Zamon va olamni qalbiga singdirgan siymo

Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligi

“Yurtimizda Chingiz Aytmatov hayoti va ijodini har tomonlama chuqur o'rganish masalasi ham adabiyotshunos olimlarimizning doimiy diqqat markazida bo'lib kelmoqda. O'tgan davr mobaynida bu borada jiddiy ilmiy izlanishlar olib borilgani, yirik monografiya va tadqiqotlar e'lon qilingani O'zbekis­tonda o'ziga xos “aytmatovshunoslik maktabi” shakllanganidan dalolat beradi”.

Shavkat Mirziyoyev,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

XX asrning eng buyuk donishmandlaridan biri, betakror adib, jamoat va davlat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatovga bag'ishlangan yodnoma kitobim nashrdan chiqdi. Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 2 aprelda qabul qilingan “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarorida ta'kidlanganidek, “Chingiz Aytmatov nafaqat qirg'iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o'zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O'zbekistonning ulkan do'sti edi”.

Biz Chingiz To'raqulovich bilan 1995 yilda tanishgan bo'lsak, o'sha paytdan beri qariyb 13 yil davomida qandaydir latif – og'a-inilar, do'stlar, qavmdoshlar, hatto o'zaro fikrdoshlar kabi yaqin va samimiy munosabatlar bilan bog'langan edik. Demoqchimanki, bu buyuk shaxsni uzoq vaqt davomida kuzatar ekanman, adib haqida bugungi xotiralarimni yozish uchun yetarli materiallar to'play oldim.

Ushbu maqola, asosan, ko'p yillar davomida Chingiz Aytmatov asarlaridan hamda Toshkentda va Moskvada, Parijda va Bryusselda, Sochida atoqli yozuvchi bilan bo'lib o'tgan dilkash suhbatlarimiz taassurotlariga bag'ishlangan.

O'sha olis gurunglarimizda Chingiz og'aning o'zi so'zlab berganidek, bo'lg'usi adib buvisining qo'lida tarbiya topdi, uning hayot haqidagi ilk taassurotlari qirg'iz xalqining milliy turmush tarzi bilan bog'liq holda kechdi. U shunday bir muhitda yashadiki, u yerda ertak, rivoyat, afsona va asotirlar og'izdan-og'izga o'tib yurardi.

Aytmatovlar oilasida qirg'iz hamda rus tillarida teng gaplashar edilar, bu uning ijodiy faoliyatida ikki tillilikni belgilab berdi. Oila ta'sirida Ch.Aytmatov bolaligidan rus tili va adabiyoti, rus madaniyati bilan juda yaqindan tanishdi.

Chingiz og'a umri davomida juda ko'p adolatsizliklarga ham uchradi. Uning hayotidagi birinchi adolatsizlik – otasining qatag'on etilishi edi.

Yosh bo'lishiga qaramay, u qatag'on tufayli qandaydir mudhish voqea sodir bo'lganini tushunib yetdi va biron-bir narsani o'zgartirishga ojizligidan azob chekdi.

Inson qalbida hamisha adolatga yashirin intilish mavjud bo'lar ekan. Aftidan, “mana shunga chidab berilsa, keyin hammasi izga tushib, boshqacha bo'ladi”, degan umidvor fikr yosh Chingizni ham tark etmadi.

“Jamila” qissasidan so'ng adibning ikkinchi qissasi – “Sarvqomat dilbarim” dunyoga keldi, u ham o'zining hayotiyligi va haqqoniyligi, iste'dod quvvati jihatidan avvalgi asaridan qolishmaydi. Asar Aytmatovning nosir sifatidagi imkoniyatlarini yanada keng namoyish etdi. Asarning mazmundorligi, fabulaga ishlov berilishi, xarakterlar tavsifi yosh yozuvchining ishonch bilan kuch to'playotganidan, o'ziga xos qudratli ovozidan darak berdi.

Ch.Aytmatovning rus tilida yozilgan birinchi asari 1965 yilgi “Alvido, Gulsari!” qissasidir. Asar bosh qahramoni – qirg'iz dehqoni Tanaboyning taqdiri “qishloq prozasi”ning eng yaxshi qahramonlari taqdiriga aynan o'xshash, ya'ni tipikdir.

