Ustozlarning ustozi

U hech qachon ichidagini tashiga chiqarmagan.
Uning biror marta asabiy yo jig'ibiyron bo'lib yurganini ko'rmaganmiz, desak ishonavering.
Poytaxtdagi katta-kichik mashvaratlar, ziyoli, ijodkorlar davrasi u kishisiz o'tmaydi.
Va hech qachon birovning ortidan g'iybat qilganini eslolmaymiz.
Yana…
Kim bo'ldiykan o'zi bu odam deb o'ylayapsizmi?
Sherzod G'ulomovni tanimaysizmi?
Ha, o'sha — O'zbekiston xalq yozuvchisi, o'nlab asarlari bilan xalqimiz mehrini qozongan va “Eh, sening yoshliging menda bo'lsaydi” deya armon bilan kuylab o'tgan atoqli adib Hamid G'ulomning suyukli farzandi.
Ana endi ustozimiz haqida batafsil so'z aytmoqdan avval barchamiz uchun ibrat namunasi bo'lmish bir hayotiy misolni keltirmoqni lozim topdik.
Biz ming yildan beri tanigan, bilganimiz, o'zi ham tabarruk yoshga kirgan inson Toshkentdagi qadim “Teshikqopqoq” qabristonida abadiy qo'nim topgan padari buzrukvori va navqiron yoshida dunyodan o'tgan jigargo'shasi, iste'dodli sharqshunos olim Farhodjon hamda roppa-rosa bir asrdan ko'proq baxtli, saodatli umrni yashab, 2021 yil oxirat safariga kuzatganimiz Sherzod akaning volidai muhtaramalari Manzura aya (1920 yilda tavallud topgan ekan)mizning muborak qabrlarini har hafta ziyorat qilmoqqa chog'lanadi. Hafsala bilan xilxona atrofini o't-o'landan tozalaydi, yam-yashil bo'lib ochilib yotgan gullarni sug'orib chiqadi va ohista ovozda Qur'oni karimdan bilgan suralarini o'qiydi. Nurli ko'zlari yoshlanadi.
O'sha mahzun lahzalarda uning ozurda ko'nglidan nelar kechishini biz bilmaymiz. Bilganimiz, umr otlig' karvon yo'llarida o'zining xayrli ishlarini sarhisob qiladi u. Va…
Aytishlaricha, Sherzod aka dunyoga kelgan birinchi hovli Beshyog'och dahasidagi o'sha dovrug'i baland Arpapoya mahallasida joylashgan ekan. 1944 yil 3 may kuni dunyoga kelgan va “metirka”siga Shamshodbek deya ism bitilganini ko'rgan shoir G'afur G'ulom Hamid G'ulomga qarata: “Bu chaqaloq bugundan boshlab Sherzod bo'la qolsin” degan ekan. Shu-shu bo'ldi-yu, rasmiy hujjatlarda boshqacha, odamlar orasida esa Sherzod bo'lib ketdi…
Kimki, Hamid G'ulomning “Yillar, yo'llar, ustozlar” hamda “Vafoning uzun yo'li” hujjatli qissalarini mutolaa qilgan bo'lsa, ularda bo'lajak mashhur tele-radiojurnalist, mohir tashkilotchi va iste'dodli rahbar, respublika jurnalistikasining yetuk vakili Sherzod G'ulomov qanday muhitda tarbiya topgani va o'sha davrning necha o'nlab manaman degan nomdor ijodkorlari qadami yetgan go'zal xonadonda tongotar suhbatu mushoiralarga bevosita guvoh bo'lganini anglab yetadi.
