Yorug' hasrat

Yaqinda ustoz ijodkor, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ikromjon O'tbosarovning xotirasiga bag'ishlangan “Mehrnoma” kitobi nashr etildi. Ushbu kitobda uning ustozlari, hamkasblari, shogirdlari tomonidan yozilgan xotiralar, dilso'zlari hamda muallifning “Vatanda safar qil” to'plamidan ayrim boblar kiritilgan. Ushbu kitob taqdimotida taniqli jurnalist ijodi, insoniy fazilatlari yodga olindi. Quyida qisqartirilgan tarzda gazeta o'quvchilari hukmiga havola etilayotgan yodnoma ham ana shu kitobdan o'rin olgan.

Ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak, “Xalq so'zi” gazetasining tashkil etilishi katta shov-shuv bo'lgan edi. Gazetaning nishona soni kuzda chop etildi. To'g'risi, u ko'plar kutgan “bomba” bo'lib chiqmadi, aksincha, ancha bosiq, faqat voqelikka yangicha nazar solishga urinish bor edi. Baribir vahimalar bosilmadi, ohorli shov-shuvlar avj oldi: “Yangi bino qurilarmish. 400 ta o'rin ajratilibdi. Bosh muharrir — Ahmadjon Muxtorov  Moskvada Gdlyan va Ivanovning yoqasidan olibdi…”. Umuman, yangi bir mujda bor edi va ko'pchilik buni kutardi.

Nihoyat, bir necha vaqtdan buyon atrofi o'rab tashlangan va ta'miri tugamayotgan uch qavatli bino tez bitkazilib, gazetaga berildi. Shu ham e'tiborli voqea edi. Endi xodimlar to'plana boshladi. Boshliq qamrovni keng olib, butun res­publikadan o'tkir qalamkashlarni izlashga kirishdi (chamasi, shunday edi, men ish boshlaganda tuman gazetasidan kelganlar ham bor edi H.S.). Bir so'z bilan aytganda, yangi jamoa shakllana boshladi.

Garchi maqolalarini o'qigan bo'lsam-da, o'sha vaqt Ikrom akani tanimas, hamkasblarining chuqur hurmat bilan uni tilga olishlaridan, kelishini kutayotganlaridan g'oyibona qiziqib qolgandim: “Qanday omadli odam! Biz yalinib o'tdik, unga stolni band qilib turishibdi-yu, taroziga solib, tezroq o'tavermaydi!” Xullas, ko'p o'tmay, Ikrom aka “Qishloq hayoti”dan “Xalq so'zi”ga o'tdi. Ma'lum bo'lishicha, tepadan ruxsat kelmayotgan — muharrir Ne'mat Yoqubov “Birga ishlaymiz” deb ro'yxushlik bermay turgan ekan. Shu bilan bir jamoadagi faoliyatimiz boshlandi va u olti yilga yaqin davom etdi. Undan keyingi yaqinlik esa abadiylik kasb etdi, deyish mumkin.

Negaki, biz kechirgan kunlar hayot tegirmonining yuzasidagi, og'irning ostidan, yengilning ustidan qabilida “bordi-keldi”chilik emas edi. Garchi birov sezib-sezmasa-da, biz mamlakat taqdiriga doxil masalalarda fikr yuritar edik, “xalqimiz”, “respublikamiz”, “tariximiz” deb yozar edik, bizning aytgan, bitgan gapimiz qaysidir doiralarda aks-sado berardi, biz bilmagan, ko'rmagan, tanimagan odamlar familiyamizni bilardi, ularning bu familiyalarga shakllangan munosabatlari bor edi.

Biz o'zimiz bilib-bilmay katta hayotda yashar edik. Gazeta bizga ana shunday toleni in'om etgan edi va yo'lida aytilgan e'tiroflar ham ijodiy iztiroblar, izlanish va qiyinchiliklar girdobida tug'ilgan. Shunday bo'ladiki, odamlar biror darajada yordam berolmaydi, bermaydi ham, lekin hatto muvaffaqiyat qozonganingda ham bitta iliq gapini aytmaydi. Holbuki, qog'oz va qalam bilan yolg'iz qolib, boringni berib yozgan maqolang haqidagi bir og'iz gap seni yo bor qiladi, yo yo'q. Shundan kuch olasan yoki u yoq-bu yog'ing­­ni to'g'rilab, yangi qadamga shaylanasan. Bizning Ikrom aka, Yo'ldosh aka bilan muloqotlarimiz shunchaki dasturxon ustidagi shiringuftorliklar emas, chinakamiga ijodiy mubohasa bo'lardi. Akalarda ishga baho beradigan, yo'l ko'rsatadigan salohiyat bor edi.

