Ramazon — ezgulik va mehr-oqibat oyi

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Muborak Ramazon oyi munosabati bilan O'zbekiston xalqiga tabrik yo'lladi. Unda “Inson qadri – ulug'” degan olijanob tamoyildan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini ta'minlash, yosh avlodni bilim-ma'rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz o'rtasida mehr-oqibat va o'zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlash singari vazifalar alohida ta'kidlangani bejiz emas.

Darhaqiqat, Ramazon ezgu amallar, mehr-muruvvat, xayru saxovat, poklanish oyidir. Sahardan shomgacha yeb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr-qanoat tuyg'usi ortadi. Irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabr­­li insonlar xotirjam bo'lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g'iybatdan, behuda gap-so'zlardan tiya­­di. Ko'ngillaridan hasadu g'arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e'tiborli, rahm-shafqatli bo'lishga intiladi. Shu sababdan ham Ramazon oyi nomiga ma'rifat, mag'firat, tinchlik, xotirjamlik, sabr oyi kabi sifatlar qo'shib aytiladi.

Hujjatul Islom Imom G'azzoliy ta'rificha: “Ro'za tutish jon uchun zakot, badan uchun riyozat, yaxshilik uchun da'vat, gunohlardan saqlanish”, demakdir. Islomning besh ustunidan biri bo'lmish ro'za tufayli o'zaro ahillik, totuvlik, bag'rikenglik tuyg'ulari jo'sh uradi. Hamjihatlik va hamkorlikka intilish ortadi.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon ro'zasi (farz ekani)ni tasdiqlab, uni savob umidida, Alloh uchun xolis tutsa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisi qudsiyda esa bunday deyiladi: Alloh taolo: “Odam bolasining hamma ishi o'zi uchun, faqat ro'za Men uchundir. Uning savobini O'zim bilib beraman”, deb marhamat qilgan (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Shu o'rinda bir birodarimizning e'tirofini keltirib o'tish o'rinli bo'lsa kerak: “Ro'zaning foydasi juda ko'p ekan. Buni o'z hayotimda his qildim. Ibodat, taqvo, sog'lik, hatto odamlar bilan bo'ladigan muomalada ham juda manfaatli ekan. Ilgari ish bitirish uchun deb, yolg'on-yashiqni gapiraverardim. Ixlos bilan ro'za tutgan odam yolg'on gapirishga botinolmay qolar ekan. Yolg'on gapirmay qo'ydim. Ish bitirish payti kelganda “ro'za og'iz bilan yolg'on gapiramanmi?” deb tilimni tiydim”.

Muqaddas Qur'oni karimning Baqara surasi 185-oyatida ochiq-oydin bayon qilinadi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o'z yashash jo­yida) hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir”.

Ko'rinib turibdiki, bu oyning har daqiqasi g'animat, insonga bir fursatdir.

Aytish joizki, Ramazonda sadaqa va xayr-ehsonlarning savobi yanada ortadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu oyda har doimgidan ko'proq saxovat qilganlar. Shu boisdan ham ahli musulmonlar zakotini shu oyda ado etishga odatlanishgan. Yana bu oyda banda oliy fazilatlardan bo'lmish sabrni o'rganadi. Nafsining har xil istaklariga sabr qiladi. Shu bois bu oyni “sabr oyi” ham deb ataydilar. Ana shunday chiroyli sabr-qanoat, ulug' savoblar, ezgu amallar, bag'rikenglik oyi barchamizga qutlug' bo'lsin!

Farhod JO'RAYEV,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =