Fermer kuylagan qo'shiq

yoki O'zbekiston Qahramoni Lola Murotova haqida shiyponda yozilgan esse

 

2019 yil Farg'ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Nurli ­obod” fermer xo'jaligi rahbari Lola Murotova Prezidentimiz farmoniga ko'ra O'zbekiston Qahramoni yuksak unvoni bilan taqdirlangan edi.

Oddiy lekin juda mehnatkash qishloq ayolining shu qadar yuksak unvonga loyiq topilishi, davlatimiz, Yurtboshimiz tomonidan e'zozga munosib ko'rilgani nimadan? Bu shunchaki omaddanmi? Yo'q, ona yurtga, elga sadoqat bilan mehnat qilish, peshona teri to'kib odamlarga, elu-xalqqa nafi tegishi tufayligina bu saodatga erishish mumkin ekan. Demak, yurtimizda mehnat qilgan inson baribir kam bo'lmaydi, qadri ulug'lanadi. 

Qadr tuyg'usi shunchalar ulug' kuchki, shunchalar jonbaxsh daryo ekanki, uning yurak tomirlariga hayotbaxsh etdi.

Qorong'u tunlardagi qum bo'ronlari umidlarini ko'ma olmadi, bevaqt yoqqan qorlar irodasini sindirolmadi. Chunki u QADR ko'rdi. Uni el sevdi.

Mamlakat rahbari uni ibrat qilib tilga oldi, e'zozladi. Ko'ksiga O'zbekiston Qahramoni — “Oltin yulduz” medalini taqdi.

Uning zavqi, huzur-halovati paxtazorlarida,bug'doyzorlarida. Uning yurak torlari ko'rinmas tolalar bilan paxtaning, bug'doyning ildizlariga bog'langandek. U qishin-yozin dalasining boshida bo'ladi. Inson sog'lom bo'lishi uchun tonggi havodan to'yib nafas olmog'i kerak. Mayin shabboda esib turgan dalalarda ertadan kechgacha piyoda yurishi kerak. To'g'ri ayol chiroyli bo'lishi shart. Ammo tashqi go'zallik, qalb go'zalligini yeb qo'ymasligi kerak. Faqat tashqi taassurot bilan inson qalbini zabt etib bo'lmaydi. Odamlarning yuragidan joy olish uchun ularga  mana shu bug'doyzordek, paxtazor­dek, suv bilan havodek kerak bo'lish darkor. Inson yashar ekan ko'pchilikning baxtli bo'lishida o'rni bo'lishi kerak. Elning quvonchlari, iztiroblariga daxldor bo'lmog'i lozim. Ha, Lolaxonning quvonchlari ko'p bo'lganidek iztiroblari ham ko'p. To paxta terimga kelgunicha chekilgan mashaqqatlari, to'kkan terlari… Lolaning katta dushmani  g'o'zaga tushadigan shiracha, kapalak qurti, qandala degan zararkunanda hasharotlar. Keyingi yillarda ayni paxta gulga kirganda shira bosadi. Shiraga qarshi takror-tak­ror dori sochiladi.

Sep­ilgan dorilar kor qilmadi. “Pres­tij”, “Trixogramma”, “Oltin kuz”, “Xonqizi”, “Benzasuper”, “Bagira” kabi biomahsulotlar befoyda ketdi.

