Kasb bayramiga tuhfa
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida
yangi oltin saralash fabrikasi ishga tushdi
Konchilik va metallurgiya sohasi — bu chuqur bilim, matonat va fidoyilikni talab etadigan tarmoq. Shu bois konlarda, boyitish fabrikalari, metallurgiya zavodlari, energetika, transport va muhandislik sohalarida hamda yordamchi korxonalarda mehnat qilayotgan har bir xodimning hissasi kombinat taraqqiyotida beqiyos ahamiyatga ega. Negaki, mamlakatimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishida bu sohaning o'rni juda katta.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz va Markaziy Osiyodagi yirik sanoat korxonalaridan biri sifatida izchil rivojlanmoqda. Kombinatda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun'iy intellekt tatbiq etilmoqda. Yil sayin xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari kengaymoqda.
Joriy yilning muhim voqealaridan biri — Olmalik kon-metallurgiya kombinatida 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi bo'ldi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va qo'llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilgan ushbu yirik loyiha mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatida yangi bosqichni boshlab berdi.
Joriy yilning mart oyida mazkur fabrikaning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan ishtiroki kombinat jamoasi mehnatiga berilgan e'tibor va ishonchning yaqqol isboti bo'ldi desak xato bo'lmaydi.
“Asr loyihasi” nomi bilan e'tirof etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi yuqori mehnat marralarini zabt etishni jadal sur'atlarda davom ettirmoqda. Xususan, fabrikada shu kungacha 2 million tonnadan ortiq ma'dan qayta ishlanib, 30 ming tonnadan ortiq mis konsentrati olindi.
Faoliyatini boshlaganiga hali ikki oy ham bo'lmagan korxona uchun bu loyihaviy quvvatlarni o'zlashtirish yo'lidagi ulkan qadamdir. Ushbu natijalar fabrikaning intellektual va texnologik ustuvorligini amalda ko'rsatdi. 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi nafaqat kombinatning ishlab chiqarish zanjirini mustahkamlaydi, balki Yangi O'zbekistonimizning iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis va molibden mahsulotlarining Yevropa bozorlarida raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida “The Copper Mark” va “The Molybdenum Mark” sertifikatlariga ega bo'lganligi esa katta yutuq bo'ldi.
Sertifikatlar kombinatning dunyo miqyosida mas'uliyatli mis va molibden ishlab chiqaruvchi ekanligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish maqsadlariga javob berishini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mamlakatlari ichida kombinat birinchi bo'lib ushbu sertifikatlarni qo'lga kiritdi. Xalqaro audit tomonidan 32 ta mezon bo'yicha baholanib, barchasiga ijobiy xulosa olindi. Bu o'z navbatida kombinatga xalqaro bozorlarga to'siqsiz chiqish hamda transmilliy gigant kompaniyalar bilan yetkazib beruvchi sifatida to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzish imkoniyatini beradi.
Bugun kombinat nafaqat ishlab chiqarish hajmlarini oshirmoqda, balki kelajak uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Ayni paytda 4-Mis boyitish fabrikasi qurilishi va yangi mis eritish zavodi loyihalari ustida ishlar jadal davom etmoqda. Bu yangi korxonalar mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish bilan birga, xalqimiz turmush farovonligi o'sishiga xizmat qiladi.
Yaqinda Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bayramiga munosib tuhfa sifatida yana bir yirik sanoat korxonasi — “Kovuldi” oltin saralash fabrikasi foydalanishga topshirildi. Ushbu loyihaning ishga tushirilishi mahalliy xomashyo bazasidan oqilona foydalanish va oltin ishlab chiqarish hajmini tizimli ravishda oshirish orqali milliy oltin zaxiralarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi. Yangi fabrika qurilishi kombinatning o'z kuch va imkoniyatlari evaziga amalga oshirildi. “Kovuldi” va “Quyi Kenjasoy” konlaridan qazib olinadigan ma'danlarni qayta ishlashga mo'ljallangan ushbu fabrika yiliga 200 ming tonnagacha ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, balki yurtimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Yangi fabrikaning ishga tushishi — kombinatning izchil taraqqiyoti, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tabiiy boyliklarimizdan oqilona va samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash yo'lidagi yana bir muhim qadamdir. Loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish ham rejalashtirilgan.
Shu o'rinda kombinatda kadrlar tayyorlash, yosh mutaxassislarni qo'llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlash lozim. Bu borada muhandislik maktabi hamda ilg'or muhandislik maktablarining faoliyati, mehnat faxriylari tajribasi va yoshlar g'ayrati uyg'unligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishlab chiqarish bilan bir qatorda ijtimoiy va ekologik yo'nalishlarda ham keng ko'lamli ishlar ro'yobga chiqarilmoqda. Xodimlar va ularning oilalarini qo'llab-quvvatlash, bolalar dam olish maskanlari faoliyati, nuroniylar va faxriylarning ijtimoiy himoyasi kabi vazifalar doimiy e'tibor markazida bo'lmoqda.
Kombinatda inson qadrini ulug'lashga, uning hayotiy manfaatlarini ta'minlashga, ishchi va xizmatchilarning mashaqqatli mehnatini rag'batlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda.
“Yashil makon” va “Yashil belbog'” milliy loyihalari doirasida qisqa vaqt ichida millionlab daraxt va butalar, gul ko'chatlari ekilib, parvarish qilindi. Bugun ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladigan bog'lar va terakzorlar barpo etilmoqda. Ko'rgan ko'z quvonadigan gullar ekilib, parvarish qilinayotgan shahar ko'chalari yanada ko'rkam va fayzli tus oldi. Bundan tashqari, kombinat Toshkent viloyatining shahar va tumanlarini ijtimoiy sohada qo'llab-quvvatlab keladi.
Yaqinda Angrenda sobiq “Dukent” nomidagi va hozirda “Yangi Angren” nomi berilgan madaniyat saroyi to'liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Majmua yangi zamonaviy qiyofa kasb etib, angrenliklar quvonchiga sabab bo'ldi. Bunday xayrli ishlar viloyatimizning Krasnogorsk (Qizil tog') shaharchasida hamda Sirdaryo viloyatida ham amalga oshirilgan.
Fidoyi rahbar Abdullo Xursanov boshchiligidagi jamoaning professional mahorati va fidokorona mehnati tufayli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va uning tizimidagi sanoat ob'yektlari bundan buyon ham mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo'shaveradi.
Zero, kuchli iqtisodiyotga ega bo'lgan Yangi O'zbekiston davlatini yanada rivojlantirishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ham beqiyos o'rni bor. Kombinat hayotidagi bugungi qutlug' yangilik — oltinni saralash zamonaviy fabrikasi barchaga muborak bo'lsin!
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.
