Jamoat transportida…
Poytaxtimizda kun sayin ro'y berayotgan o'zgarishlar har qanday insonning e'tiborini tortishi aniq. Ayniqsa, avtobus va metrolardagi qulayliklar bunga yaqqol misol bo'la oladi. Hozirgi kunda mazkur transport vositalarining zamonaviy turlari aholiga xizmat ko'rsatmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga binoan sohada ko'plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Eng asosiy omillardan biri sifatida to'lov tizimini misol qilib keltirish mumkin. Endilikda oldingidek chipta olish uchun navbatda turilmaydi. Onlayn transport kartasini tutasiz yoki elektron qog'oz chipta sotib olsangiz kifoya — barcha muammo hal bo'ladi.
Shu o'rinda o'zim guvohi bo'lgan ayrim holatlar yuzasidan mulohazalarimni o'rtaga tashlamoqchiman.
Men har kuni metroning “Sergeli” va “Paxtakor” bekatlari yo'nalishida ishga qatnayman. Unda juda yaxshi qulayliklar yaratilgan. Ushbu yer usti metrosi 2025 yilda to'liq quvvat bilan ishga tushirilgani Sergeli tumani va unga tutash hududlar aholisi uchun katta sovg'a bo'ldi. Avvallari tumandan shaharga borish uchun qimmatli vaqtingizning ko'p qismi 38- va 58-raqamli avtobuslarni kutish bilan o'tardi. Hozir esa bunga hojat yo'q. Chunki mazkur yo'nalishlarda yangi va zamonaviy avtobuslar aholiga muntazam xizmat ko'rsatib kelmoqda.
Biroq men siz bilan faqat transport vositalari haqida emas, balki ularda kunda-kunora duch kelinadigan ayrim ijtimoiy holatlar haqida fikr almashmoqchiman.
Shaxsiy kuzatuvlarimdan bir misol: har kuni soat 07:40 atrofida “Ishqilib, metro bo'shroq kelsin-da” degan xayol bilan bekatga chiqaman. Afsuski, ko'ngildagi istak kamdan-kam amalga oshadi — bekat doim gavjum. Vagon eshiklari ochilganda, yo'lovchilar go'yo to'kilib ketgudek darajada zich holatda keladi. Kechki payt soat 18:30-19:00 oralig'ida metroga bir chiqib ko'ring-a, tumonat odamga duch kelasiz. Sababi ko'chalardagi tirbandliklar tufayli yengil avtomobil haydovchilarining ham katta qismi metrodan foydalanishga o'tgan.
Buni ko'rib, bekatdagi yo'lovchilar kabi meniyam xunobim oshadi. Chunki manzilga bemalol yetib olishga nima yetsin! Ko'pchilik uchun bunday tig'iz paytda metroga chiqib olish xuddi lotereyada yutuq chiqqan bilan barobar. Ishdan charchab qaytayotgan har bir inson oilasi bag'riga tezroq borishni istaydi-da.
Metro va avtobusda yursangiz, “Ichkariga suriling”, “Eshikning oldida turib olasizmi?” kabi dakkilarni eshitaverib qulog'ingiz o'rganib ketar ekan. Mas'ul xodimlarga yoki atrofdagilarga “Ichkari shundoq ham zich bo'lsa, qaerga surilamiz?” degan savolni bergingiz keladi-yu, baribir tayinli javob bo'lmasligini bilib, indamay qo'ya qolasiz.
“Toshkent metropoliteni” DUKning o'tgan yilgi axborotiga ko'ra, 2026 yilda 56 dona yangi vagon xarid qilish rejalashtirilgan. Buning natijasida harakat tarkiblari yangilanadi hamda poezdlar oraliq intervali qisqaradi. Bu aholi uchun katta imkoniyatdir.
O'tgan yil davomida metro orqali 286,8 million nafar yo'lovchi tashilgan bo'lib, bu avvalgi ko'rsatkichlarga qaraganda ancha yuqori demakdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Transport vazirligi hamda “Toshkent metropoliteni” DUK mutasaddilariga quyidagi takliflarni bildirmoqchiman:
– jamoat transporti qatnovidagi oraliq interval vaqtini yanada qisqartirish;
– transport xodimlarini ishga qabul qilishda ularning odob-axloqi va muomala madaniyatini alohida imtihondan o'tkazish;
– metroning eski ko'rinishdagi vagonlarini to'liq yangilariga almashtirish;
– metro eskalatorlarining ishlash tizimini qayta ko'rib chiqish. Xususan, aholi ishga boradigan va qaytadigan tig'iz vaqtlarda ikkala eskalatorni ham bir yo'nalishda (oqim ko'p tomonga) ishlatish maqsadga muvofiq.
Hozirda ko'p bekatlarda bittasi chiqish, ikkinchisi tushish uchun ishlatiladi. Nazarimda, bu noto'g'ri, chunki odam oqimi ko'payganda uzun navbatlar yuzaga kelmoqda.
Jamoat transportidagi qulayliklar faqat aholimizning og'irini yengil qilishga xizmat qilishi kerak.
Muhammadsodiq TO'RAYEV.