U dori uchun ishlatiladigan xarajatni sarflab bo'ldi. Bu pullarga bitta traktor sotib olish mumkin edi.   Endi erkin nafas olay deb tursa, bir haftadan keyin yana hasharot g'uvullay boshlaydi. Bu turishda barcha dalalardagi g'o'zalar nobud bo'ladi. O'sha vaqtlar  Lolada uyqu yo'q. Zararkunandalarga qarshi biomahsulot yetishtirib beradigan xususiy biofabrikalar  ojizlik qildi. Mo'ri malaxdek yopishgan hasharotni nahotki, yo'q qilish uchun ular biron ixtiro qilolmaydi.  Qancha desa shuncha pul berishga rozi bo'lsak, axir zaharli dori uchun ham pul to'la­yapmiz-ku.  Lola Murotova so'nggi chorani qo'lladi. Endi odamlarga naqd pul berib, qurtlarni terdirishini e'lon qildi. O'z ishchilariga ham, ko'ngillilarga ham bir dona kapalak qurti uchun 500 so'm beradigan bo'ldi. “Bu turishda hisobimizda bir tiyin ham qolmaydi” — deb dodlaydi, hisobchi Komiljon Rustamov. Bir kunda 5 milliongacha, natijada 260 million so'm pulni kapalak qurti teruvchilarga berildi. Xazinadagi mablag' sarflab bo'lindi. Dalalar tozalandi. Ammo Lolaxon deyarli har kuni g'o'za qator oralarini birma-bir ko'zdan  o'tkazadi. Nihoyat o'n besh kun o'tdi. Ming bir qo'rquv  ortga chekindi. Barcha dalalari toza chiqdi. Yam-yashil g'o'za yaproqlarini ko'zga surtar ekan, keng dalaning o'rtasida Ollohga iltijo qila boshladi: “Ey, Yaratgan Egam o'zing ahvolimizni   ko'rib turibsan. Ko'pning rizqini  asragin!”. Lolaxon shu so'zlarni aytib yig'lar ekan,  oq durrachasini boshidan olib ko'zlariga bosdi. Ro'mol yechilgach, yelkalariga shov etib qum to'kildi, gavhar sochlari sirpanib yelkasi uzra tushdi.  Sochlaridan taralgan muattar bo'y keng dalalarni jannat iforlariga g'arq etdi.

Lola — u  dalalarsiz umrini tasavvur etolmaydi.  Chunki uning hayoti hali tug'ilmasidanoq,  mana shu muqaddas dalalar bilan bog'lab qo'yilgan edi.

* * *

Dalada kuni bo'yi ishlaydigan Ne'matjonning xayoli uyida. Ayoli Naimaxon og'ir oyoqli. Bugun-erta ko'zi yoriydi. Shunday paytda uning yonida bo'lolmagani uchun Ne'matjonning vijdoni qiynaladi.  Ayoli — uning bu dunyoga kelib topgan baxti. Ne'matjon ayolini erkalatib, azamatim deydi. Garchi bu so'z mard erkaklarga nisbatan ishlatilsada, Ne'matjon xotiniga shu so'zni loyiq ko'radi. Chunki Naimaxon ba'zi erkaklar eplay olmaydigan ishlarni imi-jimida bajarib qo'yadi. Masalan: uylarining tomini suvab, qishga tayyorgarlik ko'rish, devorni yiqilgan joyini g'isht terib-tiklab qo'yish kerak. Ammo Ne'matjonning vaqti yo'q. Dalada ishlar ko'pligidan, bir haftada bir borib farzandlarini ko'rib kelolmaydi. Shunday paytlarda Naimaxon, qachon erim kelib bu ishlarni bajaradi? — deb qarab o'tirmasdi. Bir mahallada yashaydigan ukalarini yordami bilan suvoq ishlarini bajarib, devorlarni oqlab qo'yadi. Tandir qurishmi, pechkani ta'mirlashmi? Barchasi qo'lidan keladi. Hovlilarni guldek qilib, Ne'matjonning kelishini bayramdek kutib oladi. Naimaxonga ko'ngil qo'ygan paytlarida, uning vas­li-visoliga yetaolarmikinman deb, savdoyi bo'lib qolishiga oz qolgan edi. Chunki Naimaxonlarning uyi yonida har kuni sovchilar minib kelgan otlar bog'liq turar edi. Ollohga shukur, Naimaxonning otasi ne-ne otliqlarga emas, Ne'matjonning sovchisiga rozilik berib jo'natdi. Ha, yigitga omad uch marta beriladi, deydilar. Birinchi omadini Ne'matjon shunday quvonch bilan kutib oldi.

Tun yarimda dala ishlaridan tinka madori qurib, shiyponda suvchilar qatorida uxlab qolgan Ne'matjon tush ko'ribdi. Tushida  Naimaxon ot minib, quchog'ida bir dasta lolalar bilan turgan emish. Mana otasi tog'dan lola olib keldim — deb, jilmayar emish. Ne'matjon avaylab qo'lini uzatgan ekan, Naimaxon unga “Qo'rqmay mahkam ushlayvering, bu lolalar oltindan, sinib qolmaydi”, — der emish.

