Vatan

ko'kragingda gullaydi qiyg'os

Abdusaid KO'ChIMOV

Muallif haqida:

Abdusaid Ko'chimov Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug'ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi O'zbekiston milliy pedagogika universiteti)ning o'zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil olgan.

Mehnat faoliyatini bolalar gazetasida boshlagan ijodkor O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, O'zbekiston teleradiokompaniyasi va boshqa yuqori idoralarda turli mas'ul vazifalarda mehnat qilgan.

Hozirda O'zbekiston Milliy axborot agentligi (O'zA) Bosh direktori vazifasida ishlaydi.

Adibning “Kashfiyotchi bolalar”, “Mening O'zbekistonim”, “Toshburgut”, “Mening yulduzim”, “Chanoq”, “Halqa”, “Ikki bahor”, “Umid daraxtlari”, “Qiyofa”, “Yosuman”, “Muhabbat bog'lari”, “Safar”, “Qor”, “Bahor”, “Men shoirman, istasangiz shu…”, “Binafsha”, “Qayta tug'ilgan bola” singari o'ttizga yaqin she'riy va nasriy kitoblari nashr etilgan.

Abdusaid Ko'chimov “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni, “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoni bilan taqdirlangan.

O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi.

Besh tashabbus, besh g'oya

 Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan taqdim etilgan 5 muhim tashabbus mamlakat hayotida katta voqeaga aylanib ketdi.

Gazeta xabaridan.

Yog'moq uchun yomg'irlar,

Irmoqlar kulmoq uchun;

Ko'klamoq uchun qirlar,

Daryolar to'lmoq uchun;

Bir guldurak, bir chaqmoq

Bo'lgan kabi kifoya.

Dunyoga ochdi quchoq –

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Orolda berdi jilo

Bo'kadan taralgan nur.

Sayxun, Jayhundek go'yo –

Qalblarda toshdi surur.

 

Mahobatli bu to'lqin

Endi bilmas  nihoya;

Quyoshdek  sochgay yolqin –

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Saflar boshida lov-lov

Jilolangay mayoqlar.

Dillarda yondi olov,

Nurlandi ishtiyoqlar.

Bugun do'st – do'stga qanot,

Bugun do'st – do'stga qoya.

Har botirga duldul ot –

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

O'zbekiston uyg'ondi,

Uyg'ondi mudroq ko'zlar.

Oy nuriga chulg'andi

Osmon to'la yulduzlar.

Endi shiddatimizga

Bulutlar solmas soya.

Tog'day tayanchdir bizga

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Bo'lmoq uchun mukammal,

Quchmoq uchun samoni;

Qurmoq kerak eng avval

Ko'ngil degan dunyoni.

Ko'ksiga qo'ngay yulduz,

Kimki  qilsa rioya;

Yolqin ilhom, yoniq so'z,

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

San'atsiz hayot – kuybat,

Ilmsizlik kulfatdir.

Bahonalar hammavaqt

Tanballarga ulfatdir.

Yolg'onlarni so'ldirgay,

Aldovlar endi zoya;

Illatlarni o'ldirgay

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Barcha hamohang bo'lib,

“O'qing!” degan xitobga;

Yuraklar shavqqa to'lib,

Qaytayotir kitobga.

Bu qudratli yolqinlar

Bilmas endi nihoya.

Faqat yuksakka undar

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Ishlasang-u, bilmasang

Dam olishni, hordiqni.

Bo'yningga ossang beshan,

“Nodon” degan yorliqni;

Kimga kerak  bu sitam,

Bunday mahzun hikoya?

Chek qo'ymoqda bunga ham,

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Ko'rsatgaylar yana bo'y,

Navoiylar, Sinolar.

Mulla To'ychi chalgan kuy,

Bo'lgay  doston, kinolar.

Jahoniy minbarlarga

Chorlab  poyama-poya;

Etaklar zafarlarga,

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Bugun tog'dan toshgacha

Boshqachadir na'rasi.

Shovullaydi boshqacha

Sangardak sharsharasi.

