Kelajak kashfiyotchisi

Bugungi kunda xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning jamiyatda tutgan o'rnini oshirish, turli sohalarda faol xizmat qilayotgan olimalar, ziyoli ayollar hamda munis opa-singillarimizning qadr-qimmatini yuksaltirish, mehnatlarini e'tirof etishga har qachongidan ham ko'proq e'tibor qaratilmoqda.

Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat bosh­qaruvi va jamiyatning barcha jabhalarida ularning rolini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asosiga aylangani ham hech birimizga sir emas. Davlat boshqaruvida ayollar vakillarini ko'paytirish uchun yetakchi lavozimlarni egallashga qodir 15 ming nafardan ortiq xotin-qizlardan kadrlar zaxirasi shakllantirildi. O'zbekiston tarixida ilk bor milliy parlamentdagi ayollar soni 32 foizga yetdi. Mamlakatdagi rahbarlik lavozimidagi ayollar soni esa 30 foizni ko'rsatmoqda.

Bu esa ayollarimiz o'zlariga berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o'z iqtidori va salohiyati, samarali mehnati bilan davlat va jamiyat rivojiga salmoqli hissa qo'shayotganidan dalolatdir.

Mana shunday ayollar safida yoshlar tarbiyasi bilan shug'ullanib, ertamiz egalarini yurtga sadoqatli farzandlar qilib tarbiyalayotgan maktabgacha ta'lim tashkilotlarida, maktab va oliy o'quv yurtlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning beminnat xizmatlari ham alohida e'tirofga loyiq. Sababi ertamizning qanday bo'lishi bevosita ularning bolalarga qanday tarbiya berayotganiga bog'liq.

Bir necha yillardan buyon maktabgacha ta'lim tizimida ishlab, bog'chasidagi barcha tarbiyalanuvchilarga o'z farzandlaridek mehr berib, dastlabki bilimlarni o'rgatib, maktab tomon yo'naltirayotgan poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan 249-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori Sevara Ahmedjanova ham mana shunday sharafli ishni o'ziga kasb qilganlardan biridir.

Dastavval Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutining moliya yo'nalishida o'qigan Sevara Ahmedjanova bolalarga muhabbati tufayli o'z yo'nalishini o'zgartirishga qaror qilgan.

— Hamma odam nima bo'lgan taqdirda ham o'zi yaxshi ko'rgan sohasini tanlashi kerak ekan. Bunday vaziyatda “maslahat” beradiganlar ko'p bo'ladi. “Anavi sohaga o'qi zo'r maosh olasan, manavi sohaga o'qi martabang tez ko'tariladi” degan gaplarga qiziqqan odam keyinchalik yurakdan, o'z ishini sevib ishlay olmaydi. Shu sababli men ham bolalikdan orzu qilib kelganim, bog'chada bolalarga tarbiya berishni o'zim uchun har tomonlama foydali deb bildim. Mana shunga ham ancha yillar bo'libdi, — deydi S.Ahmedjanova. —   Bugungi kundagi ishim menga bir olam maroq beradi. Har tong ishga kelganimda meni ko'rgan bolalarning yayrab bag'rimga yugurishi, uylariga ketayotganlarida esa xursand bo'lib, “ertaga yana kelaman, Sevara opa”, deya qo'llari orqali o'pich yo'llab xayrlashishlari ko'nglimni masrurlikka to'ldiradi. Bolalikdan bu yo'nalishimni yaxshi ko'rishimga sabab 20 yildan ziyod maktabgacha ta'lim tizimida faoliyat yuritgan onam Ma'mura Sharif­boyeva hamda keyinchalik ularning ishini davom ettirgan opam Shahnoza Hamdamovaga havas qilganim tufaylidir. O'quvchilik payt­larimdayoq ular ishlaydigan bog'chalarga borib bolalar bilan shug'ullanardim, o'zimni xuddi bog'cha opadek his qilardim.

Ha, mobodo yo'lingiz tushib o'sha Yakkasaroy tumanidagi 249-sonli bolalar bog'chasiga borib qolsangiz Sevara Ahmedjanovani ish xonasida emas, balki doimo bolalar davrasida ko'rasiz. Gohida ularga she'r yodlatib, qaysidir ma'naviy-ma'rifiy tadbirga tayyorlayotgan bo'lsa, gohida buyuk bobokalonlarimiz haqida hikoya qilib, barcha bolalarni o'ziga qaratib o'tirgan bo'ladi.

Rahbarman deb boshqalar kabi xodimlaridan o'zini tortmaydi yoki biror yordam so'rab yuzlanganlardan yuz burmaydi.

Qariyb 30 yildan buyon maktabgacha ta'lim tizimida, 15 yildan buyon esa shu bog'chada hamshira vazifasida ishlab kelayotgan Sanobar Rahimovaning aytishicha Sevara Ahmedjanova xodimlarning bilimi va salohiyatiga ham katta e'tibor qaratadi. Shu sababli ham shu kungacha o'rta-maxsus ma'lumoti bilan ishlab kelayotgan 7 nafar tar­biyachini oliy ta'limga yo'naltirib, sirtqi bo'lim talabasiga aylantirgan. Tarbiyachilar Nargiza Turg'unova, Shahnoza Holiqova, Nargiza Mirtojiyeva, Aziza Hayitova qanday yordam, maslahat kerak bo'lsa darrov S.Ahmedjanovaga murojaat qilishadi. U esa qo'lidan kelganicha ularga ko'maklashishga oshiqadi. Ba'zida ayollar ko'p joyda albatta g'iybat bo'ladi degan gaplar ham quloqqa chalinib qoladi. Ammo bu rahbar chin ma'noda jamoada do'stona muhit yarata olgan.

Tabiatan kamtar bo'lgan qahramonimiz o'zining bu kabi ishlarini avval o'ziga bosh­qalar tomonidan qilingan yaxshiliklarga javob deb hisoblaydi.

– Maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutini tamomlaganimdan keyin Shayxontohur tumanidagi 461-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida ilk faoliyatimni bosh­ladim. O'sha vaqtlarda jamoadagi ko'pchilik menga samimiyat bilan yordam berib, qo'llab-quvvatlagandi. Shu sababli ham o'z ustimda ishlab mana shu yil 7 fevral sanasidan rahbarlik darajasiga erishdim. Ammo mening asosiy maqsadim rahbarlik kursisi emas, balki chin ma'noda barcha hamkasblarimning yaqin maslakdoshi, suyanchiga aylanishdir. Bola tarbiyasi bu nozik masala. Bu sohada ishlaydiganlar uchun esa eng muhimi sog'lom muhitdir. Hozirda bog'chamizda 315 nafar tarbiyalanuvchi 6 ta o'zbek guruhi, 6 ta rus guruhida tarbiyalanmoqda. Ularni yurtga foydasi tegadigan, porloq kelajakka erisha oladigan qilib tarbiyalashda esa barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, xizmat qilyapmiz. Bu bolalar kelajakda xalqimiz faxrlanadigan insonga aylansa, elimiz koriga yaraydigan bo'lib ulg'ayishsa, bu albatta barchamizning katta yutug'imiz bo'ladi, – deydi Sevara Ahmedjanova.

O'zbekistonimizda mana shunday fido­yilik bilan ertamizni ko'zlaydigan, bandan o'zini baxtiyor his qiladigan hamda mana shunday baxtni boshqalarga ham ulasha oladigan opa-singillarimizning borligi jamiyatimizning eng katta yutug'idir. Bugungi ayyom, 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan ularni samimiy muborokbod etib, kelgusidagi ishlariga omad va zafarlar tilaymiz!

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 19 =