Uyqudan qushdek yengil bo'lib turgan Ne'matjonga haqiqatan ham o'sha kuni qishloqdan xushxabar keldi. Ayoli qiz ko'ribdi. Naimaxon ham chaqaloq ham sog'-salomat ekan. Daladagi do'stlari Ne'matjonni tabriklashdi. Quvonchdan terisiga sig'mayotgan Ne'matjon cho'l bilan qishloq o'rtasida qatnab turadigan aravakashga “Naimaxonga ayt, katta qo'chqorni so'ydirsin. Chaqaloqning ismini Lola qo'ysin tushundingmi? Lola deb, qo'ysin!” — dedi. Atrofdagi mehnatkash, oqko'ngil do'stlari ham xursand edilar. Chunki hammasi uning xosiyatli tush ko'rganini eshitishgan edi.

“Qapchig'ay” qishlog'i Oltiariq tumanidagi tug'ruqxonadan ancha uzoq. Agar transport kutib o'tirmay dala yo'lini kesib o'tilsa, bir soatlik yo'l.  Do'xtirlardan ruxsat tekkach, Naimaxon chaqaloqni ko'tardi-da yam-yashil dala yo'lidan uyga qarab odimladi.

Chaqalog'i dunyoga kelgan kun uyidagi qo'yi birato'la beshta tug'ibdi. Tug'uruqxonaga ketayotganida, uylaridan oltita uy narida yashaydigan opasiga sovliqdan xabardor bo'lib turishni tayinlagan edi. Qizalog'i Lola tug'ilgan kun, uni ko'rishga kelgan opasi “Naimaxon shu kechasi men ham sening qo'yxonangda doyalik qilib chiqdim. Sov­lig'ing egizak tug'di” — dedi. “Voy sizdan aylanay opajon, qo'yim ikkita tug'dimi? — dedi Naimaxon quvonib. “Ko'p so'ra-so'rayver — dedi opasi. “Uchtami”? — so'radi Naimaxon. “Ko'p, so'rayver” — dedi opasi. “To'rttami?. “Qo'rqmay so'rayver”, “Beshtami? bo'lishi mumkin emas” — dedi Naimaxon.  “Ha, Naimaposhsha qizingni qadami qutlug' ekan” — dedi opasi. “Qo'yim beshta tuqqan bo'lsa, ulardan bittasini avliyo­larga atadik” — dedi Naimaxon  quvonib.

Turfa rangli chechaklar bilan o'rangan dala yo'lidan yangi tug'ilgan chaqalog'ini ko'tarib, baxtiyor ketayotgan ayolning oyog'ida eskigina kalish bo'lsa-da, ustidagi ko'ylagidan jannat anbarlari  ufurib turar edi. Qo'lidagi chaqalog'i bilan esa nafaqat  Farg'ona bahoriga, balki,  Yer yuziga ko'rku chiroy bag'ishlab borar edi u.

Tashlandiq yerlarni o'zlashtirib, ekishga tayyor bo'lgandan keyin Ne'matjon uyga qaytdi. Darvozasi yonida uni bir etak bolalari va qo'lida chaqalog'i  bilan Naimaxon kutib oldi. Chaqaloqni bag'riga bosib, Ne'matjon nuqul “Lolam mening, oltin Lolam” der edi.

Oddiy dehqon oilasi. Mol ayvonida ikkita sog'in sigir, qo'ylar va beshta qo'zichoq. Ayolining ko'zida tuganmas baxt balqiydi. Ne'matjon bolalarini birin-birin quchib, yuz, ko'zlaridan o'pib chiqdi. Naimaxonning esa ko'zlariga termulib qoldi. Ular  bir-birini so'zsiz  tushunishar, nigohlari bilan ardoqlashishar va qutlashar edilar. Shuning uchunmi taqdir ularni tuganmas saodatlar bilan siyladi. Uzoq va baxt­­li umr kechirishdi. Qo'llaridagi chaqaloq esa o'sib-unib kamolga yetdi. Oltindek bebaho, oltindek qadri baland bo'ldi.  Mustaqillik davriga kelib, u — O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan qishloq xo'jaligi xodimi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo'jaligi rahbari, O'zbekiston Qahramoni Lola  Murotova bo'lib tanildi.