Muhtasham qasrlarga,

Muborak zarrin loya,

Teng bo'lgay asrlarga

Besh tashabbus, besh g'oya.

 

Yurtimizda, alqissa,

Mumtoz kurash boshlandi.

Qo'shay, deb unga hissa,

Alp qadamlar tashlandi.

Hammamizga har damda,

Ham quvvat, ham himoya;

Qanot  yozar olamga

Besh me'moriy cho'ng qoya:

—  Besh tashabbus, besh g'oya!

27.05.2019

 

Qo'llasin

 

Elboshim, Sizni bu tong zarrin ma'volar qo'llasin,

Shosh sari  Zomin osha, uchgan  sabolar

qo'llasin.

 

Qo'llasin O'riklisoy,

daryoyi Sangzor jo'sh urib,

G'ovsul A'zam, Nur ota, Zangi bovolar

qo'llasin.

 

Chiqdingiz bog'lab kamar,

og'ir safarga jahd ila,

Duch kelib qolganda yov – yovqur daholar

qo'llasin.

 

Yo'lingizda yo'lchiroq bo'lsin

sadaf sayyoralar,

Qo'llasin Odam ato, Momo havolar

qo'llasin.

 

Har niholu har giyoh Sizga hamdam,

hamqadam,

Qumrilar chappar urib aytgan navolar

qo'llasin.

 

Qo'llasin, mehru vafo,

orzu-umid karvonlari,

Tog'u tosh, chashma, buloq – mehrigiyolar

qo'llasin.

 

Shu Vatanga jonfido  bo'lmoqqa shaysiz

har nafas,

Joningizga jon bo'lib, joni fidolar

qo'llasin.

 

Elboshim deb ahli yurt kunu tun qilgay duo,

Elboshim, daryo bo'lib oqqan duolar

qo'llasin.

1.02.2017.

VATAN

 

Vatan nimadir, deb so'raysan, ajab…

Ta'riflab bo'lgaymi ona sutini?

Javob qidirmagin ko'kka mo'ltirab,

Vatan osmonlarda yotmas berkinib.

Bir parcha hovlingni iforga ko'mib,

Bir parcha hovlingni yashnatib beshan –

Saharda sehrli o'ylarga cho'mib,

Gurkurab turguvchi rayhoning – Vatan.

Ishkomda marjonday yaltirab yal-yal,

Husayni labidan tomgan boldir u.

Zangori sohilda kelinchak misol

Suzilib turguvchi majnuntoldir u.

Nozik novdalarni opichlab turgan

Namozshom gulining ko'zi ham Vatan.

Yolg'iz saksovulning tomiri cinggan,

Yalangto'sh cho'llarning tuzi ham Vatan.

Dalangda barq urib o'sgan har giyoh,

Har erka maysaning nozidadir u,

Tanbur navosidan chiqqan mahzun oh,

G'anijon Toshmatning sozidadir u.

Sira ko'rganmisan, quyosh botar chog'

Alvonga bo'yalar jilg'alar rangi.

Alomat g'ovurga ko'milar qishloq,

Dimoqni qitiqlar podaning changi.

Ikki qop somonni eshakka ortib,

Angardan qaytadi otang piyoda.

Zumda dasturxonga kiradi tartib,

Shirin jaranglaydi choynak-piyola.

Musicha solgandir ayvoningga ko'shk,

Balki, qaldirg'och ham qurgan koshona.

Qushchalar har sahar kuylagan qo'shiq,

Vatandir muqaddas, mumtoz, yagona.

Yaqinroq ko'rmoqni istasang yana,

Yo'ng'ichqa guliga yuzlaringni bos.

Osmonga tikilib yotsang jimgina,

Vatan ko'kragingda gullaydi qiyg'os.

Yo yarim kechada ma'vodan tushib,

Tomda yonboshlagan yulduzlarni ko'r,

Yuraging daryoday ketmasmi jo'shib?

Vatandir shu tuyg'u – samoviy surur.

Vatan nimadir deb so'rama, inim…

11.07.2012

 

Bu oqshom

 

Ko'k toqida yulduzlar, sayron bo'ldi

bu oqshom,

Tog'lardagi qor, muzlar, hayron bo'ldi

bu oqshom.

