Adolat va umid dargohi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyati Xalq qabulxonasi mudiri,
“Mehnat shuhrati” va “Do'stlik” ordenlari sohibi Bahodir Yusupov huzurida
Namangan shahriga kiraverishda peshtoqida mamlakat ramzi — O'zbekiston bayrog'i hilpirab turgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyati Xalq qabulxonasi binosi ko'zga tashlanib turadi.
Binoga kiraverishga Prezidentimizning “Insonlarning dardu tashvishi bilan yashash odamiylikning eng oliy mezonidir” degan shior zarhal harflar bilan yozib qo'yilgan.
Murojaatchilar uchun kutish zallari, ona va bola, tibbiyot xonalari eng zamonaviy anjomlar bilan jihozlangan. Bu idorada murojaatchilar uchun barcha sharoit va qulaylik muhayyo.
Darhaqiqat, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni imzolangach, o'tgan davr ichida mamlakatimizda tashkil etilgan Xalq qabulxonalariga yuz minglab hamyurtlarimiz murojaat qildilar. Buyuk shoir va mutafakkir, hazrat Alisher Navoiy bobomizning “Odamiy ersang, demagil odami, onikim, yo'q xalq g'amidin g'ami” deb bitilgan hikmati asrlar o'tsa-da, yanada ahamiyatliroq bo'lib bormoqda.
Viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Bahodir Yusupov huzuridaman. U kishi bilan 1996 yil O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida tahsil olayotgan davrda tanishganmiz. O'shanda Bahodir Yusupov Uchqo'rg'on tumanidagi “Andijon” jamoa xo'jaligi rahbari edi.
U qaysi jabhada ishlagan bo'lsa, doimo fidoyiligi bilan el nazariga tushgan. El-yurt, davlat manfaatlarini muqaddas deb biladigan, shijoatli, sabr-matonatli, mehr-oqibatli, iymon-e'tiqodli va eng muhimi, kamtarin rahbar. Uni hurmat qilishimning yana bir boisi — juda ko'p kitob o'qigan ziyoli inson, jurnalistlarga adabiyot va ijod ahliga doimo e'zoz va e'tibor bilan munosabatda bo'ladi.
Bu galgi suhbatimiz ham samimiy ruhda boshlandi.
— Xalq qabulxonasidan hech kim noumid ketmasligi lozim, — deya so'zini boshladi Bahodir aka. — Aholining haqiqat izlab, adolat qidirib, huquqlarini talab qilib yozgan murojaatlari tajribali va bilimli huquqshunoslarimiz tomonidan chuqur tahlil etilib, yechimi topilmoqda. Muammolarni viloyatimizdagi shahar va tumanlar Xalq qabulxonalari, mahalliy hokimliklar, huquq-tartibot va boshqa idoralar vakillari tezkorlik, shaffoflik tamoyillari asosida qonuniy va xolisona hal qilishmoqda.
Joriy yilning to'qqiz oyida viloyatimiz bo'yicha Xalq qabulxonalariga 68 ming 100 tadan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatchilar orasida pensiya va ijtimoiy ta'minot, aliment va qarz undirish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari faoliyati, mehnatga haq to'lash, daftarlar asosida ijtimoiy himoya, huquqbuzarliklar haqida xabarlar va ular bo'yicha ish yuritishga oid muammolar, tibbiy-ijtimoiy xizmat ko'rsatish, moddiy yordam va homiylik masalalarida fuqarolar murojaatlari miqdori birmuncha oshdi.
Fuqarolarning huquqiy bilim va savodxonligi yetarli darajada emasligi, qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlaridan bexabarligi, kam ta'minlangan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash, uni rad etish bo'yicha qaror oilaning daromadi, bandligi va boshqa ma'lumotlar vazirlik hamda idoralarning elektron ma'lumotlariga asosan inson omilisiz (aralashuvisiz) chiqarilishi ham sabab bo'lmoqda. Keyingi paytlarda davlat ijrochisining bir oylik ish hajmi ko'pligi, aliment undiruviga oid hujjatlar vaqtida o'rganilmasligi tufayli fuqarolar murojaatlari ortib bormoqda.
