Ziyoratdan keyingi ziyofatlar…

Alloh nasib qilib, Haj va Umra ziyoratlarini ado qilib qaytgan odam o'zining chiroyli hulqi, kamtarinligi va ilmi bilan boshqalarga ibrat bo'lishi, isrofgarchilik va maqtanchoqlikdan tiyilishi, nojo'ya qadam bosishga moyil yoshlarni o'zlarining qimmatli maslahatlari bilan to'g'ri yo'lga boshlashi kerakligi haqida ko'p imom, domlalardan eshitganmiz. Biroq ziyoratdan qaytayotganlarni kutib olishdayoq turli isrofgarchiliklar qilinayotgani, ko'chalarga uzundan-uzun poyondozlar yozilib, xonadonlardagi kutib olish marosimlari to'ylarga aylantirib yuborilayotganini ham ko'ryapmiz. Hatto bir yurtdoshimiz Umra ziyoratidan qaytgan otasini tuyaga mindirgancha xonadoniga olib kirganining ham guvohi bo'ldik. Hoji ota esa tuyaning ustida qo'llarini baland ko'targancha mahalladoshlari bilan salomlashardi.

Bu masalada bir qori akamizdan so'raganimda: “Qanchadan-qancha odamlar farzandiga to'y qilish, chaqalog'ini tug'ruqxonadan olib chiqish, qaysidir yaqinining tug'ilgan kunini nishonlash uchun ham haddan ziyod xarajatlar qiladi. Endi necha yillar orzu qilib, ota-onasini Haj yoki Umraga yuborgan odam nima uchun istaganidek marosim qilishi mumkin emas? Keyin isrofgarchilik va dabdababozlikni kamaytirish haqida qancha gapirilsa ham baribir hech kim bunga amal qilayotgani yo'q-ku! Nega endi hamma hojilarga yopishaveradi?”, deya sal ranjiganday bo'ldilar. Shu-shu bu mavzuda yozishdan tiyildim. Lekin… Bu masalada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning quyidagi so'zlarini ijtimoiy tarmoqlarda eshitib qoldim:

— Umraga borgan odam Alloh menga shunday ibodatni nasib qilibdi, endi uyga qaytsam, mahalladagi yetim-esir, beva-bechoralarning boshini silayman, degan niyatda qaytishi kerak. Ming afsuslar bo'lsinki, bu riyokorlik, dabdababozlarning hammasi dinimiz qaytargan amallardir. Yana achinarlisi, Hajdan qaytgach bu dabdabalarga ulanib ketadigan “Hojilar o'tirishi”ni tashkil qilishyapti. Birgina bunday “o'tirish”ni tashkil qilish uchun bir kambag'al farzandi to'yiga sarflaydigan pulni ishlatishmoqda. Siz kibrlanib, hammani ziyofatga chaqirib turgan paytingizda, boshqa bir faqir inson bolasini qanday uylash, qizini qanday uzatish haqida o'ylab turganini unutmaslik kerak. Hammada ham Sizda bor imkoniyat yo'qligini hisobga oling. Qolaversa, bor amalni xolis Alloh uchun qilganingizda, savobi ko'proq bo'lardi. Boshqalar ko'rishi, eshitishi uchun qilinadigan har qanday amal katta gunoh bo'lib, qilingan o'sha amalning savobini yuvib tashlaydi.

Bunday tadbirlarda sodir etiladigan katta gunohlardan yana biri — isrof. Alloh Taolo Qur'oni karimda “Englar, ichinglar, lekin isrof qilmang­lar. Alloh isrof qiluvchilarni sevmas” deb marhamat qilganlar. Shunday holatlar bo'lyaptiki, Haj va Umra ziyo­ratiga borgan odam qaytib kelganidan keyin borishga sarflagan pulidan o'n barobar ko'p pul sarflab, marosim o'tkazyapti. Bir inson oldimga kelib nima deydi deng: “Umraga borishga pulim bor, lekin qaytib kelganimdan keyin odam kutib olish uchun yig'in o'tkazishga qaerdan pul topaman? Shu sababli Umraga borolmayman”. Bu gapdan shunaqangi dilim og'ridiki, u kishini yupatishdan boshqa choram qolmadi: “Shariat buni talab qilmaydi. Qo'shningizning dabdabali marosimi sizni Umraga borishdek xayr­­li amaldan qaytarmasin…”

Yuqorida keltirilgan ikki munosabatdan ibrat bo'ladigan shunday bir xulosaga kelish mumkinki, yaxshiyam elimiz orasida qutlug' safardan keyingi dabdabali marosimlarga beriladiganlar ko'p emas. Ular shukur dargohiga maqtanish hissini yo'latmaydilar.

K.RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + eight =