Ularning hayotiy tajribalari-chi?! Birodarlarim qizg'in hayotni boshidan kechirgan, harbiy xizmatda bo'lgan, teran oila muhitida shaxslari shakllangan kishilar edi. Kasbda ham barcha bosqichlarni o'tagan, yetarlicha muvaffaqiyatga erishgan, gazetachilikning alifbosidan algoritmigacha o'zlashtirgan zotlar edi. Ularning dilkash, beg'ubor suhbatlari chinakam maktab edi. Shuning uchunmi, vaqt topildi deguncha samimiy suhbat qura olar, bu diydorlashuv ham ko'ngil ehtiyoji, ham tajriba almashuv, ham yorug' rejalarning tug'ilishi bo'lardi. Hozir bu udumlar saqlanib qolganmi-yo'qmi, bilmadim, ammo gazetachining ishdan keyingi o'zaro muloqoti maishiy rutbadagi tajriba maydoni edi. Negaki, muxbirning faoliyati odamlar orasida o'tadi, turli sajiyali kishilar bilan munosib tarzda muomala qilishni bilish — katta saboq. Ana shu fazilat unsurlari o'zaro suhbatlarda tug'ilardi, chamasi.

* * *

Yangi gazetaning oyoqqa turib ketishi oson bo'lmagan. Bu o'sha kunlarning bezovtalik­lari, silkinishlari bilan ko'proq bog'liq. Bosh muharrir o'sha vaqtlarda Sobiq Ittifoq xalq deputati bo'lgani sabab ko'pincha Moskvadan turib gazeta chiqishini nazorat qilardi. Mas'­­ul kotib Turg'un Nazarov bilan telefonda qaysi sahifada qanday material ketayapti, shrifti, o'lchami, sarlavhasi, necha ustunda qanday joylashtirilgani, sarlavhasi — hamma-hammasini muhokama qilardi. Ahmadjon Muxtorov gazetani farzandidek ardoqlardi. Ortiqcha mehr ham yaxshi emas ekan, chamasi, rahbarning boshiga ko'p savdolar tushdi, biz ojizona kuzatib turdik, xolos, yordam bera olmadik. Jamoa fitna va ig'voning qurboni bo'ldi. Bu gap­larni eslashimga sabab — bir jamoaga birlashgan katta-kichik hammamizning tarjimai holimiz o'sha buhronlarda sinovdan o'tdi, kimning kimligi bilindi, kelajagimiz shakllandi. Har bir kishidan gazetaning yangi yo'lini qo'llab-quvvatlash, bu borada bosh muharrir atrofida uyushish, qolaversa, shaxsiy sadoqat darajasida oqibat ko'rsatish talab qilingan. Ana shunday sha­roitda Ikrom aka zimmasidagi vazifani mahorat bilan uddalagan ekan.

Ikrom aka fe'l-sajiyasi toblangan kishi edi. Balki oila tarbiyasi, balki yaxshi jamoalarda ishlagani yoki harbiy xizmatni astoydil o'tagani tufaylimi, u kishida o'ziga va atrofidagilarga sinchkovlik bilan razm solib, odamlarni tez ajrata olish barobarida o'ziga ham, yaqinlariga ham qat'iy talabchanlik bilan yondashish fazilati qaror topgan edi. Bu hol ijtimoiy hayotda — jamoa orasida o'zini tutishida aniq ko'rinadi. Batartib kiyinishmi, birovga chiroyli lutf bilan muomala qilishmi, so'zining ustidan chiqish — subutmi, boshqaga ziyon yetkazmaslik barobarida o'zganing haqqiga xiyonat qilmaslikmi, xullas, bir komil insonga qancha yaxshi fazilat lozim bo'lsa, hammasi mujassam edi. Men u kishi bilan ish yuzasidan, safarlarda, maishiy hayotda uzoq muddatlarda birga bo'lib, shunday xulosaga kelgan ekanman. Afsuski, bu qadr-qimmat inson dunyoni tark etgandan keyin yanada bor bo'y-bastini ko'rsatar ekan… Bu mulohazalar balki o'sha eski haqiqatni — odamni tirikligida qadrlash kerakligini yana bir marta ta'kidlayotgandekman.

