Qasam
Qasam… nima o'zi u? Bu haqda go'yoki ko'p narsani biladigandaymiz. Aslida-chi, aslida ham shundaymikin? Yo'qsa, noo'rin ichilgan qasamning ziyonini bila turib, o'z boshiga alamli kulfatlar “sotib” olayotganlar hayotda bunchalik ko'paymagan bo'larmidi, nazdimizda.
Taassufki, ko'pchilik qasam ichishni oddiy narsa, deb biladi. So'zlashib turganda gapiga boshqalarni ishontirish maqsadida “non ursin”, “til tortmay o'lay”, “ko'zim chiqsin”, “Xudo ursin” singari iboralarni keltirishadi. Aslida esa boshqa iloji bo'lmaganda Olloh taolo nomidan boshqa narsalar bilan qasam ichish dinimizda gunohi kabiralar sirasiga kiradi.
Inson banda sifatida faqat Olloh nomi bilan qasam ichishi mumkin, xolos. Hatto payg'ambar sallolohu alayhi vassallam nomlari bilan farishtalar, Ka'ba, jon, bosh, farzandlar kabi narsalar bilan qasam ichish mutlaqo xatodir.
Qadimda ota-bobolarimiz yolg'on guvohlik bermanglar, bo'lar-bo'lmasga qasam ichmanglar, deb ko'p bora aytishgan. O'zimiz ham bu borada juda ko'p ibratli rivoyatlar, hikoyalar o'qiganmiz, eshitganmiz.
Hayotda nimalar bo'lmaydi, deysiz. Bir do'stim aytib bergan voqeani sizlarning hukmingizga havola etmoqchiman. Zora, ayrim insonlar bu hikoyani o'qigach, o'zlariga to'g'ri xulosa chiqarib olishar, degan umiddaman.
“Bizning qo'shni qishloqda chorvachilik fermasi bo'lib, juda ham dong'i ketgan edi. Sababi u ancha kattagina hududda joylashgan bo'lib, bu yerda besh-olti ming atrofida qoramol boqilar, yuzga yaqin inson esa shu joyda mehnat qilib oila boqishardi. Bu sohadan xabardor bo'lgan kishi boqilayotgan mollarning sonidan ham uning nechog'li katta ferma ekanligini bilishi mumkin edi.
Hayot odatdagidek davom etar edi. Shunday kunlarning birida sog'in sigirlardan biri zotdor “olatov” yozlik usti ochiq “zagan”dan kechasi yo'qolib qoladi. Ferma mudiri barcha ishchilarni to'plab, bo'lgan voqeani aytib beradi. Sodir bo'lgan o'g'irlikda kim aybdor?! Albatta, qorovul, cho'pon, “zootexnik” va shu kabi mas'ullardan yana ikkisi, umumiy besh kishiga ayb qo'yiladi. Ular “o'lamiz Sattor ko'rganimiz yo'q, bexabarmiz”, deyavergach, ferma mudiri noodatiy bir usulni qo'llaydi.
— Bo'lmasa qasam ichasizlar, ana shunda sizlarga ishonaman, deydi. Ular hadik aralash rozi bo'lishadi. Kimdir bolamdan ayrilay desa, kimdir boshqa farzand ko'rmayin deydi. Qaysi biri tildan qolay desa, qaysi biri juvonmarg o'lay deydi va hokazo.
Xullas qasamni boplab ichishadi. Barchasidan xabardor ferma mudiri: “Boringlar-ey, kap-katta erkaklar uyalmadinglar, bir bosh sigirga shuncha qasam ichdilaring. Sadqai odam ketinglar. Men buni “ispisat” ham qilib yuborishim mumkin edi, agar sizlar rostini aytganingizda”, — deydi xunobi oshib. Aslida esa aynan o'sha beshala shaxs o'zaro oldindan kelishib, zotdor sigirni kattagina pulga sotib yuborishgan ekan.
Bundan ferma mudirining xabari, yanayam to'g'rirog'i gumoni boru isboti yo'q ekan. Shu sabab ham ularni qasamga tayagan va voqeaga oydinlik kiritib, sigirni joyiga qo'ydirmoqchi bo'lgan.
Xullas, qasam ichganlarning uchalasi bizning qishloqda yashardi. Qolgan ikkisi esa boshqa joydan kelib ishlardi. Bu voqea ko'p o'tmay unut bo'lib ketdi, go'yo. Hamma yana o'z ishi va hayot tashvishlariga ko'milib ketadi.