 

Bulutlarni tebratib,  raqsga tushdi shamol,

Yeru samoga  hilol, sulton bo'ldi bu oqshom.

 

Qordek  duv-duv to'kildi

olcha gulin barglari,

Olcha gulin barglari xirmon bo'ldi

bu oqshom.

 

Ko'm-ko'k niliy samoda yuz berdimi zilzila?

Somon  yo'li ko'pirdi – to'fon bo'ldi

bu oqshom.

 

Soylar – soyga, daryolar

qo'shilgandek daryoga,

To'lqin-to'lqin dengizlar ummon bo'ldi

bu oqshom.

 

Baxt bog'ida chechaklar yashnab yal-yal ochildi,

Baxt gulshani chamanzor – bo'ston bo'ldi

bu oqshom.

3.02.2020

 

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Orzu bilan oboddir dunyo,

Muhtashamdir shonli kelajak.

Fayoz bo'lgay ertamiz, ammo

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

O'! Bilaman, mulki aldovdan

Zada bo'ldi ne-ne pok tilak.

Ozod bo'lding sur-sur – so'rovdan,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

O'tdi, gina zamoni o'tdi,

Chinni qushday bo'lma jonsarak.

Yonsin, yondir qalbdagi o'tni,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

O'yla, bolang – qora ko'zingni,

Suyanchtog' bo'l – qoyadek tirgak.

Unutmagin ammo o'zingni,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Fermerdirsan, tadbirkorsan yo,

Posbondirsan hushyor va sergak.

Ertang uchun kuyib-yon, ammo

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Ishla, dam ol, parvozga shaylan,

Quchoq ochsin osmonu falak.

Nurga boylan, yulduzga aylan,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Erta tur-u, mayli, kechroq yot,

Senga bo'lsin har gul, har chechak.

Senga bo'lsin pursafo hayot –

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Go'ro'g'liday sardor, sor-lochin,

Alpomishday sherdil, sheryurak;

Malohatga ko'milsin ochun,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

Obod bo'lsin ro'zg'oring, uying,

Obod uyga tushsin kelinchak.

Kam bo'lmasin birovdan to'ying,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Boshga ko'tar O'zbekistonni,

Ulug' bo'lgay ertamiz, beshak.

Shu zaminga baxsh ayla jonni,

Bugun yaxshi yashashing kerak!

 

Bugun hamma-hammadan hushyor,

Bugun hamma-hammadan sergak,

Bugun baxtli, bugun baxtiyor –

Bugun yaxshi yashashing kerak…

24.02.2019

 

Yuksaklik

 

Tog'larga chiqmoqni kim qilmas havas,

Cho'qqiga intilmoq insonga xosdir.

Ammo  qor, bo'ronga chidab  har nafas,

Yuksakda turmoq ham oson emasdir.

 

Bir nihol ekdingmi?

 

Bir nihol ekdingmi Vatan bog'iga,

Mehringni to'kdingmi cho'l, yantog'iga,

Gullarga chang, g'ubor qo'ngan chog'ida

Arta biloldingmi changu g'uborni,

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Bitta g'isht qo'ydingmi maydonlariga,

Bir vassa o'ydingmi ayvonlariga,

Bir misra qo'shdingmi dostonlariga,

Kurab tashladingmi tomlardan qorni,

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni,

Kimdir buzib ketsa sarvar yo'llarni,

Kimdir ezib ketsa muztar dillarni,

Duosin oldingmi mehrga zorni,

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Urush-janjallarga xamirturushlar,

Illatfurushlaru millatfurushlar

Afif osmoningga qilsa xurujlar,

Hosud haqirlarga tikdingmi dorni,

Desalar, yurtdoshim, javobing bormi?

 

Javobing bo'lmasa mumtoz-mukammal:

Qo'lingda zulfiqor, belingda kamar,

Duldul tulporingga yor bo'lsa qamar –

Yo'ldoshing sab'ai sayyor bo'ladi,

Muqaddas javobing tayyor bo'ladi.

