Elga xuşxabar yetkaziş saodati
Rişton tumanining Amirobod qişloğida Nazirjon ota va Oyimsaxon aya sulolasi öqimişli, mehnatkaş, mehr-oqibatli oila sifatida tanilgan. Bu oilada uzoq kutilgan va bir neça opa-singillardan söng tuğilgan öğilga Rasuljon deya ism qöyişdi. Bu ism muqaddas bitiklarda “xuşxabar yetkazuvçi” maʼnosida kelişi taʼkidlanadi. Demak, hayotda heç narsa tasodifan bölmaydi, ism tanlaş inson taqdiri bilan bevosita boğliq va unda muştarak riştalarni boğlovçi ilohiylik bor, nazarimizda…
Aynan mana şu “xabar yetkaziş” xislati yoş Rasuljonning keyingi hayot yölini belgilab bergandek. Örta maktabning 6-sinfida öqib yurgan çoğlaridayoq tumanda naşr etiluvçi “Rişton haqiqati”, şuningdek, respublika bolalar gazetasiga kiçik-kiçik xabarlar, qişloq odamlari hayotidan olingan lavhalarni qoğozga tuşirib, konvertga solib, poçta orqali yuborib turdi. Ehhe, yuborgan maqolalari gazetada çop etilib qolsa bormi, undan baxtli, undan kuçli odam yöqdek tuyulardi göyo. Axir heç kim aytmagan, jurʼat qilmagan, xayoliga kelmagan fikrni, jarayonni yoritişning özi böladimi? Bu palladagi quvonç-u iftixor, kelajak orzulari haqida gapirmasa ham böladi.
Milliy matbuotimiz ilm-fani darğalaridan bölgan Muxtor Xudoyqulov uşbu oilaga begona emasligi esa Rasul akaning jurnalistikada teran tomir, çuqur ildiz otgani mohiyatini anglatuvçi yana bir yorqin sifatdir. Rasuljon Kamolovning talabalik yillari ötgan asrning töqsoninçi yillaridagi milliy uyğoniş davri töfonlari, şiddatli böronlariga töğri keldi. Toşkent davlat universiteti jurnalistika fakulteti professor-öqituvçilari — mamlakatning eng taniqli, kuçli bilimga ega olimlari. Kursdoşlar ham kelajakda özbek jurnalistikasi, adabiyotiga yelka tutiş zavq-şavqi bilan yonayotganlar — Isajon Sulton, Minhojiddin Mirzo, Abdurasul Jumaqulov, Aziza Soliyeva, Mastura Ergaşeva…
Öqiş yillarida serqirra ijodkorning maqolalari, hikoyalari respublika gazetalari, adabiy jurnallarida naşr etildi va ustozlar nazariga tuşdi. Şu tarzda talabalikdan söng dunyo axborot maydoni gigantlaridan bölgan sobiq Ittifoq telegraf agentligi — TASSning respublika böğini — ÖzTAGda Farğona viloyati böyiça muxbiri vazifasida iş boşladi. Tez orada Toşkent, Moskva va boşqa hududlarning markaziy naşrlarida “R.Kamolov” imzosi bilan eʼlon qilinayotgan tiş-tirnoqli, “mix” maqolalar yoş jurnalistga hurmat-eʼtibor olib keldi. Şu bilan birga, uning yozişga, ijod qilişga bölgan iştiyoqini yanada olovlantirdi. Farğona jurnalistikasida öziga xos muhit yaratgan Doniyor Ergaşev, Aʼzamjon Ortiqov, Şuhrat Olimov, Alişer Ibodinov, Abdunazar Xudoynazarov, Tolibjon Tursunov, Tohirjon Hamroqulov, Maşrabjon Sarimsoqov, Muhammadjon Obidov, Abdujalil Bobojonov, Baxtiyor Qambarov kabi ustozlik maqomidagi darğalar isteʼdodli va yoş, serğayrat hamkasbni öz qatorlariga qöşişdi.