O'sha vaqtdan buyon Ch.Aytmatov asarlarini o'qimaslik dunyo bo'yicha adabiyotdan bexabarlik sifatida baholab kelinadi. Holbuki, nomi butun dunyoga tanilganida, Chingiz og'a hali qirq yoshga ham to'lmagan edi.

1970 yilda uning yana bir mashhur asari “Oq kema” dunyoga keldi va qirg'iz kinematografining peshqadam rejissyori Bo'lat Shamshiyev tomonidan shu nomdagi badiiy film suratga olindi. Mazkur film Ch.Aytmatov asarlari asosida suratga olingan filmlar ichida eng muvaffaqiyatlilaridan biridir.

“Oq kema” asarida yovuzlikka to'qnash kelgan va baliqqa aylangan qirg'iz bolakayining ayanchli taqdiri juda jozibador tasvirlangan. Bolakay yolg'iz. Qadimgi rivoyatlar bilimdoni, keksayib qolgan buvasi Mo'min unga ota-onasi o'rnida. Bolakay bobosidan eshitgan rivoyat va afsonalar mohiyatini ich-ichidan tuygan, voqelikni go'zal ertakdek qabul qilgan taassurotlari bilan kattalarning shafqatsiz dunyosiga duch keladi. Har qanday rivoyat kabi, “Oq kema” asari ham kitobxon va tomoshabinlarga ruhiy-ma'naviy va estetik saboq beradi.

Shu tariqa XX asrning 70-yillaridayoq Ch.Aytmatov jahon adabiyotida badiiyat ramziga, yanada aniq aytganda, adabiy yo'lboshchiga aylandi. Uning qissa va hikoyalari asosida sahnalashtirilgan tomoshalar dunyo teatrlari sahnalaridan o'rin oldi. Moskvadagi “Bolshoy teatr” repertuaridan uning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida yaratilgan “Asal” baleti mustahkam joy egalladi.

Adibning birinchi romani – “Asrga tatigulik kun” 1980 yilda dunyo yuzini ko'rdi. Bu – Aytmatovga xos ulug' falsafiy roman edi.

Ch. Aytmatov asarlarini oddiy, jonli, o'ziga xos bir tilda yozganki, ularni berilib, butun borliqni unutib o'qiysiz, asar qahramonlari bilan birga qayg'urasiz. U qirg'iz xalqi madaniyatini, turmush tarzini juda mukammal tasvirlaydi, nigohini hayotning ichki, sof, mehrli, samimiy qatlariga qaratadi. Shu bois Aytmatov asarlarini o'qish maroqlidir.

Chingiz og'a hayotni qanday bo'lsa shundayligicha, haqqoniy tasvirladi. Oddiy odamlar hayoti, ularning urushga bo'lgan munosabati haqida yozdi. Uning asarlari shu qadar hikmatga boyki, muxlisni sehrlab qo'yadi. O'qiganimizda har gal o'zimizni u tasvirlagan shamollar og'ushida uchib yurgandek, u tasavvurimizda yaratgan g'aroyib olam ichra kezgandek his etamiz.

Chingiz Aytmatov asarlari matni o'zining mazmundorligi, metaforaga boyligi, insonlarga hamdardligi bilan ajralib turadi. Shuni ta'kidlash joizki, Ch.Aytmatov adabiyot uchun eng qiyin kechgan davrlarda ham hamisha halolligicha qoldi, vijdonini sotmadi va ziyolilar uchun ibrat maktabi bo'ldi, uning ijodi “totalitarizmga muxolifat” sifatida tanildi.

YuNESKO nashrlarida adib asarlarining jahonshumul muvaffaqiyati, uning butun dunyoda tan olinishi bilan bog'liq quyidagi xabarlar e'lon qilingan: XXI asr bo'sag'asida Ch.Aytmatovning asarlari 168 ta mamlakatda, 165 ta davlat tilida, 67,2 million nusxada, 830 marta nashr etilgan. Bu raqamlar, albatta, kundan-kun ortib bormoqda. Adibning ko'p­lab asarlari asosida filmlar yaratildi, ular hozir ham qiziqish bilan tomosha qilinadi.

