Ustoz — otangdan ulug'!

1 oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni

 

Kimki senga bir harf o'rgatmish ranj ila,

Aylamoq bo'lmas oning haqin yuz ganj ila.

Alisher NAVOIY

 

Har yili 1 oktyabr – O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ko'plab maqola va she'rlar, ijodiy asarlar bitiladi. Ko'pdan beri men ham shu mavzuda yozmoqchi bo'lamanu, istihola qilaman. Ustozdek – tengi yo'q zotga munosib ta'rif topolarmikanman?! Ustozning sha'nini ta'riflayman deb, xatoga yo'l qo'yib qo'ymasmikanman, degan andishadaman.

Ustoz — otangdan ulug'! Bu iborani xalqimiz ko'p qo'llaydi. Lekin oxirgi vaqtlarda ayrimlar tomonidan xalq maqoli “tahrir” qilinib, “ustoz — otang­dek ulug'” qabilida buzib ishlatilmoqda.

Alhamdulilloh, avvalo, biz musulmonlar olamni Alloh – Robbimiz yaratganligiga iymon keltiramiz va Odam alayhissalomga so'zlashishni, hayot yashash tarzini o'rgatgan – ustozlik qilgan zot Allohdir. Shunday ekan, Alloh barcha zotdan avlo-­ulug'dir. Alalxusus Allohning 99 ismi — “Asma al Husna”da Rab ismi bor bo'lib, ma'nosi tarbiyachi degan ma'noni bildiradi. Murabbiy so'zining o'zagi ham shu so'zdan olingan bo'lsa ne ajab?!

Suyukli va so'nggi Payg'ambar — Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vassallam ham ummatlariga tengi yo'q ustoz bo'lganlar. Musulmonlarga qanday yashash, ota-­onaga muomala, ahli oilasiga munosabatu e'tiborni va boshqa zaruriy ilmlarni o'rgatganlar. Birinchi muallim, deb bejizga aytilmagan.

Inchunin, biz o'zbek xalqining e'tiqod qiladigan dini – Islom dini. Islomda esa buyuk muallim — ustoz deb Payg'ambarimiz tushuniladi. Payg'ambar alayhissalomning olim — ulamolar mening merosxo'rlarimdir mazmunidagi hadislariga muvofiq olimlar Payg'ambar alayhissalomning ma'naviy merosxo'ri va vakili bo'lganligi sababli ustunligi otadan yuqori, deb bilinadi.

Rivoyat qilishlaricha, podshoh Iskandar taxtga o'tirayotganida toj kiydirish marosimida o'ng eshikdan ustozi, chap eshikdan padari buz­rukvori kirib kelganida, bir muddat o'ylanib qoladi. So'ngra birinchi bo'lib ustozini quchoqlab tashakkur bildiradi, keyin esa otasini muborakbod etib bag'riga bosadi. Ke­yinchalik ayonlari bu holatning sababini so'raydilar. Ana shunda podshoh Iskandar “Otam mening jismimni bunyod qilib ruhimni yuksaklikdan – Allohning huzuridan tushishimga sabab bo'ldilar, ustozim esa shu yerdagi ruhimni tarbiyalab, ta'lim berib tavajjuhi bilan yana yuksaklikka ko'targan zot bo'ladilar”.

Qolaversa, akademik To'ra Mirzayev boshchiligida chop etilgan ensiklopediya kitobida ham xalq maqoli “Ustoz – otangdan ulug'”, tarzida keltirilgan.

Shu o'rinda bir mulohaza. Xalq maqollari hikmat javohirlar sandig'idir. Ularda necha-necha ming yillik hayot saboqlari, taj­ribalari, o'gitlari mujassam.

Xalq maqollarida yana “kosa tagida nim kosa” shaklidagi “yashirin” ma'nolar ham ifoda etiladi. Masalan, “Zar qad­rini zargar biladi”, degan maqolni olaylik.

