Ko'ngillar obod bo'lsa…

yurtimizda kambag'allikka qarshi kurashish umummilliy harakatga aylanmoqda
Iymon-e'tiqodli, zukko-ziyoli, fozil-fuzalolar qay makonda ko'p bo'lsa, shu joyning mavqei ham boshqacha bo'ladi. Qo'qon — ana shunday mo''tabar shahar. Qo'qonliklarning tavozesi ham, didi balandligi ham o'zlariga yarashadi. Eng muhimi, bu go'sha ahli ota-onalarini, yoshi ulug' keksalarni e'zozlash bobida ham ancha ilgarilab ketgan. Shu boisdan bo'lsa kerak, qo'qonliklar nuroniylarning maslahatlarini hikmat deb qabul qilishadi.
Qaysi ishning boshida o'qimishli, hayotiy tajribasi katta, yoshi ulug' keksalar tursa — bu ish barakotli bo'ladi. Bugungi kunda mamlakatimizda bo'lgani kabi Qo'qon shahrida ham kambag'allikni kamaytirish borasida olib borilayotgan ishlar samara bermoqda. Ma'lumki, yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan kambag'allikni qisqartirishni umummilliy harakatga aylantirish g'oyasi ilgari surildi. Bu g'oya zamirida beqiyos infoq-ehson, saxovat qilishdek savobli vazifalar turibdi.
Aslida, Qo'qonda o'ziga to'q oilalar ko'p. Shunday bo'lsa-da, hamshaharlarimiz orasida kambag'allik yoqasiga kelib qolgan oilalar bor. Respublika “Nuroniy” jamg'armasi Qo'qon shahar bo'limi faollari tomonidan kambag'allikka qarshi kurashish rejali ravishda olib borilmoqda. Joriy yilning shu davrigacha birgina jamg'arma shahar bo'limi faollari sa'y-harakati tufayli 140 ta oila kambag'allik muammosidan qutuldi. Bir oilada, aslida, uch-to'rt va undan ortiq a'zo bor. Bu oila taqdiridagi ijobiy o'zgarish, demak, yuzlab kishilarning iqtisodiy imkoniyatlari yaxshilanganidan dalolatdir. Ro'zg'ori but ekan, xonadon ahli xotirjam bo'ladi, bolalari baxtiyor o'ynab kuladi. Qorni to'q, usti but bolalarning ko'zlaridagi quvonchga bir nigoh tashlang-a!
Kambag'allikka qarshi kurashishning yana bir katta ijtimoiy ahamiyati bor. Bizga murojaat qilayotgan oilalarning ayrimlari ajrashish sababini yo'qchilik va shu tufayli oiladagi janjallar deb ro'kach qilishmoqda. “Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak” deganlaridek, oilaning xotirjamligi uchun moddiy va ma'naviy zamin kerak. Hozirgi yoshlar avvalgilariga ko'p ham o'xshamaydi: yo'qchilikka sabri sustroq. Oila ro'zg'orida yetishmovchilik sababi bilan ajrashishni ixtiyor qilayotganlarga jamg'armamiz tomonidan tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda shoshilinch ravishda iqtisodiy ko'mak beryapmiz. Ishga yaroqli a'zolarini yaxshi daromadli ish joyi bilan ta'minlayapmiz.
Ishonchim komilki, Prezidentimizning bu sa'y-harakati sharofati bilan oilalarda sog'lom muhit shakllanmoqda, kelajagimiz umidlari bo'lgan yosh avlod zoriqmay voyaga yetishlari uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda. Odamlar kambag'allikka qarshi kurashishdek insonparvarlik siyosati boshida turgan Yurtboshimiz haqqiga duolar qilishmoqda.
“Oqsoqollar va ota-onalar kengashi”, “Keksalar maslahati” guruhlari, “Buvijonlar maktabi” faollari va “Mahalla yettiligi” tomonidan uyma-uy yurishib, tarbiyasi og'ir yoshlarni to'g'ri yo'lga solishga, adashgan, murakkab vaziyatga tushib qolganlarning jamiyatda o'z o'rnini topishida yordam berishga alohida e'tibor qaratishmoqda. Bu ishlar samarali natija bermoqda. Joriy yil boshidan shu kungacha 122 ta oila yarashtirib qo'yildi. Bu esa yuzlab bolalarning tirik yetim bo'lib, yo ota, yo ona diydoridan mahrum holda hayot kechirishining oldi olindi, deganidir.
Ayniqsa, nuroniy otaxonlar va munis onaxonlar maktablarda bo'lib, o'quvchilar bilan suhbatlar o'tkazishayotganligi o'z ta'sirini ko'rsatmoqda. O'quvchilarning to'laqonli bilim olishlari, kelajakdagi orzularining ro'yobga chiqishi, kasb-hunarli bo'lishining ahamiyati va eng muhimi, mustaqil hayotga mustaqil fikrlaydigan darajada qadam qo'yishlarida biz nuroniylarning ular bilan qilayotgan har bir muloqotimiz, albatta, ijobiy natijalarni berishi tajribamizda o'z tasdig'ini topdi. Bu xayrli ishlardan nuroniylarimizning o'zlari ham zavq olishmoqda, ular jamg'armamiz atrofida jipslashmoqda, ko'ngillari yosharib, hayotga muhabbati oshmoqda. Zero, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz yozganidek:
Kimki bir ko'ngli buzug'ning
xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa,
obod aylagay.
Manzurjon ABDULLAYEV,
“Nuroniy” jamg'armasi
Qo'qon shahar bo'limi raisi.