Ch.Aytmatov tavalludining 70 yilligi YuNESKO tashabbusi bilan butun insoniyatning madaniy-ma'naviy hayotidagi ulkan voqea sifatida nishonlandi. Adibning tavalludi munosabati bilan o'tkazilgan tadbirlarda uning jahon adabiyoti, madaniyati va san'atiga qo'shgan hissasi e'tirof etildi. Shu bilan birga, Chingiz og'aning jahon xalqlari uchun o'ta zarur bo'lgan dunyo tinchligini saqlash, barqarorlikni ta'minlash borasida ko'rsatgan xizmatlari ham alohida ta'kidlandi.

Adibning asarlari insoniyat sivilizatsiyasini mifologik anglashni boshlab bergan XX asr tarix solnomasidan mus­tahkam o'rin oldi. Bu borada u ijodiyoti jahon miqyosida ahamiyatga ega bo'lgan Tomas Mann, Frans Kafka, Alber Kamyu, Xulio Kortasar kabi atoqli adiblar safidan joy egalladi. Chingiz Aytmatovni “qirg'izlarning Tolstoyi”, “qirg'izlarning Garsia Markesi” deb ham atashadi.

“Aql-idrok taraqqiyoti ma'rifat olamini ostin-ustun qilib o'zgartirib yuborganidan sarosimaga tushmaslik kerak, balki bu evrilishlar bilan murosa qila olishimiz lozim. Bu fikrga ko'nikish kerak. Sarosima o'tib ketadi. Butun bir madaniyatni o'zgartirmoq kerak”, – deb yozgan edi jahonga mashhur adiblardan biri, fransuz donishmandi Alber Kamyu. Darhaqiqat, madaniyat ko'z o'ngimizda o'zgarmoqda, faqat biz buni sezmayotgan bo'lishimiz mumkin. Nimaga hayron bo'laylik, axir, Nikolay Kopernik va Galileo Galileyning kitoblari ham uch asrdan ziyod vaqt taqiqlanib, bo'g'ilib yotdi-ku!

Ch.Aytmatov dunyo miqyosida romanga xos yangicha tafakkurning shakllanishiga e'tibor bilan qaradi. Bunda, asosan, dunyo halokatini his qilish, VAQT, INSON, TABIAT o'rtasidagi uchlik munosabatlari o'ta muhim edi. “Ch.Aytmatov ijodi o'zida Sharq va G'arbning badiiy va intellektual birligini (sintezini) tashidi”.

Ch.Aytmatovning hajm jihatdan eng katta kitobi bo'lmish “Qiyomat” 1986 yilda nashrdan chiqdi. Muxlislar kitobni qo'ldan qo'ymay o'qidilar. “Qiyomat” asarida adib o'z davrida ovoz chiqarib aytish mumkin bo'lmagan mavzularni ko'tardi, u Yaratganga ishonch, demakki imon xususida, odamzodga xos bo'lgan aql bovar qilmas shafqatsizliklar – imonsizlik haqida fikr yuritdi.

Mif – Chingiz Aytmatov ijodining ajralmas bir qismi. Mif, rivoyat va afsonalar asar matni tarkibida hozirgi voqelik bilan teng maqomda turadi. Bu – Aytmatov tanlagan badiiy usul. U tabiatan shunday edi, o'tmishdan saqlanib qolgan sehr va falsafaga kitobxonlarni jalb etishga tashna edi. Zero, miflar – ajdodlarimizning bizga yo'llagan nomalaridir. Ta'bir joiz bo'lsa, shuni aytish lozimki, Ch.Aytmatov asarlarida musiqa, mif va afsona uyg'unligi mavjud. Chingiz og'aning asarlaridagi badiiy ohangdoshlik siri, sehri shunda.

“Asrga tatigulik kun” romani adib ijodida sayyoraviy tafakkur tomon burilish yasadi. Bu asar insondagi tanlash imkoniyatlarini izlash, topish, azaliy haqiqat mavzusiga qaytish, madaniyatdagi o'zgarishlarni idrok qilish yo'llarini belgilab berdi.

Romanning asosiy qahramoni – kichik temir yo'l stansiyasida ishlaydigan oddiy qozoq Yedigey. Yedigey va uning atrofidagi insonlar taqdiri, urushdan avvalgi qatag'onlar, Ikkinchi jahon urushi, undan keyingi og'ir mehnat fronti, odamlar yashaydigan joy yaqinida qurilgan atom qurolini sinash maydonlari, xuddi tomchida quyosh aks etgandek, mamlakat taqdiriga vobasta ifoda etilgan. Ch.Ayt­matovning qissalarida bo'lgani kabi, “Asrga tatigulik kun” romanida ham tuya obrazi, shuningdek Nayman Ona va uning o'g'li – yovuz niyatli kimsalar qilmishi sababli manqurtga aylangan, avlod-ajdodini xotirasidan o'chirgan, befahm va qahri qattiq bir qattol – Jo'lomon haqidagi afsona muhim joy egallaydi.

