Ramazon — rahmat va mag'firat oyi

Nuriddin domla Xoliqnazarov,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.

 

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Alloh taboraka va taologa beadad hamdu sanolar, Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga behisob salavotu salomlar bo'lsin!

Butun dunyo mo'min-musulmonlari intiqib kutadigan Ramazoni sharif oyi kirib keldi. Shu munosabat bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi va o'z nomimdan, Siz, azizlarni fazilatli Ramazon oyi bilan chin qalbdan, samimiy muborakbod etamiz.

Ramazon oyi rahmat oyi, Ramazon oyi mag'firat oyi, Ramazon oyi gunohlardan yuvilib, do'zaxdan panoh bo'ladigan oy. Haq taolo barchamizni mana shunday muborak oyga nasib etib turibdi. Rasulimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilarki:

“Ramazon oyi kirganda jannat eshiklari ochiladi, jahannamga qulf solinadi va shaytonlar kishanlanadi.” (Imom Buxoriy).

Shu bois, har yili yurtdosh­larimiz ushbu oyni ko'tarinki kayfiyat, o'zgacha shukuh, alohida tayyorgarlik va katta xursandchilik ila kutib oladilar.

Allohga shukrki, masjidlarda mo'min-musulmonlar bilan taroveh namozlarini ado etamiz, xatmi Qur'onlarni o'qiymiz, yurtimizga qut-baraka yog'ilishini Haq taolodan so'raymiz. Bu yil yurtimizdagi 1520 dan ortiq masjidda xatmi Qur'onlar qilinadi, insha Alloh.

Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o'tkazish to'g'risida”gi qarorlari e'lon qilindi.

Unda Ramazon oyini xalqimizga xos bo'lgan mehr-oqibat va shukronalik tuyg'ularini yuksaltirish, ehtiyojmand kishilarni qo'llab-quvvatlash ishlariga alohida urg'u qaratilgani barcha mo'min-musulmonlarni mamnun etdi.

Allohga shukrki, so'nggi yillarda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma'rifiy sohadagi keng ko'lamli islohotlar, yangidan ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta chiroy ochayotgan qadamjolar mo'min-musulmonlarni cheksiz mamnun etmoqda.

Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, keyingi yillarda respublika bo'ylab masjidlar soni 2100 tadan oshdi. So'nggi 5 yilning o'zida 70 taga yaqin yangi masjid ochildi, 200 dan ziyodi qayta bunyod etildi. Bunday ishlar jadal davom etmoqda.

Oxirgi 5 yilda 3 ta diniy ta'lim muassasasi – Buxoroda Mir Arab Oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi ta'sis etildi, qabul kvotalari bir necha baravar oshirildi. Shuningdek, umra ziyoratlari bo'yicha ham katta natijalarga erishildi.

Islom dini ta'limotlarini ilmiy o'rganish va keng tarannum etish borasida muhtaram Prezidentimizning yuksak e'tibori va tashabbuslari ila poytaxtimizda Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda.

Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda.

Turli hududlarda Hadis, Kalom, Aqida, Tasavvuf, Fiqh ilmiy maktablari ish olib bormoqda.

Ta'kidlash joizki, amalga oshirilayotgan barcha islohotlardan ko'zlangan maqsad – ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini ta'minlash, tinchlik-­osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalashdir. Muxtasar qilib aytganda, barcha soha va yo'nalishlaridagi ishlar “Inson qadri uchun” g'oyasini hayotga tatbiq etishni ko'zda tutadi.

Mana shunday ulug'vor maqsadlar yo'lida barchamiz bir tanu bir jon bo'lib, davlatimiz rahbari atroflarida birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz kerak.

Ramazon xayr-saxovat oyidir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo'lib ketardilar.

Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda har galgidan saxovatliroq bo'lishga odatlanganlar. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo'lib, mo'minlar qalbiga xursandlik va shodlik kirsin uchun odamlar alohida Ramazonga xos xayru ehsonlari bilan bir qatorda zakotlarini ham shu oyda chiqaradilar.

Ramazon rahmat oyidir. Ramazonda Alloh taoloning rahmati jo'sh uradi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda: “Ramazon bo'lganda rahmat eshiklari ochiladi”, deyilgan. Ramazonning avvalgi o'n kunligi nafaqat oyning, balki yilning “rahmat kunlari” hisoblanadi.