* * *

Lola bolaligidan ota-onasini duo­sini olishni, kattalarni og'irini yengil qilishni, kichkinalarni sevintirishni yaxshi ko'rardi. Yetti yoshligidayoq, shaxsan o'zi parvarishlaydigan ikkita qo'yi bor edi. Sakkiz yoshida qo'ylari to'rtta bo'ldi. Maktabda a'lo baholarga o'qir, raqs va sport jonu-dili edi. To'qqiz yoshida qo'ylari sakkiztaga ko'paydi. O'n yoshida egizak tuqqan qo'ylari sabab, qo'ylarining soni yana o'n beshtaga ko'paydi. “Qizi o'nga kirdi, onasi songa kirdi”, degan gap bor xalqimizda. Lolaxonning har qadami qut-barakali bo'lib borardi. O'n besh yoshidan kajavali mototsiklni  bemalol minib, erta sahardan to-maktab vaqti bo'lguncha daladan o't-o'lanlarni terib, mol, qo'ylarga tashlab qo'yishga ulgurardi. O'ninchi sinfda o'qib yurgan paytida mexanizatorlar tayyorlash kursiga qatnab, imtihonlarni a'lo baholarga topshirdi. O'ninchi sinfni bitirgach, Toshkent shahridagi “Pedagogika va industriya” bilim yurtini bitirib, Oltiariqqa qaytdi.  Endi uning qo'lida yoshlarga texnikadan saboq berishi mumkinligini tasdiqlovchi hujjat bor. Ammo Lolaxon yana dalaga chiqib ketdi. Avval yordamchi mexanizator, sinovlardan a'lo darajada o'tgach, mexanizator bo'lib ishlay bosh­ladi. Uylarida sog'in sigirning soni yigirma yettitaga ko'paydi. Endi u, erta saharda onasiga sigir sog'ishga yordamlashardi. Saraton oftobida otasi va akasi bilan cho'lga borib mollarga qish­lik yemish-yantoq yig'ib kelardi. O'n sakkiz yoshida zveno boshliqligidan, brigadir lavozimiga ko'tarildi. U uzoq yillar otasidan dehqonchilik sirlarini o'rgandi.  Lola o'n to'qqiz yoshidayoq  “Yerni boqsang, yer seni boqadi” degan hikmatning ma'nosiga yetgan edi. U  endi o'z brigadasi hududidagi yerlarni serhosilligi ustida qayg'ura boshladi.  Ne'matjon aka va Naima opalar qizining quvonch va tashvishlariga sherik edilar. Ular bahordan to-kech qishgacha, dalaga ko'chib chiqadigan bo'ldi. Ammo nailoj turg'unlik yillaridagi paxta yakkahokimligi bu mehnatkash oilaning ham kosasini oqartirmadi. Sigir, qo'ylarini dalada boqishga yo'l  qo'yilmadi. Paxtazorga sepilgan dorilar tufayli egatlardan terilgan o'tlarni mollarga berib bo'lmas edi.  Qo'shimcha daromadni, noqonuniy daromad deb, bechora, jo'jabirday jon oilalarga, kech kuzda soliqchilar kelib, katta-katta jarima sola boshladi. Soliqchilar hovlilarda daraxtlarni sanar, molxona-yu, qo'yxonalardagi jonliqlarning hisobini olar, hatto, parrandalar qancha tuxum berayotganini ham xom cho'tga solardilar. Bu harakatlardan maqsad: xalq boyib ketishining oldini olish edi.

Elga kelgan to'y, deya chidadilar.  Lolani endi yildan-yilga xastalanib, qarib borayotgan ota-onasining sog'lig'i tashvishga sola boshladi.  Mehribonlarini qarigan chog'ida dardiga malham bo'lishni istar edi u. Buning uchun yanada berilib ishlar, do'xtirlar nima desa, o'shani topib berish uchun mablag' yig'ishga jon-jahdi bilan tirishar edi.