“Asrga tatigulik kun” romani ham butun dunyoda shuhrat qozondi. “Manqurt” tushunchasi inson qiymatini belgilovchi tamg'a, borliq bilan munosabatni uzgan, yengib bo'lmas qiyinchiliklar komida qolgan odamning o'ziga xos ramzi bo'lib qoldi.

Mening: “Nima deb o'ylaysiz, bizning o'ta murakkab zamonda, aynan manqurtlar – robot-odamlar, boshqalar tomonidan majburan bitta maqsadga yo'naltirilgan odamlar insoniyatning kelajagini belgilashi mumkinmi?” – deb bergan savolimga Ch.Aytmatov shunday javob bergan edi: “Hamma davrlarda ham bunday xavf bo'lgan – manqurtlar insoniyat taraqqiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatgan. Bu xavf hozir ham bor. Endilikda insoniyat jamiyati juda mo'rtlashib qoldi. Globallashuv davrida, har tomonlama bilimga ega bo'lishga harakat qilinayotgan bir paytda milliy madaniyatlar ko'p hollarda o'zligini yo'qotadi va bu albatta manqurtlikka olib keladi. Barcha milliy madaniyatlar birgalikda olinganda yagona totalitar ommaviy madaniyat qalpog'i ostiga tushib qolishi ham mumkin. Har qalay, men demokratik tamoyillar bizni taraqqiyot tomon yetaklashi va dahshatli voqealarning kuchayishiga yo'l qo'yilmasligiga umid qilaman”.

Chingiz Aytmatov ijodining markazida inson va jamiyat muammosi turadi. “Oq kema” asarida u turmush bilan bog'liq muhim masalalarni ko'tarib chiqdi. U Tabiat yer yuzidagi barcha tiriklikning onasi ekanligini, Tabiatga qarshi chiqish, unga nisbatan qilingan jinoyat butun insoniyatni halokatga olib kelishi mumkinligini barchaga ma'lum qildi, bu haqda bong urdi. “Insoniyat tabiat ekologiyasidan qalb ekologiyasiga o'tishga harakat qilishi lozim. Bugungi zamonda din ham o'z qobig'ida biqinib qolmasligi, axborotni rivojlantirish sohasida oldinga qadam tashlashi kerak”, degan edi Chingiz og'a.

“Kassandra tamg'asi” romanini yozganidan keyin unga kosmopolit-yozuvchi sifatida qarashganini u goh kulib, goh afsus bilan eslardi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, dunyo­dagi global jarayon milliy o'zlikni belgilash, o'zini o'zi anglash, o'zini identifikatsiyalash bilan dialektik jihatdan bog'liqdir. Bular birini-biridan ajratib bo'lmaydigan kategoriyalardir. Ularning munozarasi bugungi kunda tarixni harakatga keltiruvchi kuchga aylandi.

Chingiz Aytmatov ijodiy tafakkuri va badiiy dahosining o'ziga xos tomoni shundaki, u biron-bir asarida, adib xoh “Oq kema”, xoh “Asrga tatigulik kun” yo keyingi asarlari bo'lsin, o'zining ona yurtini tasvirlash bilangina cheklanib qolmaydi. U qanday mavzu yo masalani ko'tarmasin, nimani tasvirlamasin, haqiqiy san'atkor va faylasuf sifatida hamisha o'zining mulohazalari va yaratgan asarlarida ularni umuminsoniy manfaat va muammo darajasida anglashga harakat qiladi. Shu bois Ch.Aytmatov milliy qobiqni yorib chiqib, jahoniy miqyosga yuksaldi. Uning chuqur umumlashmalar va mulohazalarga boy asarlari amerikalikka ham, olmonga ham, yapon va polyak, qozoq va rus kitobxoniga ham bir xil kuch va qud­rat bilan ta'sir ko'rsatadi.