O'z ahli ayoli va farzandlari taqdiriga befarq qarab, aliment to'lashdan bosh tortayotgan nomard otalar ko'payib bormoqda. Norasida farzandlarini yetaklab, dardu hasratini aytib, yig'lab kelayotgan yolg'iz onalar muammolarini bartaraf etish uchun alohida diqqat-e'tibor zarur. Ular xalq qabulxonalarini adolat izlab umid bilan kelar ekan, ularning muammosi — jamiyatning ham muammosi deb qabul qilmoqdamiz. Chunki aliment ololmay sarson bo'layotgan moddiy va ma'naviy nochor ahvoldagi ayollar qaramog'ida qanchadan-qancha norasida bolalar tarbiyalanayapti. Otalar tirig-u, bolalar qorni to'ymay, usti but bo'lmay bo'zlab tursa, bu hol beva ayol uchun og'ir ko'rgilik-ku! Xodimlarimiz shunday murakkab ahvolga tushib qolgan murojaatchi ayollarning har birining dardu hasratlarini mehr-shafqat bilan eshitib, ijobiy xal qilish choralarini ko'rishmoqda.
Ayrim mas'ul mansabdorlarning fuqaroga “otangga bor, onangga bor” qabilidagi sansolarlik munosabatlariga chek qo'yilmay, fuqaro muammosi yechimini o'zining zimmasidan soqit qilib, arizalarni boshqa idoralarga yo'naltirish hollari ham, afsuski, uchrab turibdi. Mahalliy darajada hal etilishi mumkin bo'lgan masalalarning o'z vaqtida ko'rib chiqilmasligi oqibatida murojaatchilar yuqori respublika darajasidagi rahbarlarga, shu jumladan, Davlat rahbarining qabuliga kirish uchun poytaxtga borishmoqda. Viloyatimizdagi 113 nafar fuqarodan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga 174 ta murojaat qilingan. Xalq qabulxonalari vakillarining sa'y-harakatlari bilan viloyatdagi sektorlar rahbarlari, tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va tuman sektorlari rahbarlari tomonidan 78 nafar fuqaroning shunday murojaati tinglanib, ulardan 21 tasi ijobiy hal etildi. 56 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi va bittasi esa tugatildi.
Ma'lumotlardan ayon bo'ldiki, joriy yilda murojaatlar bilan ishlash bo'yicha kamchiliklarga yo'l qo'ygan davlat idoralari va tashkilotlariga xalq qabulxonalari tomonidan 267 ta taqdimnoma kiritilgan bo'lsa, 297 ta taklif va 590 ta ko'rsatma berildi. Natijada 205 nafar mas'ul xodim ogohlantirilib, 255 nafariga esa intizomiy jazo chorasi ko'rildi. 16 nafar mas'ul xodim oylik ish haqidan jarima to'ladi va 101 nafari ma'muriy javobgarlikka tortildi. Murojaatlar bilan ishlashda yo'lga qo'ygan mas'uliyatsizliklari uchun yigirma nafar mas'ul shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Bundan o'n yillar avval aholi murojaatlariga, arz-dodlariga e'tiborsizlik shu darajaga yetgan ediki, odamlar o'z dardu tashvishlari, muammoyu mushkulotlarini aytishga bezillab qolgandi. Yozishmalardan hafsalalari pir bo'lib, davlat va hokimiyat idoralariga ishonmay qo'yishgandi. Xalq adolat va xaqiqatni yuzaga chiqaruvchi huquq-tartibot idoralariga umidsizlik bilan noilojlikdan murojaat qilishardi. Arizalarga rasmiyatchilik uchun bir qolipdagi berilgan javoblardan shikoyatchilarning ko'ngillari qolgan edi…
Murojaatlarning aksariyat qismi zamirida insonlarga munosib turmush tarzi yaratish masalasi turar ekan, muammoning ijobiy hal etilishi aholi roziligi yo'lida qilingan muhim va savobli qadamdir.