Ota-onasining umri ham shu dalalarda kechdi. Kolxozlar tugatilib, shirkat xo'jaligiga aylantirilganda, ularning xo'jaligiga “Nurli obod”, deb nom berdilar.  Lolaxon olti yil shirkat xo'jaligiga rais bo'ldi. Har yili  o'ttiz besh sentnerdan hosil olishgacha erishdilar. Fermerlik harakati bosh­langach, avval iqtisodi zaif shirkat xo'jaliklar, asta-sekin ko'rsatkichlari yaxshi bo'lgan shirkat xo'jaliklari fermer xo'jaligiga aylantirildi. 2006 yildan boshlab Lolaxon “Nurli obod” fermer xo'jaligini mustaqil boshqara boshladi.

Cho'l, baribir cho'lda.  Kutilmaganda to'zon turadi.  Kutilmaganda quyun ko'tariladi.  Soatlab sap-sariq chang tarqamay turadi. Yovvoyi cho'l deb, shuni aytishar ekanda. To'zon to'xtagach, yana ishlarni davom ettirishaveradi. Cho'l ham  endi Lolaxonning  qadrdoniga aylangan. Uning ustozlari: ota-onasi va uzoq yillar rahbar bo'lib ishlagan Habibullaxon Yusupov­lar cho'lning fe'l-atvorini o'rgatishgan. Otasi esa rahbarlar topshirgan topshiriqni a'lo darajada bajarish kerakligini doim uqtirgan. Viloyat yoki tuman hokimi biror topshiriq bersa, oldiga mingta muammoni ko'ndalang qilma!   Ular bilan mushtni bir yerga urish kerak.

Ishonch Lolaga shunday kuch berdiki, go'yo u tog'ni ursa talqon qiladigandek sezar edi, o'zini. Mamlakatda fermerlik harakati keng quloch yozdi. Ha, endi o'zingni ko'rsatadigan vaqt keldi — dedi u o'ziga-o'zi.

Lola endi, mehr bilan ishlay bosh­ladi. Yonida, qiyinchilik kunlarida uning halolligi, mehnatkashligini hurmat qilgan odamlari, uzoq yillardan buyon birga ishlab kelayotgan sodiq ishchilari qoldi. Xayriyat uni sotmaydigan, og'ir paytda  xiyonat qilmaydigan, tashlab ketmaydigan odamlar bor. Faollar yig'ilishida unga yana yangi yerlarni o'zlashtirish vazifasini yukladi. Eng og'ir hududlarni aytib, o'sha yerga borasiz, obod qilasiz  deb  topshiriq berildi. Oh, yana qum, yana tosh… Pichoq kelib suyakka qadalgan holda Lola o'rnidan turdi va nihoyatda keskin ovozda “Mayli o'zlashtirilmagan yerlarni olishga roziman, serhosil qilaman, ammo barakaga kirgandan keyin o'sha yerlarga xo'jayin bo'lib birorta tayyorxo'r boradigan bo'lsa, oyog'ini urib sindiraman” — dedi. Atrofda uning zahmatli va og'ir mehnatini tushunganlar o'rinlaridan turib qarsak chalib yuborishdi. Lola hokimiyat eshigidan chiqib ketayotganida ham qarsaklar tingani yo'q edi. U traktoriga  o'tirdi-yu, oq durrachasini yuziga bosib o'ksib-o'ksib yig'ladi. Boshidan ro'moli yechilgach, Lolaning haydar kokillari shovullab yelkasi uzra tushdi. Oradan qanchadir vaqt o'tgach, u ko'z yoshidan ho'l bo'lgan ro'molini shahd bilan bog'ladida, dalaga, jamoa a'zolari  oldiga ketdi. Negadir go'dakdek avaylab parvarishlagan tutzorlari yonidan o'tayotib, yana o'ksib yig'ladi. Endi uning tovushini hech kim eshitmaydi. Tutzor oralab oqayotgan ariqcha oldida traktordan tushib, ancha kamayib qolgan, ammo, muzdek suvda yuz-qo'lini chayib oldi. Bu dekabr oyining oxirlari edi. Yangi yil eshik qoqmoqda edi. Kelayotgan yangi yilning qutlug' yil bo'lajagini Lolaning yuragi sezar edi. Albatta hammasi yaxshi bo'ladi. Axir shu paytgacha nimani orzu qilgan bo'lsa hammasiga erishdi.

