Eng katta mukofot — qutqarilgan hayot
Yong'inga hech qachon bir kishi kirmaydi. Unga qutqaruvchilar doim halqa singari birgalikda bostirib kiradi. Aslida ham har bir kasbiy muvaffaqiyat jamoaviy birdamlik mahsuli. Qahramonimiz — 1-darajali serjant Rustam Hayitov Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ishlayotganiga 24 yil bo'ldi. Chorak asr vaqt mobaynida usta qutqaruvchi 10 ga yaqin qutqaruv turlarida, xususan, katta yong'inlarda, chuqurlikka tushib ketgan, cho'qqilarda adashib qolgan, liftda qolib ketgan odamlar, uy eshigi qulflanib, ichkarida qarovsiz qolgan bolalar qutqaruvida va yana ko'plab favqulodda vaziyatlarda ishtirok etgan. O'ttizga yaqin shogirdlarga kasb mahoratini o'rgatib, yelkama-elka ishlab kelayotgan qahramonimizni suhbatga chorladik.
Katta usta qutqaruvchi Rustam Hayitov faoliyati mobaynida mingga yaqin turli xil chaqiruvlarda ishtirok etgan. Ayni paytda Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan 16-qutqaruv qismida yong'in o'chiruvchi-qutqaruvchi sifatida o'z faoliyatini davom ettirib, yoshlarga kasbiy mahoratlarini ulashib kelmoqda.
Qishda yuz beradigan yong'inlardagi vaziyat boshqa fasllarnikidan bir qadar qiyin. Sababi olovga qarab suv separ ekan, yong'in o'chiruvchilarning ust-boshi ho'l bo'lib, egnidagi 20-30 kilolik epikirovka yana bir qadar og'irlashadi, sovuqqa chiqqanida esa ho'l liboslar muzlamaga aylanadi. Bu jarayon kishidan kasbiy mahoratdan tashqari, matonatni ham talab etishini shugina holatdan bilish mumkin.
— Qutqaruvchi uchun faslning ahamiyati yo'q. U har qanday mavsumda xavf bilan turli shaklda yuzma-yuz keladi, — deydi Rustam Hayitov. — Masalan, Chinorotada podstansiya yonganida odamlar yuz metrgacha ham yaqin kela olmagan — harorat juda yuqori bo'lgan. Biz esa tilsiz yov o'chog'iga tikka kirib borganmiz. Katta harorat ichida, garchi egnimizda kislorod balloni bo'lsa-da, yonib ketish, kuyish, jarohat olish yoki haddan tashqari issiq va tutunli havoda bo'g'ilib qolish xavfi bizni ham qurshab olgan edi. Shunga qaramay, har qanday xavf ichiga tikka kiramiz. O'sha voqea sodir bo'lganida alangani o'chirib, xavfni bartaraf etganimizdan so'ng uzoqroqda bizni kuzatib turgan aholi qarsak chalib, olqishlar bilan qarshi olgan edi. Odamlarning e'tiboridan charchoqlar bir zumda unutilib ketgan.
E'tibor, xayrixohlik kishiga eng birinchi ruhiy quvvat beruvchi kuchdir. Xalq e'tirofi har qanday mukofotdan ham ustun, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Qutqaruv jarayoni bir kishilik ish emas. Bir kishi yo'q bo'lsa ham o'rni darhol seziladi. Chunki bu kasbda har bir mutaxassisning muhim vazifasi bor. Jamoaviy birdamlik ham insonga kuch berishi, qiyin vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilishiga ko'mak berishi shubhasiz.
— Jamoa ham oiladay gap, unda har bir kishi zanjirning halqasi kabi bir-biriga bog'liq. Bu, ayniqsa, katta ko'lamli yong'inlarda seziladi, — deydi qahramonimiz. — Shayxontohur tumani Ko'hota ko'chasida yaqinda katta yong'in yuz berdi. Yuz kvadrat maydon alanga ichida qoldi. Yong'in 5 soat ichida bartaraf etildi. Besh soat deganimdan ham bilishingiz mumkin yong'inning qay darajada yirik bo'lganini. Shunday katta yong'inda ham jamoamiz bilan birdam holda xavfni bartaraf etdik.
