Saodat saltanatining malikasiman
Men bugun hayotimga nazar tashlar ekanman, ko'zlarimga yosh to'ladi. Bu yoshlarda alam ham, armon ham yo'q, bular — shukur, minnatdorlik va baxt yoshlaridir. Chunki inson ba'zida bosib o'tgan yo'liga — ortga qarab: “Nahotki men shuncha yo'lni bosib o'tdim?” deb o'zi ham hayratga tushar ekan.
Mening hayot yo'lim ham oson kechmadi. Termizda yashab, uch nafar farzandimni asrab-avaylab, mehr bilan ulg'aytirdim, o'qitdim va tarbiyaladim. Ularni Vatanga sodiq, el-yurtga naf keltiradigan, halol va munosib insonlar qilib voyaga yetkazishni hayotimning eng katta vazifasi deb bildim.
Ona uchun farzand — uning butun dunyosi. Men ham butun umrimni farzandlarimning kelajagiga bag'ishladim. Uch farzandimni yolg'iz tarbiyalar ekanman, o'zimga ham, ularga ham suyanch bo'lishga harakat qildim. Ro'zg'or tashvishi, ish mas'uliyati va hayotning turli sinovlari qarshisida bir narsani hech qachon unutmadim: farzandlarimning kelajagi mening bugungi sabrim va mehnatimga bog'liq.
Shu niyat bilan hayotimda yana bir katta qarorga keldim: farzandlarimning kelajagi va imkoniyatlari kengroq bo'lishi uchun Toshkent shahriga ko'chib o'tdim. Rostini aytsam, poytaxtga kelgan kunimda qalbimda hayajon bilan birga katta hadik ham bor edi: “Uddalay olamanmi? Uch farzandim bilan bu ulkan shahar bag'riga singib keta olamanmi? Yangi muhitda o'z o'rnimni topa olamanmi? Shuncha yillik mehnatim va tajribamni poytaxtda ham munosib davom ettira olamanmi?” degan o'ylar meni qiynardi.
Ammo bugun, shu kunlarda quvonch ko'z yoshlarimni tiya olmayapman. Yurtimizdagi imkoniyatlar mening o'sha hadiklarimni tumanday tarqatib yubordi. Men qo'rqqan shahar men uchun imkoniyatlar maskaniga aylandi. O'zimga ishonmay turgan paytlarimda davlatim menga ishonch bildirdi. “Yoshim o'tib ketdi”, deb o'ylaganimda, hayot menga: “Hali kech emas!” dedi. “Uch farzandli yolg'iz ona sifatida nimagadir erishishim qiyin bo'lsa kerak”, degan xayollarimni esa davlatimiz tomonidan ayollar uchun yaratilgan sharoitlar chippakka chiqarib, qarshimda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.
Men 25 yildan ortiq vaqt davomida soliq tizimida halol mehnat qilib keldim. Hayotimning katta qismi shu tizim, shu yurt va xalq xizmatiga bag'ishlandi. Shu yillar davomida tajriba orttirdim, kasbimni sevdim va mas'uliyat bilan ishladim. Ammo qalbimning bir chetida doimo bir orzu yashar edi: oliy ma'lumot olish. Insonning orzusi ba'zan yillar davomida yurak to'rida jimgina yashar ekan. Men ham bu orzumni so'ndirmadim. Hatto 48 yoshimda bakalavr bosqichida tahsil olish imkoniyatiga ega bo'ldim. Bu men uchun oddiy o'qish emas, balki o'zimga bo'lgan “Sen hali uddalay olasan!” degan ishonch edi.
Bugun esa Prezidentimiz tomonidan berilgan imtiyoz asosida, foizsiz kontrakt bilan soliq sohasidagi mutaxassislik diplomini olish baxtiga erishdim. Qo'limdagi bu diplom men uchun 25 yillik mehnatim, sabrim va intilishimning natijasidir. Bu — uch farzandini tarbiyalab, ularning kelajagi uchun poytaxtga kelgan onaning orzusi, “endi juda kech bo'lmadimikan?” deb o'zini chetga surmagan ayolning g'alabasi, Yangi O'zbekistonda imkoniyat berilsa, ayol kishi o'z hayotini tubdan o'zgartirishi mumkinligining yaqqol isboti bo'ldi.