Xalq qabulxonalarida bugungi muhit mutlaqo o'zgacha. Fuqarolar murojaatlarini ro'yxatga olish va ularni o'rganish jarayonlari tez va shaffof, o'z muddatida, raqamli texnologiyalardan foydalanilgan holda ko'rib chiqilmoqda.
Tajribali, xalqparvar va aholi manfaatlarini himoya qilishga qodir bo'lgan nufuzli huquqshunos va mutaxassislardan tarkib topgan vakillarning aholi bilan bevosita muloqotlari tashkil etilmoqda. Murojaatchilarning hayotiy muammolarini tezkorlik bilan hal etish, lo'nda qilib aytganda, odamlarning og'irini yengil qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar tufayli odamlar Xalq qabulxonalarini adolat va umid qal'asi deb atashmoqda.
Mamlakatimizda yaqin-yaqingacha ham kambag'al so'zini o'z nomi bilan atamas edik. Ommaviy axborot vositalarida bu so'z kam ta'minlangan deb yozilardi.
Muhtaram Prezidentimiz biz jurnalistlarga ham ijtimoiy haqiqatning ko'ziga tik qarashni o'rgatdi. Boyni boy, kambag'alni kambag'al deb ayta oladigan bo'ldik. Bir paytlar “bizda hamma boy, farovon yashaydi” deb yolg'on gapirish, yozish odatiy holga aylangandi. Garchi bunga hech kim ishonmasa-da. Bugun esa kambag'allikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi. “O'zbekiston-2030” strategiyasining ustuvor yo'nalishlaridan biri ham har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratishdir. Bu dasturilamalda 2026 yilga qadar kambag'allikni 2022 yilga nisbatan ikki barobarga kamaytirish maqsadi belgilab qo'yilgani ham bejiz emas.
Albatta, Namangan viloyatida ham ulkan o'zgarishlarni amalga oshirish uchun dolzarb vazifalar turibdi. Shu bilan birga o'z javobini kutayotgan o'tkir muammolar ham bor. Aholi hayotining barcha sohalari qatori fuqarolarimizning ongi va dunyoqarashida ham o'zgarishlar bo'lishini davr taqozo etmoqda.
Xalq manfaati — hamma narsadan ulug'. Hududlardagi muammolarni hal etishda hech kimni e'tibordan qoldirmaslik tamoyili asosida ish olib borilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi o'z samarasini bermoqda. Viloyatning har bir tumanida bittadan eng nochor ahvolda yashovchi, muqaddam biror-bir tashkilotga murojaat qilmagan xonadonlar aniqlanib, tuman (shahar) Xalq qabulxonasi rahbarlari o'zi va yor-do'stlari bilan mazkur xonadondagi uylarni ta'mirlab, oilasini kambag'illikdan chiqarish ishlariga astoydil kirishildi.
Biz Bahodir Yusupov hamroxligida ana shunday xonadonlarda bo'ldik. Namangan shahar 2-sektor hududidagi “Dashtbog'” mahalla fuqarolar yig'ini G'irvonsoy ko'chasi 20-uyda bizni oltmish olti yoshli Yoqubjon ota Yusupov hayajon bilan to'lqinlanib kutib oldi.
— Bu xonadon o'ttiz yildan buyon ta'mirlanmay abgor holatga, to'g'risi, yashab bo'lmaydigan ahvolga tushib qolgan ekan, — dedi Namangan shahar Xalq qabulxonasi mudiri Hasanboy Qosimov. — Bu xonadonda oila boshlig'i Yoqubjon Yusupov qirq yil “Navbahor” futbol klubida matbuot masalalari bo'yicha xodim bo'lib ishlagan. Ularning qirq to'rt yoshli o'g'li Ravshanbek bolalikdan birinchi guruh nogironi. Bechora Zuhraxon ona kunu tun nogiron o'g'lining parvarishi bilan ovora ekan. Qizi Mashhuraning ham hayoti o'xshamay, eridan ajrashib, sakkiz yildan beri ikki nafar farzandi bilan ota-onasining xarob hovlisida yashar ekan.
