Fazilatda tengsiz oy

Yaratganga beadad shukurlar bo'lsinki, jisman va ruhan pok­lanish oyi bo'lgan mohi ramazon — oylarning sultoni ya'ni muborak ro'za oyi ham yakunlanishiga sanoqli kunlar qoldi.

O'tgan ulug'larimiz ushbu oyga intiq bo'lishar, hatto oylar davomida: “Yo Alloh, bizni Ramazonga yetkaz!”, deb iltijo qilishar edi. Ramazon kelib, uning har lahzasini ezgu amallar uchun zaxira qilishgach, yana bir necha oylar davomida: “Yo Alloh, Ramazondagi amallarimizni qabul et!”, deya duo qilishardi.

Xo'sh, bunday fazilatli onlarni olamlarga rahmat Payg'ambarimiz qanday o'tkazganlar?

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ramazonni katta xursandchilik bilan qarshi olar edilar. Tayyorgarlikni Sha'bon oyi ro'zasini tutishdan boshlar edilar. Muborak oy kelgach, sahobalarga uning fazilatlari haqida so'zlab berar, kecha va kunduzlarni g'animat bilishga undar edilar. Ro'zaga doir sha'riy hukmlarni bayon qilib borar edilar.

Saharlikda bir nechta xurmo yoki oz miqdorda taom va suv bilan cheklanar edilar. Shuning­dek, saharlik vaqtini bomdodga qadar kechiktirar edilar. U zot alayhissalom “Saharlik qiling­lar. Albatta, saharlikda baraka bordir” (Imom Buxoriy rivoyati), der edilar.

Saharlikdan so'ng ellik oyat tilovat qilgulik vaqt miqdorida namoz o'qir, azon aytilgach, bomdodning sunnatini uylarida o'qib, farzini masjidda ado etar edilar.

Masjidda quyosh chiqquniga qadar zikr qilar, quyosh ko'tarilib, taxminan yigirma daqiqa yoki undan ko'proq vaqt o'tgach, ikki rakat namoz o'qir, mana shu sunnatlarni amalga oshirgan kishiga haj va umra savobi berilishini aytar edilar.

Ramazon ro'zasi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilganlarining ikkinchi yilida Sha'bon oyidan ikki kecha o'tganidan so'ng dushanba kuni farz qilindi. Bu milodiy 623 yilning 7 fevraliga to'g'ri kelsa kerak, vallohu a'lam.

Sha'bon oyi tugashi bilan Payg'ambar alayhissalom bosh­liq musulmonlar ilk Ramazon ro'zasini tuta boshladilar. Bu kunlar juda issiq edi. Ramazon kalomining ma'nosi ham “juda issiq”, “kuydiradigan issiq” deganidir. Shoyad, Ramazonda ro'za tutganlarning gunohlari kuyib yo'q bo'lsa!

Muborak Ramazon oyining fazilatlari, ro'zaning naqadar savobli amal ekanligi xususida Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan “Islom Ota” masjidi imom xatibi Yo'ldoshali KARIMOV bilan suhbatlashdik.

 

— Assalomu alaykum. Avvalo Ramazon oyi barchamizga muborak bo'lsin deymiz. Domla, gunohlar kechirilib, kichik amallarimiz uchun ham katta savoblar beriladigan ulug' ro'za oyida Yaratgan tomonidan bandalariga ixlos bilan ro'za tutgani uchun qanday ajrlar berilishi, umuman mazkur oyning xosiyatlari haqida kengroq tushuncha bersangiz?

— Avvalo, shuni aytish joizki, har bir inson Ramazon ro'zasining farzligi haqida yetarli ma'lumot olmaguncha tutayotgan ro'zasining ahamiyatini to'liq anglab yetishi qiyin.