Xo'sh, bu nima degani? Zar (oltin) qadrini, qiymatini boshqalar bilmaydimi? Ushbu maqolni ham aynan ya'ni so'zma-so'z tushunish xato bo'ladi. Chunki bu yerda gap faqat zar haqida ketmayapti-da. Har qanday qimmatli narsa, buyum, aytaylik, hunar va hokazo… Uning qad­rini bilgan odamgina chinakam ustoz ya'ni zargardir.

Shunday ekan, “Ustoz — otangdan ulug'” degan maqolni hali-hanuz “qabul qila olmayotgan”larga so'zimiz shuki, bu maqol bilan dono xalqimiz aslo “Ota — ulug' zot emas”, yoki “Ota — ustozdan pastroq, qu­yiroqda” degani emasdir. Aksincha, inson uchun uning padaribuzrukvoridan ulug' kishi yo'q. “Ota rozi —Xudo rozi” deyiladi yana bir xalq maqolida. Ko'ryapsizmi, ota nechog'lik ulug'lanmoqda.

Endi ustoz haqidagi maqol uning — ya'ni ustozning naqadar sharafli kasb ekanligiga ishora, o'git. Uning darajasi juda balandligini ko'rsatish, ifoda etish uchun aytilgan xalq hikmati bu!

Shunday ekan, maqollarimizni so'zma-so'z talqin qilmasdan, tushunib-tushunmasdan “nega-nega”lamasdan, boricha qabul qilishimiz kerak. Chunki ularni har kim o'z darajasida qabul qilib, o'zgartiraversa, maqolligi qaerda qoladi?

Hech kim xalqdan buyuk, xalqdan ko'ra donish emas! Shunday ekan, ustozlar haqida maqol ham joyida qolsin!

Zero, kasb-hunarlar ichida eng yuksagi, e'tiborga moligi shubhasiz, ustozlik, o'qituvchilik va murabbiylikdir. Dunyo tamaddunining asos­chilarini, jahonni zir titratgan podshohu qo'mondonlar, quruvchi-yu uchuvchilarning erishgan g'alabalarida shubhasiz buyuk ustozlarning o'rni va mehnati cheksiz.

Buyuk Sohibqiron, jahongir Hazrat Amir Temur bobomiz dunyoda buyuk imperiya tuzgan zotlardan biri hisoblanadi. Dunyoviy va diniy bilim egalaridan saboq olganlarini doim ta'kidlab o'tganlar. Aytish­laricha, umrlarining oxirlarida dunyodan ketar chog'larida shunday vasiyat qilgan ekanlar: “Men dunyodan o'tganimda qabrimni ustozlarimning qabrlaridan yarim gaz chuqurroq kovlanglarki, yotgan joyimda ham ustoz­larim yelkamda bo'lishsin!”

Darhaqiqat, Samarqand shahrida joylashgan Go'ri Amir maqbarasiga ziyoratga borilganida vasiyat to'liq ijro etilgani, Sohibqiron uchun ustozining oyoq uchi tomonidan qabr kovlangani ma'lum bo'ladi…

Biz ustozlar qadrini, haqqi-hurmatini dunyo­­ni tit­ratgan podshohu olimlardan o'rganmog'imiz darkor ekanligi bugungi kunda ham o'z isbotini topmoqda. Xalqimizda, ustozini rozi qilgan shogird baraka topadi, degan purhikmat naql ham bor.

Hazrat Mir Alisher Navoiy bobomiz ham bekorga:

Shogird agar shayx ulislom, agar qozidur,

Agar ustod andin rozidur

Tengri rozidur!,— demaganlar.

Bugun biz XXI asrda yashab turgan bo'lsak-da, ustoz­larga avvalgi davrlardagidek e'tibor, ehtirom va hurmat ko'rsata olayapmizmi?

