Olamni qalban his etayotganlar
Ayni vaqtda mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash, ish bilan ta'minlash, har tomonlama ko'maklashish borasida talay ishlar qilinmoqda. Birgina ko'zi ojiz va zaif ko'ruvchilar uchun mamlakatimizda bir qator sharoitlar yaratilyaptiki, buning zamirida insoniylik, mehribonlik fazilatlari aks etgan.
O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati tasarrufida bugungi kunda oltmish mingdan ziyod nogironligi bo'lgan shaxslar jamiyat a'zoligini qabul qilishgan. Ularning faoliyati jamiyat tomonidan hududiy bo'lim va bo'linmalar orqali qo'llab-quvvatlab boriladi. Avvallari hech qanday oylik maoshsiz xayriya pullari evaziga ishlagan bo'lim va bo'linmalar bugunga kelib mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan tegishli farmon va qarorlarga asosan davlat subsidiya mablag'lari hisobidan tashkil etilgan bo'lib, har bitta bo'lim va bo'linmalarga 3-4 ta ishchi o'rinlari berilgan. Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan doimiy ravishda oylik maoshlar bilan ta'minlanmoqda. Joylardagi bo'linmalar o'zlarining yangi tadbirkorlik o'quv ishlab chiqarish korxonalariga ega. Asosan matras, sholcha, cho'tka ishlab chiqarish bilan shug'ullangan korxonalar bugunga kelib, tadbirkorlikning turli yo'nalishlari bo'yicha ish yuritmoqda. Jumladan, “Dizayn Print” o'quv ishlab chiqarish korxonasida noshirlik xizmatlari, yassi va bo'rtma nuqtali brayl kitoblari chop etiladi.
Ushbu korxonada 40 dan ortiq nogironligi bo'lgan shaxslar mehnat qiladi. Bunday o'quv ishlab chiqarish korxonalarini respublika bo'yicha ko'plab uchratish mumkin.
Qolaversa, jamiyat yurtimizdagi ko'zi ojiz insonlarni nafaqat moddiy, siyosiy jihatdan, balki ma'naviy-ma'rifiy jabhada ham faol qo'llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, jamiyat tomonidan “Orasta qizlar”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Brayl savodxonligi”, “Yangi O'zbekistonning ibratli oilasi”, “Ingliz tili savodxonligi” kabi ko'rik-tanlovlarning muntazam tashkil etilib, yangidan-yangi iqtidorlarning kashf etilishi aynan mana shu jonbozlikning yorqin dalilidir.
1932 yil 15 iyunda tashkil topgan O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati ko'rish bo'yicha nogironligi bo'lgan shaxslarning ixtiyoriy a'zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir. U O'zbekistonda yashovchi ko'zi ojiz insonlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, reabilitatsiya qilish, ijtimoiy integratsiyalash, teng huquqliligini hamda teng hayot imkoniyatlarini ta'minlashga ko'maklashish uchun respublika miqyosidagi jamoat birlashmasi tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan. O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan ham mustahkam aloqalarni o'rnatgan. Jamiyat Osiyo ko'zi ojizlar uyushmasining, Butunjahon ko'zi ojizlar uyushmasining a'zosi hisoblanadi. Rossiya, Belarus, Turkiya, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Quvayt, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarda faoliyat yuritayotgan ko'zi ojizlarning jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik ishlarini amalga oshirmoqda.
“2024–2029 yillarda O'zKOJni yangilash va yuksaltirish strategiyasi” doirasida O'zbekiston Ko'zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvining ommaviy-tashkiliy, madaniy-ma'rifiy, reabilitatsiya va sport-sog'lomlashtirish faoliyatlari bo'yicha 2025 yil uchun tuzilgan ish rejasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondining subsidiya mablag'lari ko'magida o'tgan yilning 17-18 dekabr kunlari Toshkent shahrida “Yangi davrda, yangi Markaziy Osiyoda – birdammiz!” hamda “Mintaqada hamkorlik va hamjihatlik oliy maqsadimiz!” shiorlari ostida ko'rish bo'yicha nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy faolligini rivojlantirish borasida Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat yuritayotgan ko'zi ojizlar birlashmalarining sammit tadbirlari tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Osiyo ko'zi ojizlar uyushmasi a'zolari, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarida faoliyat yuritayotgan ko'zi ojizlarning jamoat birlashmalari vakillari, O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati faollari, tashabbuskor yoshlar ishtirok etdilar.
Butunjahon ko'zi ojizlar jamiyatlari o'rtasida ijtimoiy aloqalarni shakllantirish, mamlakatlarda nogironligi bo'lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlarni atroflicha o'rganish va bu sohada amalga oshirilayotgan ijobiy tajribalar bilan o'rtoqlashish maqsadida yurtimizga joriy yilning yanvar oyida Qozog'iston ko'zi ojizlar federatsiyasining delegatsiyasi tashrif buyurdi. Jumladan, Qozog'iston ko'zi ojizlar federatsiyasi prezidenti Almat Sabitjonov hamda Qozog'iston boshlang'ich tashkilot rahbarlaridan iborat vakillar dastlab Buxoro, Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda joylardagi “Nurli maskan” ko'zi ojiz bolalar maktab-internati faoliyati bilan tanishdilar.
Shundan so'ng tashrif Toshkentda Qozog'iston delegatsiyasini O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Ergash Norpo'latovning rasmiy qabuli bilan davom etdi. Marosimdan so'ng mehmonlar poytaxtdagi “Dizayn-Print” va “Cho‘tka” mas'uliyati cheklangan jamiyati o'quv-ishlab chiqarish korxonalarida hamda Toshkentning tarixiy-me'moriy obidalarida bo'lishdi. Yuqori saviyadagi uchrashuvlarda ikki tomonlama memorandum imzolanib, qator manfaatli hamkorliklarga erishildi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda jamiyat tomonidan tadbirkorlik, hunarmandchilik, sport, ta'lim va boshqa sohalar bo'yicha ko'zi ojiz aholi vakillariga muntazam ko'mak ko'rsatib kelinmoqda.