Ramazon mag'firat oyi. Uning o'rtadagi o'n kuni nafaqat oyning, balki yilning “mag'firat kunlari” hisoblanadi. Abu Fazl Ramazon fazilati haqida Salmon roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “U avvali rahmat, o'rtasi mag'firat va oxiri do'zaxdan ozod bo'lish fursati bo'lgan oydir”, deganlar.

Ramazonning oxirgi kechasi mag'firat kechasidir. Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro'zadorlarning gunohlari kechiriladi”, dedilar. Ular: “Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?”, deb so'rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo'q, lekin ishchi ishini ado etganidan so'ng ajri – haqi to'la qilib beriladi”, dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan.

Ramazon istig'for oyidir. Ya'ni bu oyda farishtalar ro'zadorlar uchun Allohdan mag'firat talab qilishadi. Imom Ahmad va Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ummatimga Ramazonda besh xislat berildi, ular oldingi biror ummatga berilmagan: ro'zador og'zining hidi Allohning nazdida mushkdan xushbo'ydir; ularga farishtalar mag'firat talab qilishadi; Alloh har kuni jannatni bezab, “Solih bandalarim ustilaridan mehnat va aziyatlar uloqtirilib, sening oldingga kelishlariga oz qoldi”, deydi; unda bebosh shaytonlar kishanlanadi, natijada ular undan boshqa paytlarda erishadigan narsalariga erisha olmay qolishadi; oxirgi kechada ro'zadorlar mag'firat qilinadi”, dedilar”.

Ramazon oyida saharlik qilishning alohida fazilati bor.

Saharlik – barakadir. Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar” (Imom Nasoiy rivoyati).

Abu Sa'id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo'lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)

Iftorlik fazilati.

Iftorlik bir qaraganda kechki taomlanish. Ammo shu oddiy taomlanish ro'zador shaxs uchun buyuk fazilatlar, xursandchilik va xayru baraka omiliga aylantirilgan. Hatto barcha payg'ambarlar iftorlik qilishga buyurilganlar. Imom Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Biz – payg'ambarlar jamoasi iftorni erta qilishga va saharlikni kechga surishga buyurilganmiz”, deganlar.

Iftorlik berish fazilati. Bu ham Ramazonga xos amallardan sanaladi. Ibn Moja Zayd bin Xolid roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir ro'zadorga iftorlik bersa, unga o'sha ro'zadorlarning ajricha ajr bo'ladi, ularning ajrlaridan biror narsa kamaymaydi”, dedilar.

Fursatdan foydalanib, shuni ham aytib o'tish joizki, Ramazon oyidan unumli foydalanish uchun alohida tayyorgarlik ko'rish kerak, bir qancha odoblarga rioya etish lozim. Jumladan:

Ramazon bilan tabriklash, unga yetishgani uchun shukr qilish, xursandchilik izhor etish;

Ramazon kirganini xonadon ahliga, xususan yosh go'daklarga bildirish, sezdirish. Bu ularga maxsus Ramazon tuhfalari ulashish, saharlik-iftorliklarga alohida e'tibor berish, oilaning nafaqasini odatdagidan keng qilish kabi ishlar bilan ro'yobga chiqadi.

Ramazon insonlarni o'zaro mehr-oqibatli bo'lishga, keksalar va bemorlar, yaqinlar holidan xabar olishga, muhtojlarga xayr-saxovat qilishga chaqiradi. Shu orqali shaxsda mehribonlik, xokisorlik, bag'rikenglik fazilatlarini tarbiyalaydi. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi: “…Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (“Saba” surasi, 39-oyat). Binobarin, karamli inson hech qachon ziyon ko'rmaydi, mol xayr-ehson qilish bilan kamaymaydi, balki, savob ko'payadi, ramazon barakotidan islomiy shaxsiyat to'kis bo'ladi.

Alloh taolo Ramazon oyini barchalaringizga muborak aylab, bu oydan onadan yangi tug'ilgandek gunohlardan forig' bo'lib chiqish­larimizni nasib aylasin. Parvardigori olam bu yilgi Ramazonda ko'plab xayr-barakalarini yog'dirsin! Bu muborak oyning sharofatidan yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, xalqimizga farovonlik, dasturxonimizga to'kin-sochinlik ato aylasin! Bandalarning gunohlarini kechirib, yaxshilikda peshqadamlar safida qilsin!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + eight =