Ochig'i, o'ttiz yildan ko'proq muloqotlar davomida insonning yaxshi-yomon tomonlarini ochiqlaydigan katta-kichik gaplar ko'p o'tgan. U lahzalar umr daftarini bezab turibdi. Ibratli tomonlaridan biri — aka vaqtni qadrlashni bilardi. Ish vaqtida samarali ishlardi, bo'sh vaqtini esa juda maroqli tashkil qilardi. Ayniqsa, mehnat ta'tiliga oldindan jiddiy hozirlanib, bir oyga yaqin muddatni yo Urgutda, yo Kampirravot suv omborida, yo Buxoro kengliklarida o'tkazardi. Yana bir tomoni — bu safarlariga esini tanib qolgan farzandlaridan birini olib borardi. Bolalarning yurt tanishiga, odamlar bilan muomala qilishni o'rganishiga, xarakteri toblanishiga yo'l ochib berardi.

* * *

Ikrom akaning bo'lgani shular emas. Bu insonning do'stlarga, umuman, odamlarga oqibati haqida o'zim guvoh bo'lgan bir-ikki voqeani aytmasam bo'lmas. Zero, u insonlar ham chin dunyoga ketishdi, endi hech narsani o'zgartirib ham, qo'shib ham, unutib ham bo'lmaydi.

Aka bolalar gazetasida ishlab yurganida, xizmat safari bilan Qashqadaryoga borib qoladi va kursdoshi Mahmud Sattorov yodiga tushib, uni izlashga tushadi. Mahmud aka Kitob tumanidagi Navoiy nomli maktabda ishlayotgan, ayni payt­­da changga botib, paxta dalasida yurgan bo'ladi. “RayONO mudiri chaqirtirayapti” deganda hovliqib yugurib borsam, shlyapa kiyib, po'rim bo'lib olgan Ikromjon…” — deya eslar edi haliyam o'sha hayajon bilan rahmatli Mahmud aka. Ikki xil vaziyatdagi kursdosh uchrashadi: biri oddiy qishloq o'qituvchisi, ikkinchisi o'qituvchi borganda qabul ham qilmaydigan mulozim xushomad qilib turgan respublika gazetasining muxbiri. Albatta, samimiy gap-so'zlar bo'lgan va Mahmud aka yuragida cho'kib yotgan g'ayrat o't olib, shubha va ikkilanishlarni bartaraf etib, poytaxtga yo'l olgan. Shaharda ildiz otib ulgurgan kursdosh har jab­hada o'rtog'iga ko'maklashgan. Mahmud Sattorov poytaxtda o'rnini topib, uzoq yillar “O'qituvchi” nashriyotida ishladi, “Adolat” nashriyotida direktor bo'ldi. Fan nomzodi sifatida kitoblar chiqardi, muttasil maqolalar yozib turdi. Ana shu iqbolning ochilishida Ikrom akaning ham kattagina ulushi bo'lgan.

Keyinroq uzoq yillar “Ma'naviyat” nashriyotini boshqargan, filologiya fanlari nomzodi Sunnatilla Ahmedov bilan ham shunday bo'lgan. “Sunnatni G'uzorda hech kim tanimas ekan, — deb eslardi Ikrom aka. — Qidirib topdim. Ishi o'lda-jo'lda. Bir chekkadagi tojik maktabida nari-beri ishlab turgan ekan. “Nima bu yurish? Yur, ketdik…” dedim. O'zida bor ekan, yo'lini topib ketdi”.

Bunday yaxshiliklarni Ikrom aka tamasiz, yo'lida amalga oshirardi. Albatta, uning qalbi “stadion” emas edi, hamma sig'ib ketavermas, tanlab, saralab munosabat bildirardi. Munosabatida munofiqlik, manfaatparastlik yo'q edi. Shu tufayli ham hamma qadr­lardi. Ana shunday fazilatlari akada bir ohanrabolikni yaratgan, yuzaga chiqargan edi. Uni ko'rgan odam beparvo qolmas, hech bo'lmaganda uzoqdan bosh irg'ab salomlashardi va alik o'rnida o'sha samimiy, mayin tabassumni qabul qilardi.