Shahar Xalq qabulxonasi mudiri bizga taqdim etgan bu xonadonning avvalgi holatdagi suratini ko'rib, shunday farovon zamonimizda, shahar hududidagi ayanchli va nochor yashagan fuqarolar ahvoliga achinmay iloj yo'q edi. Zudlik bilan choralar ko'rilib, Xalq qabulxonasi xodimlari va homiylar yordamida Yoqubjon ota Yusupovning uyi tomlari va shift qismlari to'liq qayta qurildi, tashqi devorlar ta'mirlandi. Xonadonga kirish darvozasi yangilandi, hovli chetida og'ilxona qurildi. Qo'lbola issiqxona qilinib, ko'katlar ekildi. Ikki oyga yetadigan sabzavot mahsulotlari bilan ta'minlandi.
Uychi tumanidagi “G'ayrat” mahalla fuqarolar yig'ini Oybuloq ko'chasida yashovchi Ermamat Nurmatov xonadonidamiz. Bu xonadon a'zolari ham juda ayanchli ahvolda yashayotgan bo'lgan. Ularga tuman Xalq qabulxonasi va homiylari tomonidan bir xonali uy, darvoza, oshxona, bostirma qurib berilibdi. Boshqa uylarning eshik-derazalari ham yangilanibdi. Homiylar tomonidan televizor, gaz ballon, gaz plita va ikki oylik oziq-ovqat zaxirasi bilan ta'minlangan. Bu xonadon hovlisidagi issiqxonada turli ko'kat va rizavorlar o'stirilmoqda. Xonadon sohibi Ermamat Nurmatov va uning turmush o'rtog'i ishga joylashtirildi.
Mingbuloq tumanidagi “Qizilqum” mahallasida “Obod xonadon — obod ko'cha — obod mahalla” dasturi asosida amalga oshirilgan ishlar ijodkor sifatida bizni juda quvontirdi. Chekka bir qishloqdagi yo'llar yangidan asfalt qilinibdi. Obod xonadonlar va ularning atrofidagi shakl berilgan daraxtlaru gullarni ko'rib havasimiz keldi.
Mahalladagi Alisher Navoiy ko'chasida 18 ta xonadon bor. Ularda 92 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning bir nafari “Ayollar daftari”da, uch nafari esa “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turadi. Ushbu ko'chada yashovchi olti nafar ishsiz fuqarolarning uch nafariga o'zini-o'zi band qilish hamda oilaviy daromadini oshirish maqsadida tikuv mashinalari berilgan.
Bu ko'chada oltita tungi yoritish qurilmalari va elektr hisoblagich o'rnatilgan. Tajriba tariqasida tungi yoritish uchun sarflangan elektr energiyasi haqini aholi tomonidan to'lash joriy qilinibdi. Xonadonlarga sog'lomlashtirish uchun sport anjomlari berilgan va kitob burchaklari tashkil etilgan bo'lib, eshiklari oldiga esa chiqindi tashlash qutilari o'rnatilgan.
Prezident Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan Namangan viloyatida ham aholi bandligini ta'minlash, ularning daromad manbaini shakllantirish va shu asosda turmush farovonligini ta'minlashga qaratilgan “Murojaatdan — daromadga” loyihasi amalga oshirilmoqda. Kuni kecha shu loyiha asosida Norin tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida tashkil etilgan tadbirda tuman xalq qabulxonasiga qilingan murojaatlar asosida o'n uchta tikuv mashinasi, to'rtta motokultivator, bitta avtomobil yuvish uskunasi, bitta katta pech, bitta printer berildi. Natijada ish bilan band bo'lmagan xotin-qizlarning bandligi ta'minlandi va daromad olishlari uchun imkoniyat yaratildi.
Fuqarolar bandligini ta'minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, kambag'allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish uchun “Mahalla yettiligi” ishini yanada jonlantirish muhim ahamiyatga egadir. Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, odamlari hayotdan rozi bo'lgan Vatan osuda, obod va fayzli bo'ladi.
Bunday savobli ishda Xalq qabulxonalari, jumladan, Namangan viloyati Xalq qabulxonasi faoliyati ibratli bo'lmoqda.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.