Ramazon — gunohlarni kuydirguvchi oy
Yaratganga shukrki, ming oydan afzal bo'lgan Ramazoni sharif oyi muborak kunlarni o'tkazmoqdamiz. Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari, “Katta Qozirabot” jome masjidi imomi Abduqahhor qori YuNUSOV bilan ushbu saodatli oy fazilatlari haqida suhbatlashdik.
— Assalomu alaykum, qori aka. Avvalo, oylar sultoni – Ramazoni sharif bilan samimiy muborakbod etamiz. O'quvchiga, tabiiyki, oyning nomi qiziq. “Ramazon” so'zining ma'nosini bilib olgan mushtariylar mavzuni aniqroq tushunishadi. Shuningdek, ro'zaning aynan Ramazon oyida bajarilishida ham hikmat bo'lsa kerak, albatta. Shu haqda to'xtalsangiz.
— Vaalaykum assalom va rahmatulloh.
Ramazon so'zini arablar qadimdan kelayotgan lug'atlaridan olganlar. Hijriy taqvimning to'qqizinchi oyi bo'lmish Ramazon ilk bor shiddatli jazirama issiq kunlariga to'g'ri kelgani uchun “Ramazon” deb atalgan. Bu nom “ramz” so'zidan olingan bo'lib, “qizimoq”, “qizib cho'g' bo'lmoq”, “kuydirmoq” ma'nolarini anglatadi. Jazirama issiqda qolgan qo'ylar kuyib, qorayib, o'lib qolar ekan.
Shuning uchun mazkur oyda ro'za tutgan odamning gunohlari kuyib, yo'q bo'ladi, aybu nuqsonlari Ramazonning savoblari jilolanib turgan muborak quyoshida o'lib ketadi, degan tushuncha, ya'ni ramziy ma'noga egadir.
Ramazon ro'zasi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilganlarining ikkinchi yilida Sha'bon oyidan ikki kecha o'tganidan so'ng dushanba kuni farz qilindi. Bu milodiy 623 yilning 7 fevraliga to'g'ri keladi.
Sha'bon oyi tugashi bilan Payg'ambar alayhissalom boshliq musulmonlar ilk Ramazon ro'zasini tuta boshladilar. Bu kunlar juda issiq edi. Nabiy alayhissalom to'qqiz yil Ramazon ro'zasini tutganlar.
Boshqa oylarda emas, aynan Ramazonda ro'zaning tutilishida hikmat ko'p. Chunki Alloh taolo ro'za tutish uchun ushbu oyni tanlagan. Bu oyda Qur'on nozil bo'lgan. Oyati karimada: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo'lsangiz. Sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo'lsa, sanog'i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo'lganidan ortiq fidya bersa), o'ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro'za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir. Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o'z yashash joyida) hozir bo'lsa, ro'zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo'lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog'i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og'irlikni xohlamaydi. Bu — hisobni to'ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir” (Baqara surasi, 183-185-oyatlar).
Oyatdan ma'lum bo'ladiki, ro'za tutish ibodati Odam alayhissalomdan boshlab to Muhammad alayhissalom davrigacha o'tgan barcha payg'ambar va ummatlarga farz qilingan. Lekin ro'za tutishning shart va qoidalari turlicha bo'lgan. Ayrim ummatlar Ramazon oyi yozning issiq kunlariga to'g'ri kelib qolganida Allohdan yoki Uning payg'ambaridan beijozat shakkoklik ila uni boshqa oylarga ko'chirib, bu qilmishlarining jarimasi uchun, o'zlaricha, yana o'n kun qo'shimcha ro'za tutishgan.
Demak, ro'za Odam alayhissalomdan beri bajarib kelinayotgan ibodatdir.
— Ro'zadorning odoblari haqida aytsangiz. Ko'pchilik ro'zani sahardan shomga qadar yeb-ichishdan tiyilish, ijmo qilish, shahvatdan tiyilishgina deb tushunishadi. Ammo ro'za bu qadar jo'n amal emas-ku, to'g'rimi?
