Cho'qqiga yuksalish yo'li

Uzviylik, bardavomlik, adabiy xotira xalq madaniyatining ajralmas qismi. Vaqt — oqar daryo. Qirq yilda el yangilanadi, deyishadi. Yevgeniy Yevtushenko qachonlardir “Keldi o'zga zamonlar, Ko'rindi o'zga nomlar” degan. Shartli ma'noda bo'lsa kerak, “Istiqlol davri adabiyoti” deb ataladigan jabhada qilni qirq yoradigan yoki yetti o'lchab bir kesadigan, ba'zan o'lchay-o'lchay hatto kesmay ketadigan yangi sinchilar paydo bo'lishi tabiiy edi, shunday bo'ldi ham. Adabiyotshunos olima Marhabo Qo'chqorovaning esa ba'zan o'lchamay kesib yuborishi fazilat kasb etib, tesha tegmagan xulosalarga olib keladi.

Adabiy jabhada “neomifologizm” degan istilohni ilk marta qo'llab, kaminaning “Shox” asari ham shunga mansubligini aytganida, katta ishni do'ndirib qo'ygandek quvongan edim. Rost-da, o'zing o'ylamagan narsani boshqa birov aytsa, yo'qotmay turib narsa topgandek bo'lasan-da. Bu orada “Tafakkur” jurnalida “Kunduzgi ertaklar”, gazetalarda yana boshqa suhbatlarimizni ham e'lon qilishga ulgurdi. U matn ostidagi kinoyani, yozuvchi nima demoqchi bo'lganini, syujet manbalarini izlab topishga kuchli ishtiyoq bilan kirishdi. Olamjahon g'ayratu shijoat bilan neomifologizm ildizlarini izlarkan, Rabg'uziy-u Gyotedan tortib Gogol-u Bulgakovlar tipologiyasiga doir qiziqarli narsalarni ham topar, katta gap aytishdan oldin kichik narsalarga e'tibor qaratib ilhomlanar, Nisshe aytganidek, “cho'qqining o'zi emas, unga yuksalish yo'li” muhimligidan zavqlanardi. Unga: “Ilmiy ishingizni darrov yoqlab qo'ymang, bu ketishda hali ko'p narsalar topasiz”, degan hazilim birovning qulog'iga yetib, jiddiy tushunishganmi, doktorlik ilmiy ishi himoyasi ham katta qarshiliklarga uchradi, ammo u baribir haqligini isbotladi. O'zi shunaqa bo'ladi-da, silliqqina kechgan narsa isbotlanmaydi-da, deb o'ylab yurardim, yaqinda O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O'zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov bir suhbatida dissertatsiyalar soni ortib borayotgani bilan haqiqiy fundamental ilm, yangi g'oya va xalqaro darajada ta'sir qiluvchi tadqiqotlar kamligi borasida aytib qoldi. Ie, bu yog'i qandoq bo'ldi, teskarisi ham avjida ekan-ku? Qolaversa, dunyoga mashhur matematik olim, ayniqsa, mansabdorlarning juda tez ilmiy daraja olayotgani haqida aytganda, yoqa tutamlab qoldim. Tavba, ularga bu nimaga kerak ekan? Har kim o'z ishini qilmaydimi? Umr-hayotini shu yo'lga tikkan, ilmni qismat deb bilgan Marhabo Qo'chqorova va unga o'xshagan fidoyilarga yo'l ochib berib turishlaringizning o'zi ham ilmga qo'shgan hissalaringiz hisoblanmaydimi? Bu tanqiddan so'ng xayolimdan negadir Mashrabning “Olimi ilmig'a mag'rur, johili isyong'a g'arq, Kas ne bilsun, ro'zi mahshar kimni toshi kam kelur” degan otashin satrlari o'tdi. Bobur Mirzo: “Umaroning zulmi, raiyatning ikkiyuzlamachiligi, ulamoning tama'i va qo'rqoqligi bora-bora mamlakatni vayron qiladi”, degan edi. Mana, eshiting, akademiya prezidenti nimalar deyapti: “Hozir rahbar bo'ldimi, ikki yilda “PhD” bo'lyapti. Yana ikki-uch yil o'tmasdan fan doktori bo'lyapti. U rahbar odam qachon ilm qiladi?”. “Mana men endi bunday mansabga o'tirib ko'ryapman. Kitob o'qishga ham, boshqaga ham umuman vaqt yo'q”. “Fanga e'tibor berila boshlagandan keyin olimlarga katta imkoniyatlar yaratildi… lekin bu imkoniyatlarni suiiste'mol qilish avj olib ketdi”. “Ilmiy ishlar ko'paydi, lekin mazmun yo'qolmoqda”. “Ulardan fanga nima foyda?”. Dunyo ilm-fanida katta obro'-e'tiborga ega ulug' zamondoshimiz aytishicha, avvalgi yillarda bir yilda taxminan 100 ta doktorlik, 500-600 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan, keyinchalik esa bu ko'rsatkichlar bir necha barobar oshib ketgan emish. Natija qanday? Xalq hayoti, mamlakat rivojiga ta'siri bo'lyaptimi? Sotsiologiya degan fan bosh ko'tarsaki, o'yinqaroq ko'rsatuvlar, chuchmal seriallar oralatib tanishtirib borsa. Aks holda, cho'qqiga yuksalish yo'li muhimligi o'rnini tubanga qulash fojiasi kutadi.

