RAMAZON
A'zam O'KTAM
Yilning boshga qo'ngan humoyi,
Mo''jizaga, fusunga boyi.
Xush kelibsiz, marhabo, dermiz,
Tasbeh oyi, taroveh oyi.
O'rganamiz tiymoqqa nafsni,
Itqitamiz oradan nahsni.
Kechirgaymiz, uzrlar so'rab
Bas qilamiz behuda bahsni.
Qo'limdadir ilohiy Kitob,
Unda shundoq etilmish xitob:
“Ushbu oyda neki qilsangiz,
Alloh O'zi aylagay hisob”.
O'ldirsa ham, lazzat berar o'q,
Talpinadi ko'kka – ko'ngil to'q.
Rabbim behad mehribon, ammo
Qadr tuni o'zga oyda yo'q.
Farishtalar samodan tushar,
Biz behishtni ko'ramiz tushlar.
“Alvido, deb qolurmiz nahot?!”
Hozirdanoq qalbim uvishar.
O'n bir oyga odil xoqonim,
Nozil bo'lmish sizda Qur'onim.
Inson bo'lib yashaylik, bizni
Yo'lga boshlang, yo'lga, sultonim.