— Halim bo'lishlik, o'zgalar bilan urishib tortishmaslik, jahli chiqqan vaqtda ham o'zini qo'lga ola bilish ro'zadorning odoblaridan hisoblanadi. Bu haqida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar: “Ro'za qalqondir. Qachon birortangiz ro'zador bo'lsa, yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “Men ro'zadorman, men ro'zadorman”, desin”, dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug'atda “to'suvchi”, “himoya qiluvchi” kabi ma'nolarni anglatadi. Shunga ko'ra ulamolar ushbu kalimadan qanday ma'no ko'zlangani haqida quyidagilarni aytganlar:
Ro'za, gunoh ma'siyatlardan himoya qiluvchidir. Chunki u tufayli ro'zador tanasidagi shayton yuradigan yo'llar bo'lgan taom va qon yo'llari torayadi. Ana shu e'tibordan ro'za uni gunohlardan himoya qiluvchi bo'ladi;
Ro'za, do'zaxdan to'suvchidir. Chunki iymon va savob umidida tutilgan ro'za ro'zadorning oldingi gunohlari mag'firat qilinishiga sabab bo'ladi. Ana shu e'tibordan u do'zaxdan to'suvchi bo'ladi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam so'zlarining davomida ro'zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya tayinlaganlar. Ya'ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la'nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ro'zadorning yana bir sifatini ta'kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Shunga ko'ra ro'zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “Men ro'zadorman, men ro'zadorman”, deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o'zini tiyishi lozim. Ana shunda u ro'zaning hurmatini saqlagan hamda mazkur hurmat sababli o'ziga johillik qilayotgan beodob kimsani ham odobga chaqirgan bo'ladi.
Yana ulamolar shunday deganlar: “Inson bir narsadan uzluksiz bir oy o'zini saqlasa, o'sha narsa uning odatiga aylanib, mazkur muddatdan keyin ham doimo undan saqlanadigan bo'lib qoladi”.
— Ro'zaning shartlari haqida batafsilroq aytsangiz.
— Ro'za mukammal bo'lishi uchun bir qancha shartlar mavjud. Birinchi shart — lozim bo'lish shartlari. Bu shartlar to'rtta: 1) Islom. Musulmon bo'lmagan odamga ro'za farz bo'lmaydi. Unday odam ro'za tutsa ham, ro'zasi ibodat o'rniga o'tmaydi. Kofir odam Ramazonda Islomga kirsa, o'sha kirgan kunidan boshlab ro'za tutadi. 2) Aql. Aqli yo'q odamga ro'za farz bo'lmaydi, chunki u mukallaf emas. 3) Balog'atga yetganlik. Balog'atga yetmagan bolalarga ro'za farz bo'lmaydi. Ramazon oyida balog'atga yetganlar o'sha kundan boshlab ro'za tutishni boshlaydilar. 4) Ro'zaning farzligini bilish.
Ikkinchi shart — ro'zani ado etish uchun zarur shartlar. Bular ikkita: 1) Bemorlikdan xoli bo'lish. Hayz yoki nifos ko'rgan ayolga hamda bemor shaxsga ro'za tutish vojib emas. Poklanganda va tuzalganda qazosini tutib beradilar. 2) Muqim bo'lmoq. Musofirga ham ro'za tutish farz bo'lmaydi. Safardan qaytganda qazosini tutib beradi.
Uchinchi sharti — ro'zaning to'g'ri bo'lishi shartlari. Bular uchta: 1) Niyat. Niyatsiz ro'za to'g'ri bo'lmaydi. 2) Nifos va hayzdan xoli bo'lish. Nifos va hayzli bo'la turib, tutilgan ro'za ham ro'za bo'lmaydi. 3) Ro'zani buzadigan narsalardan xoli bo'lish. Ro'za tutib turganda uni buzadigan narsa oriz bo'lsa, ro'za qolmaydi. O'rniga qazosini tutib berish lozim bo'ladi.
— Ro'za ahamiyatiga ko'ra, namozdan keyingi muhim amal hisoblanadi. Ramazon oyida imkoni bo'la turib ro'za tutmaslikning oqibati qanday? Shu o'rinda kafforat haqida ham ma'lumot berib ketsangiz.
— Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kim ruxsatsiz va kasal bo'lmay turib, ramazonda biron kun ro'za tutmasa, garchi bir umr ro'za tutsa ham, o'sha bir kunning qazosini o'tay olmaydi” (Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Uxlab yotgan edim. Yonimga ikki kishi kelib bilaklarimdan tutdi-da, meni chiqish qiyin bo'lgan tog' oldiga olib borishib, unga chiqing, deyishdi. “Toqatim yetmaydi”, degan edim. “Sizga chiqishni oson qilib qo'yamiz”, deyishdi. Men ko'tarilib tog'ning tekis joyiga (ustiga) yetganimda kuchli shovqin eshitildi. “Bu qanaqa shovqin?” deb so'ragan edim, ular: “Bu do'zaxiylarning faryodi”, dedi. So'ng meni u yerdan olib ketishdi. Bir joyda oyoqlaridan osib qo'yilgan, lunjlari yirtilib, qon oqib turgan qavmga duch keldim. “Kim ular?” — deb so'ragan edim, “Ular ro'zalari nihoyasiga yetmay turib iftor qiladigan kimsalardir”, deyildi (Ibn Huzayma, Ibn Hibbon rivoyati).
Naxa'iy ramazonning ro'za tutilmagan har bir kuni uchun uch ming kun ro'za tutib berishni vojib deb bilganlar.