Chingiz Aytmatovning kaminaga so'zlab berganlariga ko'ra, 2006 yilda u Germaniyaning yettita shahri bo'ylab sayohat qilgan, turli davralarda uchrashuvlar o'tkazgan, ma'ruzalar irod etgan, hatto o'zining xalqparvarligi bilan adibni lol qoldirgan ibodatxonalarga ham kirgan. Ayniqsa, nemis kitobxonlari Ch.Ayt­matovni hayron qoldirgan. Uning aytishicha, “nemislar meni shu qadar e'tibor bilan tinglardiki, xuddi barcha yozganlarim ularga tegishlidek”. Ehtimol, bu kabi munosabatlar zamini va ularda e'tiborning uyg'onishi – nemislarning XX asr o'rtalarida, Ikkinchi jahon urushidan chiqargan saboqlari bilan bog'liqdir?!

Inson o'z naslini saqlab qolish uchun uzoq asrlardan beri davom etib kelayotgan odamkushlik illatidan butunlay voz kechishi talab qilinadi. “Chingizxonning oq buluti” qissasining qahramoni bo'lmish yuzboshi Erden xotiniga qarata: “Biz hali tug'ilmagan boladan kechishni istamadik”, – deydi. Ular rahnamolarining hujum paytida farzand ko'rmaslik buyrug'iga amal qilmadilar. Urushlar, bu hujum va naslni davom ettirishga monelik qiluvchi to'siq hamdir. Ch.Aytmatovning xotirlashicha, u bolalik paytida oilasining yagona boyligi – sigirini o'g'irlaganlarni o'ldirishga harakat qilgan. Cho'lda yosh Chingizga eshak mingan bir qariya uchrab: “Hech kimni o'ldirma… Bu dunyo adolatlidir…”, – deydi. Dunyoning esa adolatsizligi ma'lum bo'ldi. Biroq ojizligidan o'ksinib yig'layotgan bolaning qalbida nimadir qolganki, u qariyaning so'zlarini unutmadi.

“Nima uchun asarlaringizda hayvonlar obrazi ko'p uchraydi?” – deb bergan savolimga Chingiz To'raqulovich: “Bu endi mening tabiatim, olamni idrok etish tarzim. Men insonni Yaratganning boshqa jonzotlaridan ayri tasvirlamayman. Bu uslubim asarni butlashga va kamini to'ldirishga yordam beradi, unga mazmun bag'ishlaydi. “Kassandra tamg'asi”dagi Kreml boyqushini o'zim ham juda yaxshi ko'raman. Ehtimol, o'sha qush hozir ham Kreml minoralarida yashab, kim qaysi vaqtda kelayotganini kuzatib o'tirgandir. Uning asardagi ishtiroki voqeani an'anaviy tavsiflab berishdan ko'ra kuchliroq… Inson – aqli bor zot, u yaratishi ham mumkin va vayron qilishi ham, yaxshilik keltirishi va zulm o'tkazishi ham mumkin. Hayvonlarning esa harakati cheklangan. Ular insonga qaram bo'lib qolgan. Inson o'ziga mute jonzotlarga nisbatan o'zini qanday tutishi lozimligini anglashi uchun ham men ularni asarga kiritaman”, – deb aytgan edi.

“Tog'lar qulaganda” romanining ham mavzusi dolzarb: globallashuv, shou-biznes, tog' qoplonlarini tijorat maqsadida ovlash, tungi klublar… “78 yoshda bularning hammasini qaerdan bilasiz?” – deb so'raganimda, adib shunday javob bergandi: “Men tirik jonman, davrning tomir urishini, to'xtab-to'xtab nafas olishini imkon qadar his qilishga harakat qilaman, davr haqida qayg'uraman va bilganlarimni yozgim, kechinmalarimni ifodalagim keladi. Globallashuv davri boshlanishi bilan ko'p narsa o'zgardi. Shu bois mening romanimdagi mashhur opera qo'shiqchisi shou-biznesning qurboni bo'ladi. U restoranlarda yurib, opera teatrida oladigan maoshidan ko'ra yuz barobar ko'proq pul topadi. Va bu faqatgina operaning muammolari emas, balki butun madaniyat olamidagi bo'hronlardan darak beradi”.

