşkora emas, pinhona yöl tutiş afzal bölib qoldi… Nega deysizmi?
— Öğlim birinçi guruh nogironi. Tayanç harakati serebral falajligi taşxisi bilan, mana, 16 yoşga yetdi. Ammo uning nutqi bor, — dedi Yaşnobod tumanida istiqomat qiluvçi Z. ismli ayol. — Yangi yil arafasida “Navröz” mahallasi vakillari uyimizga sovğa-salom bilan kirib kelişdi. Öğlim xursand, mehmonlar u bilan suratga tuşişdi. Şunda bolam: “Tağin bu rasmni internetga qöyib yubormang!” deb ogohlantirişiga qaramay, öğlimning aravaçadagi surati qaysidir ijtimoiy tarmoqqa qöyilibdi. Aqli butun, ziyrak va zukko bolam telefon orqali öz suratini kördi-yu, menga gapira ketdi: “Oyi, qani ularning vaʼdasiga vafosi? Qöymaymiz, şunçaki esdalikka, deyişgandi-yu! Nima, mening nogironligimni hammaga oşkora qiliş şartmidi? Keragi yöq bunaqa xayr-saxovatning! Mening ham or-nomusim, ğururim bor, nogironlik peşonamga yozilgan bölsa, nima qilay? Yaxşilikni ovoza qiliş minnat emasmi?” Unga taskin bergan böldim: “Mayli, sen xafa bölma, axir ular ham öz işlarini rasmiylaştirib qöyişi kerak. Davlat idorasi mahalla ham, bolam!” Ammo öylab qarasam, bolamning gapida jon bor. Har qanday yaxşilik Allohning roziligi uçun qilinadi, uni ovoza qiliş, boşqalarga köz-köz qiliş riyoga kirmaydimi?
Ha, xalqimizda “Minnatli oş tatimas” degan hikmat bor. Ona taʼkidlaganidek, imkoniyati çeklangan, boquvçisini yöqotgan, kam taʼminlangan, yetim-yesirga körsatiladigan mehr-muruvvat oşkora emas, pinhona bölgani yaxşiroqdir. Töğri, mahalla — davlat siyosatini amalga oşiradigan nufuzli tuzilma, uning faollari gardaniga aynan şunaqa vazifa yuklatiladi. Lekin ehtiyojmand qatlam vakillari uyiga borib, ularning xohiş-irodasiga zid iş qiliş qançalik töğri?
Zakot — moliyaviy ibodat, xayr-saxovatning oliy şakli
Zakot — dini islomdagi farz amal bölib, moliyaviy ibodatdir. Uning “ösiş”, “salohiyat” degan maʼnosi bor. Istilohda esa zakot — boy kişi mol-mulkining maʼlum bir qismini kambağal kişiga mulk qilib berişidir. Zakotni oşkor ham, maxfiy tarzda ham beriş mumkin. Demak, buning zamirida xayr-saxovatning nafaqat oşkora, balki yaşirin şakli ham bor. Zakot berişda nisob va bir yil ötişi hisobga olinadi. Nisobning sömdagi qiymati tilla narxi ösişi yoki kamayişiga qarab özgaradi.
— Zakotning farzligiga Qurʼoni karim, hadislar, ummatning ijmosi (ittifoqi) dalolat qiladi, — deydi Özbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi boş mutaxassisi Hikmatulloh domla Toştemirov. — Alloh taolo şunday deydi: “Namozni qoim qiling va zakotni bering” (“Baqara” surasi, 43-oyat). Qurʼoni karimda aynan şu jumla buyruq körinişida takror-takror kelişi bejiz emas. Payğambarimiz sollallohu alayhi vasallam islom beş arkon ustiga qurilganini zikr qilib, buning içida zakotni ham sanaganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Zakot bermaydigan bandalarni Alloh taolo qattiq azob bilan ogohlantiradi: “Oltin va kumuşlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yölida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida “xuşxabar” bering!” (“Tavba” surasi, 34-oyat).
Zakot beruvçi bandalar farz amalga sodiq bölganlari uçun uning mol-mulkini Alloh muhofaza qiladi, kamayişdan, xavf-xatardan, turli balo-qazolardan asraydi.
* * *
Saxiylik va baxillik. Qaysi biri afzal, qaysi birini tanlaysiz? Albatta, saxiylik ustun turadi. Nafaqat biz yaşab turgan tuzum, muhit, makon, balki maʼnaviy-maʼrifiy merosimizda ham bu fazilatga gözal taʼrif beriladi. Misol: 2005 yilda “Şarq” naşriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan naşr qilingan “Özbek xalq maqollari” töplami mundarijasiga köz yugurtirsak, “Saxiy bilan baxil bir buloqdan suv içmas”, “Saxiy xor bölmas, baxil behiştga kirmas”, “Saxiyning işiga baxilning tişi qamaşar”, “Saxiy topsa, örtada, baxil topsa, xaltada”, “Qölingdan bermasang, yölingdan ber, yölingdan bermasang, sözingdan ber” singari asrlar sinovidan ötgan xalq maqollari köp uçraydi…
Bu hikmatlar bejizga aytilmagan, albatta.
Hulkar TÖYMANOVA,
Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist.