…Erta tongda  otasini va to'rtta ishchisini olib aytilgan dalalarni ko'rgani bordi. “Tashlandiq cho'lning ham tashlandig'i-yu” — deb yubordi, traktorchi Maqsudali Xudoyqulov. Ahvol ular o'ylagandan yuz baravar og'ir edi. Cho'ldan qaytar ekan barchaning kay­fiyati tushib ketdi. “Hech qisi yo'q, ko'pi bilan ikki, uch yilda bu yerlarni serhosil yerlarga aylantiramiz. Shunday oromijon joyga aylantiraylikki, kelganning ketgisi kelmay, ko'rgan odamlar lol qolsin. To bu yerlarda obodonchilik bo'lguncha nechta bo'lsa shuncha qo'ylarimni so'yib, kerak bo'lsa har kun eng tansiq taomlar bilan cho'lquvarlarni ziyofat bilan siylayman”, — dedi  Ne'matjon ota.

Lolaxon ertasi kuni ham, indiniga ham jiyani bilan birga cho'lni aylanib reja tuzib yurdi. Biri katta, biri kichik ikki tepalik o'rtasida kimdir qurib tashlab ketgan, necha yillik qor va yomg'irlar ostida nurab ketay deb turgan bir uycha va bir kichkina dahlizcha turardi. Buni kim  qanday niyat bilan qurgan? — deya Lola o'ylanib qo'yardi. Uycha yoniga bir kun, bir nuroniy otaxon keldi. U ancha dadil ko'rinadi. Ot minib olganiga qaraganda yoshligida pahlavon bo'lganligi ko'rinib turar edi. Otaxon shu yerlarda qo'y boqib yurar ekan. Salom-alikdan so'ng “Qizim bir necha kundan buyon shu yerlarda kuymalanib yuribsiz, so'raganni aybi yo'q, nima maqsadda yuribsiz” — deb so'radi. “Ey otajon, bu yerlarni obod  qilmoqchiman. Mo'l-ko'l hosil olib, mana bu tepaliklar o'rniga paxta xirmonlarini tik­lamoqchiman. G'allazorlar shovullab turadigan rizq­-ro'z dalalariga aylantirmoqchiman. Albatta sizga o'xshagan piribadavlatlar duo bersalar” — dedi Lolaxon charaqlab. “Baraka top qizim, barakalar top!  Ammo bu yerlarni obod qilaman deb, ne-ne sarlochinlar  kelib ketmadi. Bittasi manavi chor devorni ham tikladi.  Biroq chiyabo'rilarning tungi chiy-chiylaridan asab kasalligiga uchrab, bu yerdan ketib qoldi. Sening ruhing baquvvatga o'xshaydi.  Sen eplaydiganga o'xshaysan. Hukumat yordam berar ekanmi?” — deb so'radi. “Ha, otajon, hozir mustaqillik zamoni. Oltiariq tuman hokimi  — yordam kerak bo'lsa berishga tayyormiz demoqda”, dedi Lolaxon. Unday bo'lsa bo'sh kelma!  Kecha-yu, kunduz biz keksalar duodamiz” — dedi otaxon. Otaxonning duosidan so'ng qushdek yengil bo'lgan Lolaning ko'zlariga bu dalalar yanada qadrdon ko'rina bosh­ladi. Ertasi kuniyoq tuman hokimi bilan maslahatlashib kerakli texnikalarni olib cho'l tomon haqiqiy yurish boshlandi. Eng avval tashlandiq uyni ta'mirlab, ustini shiferlab qo'­yishdi. Yonidan oshxona, traktorchilar uchun alohida xona qurildi. Dekabr edi. Havo sovuq bo'lishiga qaramay, qo'llariga qo'lqop kiyib ishlayotgan quruvchilarga qarab, zavqing keladi. Yer zax bo'lgani uchun xonalarga stol-stul va kravatlar olib kelindi. Pechka qurilib, usti oqlanib, olov yoqib, choy qaynatib ichilganda hamma xuddi birinchi g'alabani qo'lga kiritgandek xursand bo'lib ketdi. Yangi yilgacha bib-binoyi cho'lquvarlar uyi tayyor bo'ldi. Ne'matjon ota katta qo'chqorini shu yerda so'ydirib,  ikki kilogramdan barchaga bo'lib berdi.