Shular haqida o'ylaganimda, Marhabo Qo'chqorovaning “qog'ozboz ilm”dan yiroqligi xayolimdan o'tib, ko'nglim yorishadi. Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 1976 yilda (darvoqe 50 yoshga kirib qo'yibdi, chin dildan qutlaymiz!) oddiy oilada tavallud topgan Marhabo Qo'chqorova bugun e'tirof etilgan olima. E'tirof ilmiy unvonlaru darajalar bilan bog'liq emasligi borasida yuqoridagi mulohazalardan so'ng, uning Mirzo Ulug'bek nomidagi Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universitet)ning o'zbek filologiyasi fakultetini tamomlagani-yu Urganch davlat universiteti qoshidagi Mintaqaviy tillar markazida o'qituvchi sifatida ish boshlagani, 2000 yildan esa O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutida aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim bo'lib mashaqqatli ilm yo'lida izlanish, hozirda institutning XX asr o'zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon bo'limida yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritayotgani haqida gapni cho'zib o'tirmaymiz. Eshitishimcha, o'tgan yili professor ilmiy unvoniga ham sazovor bo'lgan ekan. Uning ilmiy izlanishlari XX asr o'zbek adabiyoti, hozirgi adabiy jarayon, turk-o'zbek adabiy aloqalari, tarjimashunoslik hamda zamonaviy o'zbek nasri masalalariga bag'ishlangan. Ayniqsa, hozirgi o'zbek nasri bo'yicha yetakchi mutaxassislardan biri sifatida e'tirof etiladi. Turli yillarda chop etilgan “Badiiy so'z va ruhiyat manzaralari”, “O'tmishdan ertaklar” tadqiqi”, “Abdulla Qahhor istiqlol adabiyotshunosligi ko'zgusida”, “Hozirgi o'zbek nasrida badiiy shartlilik”, “Erkin A'zam — sarkazm ustasi”, “Yangi o'zbek adabiyoti” monografiyalari, respublika va xorijiy nashrlarda chop etilgan yuzlab ilmiy hamda ilmiy-ommabop maqolalari uning baland cho'qqini ko'zlab yo'lga chiqqaniga dalolat etadi. Istasa-istamasa, mansabidan foydalanib, “ikki yilda “PhD” bo'layotgan, yana ikki-uch yil o'tmasdan fan doktori bo'layotgan” soxta olimlarni bu yo'l zeriktirib, ular diplomni qo'lga olgan zahotiyoq o'zlarini baland cho'qqida his etgancha ortga qaytib ketishadi. Ramziy ma'noda aytadigan bo'lsak, cho'qqi yuksakligi ham saviyaga qarab belgilanar ekan. Pastakkina tepalik yonbag'rida turib Himolayni zabt etgani da'vosi jirkanchdir.

Baland cho'qqilarni ko'zlagan Marhabo Qo'chqorova tinib-tinchimas. Ilmiy va madaniy hayotda ham faol ishtirok etib, “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi doirasida Usmon Nosir va Omon Matjon asarlarini nashrga tayyorlashda qatnashdi. Abdulla Qahhor, Baxtiyor Nazarov, Shotursun G'ulomov kabi ijodkor va olimlar asarlarini nashrga tayyorlash hamda ularga kirish so'zlari yozishda ham chetda turmadi. Uning ilmiy rahbarligida Shukrullo, Omon Matjon, Shukur Xolmirzayev ijodi bo'yicha shogirdlari ilmiy ishlar olib borishmoqda. Ustoz ko'zini shamg'alat qilib bo'lmaydi. Uning rahbarligida bir nechta filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi, magistrlik ishlari himoya qilingan. Ayrimlarga o'xshab yilda o'ttiz-qirqtalab, pachka-pachka dessertatsiyalarga ilmiy rahbarlikdan yiroq holda, yaxshi urug'dan yaxshi qovun tamoyili asosida doktorant va mustaqil izlanuvchilar o'zlari, o'z ixtiyorlari bilan unga shogird tushib, ilmiy tadqiqot olib borishmoqda. O'zi yaxshi niyat bilan kelib tursa, ko'ksidan itara olmaydi-ku!

Marhabo Qo'chqorova O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi va O'zbekiston Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy kengash a'zosi. Uni talabchan, intizomli, mas'uliyatli va fidoyi olima deyishadi. Ilm-fan va jamoatchilik orasida hurmat qozonganidan xabarimiz bor. “Fiziklar va liriklar” deyilgani kabi turmush o'rtog'i Ibrohimjon fizika sohasida aniq ilmiy izlanishlar olib borishi jarayonida liriklar dunyosiga ham nazar tashlab, zavq oladi. Ular uch farzandni tarbiyalab, jamiyatga munosib komil inson qilib tarbiyalashmoqda. Ehtimol, Marhabo Qo'chqorovaning mitti jussasiga nomunosibday ko'ringan katta kuch manbaidir bu!

Shoyim BO'TAYEV,

yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − seven =