Eng muhimi, men diplom olish bilan birga mehnat faoliyatimda ham yangi bosqichga ko'tarildim: meni Davlat soliq inspeksiyasida davlat soliq bosh inspektori lavozimiga tayinlashdi. Bu men uchun alohida iftixordir! Chunki men bu tizimga chetdan kelgan odam emasman, balki soliq sohasining ichida 25 yillik mehnatim, tajribam va halol xizmatim bilan shakllandim. Kichik inspektorlikdan boshlab tajriba orttirdim, mehnat qildim, o'rgandim va o'z ustimda ishladim. Men bu tayinlovni oddiy lavozim sifatida emas, balki davlatimning menga bildirgan yuksak ishonchi deb bilaman. Bu ishonchni oqlash esa endigi eng katta mas'uliyatimdir.
Bugun men o'zimni shunchaki baxtli emas, balki to'kis baxtli ayol deb hisoblayman. Chunki farzandlarimning kamolini ko'rdim, ularni el-yurtga xizmat qiladigan insonlar qilib voyaga yetkazdim. Bugun nabirali bo'ldim — onalik baxtining ortidan endi nabiralar mehri keldi. Hayot menga shuncha sinovlardan keyin ana shu go'zal kunlarni ko'rishni nasib etdi. Men baxtimni faqat diplom yoki lavozimda emas, balki farzandlarim va nabiralarimda, halol mehnatim bilan topgan obro'yimda, Vatanimda va men kabi ayollarga berilayotgan imkoniyatlarda ko'raman.
Ha, men 48 yoshimda bakalavr bo'ldim, bugun soliq sohasida mutaxassislik diplomini olib, davlat soliq bosh inspektori sifatida yangi mas'uliyatni qabul qilyapman. Ertaga, inshoolloh, magistraturada tahsil olishni niyat qilganman. Chunki bir haqiqatni o'z hayotimda anglab yetdim: insonning yoshi uning imkoniyatini belgilamaydi. Yosh — bu shunchaki pasportdagi raqam, orzu esa qalbning yoshidir. Agar insonda ishonch, mehnat va sabr bo'lsa, 48 yoshda ham yangi hayot boshlash, 50 yoshdan keyin ham yangi marralarni zabt etish mumkin. Ona bo'lib ham o'qish, farzand tarbiyalab ham kasbda o'sish, poytaxtga hadik bilan kelib, uning bag'rida o'z o'rnini topish mumkin ekan.
Shuning uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Xotin-qizlarga ta'lim olish, kasb egallash, mehnat qilish va rahbarlik lavozimlarida o'z salohiyatini namoyon etish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni men faqat eshitmadim — ulardan foydalandim va o'z taqdirimda his qildim. Ayolga ishonch bildirilgani, uning yoshiga emas, salohiyatiga qaralgani hamda ona va mehnatkash ayolning orzulari qo'llab-quvvatlangani uchun rahmat.
Mening minnatdorligim faqat so'zda qolmaydi. Bu ishonchni halol mehnat, professional mas'uliyat, bilim va xalqqa xizmat qilish bilan oqlayman. Soliq tizimidagi faoliyatimni yanada samarali davom ettirib, Prezidentim, davlatim va xalqimiz ishonchini oqlashga intilaman.
Hayotimdagi bu natijalarda farzandlarimning sabri va menga bo'lgan ishonchi, uzoq yillik mehnatim, Toshkentga kelgan kunimdagi qo'rquvlarim va eng muhimi, Yangi O'zbekistonda ayollarga yaratilgan imkoniyatlar mujassam. Men Vatanimdan, Prezidentimdan, Soliq qo'mitasi tizimidagi rahbarlarim, ustozlarim va fidoiy hamkasblarimdan, shuningdek, menga kuch bergan farzandlarimdan minnatdorman.
O'zim kabi minglab ayollarga aytadigan so'zim: orzu qilishdan to'xtamang, yoshingizdan qo'rqmang, qiyinchilikdan chekinmang. Agar imkoniyat berilsa, foydalaning, eshik ochilsa, kiring, yo'l uzoq bo'lsa, sabr bilan yuring. Chunki insonni baxtga olib boradigan eng katta yo'l — uning o'z qo'rquvini yengishidan boshlanadi. Men bu yo'lni bosib o'tdim va bugun yuragimda faqat bir so'z bor: shukur. O'zbekistonga, yaratilgan imkoniyatlarga, 70 yoshli duogo'y hoji onamning borligiga, farzand va nabiralarimga, mehnat qilish baxtiga erishganimga hamda davlat xizmatchisi bo'lganimga shukur!
Sayohat SATTOROVA,
Toshkent shahar Uchtepa tumani
soliq inspeksiyasining
davlat soliq bosh inspektori.