…Tajriba almashish yig'ilishlarida ishtirok etdi. Tenderda qatnashib, yutib chiqdi. Ko'pchilikning roziligi bilan fermer xo'jaligining nomi ilgarigi shirkat xo'jaligiga berilgan “Nurli obod” bo'lib qoladigan bo'ldi.  Ha, “Nurli obod” bo'lib qolaversin, kelajagi ham nurafshon, yorug', obod, barakali bo'lsin.  Nurdek hech so'nmasin. Ko'ngillarni ham,  yo'llarni ham yoritib tursin,  o'yladi ich-ichida Lolaxon.

Lolaxon  traktoriga o'tirdi-yu, keng dalaning qoq o'rtasida to'xtadi. “Ollohim faqat o'zing guvohsan chekkan azob­larimga, men shon uchun yoki ortiqcha pul, davlat uchun ayol boshim bilan bu dashti biyobonlarda yurganim yo'q. Or uchun yuribman. Erkak bo'lmasamda ba'zi erkaklardan g'ururlidirman. Ha, men Lolaman tog'u toshlar orasida yal-yal yongan bahor lolasi. O'zing meni beraringdan qismagin, Tangrim!”.

Ikkita suv chiqaruvchi nasosim bor. Bitta nasosimni muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat byujetiga o'tkazib berdilar. Mana shu shiyponni 1984 yil kelib qurganimda bu yerlardan o'tayotgan odamlar  attang deganday bosh  chayqab o'tardilar. Soyasida o'tirganimiz gujum daraxtlarini uch marta qayta ekdim. Nihoyat ko'kladi, ildiz oldi. Olmalarim hosilga kirib, uzumlarim meva bera boshlaganiga ham necha yillar bo'ldi. Bu shiypon emas. Ofis-shiypon.  Amerikadan, Germaniyadan kelgan olimlar, qishloq xo'jaligi mutaxassislari ham  OKEY deb ketishdi.

…Men bu dalalardan ketolmayman. Yozda g'o'zalar bilan suhbatlashaman. G'o'zalar mening bolalarimdek gap. G'o'za nihollariga jarohat yetsa o'zimga jarohat yetgandek butun a'zoi­ badanim, yuragim zirqiraydi. Dalalarimdagi   bug'doy boshoqlari mening so'zlarimni tushunadi. Men ularning rangiga qarab ahvolini anglayman. Agar ular sog'lom bo'lsalar shovullab turadi. Agar biror kasallik paydo bo'lsa, ovozlari bo'g'iq chiqadi. Darhol chorasini izlaymiz va topamiz.

…Bir marta uning haydar kokillari ro'molidan sirpanib traktorining oyoqlariga tushib turganini ko'rdim.  Qadim bir dostonda  ot ustida ketayotgan sohibjamol malikaning sochlari yechilib ketib, avval otining yollariga, undan osha tushib yerga tekkani ta'riflangan edi.   Lolaxonning o'sha turishi dostondagi malikaning holatini eslatdi. U traktorida o'tirib olib qandaydir bir muruvvatni tuzatish bilan ovora. Men uni uzoqdan kuzatib pichirlayman: boshing toshdan bo'lsin saratonning qirq daraja issig'ida dala kezganim,  qahraton qilichini qo'li bilan qayirganim, sabrida muzlarni sindirganim, qorlarga qalov topib yondirganim, cho'llarni bo'ysindirganim. Toshlar orasida ochilgan Lolam — chidamliligim. Qadr malikasi – O'zbekiston Qahramoni.

Zulfiya MO'MINOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 11 =