Bu ibodat Qur'oni Karim oyatlari, Payg'ambarimiz Rasululloh alayhi va sallamning hadislari va Islom ummatining taqvosi, Alloh rizoligi yo'lidagi umid va ishonch ila sobit bo'lgandir. Shu boisdan ham Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo'ygan. Mazkur fazilatlarni esa sanab adog'iga yetish mushkul.

Ro'za arab tilida “siyom” deb atalib, lug'atda bir narsadan o'zini tiymoqlikni bildiradi. Shariat istilohida esa “tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro'zani ochuvchi narsalardan o'zni tiymoqlikdir”. Ro'zani ochuvchi narsalar deganda yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq va ro'zani ochib yuboradigan boshqa narsalar tushuniladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy alayhissalom: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro'zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o'zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo'lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo'lsa, batahqiq, mahrum bo'libdi”, dedilar”.

Payg'ambarimiz s.a.v. shunday marhamat qildilar:

“Ro'za tutgan kishining uyqusi ibodat, sukut saqlashligi Allohga tasbeh, qilgan amalining savobi orttirib beriladi va gunohi kechirilgandir”.

“Agar mening ummatim Ramazon oyi ichidagi narsalarni bilganlarida edi, albatta, yilning hammasi Ramazon bo'lsaydi, deb orzu qilardilar”.

Ro'zadorning ro'zasini savobi mukammal bo'lishi uchun qaytarilgan ishlardan uzoq bo'lishi va buyurilgan amallarga yanayam shijoatli bo'lishi kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ro'za faqat yeyish va ichishdan tiyilish emas. Balki behuda, beadab so'zlardan tiyi­lishdir. Agar seni biror kishi so'ksa va senga johillik qilsa: “Men ro'zadorman, deb ayt”.

Itoatkor ro'zadorlarning iymoni komil, xulqi a'lo bo'lishi ularning qalblardagi niyatlari va tillari uyg'unligidan dalolat beradi. Ularning ulug' alomat va mukarram sifatlardan yana biri qalblarida nafrat, hasad va adovat yo'qligidir. Tillaridan esa g'iybat, chaqimchilik yoki yolg'on mutlaqo chiqmasligidir.

Ro'zangizning ahamiyatga molik jihati taom va ichimlikdan tiyilsangiz-da, qalbingiz esa Allohning bandalariga nisbatan nafrat, hasad va kek saqlashda iftor qilishi yoki tilingiz g'iybat, chaqimchilik, firib bilan muomala qilish, yolg'on, haqorat va so'kishlikda iftor qilishdan iborat bo'lmasin. Chunki kimning holi shunday bo'lsa, bas, u ro'zasidan faqat ochlik va chanqoqlik qolibdi xolos, Ro'zaning boshqa ajru mukofotlaridan mahrum bo'ladi.

— Ro'za oyida ko'proq qanday niyatlar qilgan ma'qul? Ko'proq o'qilishi kerak bo'lgan duolar hamda qo'shimcha amallar haqida ham aytib o'tsangiz?

— Eng avvalo, og'iz ochish vaqtida ko'proq duo bilan mashg'ul bo'lish tavsiya qilinadi.

Iftorlik paytida qilingan duolarning ijobati yanada saodatlidir. Shunga ko'ra, Nabiy alayhissalom iftor paytida duo qilganlar. Ayniqsa, ahli ayollarimizni iftorlik vaqti yaqinlashishi bilan dasturxon atrofiga jam qilib qalbdan Allohga niyat qilib, dunyo va oxirat uchun manfaatli bo'ladigan narsalarini so'rashni o'rganish lozim.

Ko'proq quron o'qish, agar o'qiy olmasa eshitishlik Rasulullohning Ramazondan eng ko'p mashg'ul bo'lgan amallaridan.