Said ibn Musayyab: “Har bir kun o'rniga o'ttiz kun ro'za tutib berish vojib”, degan bo'lsalar, Imom Molikning ustozi Robiy'a roziyallohu anhu: “Har bir kun evaziga, o'n ikki kun ro'za tutiladi”, deganlar.
— Iftorlik qanday bo'lishi kerak. Bugungi kunda iftorliklardagi dabdababozliklar qanchalik to'g'ri?
— Iftorlik dabdabadan xoli, Alloh uchun bo'lishi kerak.
— Ro'za tutishi shart bo'lmagan kishilar yoki holatlar haqida aytsangiz. Ular buning o'rniga nima qilishadi?
— Ro'za tutmaslikni yoki tutgan bo'lsa ham, ochishni muboh qiluvchi bir qancha holatlar mavjud. Halok bo'lishi, biror a'zosiga talafot yetishi, yangi kasallik paydo bo'lishi, mavjud bemorligi ziyodalashishi xavfi bo'lgan kishilar ro'za tutmaydilar; Musofir kishi ro'za tutish-tutmaslikda ixtiyorlidir. Imkoni bo'lsa, tutgani afzaldir. Ro'za tutmasligi mumkinligiga shariat tomonidan ruxsat berilgan. Ro'za tutganidan so'ng safarga chiqsa, ro'zasini ochishga ruxsat berilmaydi. Ochib yuborsa, qazo lozim bo'lib, kafforat vojib bo'lmaydi. Ro'za tutganidan so'ng safarni niyat qilsa-yu, o'z shahridan chiqib ketishidan avval yeb-ichib yuborsa, kafforat lozim bo'ladi; Homilador yoki emizikli ayol o'zining yo bolasining joniga nuqson, halokat yetish xavfi bo'lsa, ro'za tutmaslikka, tutgan bo'lsa, ochib yuborishga ruxsat beriladi. Ularga kafforot vojib bo'lmaydi; Ochlik yoki chanqoqlik halokat yoki bemorlikka olib borsa, ro'zani ochishlik uzr sanaladi; Erkagu ayol yoshi keksayib, ro'za tutishga qudrati yetmasa, bu holat umrining oxirigacha davom etsa, ro'za tutmasdan badaliga fidya to'lashlari lozim bo'ladi. Shuningdek, surunkali kasallikka duchor bo'lganlar ham ro'za tutmasligi mumkin. Ularga har kunlik ro'zasi evaziga fidya to'lashi vojib bo'ladi. Ayrim kishilar yozning uzun kunlarida tutolmay, qishning qisqa kunlarida tutishga qudratlari yetsa, ro'za tutishlari farz bo'lib, fidya kifoya qilmaydi; Safarbarlik ham ro'za tutmaslikka sabab bo'ladi.
— Ro'zaning ma'naviy va jismoniy foydalari (tibbiyot tomonidan isbotlangan foydalari haqida) ham bilib olsak.
— Ro'zaning juda ko'p va turli-tuman foydalari bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni ana shu foydalarga targ'ib qilganlar. Ulardan ba'zilarini aytib o'tsak. Birinchidan, ro'za inson tanasini turli kasalliklardan asraydi. Chunki tanadagi ko'p kasalliklar asosan me'da va ichaklarda to'planib qolgan chiqindilardan hamda ortiqcha semirib ketishdan bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G'azot qilinglar, o'lja olursiz. Ro'za tutinglar, sog'lom bo'lursiz. Safar qilinglar, boy bo'lursiz”, deganlar (Tabaroniy rivoyat qilgan). Ikkinchidan, ro'za zehnning salomatligi, fikrning to'g'ri bo'lishi, hofiza quvvatining faollashuvida foydali, unutuvchanlikni kamaytiradi. Ko'p yeyish miyada namlik va botni ko'paytiradi va bu xotira quvvatiga og'ir keladi. Uchinchidan, ro'zador kishining tana a'zolari harakati toat-ibodatlar uchun yengil bo'ladi. Haddan tashqari to'yib ovqatlanish tanani bo'shashtiradi, ibodat qilishga og'irlashtirib qo'yadi. To'rtinchidan, ro'za tufayli shaytonning malaylari mag'lub bo'ladi, Rahmonning lashkariga nusrat ato etilib, g'olib bo'ladi. Ro'zada nafsni tiyish a'zolarning bemalol bo'lishidan, shahvatlarga mukkasidan ketishidan saqlanishdir. Ozuqaning ko'payib ketishi nafsni yomon shahvatlarga undaydi. Beshinchidan, ro'za tufayli duolar qabul va ijobat bo'ladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishi borki, ularning duosini rad qilmaslik Allohning zimmasidagi haqdir: og'zini ochguncha ro'zadorning, nusrat topguncha mazlumning va qaytgunicha musofirning”, deganlar.
Shahzod ShODMONOV
suhbatlashdi.