 

Tanti o'zbek

 

Saxovatli saxiy kuzdek

Saodatli eldir o'zbek.

Buqa bo'yin – manmanlarga

Parvo qilmas janda-bo'zdek.

 

Jahondagi biron millat,

El-ulusdan yo'qdir kami.

Yulduzlardek boqiy qudrat –

Ajdodlarin qutlug' sha'ni.

 

Bobolarin qancha xalqlar

Bizniki deb talashadi.

Bunday sharaf – shoyon taxtlar

O'zbekka xo'p yarashadi.

 

Azal-abad sochar yog'du

“Avesto”dek bo'stonlari.

Jasoratga jasur ko'zgu

“Alpomish”dek dostonlari.

 

Do'stlariga mehri quyosh,

Do'stlariga qurbon joni.

Pashsha kabi ezar bebosh,

Allop-qallob, bevafoni.

 

Havas bilan boqar dunyo

Tog'day ko'rkam savlatiga.

Dur mahliyo, nur mahliyo

O'zbekiston davlatiga.

 

Ne-ne fotih, ne-ne xoqon

Sinab achchiq omadini;

Ega olmay tutdi motam

O'zbekning alp qomatini.

 

Shijoatda dovqur-lochin,

Burgut ko'zlik, qilich so'zlik.

Egilsa ham salom uchun

Egiladi tanti o'zbek.

 

TOPOLMASSAN

 

Ko'kda Cho'lpondek  nurli,

Cho'lponni topolmassan,

Somon yo'lidek sirli

karvonni topolmassan.

 

O'riklar g'arq gullagan

chamanzordir kahkashon,

Olamda bunday latif

bo'stonni topolmassan.

 

Gulzora bog'bon izlab, bo'lma ovorayi jon,

Quyosh kabi mehribon

dehqonni topolmassan.

 

Qizil gullar, oq gullar

biri-biridan barno,

Iforda toji sulton –

rayhonni topolmassan.

Jilg'alaru daryolar, dengizlar ozmi, ammo

Buloqdek qalbi uryon –

ummonni topolmassan.

 

Shabbodalar, shamollar mayin,

jangari, shaddod,

Tonggi nasimdek abru naysonni

topolmassan.

 

Gapni olis-olisdan boshlashdan

murod shulki,

Husningga mendek lolu

hayronni topolmassan.

 

Gado bo'l, degan oning,

gadolarga bo'lgum Pir,

Shoh  bo'l desang,  qulingdek

Xoqonni topolmassan.

Kutib xushro'y xushxabar,

bedorman kecha-kunduz,

Yo'lingda  mendek  joni

sarsonni topolmassan.

 

Naylayki, bechoraman,

kul bo'ldi kuyib  borim,

Vasl hajrida  chashmayi

giryonni topolmassan.

 

Yulduz bo'larsan, balki,

oy bo'larsan, ehtimol,

Ammo qalbimdek  munir

osmonni topolmassan.

 

Ovvora bo'lma, la'lim,

ikki jahonda mendek,

Joningga jismi joni

qurbonni topolmassan.

8.03.2020

 

KAMALAK JILOSI

 

Kamalak jilosi qo'nmish adirga,

Ko'katlar bargida kumush sirg'alar.

Tog'lardan shamolday chopgancha yerga

Betinim kuylaydi mitti jilg'alar.

Vatanim husnidan qamashar ko'zim,

Yomg'irday quyilar qalbimga ilhom.

Shiddatkor irmoqday otilar shu zum

Daftarning yuziga dildagi kalom.

Ruhimda uyg'onur cheksiz bir surur,

Cheksiz bir sevinchdan entikadi dil.

Ko'ngil bog'lariga taratadi nur

Oq, qizil, noparmon, xil-xil atirgul.

1967

 

Unutish

 

Asta-asta tinadi yomg'ir,

Asta-asta to'xtaydi shamol.

Yetim dashtga aylanar sag'ir

Ufqlarga tutash lolazor.

 

Asta-asta bo'lmaysan hayron

Bulbullarning xonishlariga;

Titranmaysan quyosh botar on

Cho'qqilarning yonishlariga.