— Inson kamolotida ustozlarning örni nihoyatda muhim. Mening baxtim ham şunda, menimça. Hayotim davomida juda köp yaxşi insonlar, mehri daryo ustozlarga röbarö böldim, ular kömagida kamçiliklarimni töğriladim, yutuqlarga erişdim, — deydi Rasul aka. — Jumladan, ÖzAga işga kelganimning dastlabki kuniyoq meni oçiq çehra, samimiy va iliq sözlar bilan kutib olgan jurnalist-yozuvçi Baxtiyor Mansurovning körsatgan yordamlari-yu beozor tanbehlari hanuz quloqlarim ostida jaranglab turadi. Biz bu inson bilan şu qadar inoqlaşib ketdikki, döstona riştalar keyinçalik oilaviy bordi-keldilarga aylandi. Ustoz olamdan ötgaç ham mehr iplari uzilgani yöq, uning oila aʼzolari, farzandlari bilan tez-tez körişib, ustozni xotirlab turaman.
Keyinçalik ham u bir neça jamoalarda işladi, ustozlar ögitiga amal qildi. Mustaqillik yillarida nomi “Özbekiston Milliy axborot agentligi — ÖzA” sifatida özgargan mamlakatning birinçi raqamli va nufuzli axborot manbai bölgan ulkan jamoada Rasul aka salkam 15 yil samarali faoliyat körsatdi. Söng bir muddat “Turkiston press” axborot agentligida, “Işonç”, “Mehr yoğdusi”, “Mahalla”, “Farğona haqiqati” singari gazetalar tahririyatida işladi. Ayni paytda Vazirlar Mahkamasi muassisligidagi “Yangi Özbekiston” gazetasining Farğona viloyati böyiça maxsus muxbiri, şu bilan birga, viloyat hokimligi naşri — “Yangi Farğona” gazetasida sidqidildan mehnat qilib kelmoqda.
Qalami çarxlangan ustoz jurnalistlar keyinçalik yozuvçi sifatida havas qilsa arziydigan muvaffaqiyatlarga erişgani heç kimga sir emas. Milliy qadriyatlar, odamgarçilik, mehr-oqibat kabi mavzulardagi yigirmaga yaqin hikoyalar jamlangan “Yigitning ori” kitobi Rasul Kamol yozuvçilikda ham quvonarli yutuqlarga erişişi mumkinligini körsatdi. Ammo hamişa hayotning qaynoq jarayonlari, ösiş nuqtalarida böladigan bunday jurnalist uçun vaqt masalasi eng tansiq neʼmat bölsa, na iloj! Umidimiz şuki, Rasul aka yaqin yillarda töplagan katta hayotiy tajribasi asosida yaxşi-yaxşi adabiy asarlar yaratişga bel boğlaydi. Kundaliklar, esdaliklar, xotira-esselar yozadi. Işoning, uning qahramonlari juda jonli, yon-atrofimizda yurgan odamlar, taniş va qadrdon qiyofalar böladi. Bu bölajak ijodkorlar uçun Rasul Kamol maktabi böladi.
Hayot çarxpalagini qarangki, ustozlar saboğini olgan bu inson Nazirjon Hoşimov, Umidjon Jabborov, Masʼudjon Sulaymonov, Şerzod Qoraboyev, Şohidbek Aslonov singari önlab yoş hamkasblar unib-ösişi uçun yöl-yöriq körsatdi, hayotiy va ijodiy saboqlaridan bahramand etdi. Ularning yutuqlaridan quvondi, nuqsonlarini körganda yurakdan ezildi, kömagini ayamadi.
Qariyb 40 yil mobaynida jurnalistikaning “qattiq non”ini yesa-da, sohaga sadoqatini namoyiş qilib kelayotgan Rasul aka katta hayotiy va amaliy tajribaga ega. Şu bois undagi hozirjavoblik, tezkor fikrlaş qobiliyati, har qanday axborot va yangilikni bir zumda saragini sarakka, puçagini puçakka ajratib oliş mahoratiga qoyil qolmay iloj yöq. Ustoz jurnalistning hatto kiçik bir axboroti, xabari, publitsistik maqolasida ham öziga xos yondaşuv, sarhisob va tahlil böladi. Xullas, har bir çiqişida öz “men”i, uslubi, nuqtai nazari, “imzosi” bor. Şuning uçun ham bu maqolalar juda ravon yoziladi, oson öqiladi. Ustozlar taʼbiriça, Rasul Kamol katta maktab körgan, hayotiy saboqlar olgan, özi kuzatgan va bilgan mavzular haqida yozadigan zuvalasi pişiq jurnalist.