Xususan, dunyo hamjamiyatiga hamohang tarzda bugun mamlakatimizda ko'zi ojiz insonlarning kutubxonalari zamonaviy smart shakliga o'tkazilib, kishi eshikdan kirishi bilan ularning yurish-turishi uchun qulay, ovozli yo'naltirgichlar, xonalar bilan ovozli tanishtirish hamda kutubxona katalogining ovozli tizimi amaliyotga joriy etilgan. Qolaversa, kutubxonalar qoshida kitobxonlar uchun maxsus lingafon xonalar, til o'rganish, kasbga yo'naltirish, brayl alifbosiga o'rgatish kurslari ham bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etib kelinmoqda.
Albatta, ushbu g'amxo'rlik besamar ketgani yo'q. Bugungi kunda ko'rish qobiliyati cheklangan yoshlar orasida IT sohasini mukammal o'rganib, “Muxlisa” ovozli sintezatori, “Brayl keyboard” kabi qator ovozli dasturlar, loyihalar va ilovalar yaratilmoqda.
Quvonarli jihati shundaki, ushbu beg'araz umuminsoniy siyosat nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki chet ellik hamkorlarni ham befarq qoldirmayapti. Jumladan, Xitoy davlatining Shanxay shahrida joylashgan yirik va kichik ishlab chiqarish zavodlari uchun mo'ljallangan texnik uskunalar tayyorlaydigan “AMC INDUSTRIAL DEVELOPMENT COMPANY LIMITED” kompaniyasi rahbari Tan Szyan O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati tarkibidagi korxonalar bilan shartnoma tuzib, minglab ko'rish qobiliyati cheklangan insonlar bandligini ta'minlashdek xayrli ishning tashabbuskori bo'lishi ana shu oqilona siyosatning mevasidir. Qisman investitsiya hisobiga ushbu hamkorlik doirasida Toshkent shahridagi “Dizayn-Print” o'quv-ishlab chiqarish korxonalari yangi ish o'rinlari bilan boyishi kutilmoqda. Shuni alohida aytish joizki, 2024 yil 26 avgust kuni Davlatimiz rahbarining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-124-son Farmoni ayni muddao bo'ldi.
2026 yil fevral oyining birinchi o'n kunligida O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati raisi Ergash Norpo'latov Butunjahon ko'zi ojizlar assambleyasi vise-prezidenti sifatida Quvayt davlatida bo'lib, Osiyo ko'zi ojizlar uyushmalarining assambleyasida ishtirok etdi. Bu yig'ilishda dunyo bo'yicha bugungi kunda ko'zi ojizlar va zaif ko'ruvchilarga bo'lgan e'tibor hamda yaratilayotgan shart-sharoitlar yuzasidan muzokaralar olib bordi. Dunyo bo'yicha ko'zi ojizlarni qiynab kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Ha, aytgancha, 2024 yilda O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati va bir qator qo'shni hamdo'stlik mamlakatlari ko'zi ojizlar jamiyatlari o'rtasida o'zaro memorandum imzolangan edi. Imzolangan kelishuvlarga muvofiq, joriy yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasi ko'zi ojizlar jamiyatining taklifiga ko'ra, O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyatining maxsus delegatsiyasi Rossiya ko'zi ojizlar jamiyati faoliyati bilan tanishib qaytdi. Jumladan, Rossiya ko'zi ojizlar jamiyati tasarrufidagi reabilitatsiya markazlari, ishlab chiqarish korxonalari, sport-sog'lomlashtirish markazlari, shuningdek, tiflo-muzey faoliyati bilan yaqindan tanishib, muzey uchun ko'zi ojizlar jamiyati tasarrufidagi bosmaxonada brayl usulida chop etilgan Qur'on kitobi sovg'a qilindi.
2025 yil mobaynida O'zKOJ rahbariyati respublika bo'ylab sayyor qabul uyushtirdi. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat hokimlari o'rtasida jamiyat a'zolari bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Unda barcha muammolar o'rganildi. Ko'p qismi hal etildi. “Nurli maskan” maktab-internatlariga tashrif buyurildi.
Yil boshidan buyon O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi hamda matbuot xizmati va tashkiliy bo'limlarning yillik rejalariga ko'ra Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik jamiyatlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy ko'magi bilan bir qator ilmiy-amaliy seminar-treninglar, turli tadbirlar, tanlovlar o'tkazib kelinmoqda. Jumladan, “Insoniylik ko'prigi”, “Namunali O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati mahalliy bo'linmasi”, “Huquqiy savodxonlik akademiyasi” seminar-treninglari respublika bo'yicha oflayn va onlayn tarzda o'tkazilib kelinmoqda.
Shu o'rinda ko'rishda nuqsoni mavjud fuqarolarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab kelayotgan saxovatpesha xalqimizni va bir qator jamoat fondlarini muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan oqilona siyosat — nogironlarni qo'llab-quvvatlovlarini tilga olmaslikning imkoni yo'q. Ko'zi ojizlarning har bir ishida kamarbasta bo'layotgan insonlarga o'z minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Shuningdek, jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan 80 mingga yaqin ko'rish bo'yicha nogironligi bo'lgan shaxslar va jamiyatdoshlarimiz nomidan muborakbod etamiz. Vatanimiz gullab-yashnayversin, Vatanimiz ravnaqi yo'lida biz hamisha hamqadammiz.
Turdiali NORMATOV,
O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati
axborot xizmati rahbari.