 

Asta-asta qalbingga namli,

Tundek sokin orom qo'nadi.

Vujudingda unutish nomli

Mahobatli daraxt unadi.

 

Asta-asta ko'rsatgay jamol

Yuragingda o'zga bir chaman.

Xayolingda boshqa bir xayol,

Men ham esdan chiqib ketaman.

 

Asta-asta botgandek quyosh,

Unutilar sehrkor ko'zlar.

Unutilar sargashta, bebosh,

Qasamfurush, bevafo so'zlar.

 

Borlig'ingni zabt etar sekin

Yulduzlarning o'zga shu'lasi.

Esdan chiqib ketadi bir kun

Bu dardlarning hamma-hammasi.

 

…Asta-asta tinadi yomg'ir.

28.05.2020

 

Tomchi

 

Havasing kelmasin tog'lar qoriga,

Daryo bo'lmog'ing ham  uncha shart emas.

Elning yumushiga, yurtning koriga

Bir tomchi suvchalik nafing tegsa, bas.

6.10.2024

 

TANTILIK

Bobolar, birovga kulma, deganlar,

Har kimni yomon deb bilma, deganlar.

Tanti  bo'l – Yomonning  Yomoniga ham,

Hech qachon yomonlik qilma, deganlar.

19.09.2022

 

Xalqing uchun

 

Asqartog'dan oshsin desang ovozlarim,

Ummonlarday toshsin desang sho'x sozlarim,

Shamollarday shoshsin desang

parvozlarim –

Bilagingda bo'lsa qancha g'ayrat, kuching,

Vatan uchun sarfla bugun, Vatan uchun.

 

Na ilojki, ko'plar sendan o'zib ketdi,

Bo'z yigitlar bo'zto'rg'ayday to'zib ketdi,

Gullaringni, eh, kim-kimlar uzib ketdi –

Bilagingda bo'lsa qancha qudrat, kuching,

Vatan uchun sarfla endi, Vatan uchun.

 

Har qishlog'u har ovuling Manas bo'lsin,

Ko'rar ko'zga ko'rgan joyi havas bo'lsin,

Qumrilaru bulbullaring sarmast bo'lsin –

Bilagingda bo'lsa qancha qudrat, kuching,

Xalqing uchun sarfla uni, xalqing uchun.

 

Oqchorloqlar qaytib kelsin Mo'ynoqlarga,

Dengiz qo'shiq aytib kelsin qirg'oqlarga,

Mehringni ber so'qmoqlaru qiyoqlarga –

Bilagingda bo'lsa qancha qudrat, kuching,

Xalqing uchun sarfla uni, xalqing uchun.

 

Chiqmoqdasan yana jahon minbariga,

Nomingni yoz sayyoramiz mehvariga,

Aylan, aylan O'zbekiston zargariga –

Bilagingda bo'lsa qancha qudrat, kuching,

Xalqing uchun sarfla uni, xalqing uchun.

 

O'zbekzamin javohirga kondir bugun,

Millat sha'ni hammamizga shondir bugun,

O'zingni ham, o'zgani ham yondir bugun –

Bilagingda bo'lsa qancha qudrat, kuching,

Sarfla uni Vatan, millat, xalqing uchun,

Xalqing uchun sarfla uni, xalqing uchun.

22.01.2018

 

Yangi kun

 

Jo'shib, yonib sayradi bulbul,

Favvoraday toshdi o'lani.

Jo'shib, yonib sayradi bulbul,

Qo'shiq bosdi qirni, dalani.

 

Yer ko'ksiga, gullar bargiga

Shabnam bo'lib singdi qo'shig'i.

Samovotning kimxob bag'riga

Yulduz bo'lib qo'ndi qo'shig'i.

 

Shamollardan o'zib ketdi u,

Titroq soldi oy shu'lasiga.

Oydan duv-duv to'kildi yog'du,

Erib uning ashulasidan.

 

Erib ketdi shamday pirpirab

Zum o'tmayin hatto hokim tun.

Yonoqlari cho'g'dek yaltirab

Tushib keldi tog'dan yangi kun.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − eleven =