“Yurt qayg'usida 365 kun”

yoki Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yillik solnomasi

Bugungi globallashuv davrida davlat taraqqiyotini faqat raqamlar yoki rasmiy bayonotlar emas, balki xalq hayotidagi real o'zgarishlar belgilaydi. Shu ma'noda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar ham aynan inson qadrini ulug'lash, adolatli jamiyat qurish va ochiq davlat boshqaruvini ta'minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Ana shu ulkan islohotlar ro'yobga chiqarilayotgan jarayonlarning so'nggi bir yillikdagi, ya'ni o'tgan 2025 yildagi o'rni, mazmun-mohiyatini yaxlit tarzda aks ettirgan “Yurt qayg'usida 365 kun” kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Anjuman joriy yilning 18 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida o'tkazildi.

Tadbirda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov, “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Salim Doniyorov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov hamda keng jamoatchilik vakillari, OAV xodimlari ishtirok etishdi. Taqdimot davomida kitobning mazmun-mohiyati, uning tarixiy va siyosiy ahamiyati hamda Yangi O'zbekiston taraqqiyotini yoritishdagi o'rni haqida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

— Ushbu kitob Prezidentimiz olib borayotgan keng qamrovli ulkan islohotlar ro'yobi va 2025 yildagi salmoqli va serqirra faoliyatining yaxlit ko'zgusi desak xato bo'lmaydi. Unda nafaqat respublikamizda bo'lib o'tgan  tadbirlar va voqealar silsilasi yoritilgan, balki davlatimiz rahbarining xalq bilan hamfikrligi, inson qadrini yuksaltirish yo'lidagi zahmatli mehnatlari va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg'usi muhrlangan ma'naviy solnoma  aks etgan. Kitobni varaqlar ekanmiz, 365 kunning har bir kuniga, har bir soatiga singdirilgan islohotlarning tarixiy shiddati va ko'lami kishini hayratga soladi. Bu — millatning yangilanish yo'lidagi zalvorli qadamlari va kelajakka qo'yilgan mustahkam poydevorning yorqin ifodasidir, — dedi Shuhrat Oripov.

Darhaqiqat, “Yurt qayg'usida 365 kun” kitobi mamlakatimiz rahbari faoliyati misolida butun bir davr ruhini, xalqning orzu-intilishlari va davlat taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlarini aks ettiruvchi muhim siyosiy-hujjatli manbadir. To'plamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil davomidagi serqirra faoliyati, davlat boshqaruvidagi yangicha va betakror yondashuvlar, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, xalqaro diplomatiya, ekologik barqarorlik, ilm-fan, ta'lim, madaniyat va ma'naviyat sohalarida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar o'ziga xos tarzda yoritilgani bilan diqqatga molik.

Kitobning eng muhim jihatlaridan biri — unda mamlakat hayotida yuz bergan voqealarning quruq xronika sifatida emas, balki tahliliy va hayotiy yondashuv asosida ifodalanganidadir. Sahifalarni o'qir ekansiz, har bir bandda xalq manfaati, inson qadri va taraqqiyot g'oyasi ustuvorligi yaqqol namoyon bo'ladi. Ayniqsa, iqtisodiy o'sish sur'atlari, investitsiya muhitining yaxshilanishi, eksport hajmining ortishi, yangi ish o'rinlari yaratilishi hamda kambag'allikni qisqartirish bo'yicha amaliy ishlar ro'yobiga oid ma'lumotlar islohotlarning aniq natijalarini ko'rsatib beradi.

Asarda Prezidentning hududlarga tashriflari, xalq bilan muloqotlari, xalqaro sammit va muzokaralardagi ishtiroki hamda strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari alohida o'rin egallagan. Bu esa kitobning nafaqat ichki, balki tashqi siyosat yo'nalishida ham muhim manba ekanini anglatadi.

Kitobning oylar kesimida tartiblangani esa unda keltirilgan ma'lumotlarni tahlil qilish imkoniyatini yanada boyitgan. Har bir oy avvalida davlat rahbari faoliyatining asosiy yo'nalishlari qisqacha jamlanib, keyingi sahifalarda muhim voqealar, qarorlar, tashriflar va tashabbuslar batafsil sharhlangan. Bunday uslub o'quvchiga mamlakatdagi islohotlar dinamikasini izchil kuzatish, tafakkur qilish imkonini oshiradi.

Zamonaviy texnologiyalardan foydalanilgani ham kitobning o'ziga xos yutug'idir. Statistik ma'lumotlar, fotolavhalar va tahliliy sharhlar bilan birga, QR-kodlar orqali qo'shimcha materiallarning taqdim etilishi kitobning axborot salmog'ini yanada oshirgan. Bu esa uni nafaqat an'anaviy kitobxonlar, balki yoshlar va tadqiqotchilar uchun ham jozibador manbaga aylantirgan.

Darhaqiqat, “Yurt qayg'usida 365 kun” kitobi nafaqat o'tgan bir yilning solnomasi, balki kelajak avlod uchun Yangi O'zbekiston tarixini o'rganishda xizmat qiladigan qimmatli manbadir. Mazkur to'plam inson qadrini ulug'lashga qaratilgan taraqqiyot strategiyasini anglashda g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Shubhasiz, ushbu asar siyosatshunoslar, tarixchilar, jurnalistlar, talaba-yoshlar va mamlakat taraqqiyotiga befarq bo'lmagan keng kitobxonlar ommasi, butun xalqimiz uchun zarur manba bo'lib xizmat qiladi. Eng muhimi, u yurtdoshlarimizning ­bunyodkorlik yo'li va xalq manfaatiga xizmat qilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir.

Ushbu kitob barcha yurtdoshlarimizga muborak bo'lsin!

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

etakchi mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − ten =