Yana bir qiziq voqea tafsilotini eshiting: jurnalistika fakulteti talabasi bo'lgan Sherzod G'ulomov 1963 yilning kech kuzida paxta dalasida yurganida harbiy komissariat vakili uning qo'liga chaqiruv qog'ozini tutqazib ketadi. Ayonki, armiyaga borishdan bo'yin tovlash jinoyat bilan teng. Qahramonimiz olis Qozog'istonning sovuq burchagi Toldiqo'rg'on viloyatida joylashgan harbiy qismda xizmatni o'tay boshlaydi. Kutilmaganda bir kuni mashhur adib-shoir, Hamid G'ulomning xonadonida ko'p bora mehmon bo'lgan Konstantin Simonovdan oddiy askar Sh.G'ulomov nomiga banderol-sovg'a keladi. Zobitlar mavjud tartibga ko'ra, qopni ochib ko'rishsaki, ichida ikki-uchta kitob bor edi. Eng hayratlanarlisi, 19 yoshli yigitchaga jo'natilgan kitoblarda kimsan o'sha davrning eng dovruqli shoiri nomidan “Ehtirom ila Sizning Konstantin Simonov” degan jimjimador yozuv turardi. Oradan ko'p o'tmay u “Doblest” nomli gazetada harbiy jurnalist sifatida faoliyat ko'rsata boshlaydi…
Ustozning ulkan kutubxonasidagi nodir kitoblarni varaqlasangiz Rasul Hamzatov, David Qug'ultinov, G'afur G'ulom, Zulfiya, Chingiz Aytmatov, Mirzo Tursunzoda, Mirtemir, Asqad Muxtor, Said Ahmad, Uyg'un, pokistonlik shoir Fayz Ahmad Fayz va yana yuzlab taniqli ijodkorlar dastxatlariga ko'zingiz tushadi. Ularning har bittasi bu oilaning muqaddas boyligi sifatida yuksak qadrlanadi. Sherzod aka saxovatli ziyoli emasmi, o'zi umrguzaronlik qilayotgan mahalla kutubxonasiga bir yarim mingdan ko'proq turli janrlardagi kitoblarni hadya qildi.
Sherzod G'ulomovning mehnat daftarchasini ko'rganmisiz? Xoh ishoning, xoh ishonmang, unda faqatgina “Ishga qabul qilinsin” degan bittagina yozuv bor xolos. Negaki, u qariyb qirq yilcha vaqt davomida O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida turli vazifalarda uzluksiz halol ishlab keldi.
Ayniqsa, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida o'n yildan ziyodroq ishlagan davri alohida ta'kidlashga loyiq desak mubolag'a bo'lmaydi. Xususan, endigina oyoqqa tura boshlagan uyushma tashabbusi bilan milliy va xalqaro jurnalistikaning yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, so'z va axborot erkinligini yanada rivojlantirish hamda bu mashaqqatli soha vakillari orasida tanqidiy-tahliliy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish va ularni qo'llab-quvvatlash, rag'batlantirish maqsadida mamlakat tarixida ilk bor “Oltin qalam” Milliy mukofoti ta'sis etilgani tarixiy voqea edi. Keyinchalik “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug', eng aziz” respublika ijodiy tanlovlarining ham qamrovi va nufuzi oshdi. Mamlakatimizning barcha hududlarida uyushmaning bo'limlari tashkil etildi.
Va nihoyat Sherzod G'ulomov o'zining asablari temirdan emasligini yaxshi bilardi va endi keksalik gashtini surmoq uchun shogirdlariga yo'l berib dam olishga qaror qildi. Qayda, yana qo'yishmadi: endi O'zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Ekspertlar kengashi raisi — “Mening yurtim” telekanali ijodiy-badiiy kengashi raisi, EOAVMA boshqaruvi raisi o'rinbosari — bosh direktor lavozimida faoliyat ko'rsata boshladi. Mamlakatimizda nodavlat elektron OAV rivojiga munosib hissa qo'shdi. Hozir esa yana mas'ul vazifada – keng tomoshabinlar auditoriyasiga ega bo'lmish “Mening yurtim” telekanalida ijodiy-mafkuraviy ishlar bo'yicha maslahatchi. Xalqimiz ishonchini qozonib kelayotgan telekanal nufuzini oshirish va ommani sifatli kontent bilan ta'minlanishiga beminnat ko'mak beryapti, yosh ijodkorlarga o'zining boy ish tajribasi va bilimini o'rgatib kelyapti. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Faxriy jurnalistlar kengashi raisi sifatida samarali jamoatchilik faoliyati olib bormoqda.
O'zbek jurnalistikasida o'ziga xos o'rni va nufuziga ega bo'lgan ustozning mehnati yuksak qadrlangan: “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi”, “Do'stlik” ordeni sohibi va yana o'nlab mukofotlar sohibi. Asosiysi, u qaysi bir davraga kirib borsa, kattayu kichik yuksak qadrlaydi. Bunday martaba, shon-shavkat har kimga-da nasib etavermaydi.
Bugun o'zining qutlug' saksoninchi bahorini qarshilayotgan Sherzod G'ulomovga aytar so'zimiz bitta: toleingiz, iqbolingiz hamisha baland bo'lsin. Tilda ham, dilda ham ustozlik maqomiga munosibsiz. Umr yo'llaringiz hamisha oydin bo'lsin!
Norqobil JALILOV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.
Shoqahhor SALIMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,
“Do'stlik” ordeni sohibi.