Buyuk adib “Mangu qayliq” romanida yana faylasuf sifatida namoyon bo'ldi. Romanning asosiy qahramonlaridan biri – tog' qoplonining taqdiri, asarning boshqa qahramoni – jurnalist Arsen Samanchin bilan chambarchas bog'liq. Roman – muhabbat, yaxshilik bilan yomonlik o'rtasidagi kurash haqida. Zotan, ulug' adib: “Agar men nimadir yoza olsam, hamisha inson dunyoda yolg'iz emasligi, uning yon-­atrofida boshqa jonzotlar ham yashashi va inson ular uchun, umuman, Yerda kechayotgan voqealar uchun mas'ulligi haqida yozaman”, – deya e'tirof etgandi.

Chingiz To'raqulovich olam fuqarosi bo'lib, uning chuqur badiiy-falsafiy qarashlari, qahramonlarining hayotga bo'lgan muhabbati cheksiz edi. U o'z ijodida jahon adabiyotining xalq hayoti bilan bog'liq yo'nalishlarini tadqiq etdi. Chingiz og'a Sharqning chuqur falsafasi va Yevropa adabiyotining eng sara an'analarini o'z asarlarida mujassamlashtirdi. Shu ma'noda u – muhtasham Yevroosiyo makoni adabiyotining eng ulkan namoyandasi hamdir.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari ilgari surayotgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish g'oyasi kishidan chinakam ma'naviyatli va ma'rifatli bo'lishni talab qiladi. Shuning uchun ham bugun kitobga ehtiyojimiz, kitobxonlikka esa e'tiborimiz kuchli. Eng muhimi, Prezidentimiz bu sohada ham barchamizga amalda o'rnak va namuna bo'lmoqda.

2017 yilda ulug' qirg'iz adibi va mashhur jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning “Tanlangan asarlar”i nashr etildi.

Kitobga Prezidentimiz “O'zbek xalqining ulkan va ardoqli do'sti” nomli kirish so'zi yozgan. Unda, xususan, shunday samimiy fikrlar bor: “O'zbekistonda bu ulug' ijodkorning kitoblari kirib bormagan biror xonadonni, uning go'zal qissa va romanlarini o'qimagan, ular asosida yaratilgan kinofilmlarni tomosha qilmagan biron-bir kishini topish qiyin, desak, adashmagan bo'lamiz. U nafaqat qirg'iz xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o'zbek xalqi uchun ham aziz va suyukli siymo, desak, bu ham ayni haqiqat”.

Chindan ham, biz ulug' qirg'iz adibining aksariyat asarlarini o'z ona tilimizda anchadan buyon va qayta-qayta mutolaa qilib kelmoqdamiz. Bu bejiz emas. Zero, shunday asarlar borki, ularni yana va yana mutolaa qilging, adib gavdalantirgan qahramonlar bilan eski qadrdon do'sting bilan uchrashgandek quvonchni his etging, kamtar va sofdil qo'shning kabi o'sha oddiy odamlarning o'zingga tanish ko'ringan ham maroqli, ham iztirobli turmushi olamiga sho'ng'iging keladi.

XX asrning eng mashhur yozuvchilaridan hisoblangan buyuk qirg'iz adibi Chingiz Aytmatovning qissa va romanlari ana shunday kitoblar sirasiga kiradi. Shu o'rinda faqat keyingi yetti yilning ichidagina mamlakatimiz nashriyotlarida adibning o'nlab kitob­lari chop etilgani diqqatni tortadi.

Mashhur nemis faylasufi F. Shelling ta'kidlaganidek, Ch.Aytmatov “zamon va olamni qalbiga singdirish salohiyatiga ega bo'lgan” insonlar sirasidandir. Aynan shuning uchun ham u ko'pchilikdan o'zib, g'oyalar ifodachisi sifatida tanildi va faqat o'zibgina ketmasdan, balki o'z davrining yo'qotish­lari, yutuqlarini ham belgilab bera oldi.

Ishonchim komilki, yillar o'tgani sari Chingiz Aytmatov asarlari butun jahon adabiyotida yanada ko'proq ahamiyat kasb etib boradi, ulug' adibning nomi, xuddi yulduzlar joyida qoim turganidek, yanada yangicha jilolanaveradi. Uning qutlug' nomi buyuk adib, faylasuf va insonparvar zot sifatida mangulikka doxilligicha qoladi.

Akmal SAIDOV,

akademik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 8 =