Ulfatlar bilan gaplashish, telefonlarni kavlash, internetdan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab o'tirish, turli suhbatlar bilan vaqt o'tkazish, ko'chalarni kezish, istirohat bog'lariga borish, ko'ngilochar maskanlarga tashrif buyurish va bosh­­qa shu kabilarni kamaytirib, Muborak hadisi sharifda bunday deyi­ladi: “Ro'za to'siqdir. Qachonki sizlardan birortangiz ro'zador bo'lsa, yolg'on so'z gapirmasin, haqorat so'zlarni aytmasin”.

Yana farzandlarga Ramazonning ulug'ligini anglatish ham ulug' savoblardandir.

Qolaversa, farzandlarimizga go'zal tarbiya berish dinimiz talabidir. Ana shu tarbiyaning bir qismi ularda dinimiz shiorlariga nisbatan hurmat, uni e'zozlash ruhiyatini shakllantirishdir. Bu oyning ibodatlariga ko'p savob berilishi, muruvvat oyi, sabr oyi ekanini, Qur'on shu oyda nozil etilganini ularga tushuntirib borishimiz albatta joiz.

— Muhtaram domla, ma'lumki, inson xato qiladi, nuqsonga yo'l qo'yadi. Ushbu muborak kunlarda odamlarning bir-birlariga yanada kechirimli bo'lishi, turli kelishmovchilik va ziddiyatlardan, arazlardan ham xalos bo'lishi uchun nima qilmoq kerak?

— Albatta, odamlar orasida turli sabablar tufayli ayrim kelishmovchiliklar, ziddiyatlar bo'lib turadi. Biroq shu paytgacha o'zaro urushib, janjallashib yaxshilikka erishmagan. Aksincha, murosasizlik, o'zbilarmonlik, dimog'dorlik birodarlar orasida araz-gina paydo bo'lishiga sabab bo'ladi. Oqibatda kishi gunohkor bo'lishi ham mumkin.

Abu Hurayra roziyaallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Mo'min mo'mindan uch kundan ortiq arazlashi halol emas. Agar u uch kunni o'tkazgan bo'lsa, o'sha bilan uchrashib, salom bersin. Agar uning salomiga alik qaytarsa, ikkalasi ajrga sherik bo'ladi. Agar salomga aliy qaytarmasa, u gunohni o'ziga olgan bo'ladi”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Afsuski, ayrim kishilar, ayniqsa, meros masalasida bir oilaning farzandlari bo'la turib bir-birlari bilan nizolashib, yillab arazlashib yurganlar ham uchrab turadi. Demak, araz-gina, adovat juda yomon illatlardan ekan, musulmonlikka da'vogar odam o'zini tez idora qiladi va o'tmishdan bilib-bilmay qilib yurgan gunohlarini yuvish uchun ham birodarini kechirishi asnosida adovat, gina-kuduratdan voz kechadi.

Mo'min-musulmonlar Nabiy sollallohu alayhi va sallam ta'kidlaganlaridek, aka-uka bo'lishlari kerak. Oralaridan gap-so'z o'tgan, achchig'i chiqqan, bir-biriga og'ir botadigan gap aytgan, ish qilgan bo'lsa, ularni ko'ngildan chiqarib tashlash uchun shariatda uch kun muhlat berilgan. Musulmon odam uch kun ichida hovuridan tushsin, o'z-o'ziga nasihat qilsin va uch kundan oshirmasdan yarashib olsin, bunday arazlashib yurishni o'zlariga ep ko'rmasin.

Arazlashib qolganlarni yarashishga targ'ib qilish lozim. Aytaylik, ikki kishi urushib qolgan bo'lsa, yo'lda uchrashib qolganda teskari qarab, yuz o'girib o'tib ketsa, oradagi nifoq ikki baravar ko'payadi. Demak, gina gunohga aylanadi. Shuning uchun arazlashib qolgan ikki kishi uchrashib qolsa, shu yerda bir tomon savob umidida yaxshilikni bo'yniga olib, salom berishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Birinchi bo'lib salom bergani — yaxshisi”, deganlar.

Muhammadsodiq TO'RAYEV

yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + two =