Qutqaruvchining quroli — tezkorlik, shaylik, mahorat. Har kuni xavf bilan yuzlashadigan qutqaruvchilarga avvalo qutqarilgan insonning minnatdor nigohi taskin beradi.
— Shaxsan men avval xavf ostidagi inson, safdoshlarim, so'ngra o'zim ham xavf ichidan omon chiqqanimga sevinaman, — deydi suhbatdoshimiz. — Yanayam teranroq anglashingiz uchun bir voqeani aytib beray. Olmazor tumanida vodorod peroksidi havoga sizib chiqib ketgani haqida shoshilinch xabar kelib tushdi. Biz zudlik bilan ishlab chiqarish korxonasiga yetib bordik va maxsus ish qurollarimiz bilan havoni zaharli moddadan bartaraf qilishga kirishdik. Ertalab 11 larda chaqiruv kelib tushgan bo'lsa, keyingi kun tong sahar 6 gacha xavfni bartaraf qilish bilan kurashganmiz. Kimyoviy xavf yong'indan ham yomon. U shu qadar sezilmay zararlaydiki, ba'zan eng mustahkam epikirovka ham himoya qilolmay qolishi mumkin sizni. O'sha kuni ham korxona ichida yurar ekanmiz, nogahon etigimning yarmi erib ketganini sezib, oyog'im suvga o'xshash allanima ustida turganini his qilib qoldim. Darhol o'zimni panaga olib, xavfsizlik choralarini ko'rdim. Garchi katta ko'lamli xatar bo'lsa-da, o'sha kuni hamma, shu jumladan, o'zim ham sog'-omon qolganimdan sevinganman.
Darhaqiqat, falokat oyoq ostida. U kutilmaganda yuz beradiki, bunday paytda kishi ba'zan to'g'ri qaror qila olmay, kalovlanib qolishi shubhasiz. Bu esa o'zining, mol-mulkining, qolaversa, yaqinlarining xavf ostida qolish ehtimolini oshirishi hech gap emas. shuning uchun xatarning zarra uchquni sezilsa, darhol qutqaruvchilarga murojaat qilish lozim. Qutqaruvchilar nafaqat xatar paytida, balki odatiy kunlarda ham muhofazaga shay. Bunda ular aholi turar-joy manzillarida, ta'lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda profilaktik tadbirlar olib boradi. Qahramonimiz ham qutqaruv ishlaridan tashqari mana shunday profilaktik tadbirlarda ham faol. Favqulodda vaziyatlarga shay hududlarda talafot kam bo'lishi haqida ko'p bor eshitgansiz. Bu naqlga har mavsumda rioya qilish xalq muhofazasi uchun muhim sanaladi. Usta qutqaruvchi bu kabi tadbirlar nafaqat aholining, balki qutqaruvchilarning ham shaylik darajasini oshiradi, bilim va tajribalarini mustahkamlaydi, deb hisoblaydi.
— Biz uchun eng katta mukofot — qutqarilgan hayot va minnatdor nigohlar, — deydi qahramonimiz. — Qutqaruvlardan so'ng bir o'limdan qoldim deb ayrim odamlar pul beradi bizga, lekin olmaymiz. Ularning mana shu sevinchi, duosi bizga yetarli.
Har bir qutqaruvchining o'z hikoyasi bor va bu hikoyalar tillardan tillarga ko'chib yuraveradi. Xalq muhofazasiga bel bog'lagan insonlar safi ortar ekan, bizning suhbatlarimiz ham davom etaveradi…
Yulduz O'RMONOVA,
jurnalist.
