OTA VA BOLA

Yaxshi bilasiz, Bo'stonliq Toshkent viloyatidagi eng so'lim go'shalardan biri. Oqtosh sihatgohida dam olayotgan bir guruh kishilar rahbariyat tashab­busi bilan Nanay qish­log'ida joylashgan sharsharaga sayohatga chiqadigan bo'ldik. Sayohatchilarga sihatgohdan mikroavtobus ajratildi. Avtobus oynasidan atrofdagi go'zallikdan dam hayratga tushib, dam lol bo'lib bir-birimizga hayajonimizni so'zlaymiz.

Ko'kka mag'rur bo'y cho'zgan sarvqomat teraklar, archazoru bodomzorlar, sharqirab oqayotgan Ugom daryosi, osmon bilan rang talashayotgan suv ombori, musaffo osmon, baland qoyalar tepasida charx urayotgan burgut… Eh-he, bu manzaralarni ta'riflashga til qosir, qalam ojiz.

Keksa-yu yosh, yigitu qiz musavvir tabiatning mahoratiga mahliyo, fusunkorlikni qalbiga joylash uchun undan ko'z uzmay ketyapti. Biroq… ha, biroq avtobusning orqa o'rindig'ida qo'lidagi telefonga tikilib ketayotgan 7-8 yoshli bolakaygina bu hayajonu holatlardan oliiis-olislarda ketardi. U na atrofdagi qiy chuv­ni, na mashina oynasidan qo'l silkib qolayotgan mo''jizani payqardi. Avtobus past-baland tog' yo'llaridan sakrab-sakrab borayotgani ham uni tashvishga  solmasdi.

— O'g'lim, — dedim bolaning dadasiga yuzlanib. — Yo'l juda notekis, bunaqada o'g'lingiz ko'zini charchatib qo'yadi. Telefonni olib qo'ying. Ko'rishi yomonlashadi. O'sayotgan bola bo'lsa…

Ota  xijolat bo'lib o'g'lining  qulog'iga pichirladi.

— Yo'q, yo'q, – dedi bolakay ruschalab, – o'z holimga qo'ying, hali o'yinim oxiriga yetmadi. Jim o'tiring. Sal qoldi sizni deb yutqazib qo'yishimga.

Ota unga bir zum qarab turdi-yu, o'zing bilasan, deganday yelkasini qisib yuzini deraza tomonga burdi.

— O'g'lingiz ruscha maktabga boradimi?, – dedim bolaning harakatlaridan norozi bo'lib.

— Ha, kichkinaligidan tili ruscha chiqdi. Shu telefon, kompyuterning ta'siri bo'lsa kerak. Noiloj, ruscha maktabga berdik, – dedi ota xijolat bo'lib. — Juda qaysar, jahli burnining uchida turadi. O'z bilganidan qolmaydi. Aytganini qildiradi. Uyqudan uyg'oniboq telefon so'raydi. Boshqa bolalarga o'xshab bas­seynda cho'milishga ham, tennis o'ynashga ham chiqmaydi. Tabiat bag'rida bo'lsa u-bu narsaga chalg'ir, deb olib kelgandim. Qayoqda, sihatgohda ham shu ahvol, hayronman.

Hayron bo'layotgan otaga achinish hissi bilan qarab, taassuf bilan bosh chayqadim, lekin hech nima demadim. Qiziq, na ona tilini, na o'zbekcha odobni bilmasa… atrofidagi yangi odamlarga, tabiatga, evrilishlarga butunlay befarq bo'lsa. Qalbida Vatan degan tushuncha bo'lmasa, jangari, behayo filmlarni ko'rib ulg'ayayotgan bu bola ertaga kim bo'ladi? Undan ota-onasiga, xalqiga, vataniga qanday naf tegadi? Men ana shunday xavotirda yana bolaga qaradim. U esa avtobus o'rindig'iga suyanib olgancha telefonga tikilib o'z-o'ziga jinnidek tirjayardi.

Muhabbat HAMIDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + eight =