Ijodning juft qanoti
Ijod ahlining muvaffaqiyati ko'pincha uning iste'dodi, mehnatsevarligi va hayotga teran nazar tashlay olishi bilan belgilanadi. Ammo ayrim insonlar borki, ularning ijodiy parvoziga oilaviy hamjihatlik, o'zaro hurmat va ma'naviy tayanch ham qanot bag'ishlaydi. Qo'lida qalam, qalbida ezgulik tuyg'usi mujassam bo'lgan Muhabbat To'raboyeva ana shunday ijodkorlardan.
Yaqinda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati bo'limi tomonidan tashkil etilgan yig'inning kun tartibida jurnalist va adiba Muhabbat To'raboyevaning yangi kitobi taqdimoti bo'lishi haqidagi xabarga ko'zim tushdi.
— Muhabbat yangi kitob yozibdimi? Boshqacha ohangda, o'ziga xos go'zal tarzda yozadi. O'qigan sayin o'qiging keladi. Voqealar jonli, yasamalik yo'q, — dedim hamrohim Maryamjon Xolmurodovaga.
Mening so'zlarim shundoqqina yaqinginamizda o'tirgan vohaning taniqli jurnalisti Bozorboy Ulliboboyevning e'tiborini tortmasdan qolmadi.
— Shuning uchun ham Muhabbatga uylanganman-da, — hazilomuz javob berdi adibaning turmush o'rtog'i.
Shunday qilib, kun peshindan oqqanda ziyoli va adabiyotga mehri singgan, ashaddiy kitobsevar inson — tadbirkor Quvondiq Abdullayevga qarashli kitoblar majmuasi — “Ustoz” deb nomlangan kitob do'koniga kirib bordik. Binoning ikkinchi qavatida o'tkazilayotgan tadbirga ancha kechikibmiz. “O'zgarish ehtiyoji” deb nomlangan badiiy publitsistik kitob taqdimotiga to'planganlar juda ko'pchilikni tashkil qilar, Muhabbat To'raboyeva sha'niga aytilgan fikrlar salmoqli edi, haqiqiy yozuvchiga berilgan baho edi, nazarimda…
Kitobni varaqlar ekanman, undagi har bir fikr e'tiborimni tortdi. Kitobda vatanparvarlik g'oyasi yetakchi o'rinni egallagan. Buni birgina “Vatan isi” deb nomlangan hayotiy hikoya ham anglatib turadi:
“Qishloqqa bordim. Hovlimizga yaqinlashishim bilan dimog'imni nozbo'ylarning hidi qitiqladi…
— Hozir senga issiqqina non yopib beraman, — deya uyga borishimiz bilan onam xamir qorishga kirishadi.
— Urinmang, — deganimga qaramaydi. Kelin “men qilaman” desa, unamaydi.
Onam yopgan nonning ta'mi boshqacha. Isi o'zgacha. Uni og'zimga solarkanman, shukronalik qoplaydi dilimni. Bu nonning uni o'zimizning tomorqada yetishtirilgan bug'doydan…”
“— Ke, qovun kesib beraman, o'zimizning otizdan, — deydi otam.
— O', gurvak ekdingizmi?
— Ha. O'ziyam faqat bizning otizda pishadi bunaqa mazali gurvaklar.
— Oh, oh, oh, isini qara buning.
Etti iqlimga mashhur Xorazm qovunlarini maqtagan sayin maqtaging keladi. Ming dardga darmon ular”.
Yana “O'zgarish ehtiyoji”dan iqtiboslar…
“— Zaynab opa egizak farzandlarini uylantiryapti!
— Muboraklar yangi hovliga ko'chib o'tishdi.
— Rajabboy akaning o'g'li olim bo'libdi.
— Samandar fermer yangi mashina olibdi.
— Anavi Sarvar bor-ku, eski qo'shnimiz, jahon chempioni bo'libdi!
— Karima momo chevara ko'ribdi!
Adog'i yo'q bu xushxabarlarning har biridan mehrning hidini tuyaman!
Bunday hid olamda yo'q!
Bularning bari Vatan isi, Vatan tafti emasmi?”
“O'zgarish ehtiyoji” kitobigacha bo'lgan oraliqda Muhabbatning o'ndan ziyod kitoblari chop etilgan. Mazkur kitobdan taniqli shoirlar, olimlar, san'atkorlar, davlat va jamoat faollari bilan suhbatlar ham o'rin olgan.
Muhabbatning har kuni xayrli ishlar bilan boshlanadi va xayrli ishlar bilan yakuniga yetadi.
Ilohim, xayrli niyatlar hamisha qo'llab tursin, Muhabbatoy!
Feruza TANGRIBERGANOVA.