Ammo oradan ko'p o'tmay eng olovi boshlanadi. Qasam ichgan ishchilarning biri yuragi siqib, shifoxonaga tushib qoladi. Bir emas, o'nta sigirning puli ketadi. Shifokorlar tekshirib ko'rishgach, uni uzoq xorij davlatlarining biriga jarrohlik yo'li bilan davolashga yuborishadi. U ma'lum bir muddat o'tgach, qishloqqa qaytadi. Biroq uning gaplariga endi hech kim tushunmas, gapirganda so'zlari g'uldirab chiqardi.
Shu voqeadan so'ng menda o'sha qasam ichganlar hayotiga nisbatan qiziqish kuchaydi. Ularning hayotini beixtiyor kuzata boshladim. Ey, tangrim! Kuzakka yaqin yana birining chopqillab o'ynab yurgan o'g'ilchasi nobud bo'lib qoldi. Bu o'sha farzandimdan ayrilay, deb qasam ichganning farzandi edi. Shu asnoda yana oradan ancha yillar o'tdi. Boshqa farzand ko'rmayin, degan hamqishlog'imizga esa darhaqiqat, boshqa farzand ko'rish nasib etmadi. Birgina qizchasi bor edi. Shu qizni voyaga yetkazib, turmushga uzatishdi. Shu bilan uylari huvullab qoldi…
Qasam ichganlarning qolgan ikkisi ham traktor bilan fermaga yemish olib kelishayotganda, katta kanalga traktor ag'darilib ketib, bevaqt vafot etishadi.
Mana hozirgi kunlarda ularning deyarli barchasi olamdan o'tib ketdi. Biroq ularning achchiq hayotlaridan kerakli va to'g'ri xulosalar chiqarish mumkin”.
Darhaqiqat, bunga o'xshash voqealar hammamizning ham yon-atrofimizda uchrashi bor gap. Yana bir voqeani shu o'rinda keltirib o'tishni joiz deb bildim. Qishlog'imizda bir cholu kampir yashashardi. Kampirning ko'zlari butunlay ko'rmas, choli uni doim qaerga borsa, yetaklab yurardi. Bir kuni otamdan bu kampir yoshligidan ko'r bo'lganmi, desam, yo'q keyinchalik ko'r bo'lib qolgan, dedilar. Voqea esa quyidagicha bo'lgan ekan:
Qishloqda yashaydigan bir yigit uylanadi. Ko'p o'tmay, yangi tushgan kelinchakning eri rashk qilib, janjal chiqaradi. Janjal shu darajaga yetib keladiki, haligi cholu kampir (u vaqtlar ancha yosh bo'lishgan) yolg'on guvohlik berib, bu yosh oilaning buzilib ketishiga sababchi bo'lishadi. Eri yolg'iz o'g'limdan ayrilay desa, ayoli ikki ko'zim ko'r bo'lsin, deya yolg'on guvohlik berishadi.
Oradan ko'p o'tmay haqiqatda ham yolg'iz o'g'ilni traktor bosib qoladi. U yigit ham yaqinda uylangan bo'lib, kasbi traktorchi bo'lgan. Traktorini ta'mirlayotganda traktor ag'anab ketib, tagida qolib, nobud bo'ladi.
Kampir esa yolg'iz o'g'lining dog'ida yig'layverib-yig'layverib, ikkala ko'zlari ham ko'rmay qolgan ekan.
Shu voqea, hodisalardan so'ng o'ylanib qolasan, kishi. Nega ayrim insonlar bu kabi holatlardan, ularning achinarli hayotidan tegishli xulosalar chiqarmaydi. O'rin-noo'rin qasamlar ichaverishadi. Nahotki insonlar o'z-o'ziga balo-yu kulfatni tillari bilan sotib olishayotganlarini bilishmasa?! Shu yolg'on guvohligu qasamlarning orqasidan o'zlari-ku mayli, qanchalab begunoh kimsalar aziyat chekishini o'ylab ham ko'rishmasa.
Islom dinida qasam ichish keskin qoralangan, xunuk hisoblangan odatdir. Yolg'on qasam katta gunoh sanaladi, iloji bo'lsa rost qasam ham ichishdan qaytarilgan, zero qasamning rosti ham kishining rizqini kamaytirar ekan.
Demak, o'zini mo'min-musulmon hisoblagan kishining turli narsalar nomi bilan qasam ichishi juda katta gunohdir va yuqorida aytilganidek, umuman qasamxo'rlikdan yiroq bo'lish haqiqiy insoniy fazilatlardan biridir.
Xalqimiz ko'p qo'llaydigan “kim qilmag'ay-kim topmag'ay”, degan purhikmat naqli bejizga aytilmagan. Har kim ekkanini o'radi, albatta. Shunday ekan, azizlar tilimizga, o'z hayotimizga bunchalar beparvo bo'lmaylik!
Bobomurod ADILOV,
faylasuf,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi