Ustuvor vazifalar

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan ishlar tahlili, kelgusidagi muhim vazifalar muhokama qilindi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat bo'lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan.

2026 yil 5 yanvar. OKMK Markaziy apparatida kombinatda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2026 yilda bajariladigan ustuvor vazifalarga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda OKMK boshqaruv raisi, Oliy Majlis Senati a'zosi Abdulla Xursanov jamoani yangi 2026 yil bilan qutlab, o'tgan yilda erishilgan quvonchli natijalar bilan tabrikladi.

2025 yilda kombinat mehnat jamoasi tomonidan barcha belgilangan ishlab chiqarish ko'rsatkichlari yuqori darajada uddalangani e'tirof etildi. Xususan, mahsulot ishlab chiqarish hajmi 51 trillion so'mdan oshib, reja 119 foizga bajarildi. Agar o'tgan to'qqiz yillik davr bilan solishtiriladigan bo'lsa, 2025 yilda 2016 yilga nisbatan mis ishlab chiqarish hajmi 140 foizga oshganini ko'rish mumkin.

Kombinat boshqaruvi raisi A.Xursanov belgilangan vazifalar ijrosi barobarida kombinatda investitsiya loyihalarining ham jadal sur'atlarda amalga oshirilayotganini alohida ta'kidladi.

Aksiyadorlik jamiyatining 3-mis boyitish fabrikasida 2025 yilning 27 mart kuni birinchi konsentrat olinib, mazkur fabrikaning 1-liniyasi ishga tushirildi. Bugungi kunda mis konsentrati mis eritish zavodiga yetkazib berilmoqda.

O'tgan yili kombinatga qarashli ohak zavodida bitta aylanma pech hamda mis eritish zavodining nodir metallar ishlab chiqarish sexida ikkita aylanma pech foydalanishga topshirilgani ish sur'atining sezilarli oshishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari, yangi portlovchi moddalar zavodi qurilib, ishga tushirildi.

2026 yilda ham kombinat mehnat jamoasi tomonidan barcha turdagi ishlab chiqarish vazifalarining bajarilishi ta'minlanishi, jumladan, 3-mis boyitish fabrikasining texnologik liniyalarini to'liq quvvatga chiqarish, rux zavodining 6-sulfat kislota sexi va Kovuldi koni ma'danlarini qayta ishlovchi oltin saralash fabrikasini foydalanishga topshirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, yangi mis eritish zavodi qurilishini jadal sur'atlarda boshlash, quvvati 60 million tonna ma'danni qayta ishlash bo'lgan 4-mis boyitish fabrikasi qurilishi davom ettiriladi.

Jizzax viloyatida quvvati 737 ming tonna ohak ishlab chiqaradigan ohak zavodi qurilishi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”ning 2-mis boyitish fabrikasida esa ma'danni qayta ishlash quvvatlarini 5 million tonnaga oshirish yumushlari boshlanishi xususida alohida so'z yuritildi.

Kombinatda umumiy ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sun'iy intellektni boshqaruv jarayonlarida keng qo'llash, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish muhim vazifa sifatida belgilab olindi. Energiya resurslarini tejash va tannarxni pasaytirish, ekologik muhitni yanada yaxshilash kabi vazifalarga ham alohida e'tibor kuchaytiriladi.

Ko'p ming sonli korxonaning har bir ishchi-xodimi o'z ishiga mas'uliyat bilan yondashsa, shubhasiz, barcha ko'zlangan natijalarga erishish mumkin. Vazifa ana shunday belgilandi.

Yig'ilishda OKMK rahbariyati, tarkibiy bo'linmalar rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi.

OKMK matbuot xizmati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 18 =