Davlatimiz ham bu kabi azamatlarini doimo boşida baland kötaradi. Rasuljon Kamolovning 2000 yili “Xalq taʼlimi aʼloçisi” kökrak nişoni, 2012 yili “Şuhrat” medali bilan taqdirlangani ana şu fidoyi mehnatning yuksak eʼtirofidir. Istiqlol yillarida erişilgan mislsiz yutuqlarni, baʼzan qaysidir sohada közga taşlangan muammolarni mohirona tasvirlay oladigan qalamkaş 2022 yili Özbekiston jurnalistlar uyuşmasi tomonidan ötkaziluvçi “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi ğolibi bölgan.
Hayotning past-baland yöllaridan mardonavor ötib kelayotgan hamkasbimizning bukilmas irodasi, ori, ğururi kuçli. Tiyrak nigohli bu inson hamişa hayotdan zavqlanib yaşaşni biladi. Kompyuter yoki telefon ekraniga termilib maqola yozişdan zeriksa, ketmonini yelkasiga taşlab, tomorqa yumuşlari bilan andarmon böladi. Rasul aka tomorqaçilik, qoramol boqiş, şoli yetiştiriş hadisini olgan, xullas, uy-rözğor, dehqonçilik professori. Qöli gul oşpaz, futbol va tennisni qoyillatadi, kuraşda ança-munça polvonning kuragini yerga tekkizadi.
U — ustozlar va yangi avlod örtasidagi işonç köprigi. Zero u önlab yoş ijodkorlarni ustoz jurnalistlar davrasiga qöşgan. Hamkasblar, qadrdonlar, qarindoşlar gurunglarida davraboşi, bir söz bilan aytganda, hamma joyda va hamma işda hoziru nozir. Işni deb oilani, oila qayğusida köçani unutib qöymaydi. Hammasiga vaqt topadi, ulguradi. Navqiron yigitdek ğayrat-şijoat tark etmagani — doimo şoşib yurişi, tez-tez gapirişi, tinib-tinçimasligida yaqqol namoyondir.
Rasul aka beş nafar farzandni munosib tarbiyalab, öqitib, elga qöşdi. Bugun ota hovlida farzand va nabiralar jam bölganda fayzli xonadon şodon kulgilar, erka qiliqlar bilan tölib-toşadi. Bobo va nabiralar örtasida qiziqarli öyinlar, bellaşuvlar, muşoira, kitobxonlik bahsi boşlanadi. Yangi avlod sulolaning munosib vorisi sifatida öqişda, sportda, mehnatda toblanmoqda.
Umr daryo misoli şovullab oqib ketaverişi ayni haqiqatdir. Döst, qadrdon, hamkasb, aka, ustoz maqomida bilib, uzoq yillar hamfikr va hammaslaklikda işlab kelayotgan Rasul aka şu kunlarda qutluğ 60 yoşga qadam qöymoqda. Bu umrning maʼlum bir sarhisob davri, lekin jurnalistika hamda ijodda ayni kamolot pallasi sanaladi. Şu sababli Rasul Kamol hali köp yillar davomida ötkir qalamini qöldan qöymasligiga işonamiz. Avlodlar örtasidagi muştarak riştalar uzilmasligini taʼminlaşda bu kabi ustozlarning örni beqiyos. Şu maʼnoda, milliy matbuotimiz ravnaq-rivoji, zavol topmasligi uçun hali bizga Rasul Kamoldek fidoyilar köp kerak. Bu — şunçaki hamkasblar, qadrdonlarning xohiş-istagi emas, Farğona jurnalistikasi talabi, yaqin istiqbolga möljallangan rejasi şunday…
Botir MADIYOROV,
Hayotjon BOYBOBOYEV.
