Qo'shni

Ulug' va saodatli kunlar arafasida qo'shni va qo'shnichilik amallari haqida so'z yuritmoqni niyat qildik. Negaki, qo'shni har bir inson uchun eng yaqin kishi, birodar. Xalqimizda “Qo'shning tinch — sen tinch”, “Uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qo'shni afzal”, deb bejiz aytishmagan.
Islom dini qo'shnining haqqini ulkan qildi. Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qo'shniga yaxshilik qilish haqida shunaqangi ko'p gapirdilarki, hatto Nabiy sollallohu alayhi vasallam shariat qo'shnini ham meros oladiganlar qatoriga qo'shsa kerak, deb o'yladilar.
Muborak hadisda bu haqida shunday deyilgan: “Jibril menga qo'shniga yaxshilik qilish haqida to'xtamay gapiraverdi, hatto men “Qo'shnini ham merosxo'r qilsa kerak” deb o'yladim”. Qur'oni Karim va hadisi shariflarda qo'shniga yaxshilik qilish haqida ko'plab oyatlar kelgan.
Xo'sh, qo'shnilar deb, faqatgina uyimizning o'ngu-so'li, orqa-yu oldiga yaqin turgan uylarga aytamizmi?! Aslida ham, qo'shni kim? Qo'shni – sizga yondosh bo'lgani, uyi uyingizga tutashganidir. U musulmon bo'ladimi yoki kofir bo'ladimi, sizga uyi tutashgan bo'lsa, qo'shni hisoblanadi. Qo'shnichilikning chegarasi haqida ulamolar turli gaplarni aytganlar. Urfga ko'ra, bir mahallada yashayotgan kishilar o'zlariga qancha xonadonni qo'shni deb bilsalar, shular qo'shni hisoblanadi.
Darhaqiqat, muqaddas islom dinida yaxshi qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilib kelinadi va bu borada ko'plab rivoyatlar vorid bo'lgan. Agar e'tibor ko'zi bilan qaraydigan bo'lsak, hayotimiz davomida achchiq-shirin, yaxshi va yomon kunimizda yonimizda turadigan, doimo qo'llab-quvvatlab, o'zlarining qimmatli, mehrga to'la iliq tavsiya va o'gitlarini ham ayamaydiganlar, aynan mana shu jonajon yaqin qo'shnilarimiz bo'ladilar.
Qur'oni Karimda qo'shnilarga yaxshilik qilish haqida ko'plab oyatlar bor. Alloh taolo o'z Kalomida marhamat qilib shunday degan: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo'shni-yu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso, 36).
Ushbu oyatda qo'shni mo'min yoki kofir deb ajratilmagan. Shuning uchun mufassirlar kofir qo'shniga ham yaxshilik qilish lozim, deydilar.
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qo'shniga yaxshilik qilish, uni ikrom qilishga qanday undaganlariga nazar soling! U zot: “Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, banda, to o'ziga yaxshi ko'rgan narsani qo'shnisiga ham yaxshi ko'rib, ravo ko'rmaguncha komil mo'min bo'lmaydi” deganlar.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bizlarga qo'shnilarga yaxshilik ko'rsatishda eng katta o'rnak edilar, agarchi o'sha qo'shni zulm qilsa ham. Rivoyatlarda keladiki, Nabiyimiz alayhissalomning mushrik bo'lgan amakilari bor edi. Amakilarining ismi Abu Lahab, ayolining ismi esa Ummul Jamiyl bo'lib, ular Nabiy alayhissalomga qo'shni edilar. Bu ikki er-xotinning Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga adovatlari nihoyatda katta bo'lib, qo'llari, tillari ila hazratimiz alayhissalomga ko'p ozorlar yetkazishar edi. Jumladan, uylaridagi chiqindiyu-axlatlar, tikanli o't-o'lanlarni to'plab Rasululloh alayhissalomning hujrai saodatlari oldiga to'kib ketishar edi. Shunday bo'lsada, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylaridan indamay chiqib, axlatlarni yig'ishtirib olar edilar. Ularning zulmlariga qarshi javob qaytarmas, balki muloyim bo'lar edilar.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning Rasuli! Falon ayol kechasi namoz o'qiydi, kunduzi ro'za tutadi, tilida qo'shnisiga ozor beradigan narsa bor” deyilganda, u zot alayhissalom: “U ayolda yaxshilik yo'q. U ayol do'zaxdadir” deganlar. Boshqa bir hadisda: “Yomonliklaridan qo'shnisi omonda bo'lmagan kishi jannatga kirmaydi” deganlar.
Yana bir rivoyatlarda keladiki, Habibimiz alayhissalomning yahudiy ayol qo'shnilari bo'lar edi. U ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qachonki uylaridan masjidga chiqmoqchi bo'lsalar, derazasidan axlatlarini tashlab ozor yetkazar edi.
Kunlardan bir kuni u ayoldan darak bo'lmay qoldi, tabiiyki avvalgi ishlarini qilmay qo'ydi. Shunda, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam sahobalariga u ayoldan xabar olib kelishga buyurdilar. Qachonki u ayolning betob ekanligidan xabar topgach, darhol qo'shnilariga eng yaxshi dori-darmonlarni olib borib berishga buyurdilar.
Chunki Alloh taolo Qur'onda shunday deb marhamat qilgan: “Siz (ular qilayotgan) yomonlikni go'zal (so'zlar) bilan daf eting!” (Mu'minun, 96). Yana bir oyatda Alloh taolo bunday deb marhamat qilgan: “Albatta, kimki (aziyatlarga) sabr qilsa va (Alloh uchun) kechirib yuborsa, albatta, bu puxta ishlardandir” (Sho'ro, 43).
Hasan Basriy rahimahullohdan quyidagi gap rivoyat qilingan: “Yaxshi qo'shnichilik ozor berishdan tiyilish emas, balki, yaxshi qo'shnichilik ozorga sabr qilishdir”.
Shunday ekan, har birimiz qo'shnilarimiz bilan bo'lgan o'zaro munosabatlarimiz haqida o'ylab ko'rishimiz zarur. Xo'sh, biz qo'shnilarimizga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ko'rsatganlaridek muomala qilayapmizmi?! Ularning bizdagi haqlariga qanchalik e'tiborlimiz? Vaholanki hadisi shariflarda: “Yon qo'shnisi ochligini bila turib, qorni to'q holda tunagan kishi menga iymon keltirmabdi” deyilgan. Shu sabab, keling bugun yo ertadan emas, balki hozirdanoq Nabaviy o'gitlarga ergashgan holda qo'shnilarimiz bilan yaqin aloqalarimizni tiklaylik va o'zaro mehr-muhabbat ummoni uzra birga sho'ng'iylik! Ana shunda islom dinining qo'shnichilik haqlariga to'laqonli rioya qilgan bo'lamiz.
Husayn YoDGOROV,
“Sayyid Muhyiddin maxdum”
madrasasi talabasi