Akaning fayzli xonadonida dilkash gurunglar ko'p bo'lgan, ular shunchaki ko'ngilxushlik gaplari yoki vaqtni uxlatish uchun aytilgan yengil-elpi latifalar bilan o'tmagan, balki jiddiy masalalar ham o'rtaga tushgan. Bitta e'tiborli misol. 1992 yil bo'lsa kerak, akaning tug'ilgan kuni 27 martda to'plandik, gurung o'sha kunlarda tilda ko'p aylanayotgan tarix, buyuk zotlar haqida ketdi. Aka meni davra ahliga tanishtirib, o'tmish mavzusida yaxshi narsalar yozayotganim, hatto yoshlar yurishi uyushtirib, 20 kun safarda bo'lganimni eslatdi. Shunda shoir Sulton Jabbor:

— Mana, Ilhom ham Amir Temur haykalini yaratishni orzu qilib yuribdi, — deb qoldi.

Bundan davra ahli ancha hushyor tortdi va “Bo'lmasa, ikki ijodkor to'rdagi divanga o'tsin-da, o'zaro fikr almashsin”, degan taklif bo'ldi. Shunda Ilhom Jabborovni birinchi marta ko'rdim, suyakdor, yirik odam ekan. Sekin suhbatimiz qo'r oldi. Ilhom aka: “Ko'p haykaltaroshlar ishlagan otga qoyil emasman. Otga o'xshamaydi, obrazga singmaydi”, dedi. Men Yevropada oltindan ishlangan haykalning suratini ko'rganimni, otning beli mayishib turgani, bu chavandozga o'zgacha ulug'vorlik bag'ishlaganini aytdim.

* * *

…Dilkash suhbatlarning poyoniga yetib bo'lmasdi. Ular tugamasa, hayot qadar davom etsa, degan orzu ham bo'lgandir. Ayniqsa, mening qo'shnim, dilbar inson Yo'ldosh Ismoilov — uchalamiz qo'shilib qolsak, bu diydorning bahosi bo'lmasdi. Orada zarracha kibr yo'q, xokisorlik; kayfiyatga yomon ta'sir etadigan qittay harakat zohir bo'lmaydi yoki shunday hol bo'lsa ham e'tiborga olinmaydi. Go'yo kim kimni ko'proq hurmat qiladi, yaxshi ko'radi yoki kimning shaxsiy madaniyati yuksak — xuddi shu tamoyillarni bir-biriga mehr bilan namoyish qilishga o'xshardi bizlarning gurunglarimiz. Yana qachon shunday uch kishi dunyoga keladi, yana ularni taqdir duch keltiradi, ular bir jamoada ishlaydi, bir-birini to'ldirib, go'zallashtirib, umrguzaronlik qiladi?! Hayotning takrorlanmasligi, davrlarning bir-biriga o'xshamasligini qarang. Yoshi katta akalarimning saboqlarini, mening har bir qadamimni qo'llab-quvvatlab, yana oldinga ruhlantirib, bergan baholarini unutib bo'lmaydi.

Rostdan, hamma narsaning chegarasi bo'lishi mumkin, shirinlik jonga tegishi, achchiq sitamlar ham bartaraf bo'lib tugashi mumkin, ammo mehr-oqibatning, o'zaro hurmatning chegarasi ham, intihosi ham bo'lmas ekan. Quyoshning ikkinchi nomi mehr, deb behuda aytishmas ekan. Mehr ham quyoshdek saxiy, tuganmas va poyonsiz ekan. Bugun mo''tabar akalarim bilan muloqotlarim, o'zaro bordi-keldilarim sarhisobi, xulosasi bilan shunday to'xtamga keldim, Ulardan Olloh rozi, joylari jannatda bo'lsin. Binobarin, hamma narsa o'tkinchi dunyoda boqiylik taqchil, jami hoyu havaslar muvaqqat ekan, sog'inchlar hapriqtirganda beixtiyor tashqariga chiqib ketadigan o'sha zalvorli gap tilga kelaveradi: “Bir-birimizni qadrlab yashaylik!” Boshqani qadrlagan odam qadr topar ekan, o'zgani yaxshi ko'rgan odam o'zi ham yaxshi ko'rinar ekan. Qalblarimiz mehr-oqibatga limmo-lim bo'lsin.

Hakim SATTORIY.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + six =