Mustaqillikka erishganimizdan keyingi davr­larda o'qituvchi-murabbiylar ham iqtisodiy jihatdan e'tibordan uzoqroqda bo'ldi, ma'naviy, ijtimoiy jihatdan ham xorlandi. Ko'cha supurish, devor oqlash, paxta dalasida erta bahordan kech kuzakkacha tentirash kasbining asosiga aylandi. Soliq yig'uvchi bilan ham, saylov uchastkasi xodimlari bilan ham baloga qolgan o'qituvchi bo'ldi, ipak qurti terib xirmonga topshirdi.

Avvallari ota-onalar farzandini ustozga berishganlarida “eti sizniki, suyagi bizniki”, deb topshirishgan. Bugungi kunda bolalarni urib-so'kib tar­biyalash urfdan qolganligi bor gap. Keyingi vaqtlarda o'qituvchi-murabbiylarni video yozuvlar orqali ijtimoy tarmoqlarda obro'sizlantirish, tuhmat, bo'htonlar uyushtirish kabi holatlar ham urchib ketganligiga guvoh bo'lib qolyapmiz.

Vaholang-ki, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari (Xitoy, Malayziya, Tayvan, Indoneziya, Turkiya, Hindiston, Yangi Zelandiya, Singapur, Yaponiya, Finlandiya, Janubiy Koreya va hk.)da o'qituvchi va ustozlarning obro'-e'tibori, ko'ramizki judayam yuqori darajada.

Bugun bizning davlatimizning ham har tomonlama rivojlanishini, oddiy aholi turmush tarzi sifatining ko'tarilishini, oylik daromadlarining oshirilishini istamayotgan kimsa yo'q bo'lsa kerak?

Yuqoridagi kabi har tomonlama rivojlangan mamlakatlarda barcha yutuqlarga asosan ilm-ma'rifat orqali erishilgan. Buni hammamiz yaxshi bilib turibmiz. Shunday ekan, biz ham yaxshi natijalarga erishgan o'qituvchi-ustozlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishimiz lozim, albatta. Quyida bu borada amalga oshirilishi lozim bo'ladigan ayrim o'z shaxsiy takliflarimizni bildirmoqchi bo'ldik. Jumladan:

— o'qituvchi va murabbiylarni erishgan yutuqlariga qarab soliqlar turlaridan ozod qilish;

— boshlang'ich to'lovlarsiz uylar berilishiga uzoq muddatli kreditlar ajratish;

— boshlang'ich to'lovsiz mashinalarga uzoq muddatli kredit ajratish;

— o'g'il-qizlarining kontrakt pullarini yarmini yoki to'lig'icha to'lab berish;

— yozgi ta'til vaqtlarida sanatoriy—dam olish maskanlariga yarim narxda yoki yuz foiz tekin yo'llanmalar taqdim qilish;

— chet davlatlarga xordiq uchun yo'llanmalar berish;

— shifoxonalarda davolanishini, dori-darmonlarini so'zsiz tekin qilish va kafolatlash;

— xorijda qisqa muddatli o'qishlar, malaka oshirishlarga ommaviy ravishda jalb qilish, xorijlik kuchli mutaxassislar tomonidan O'zbekistonning o'zida zamonaviy elektron tizimlar (Zoom va boshqa platformalar) orqali jonli master klasslarini tashkil etish;

— har yili tizimli ravishda o'quvchilarining natijalariga qarab bir martalik arzirli pul-mukofotlarini byudjet va byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan ajratishni tashkil qilish, bunda uch xil oliy, o'rta va quyi pul mukofotlari shkalasida tashkil qilish;

— har yili maktablar, tuman, viloyat-shahar, Res­publika miqyosida o'quvchilar o'rtasida yopiq so'rovnomalar va hamkasblari o'rtasida ochiq so'rovnomalar orqali eng yaxshi natijakor o'qituvchilarni aniqlash va moddiy rag'batlantirish;

— o'qituvchi-ustozlarning sha'ni va obro'sini qasddan to'kish va shunga harakat qilish javobgarligini qonun bilan kuchaytirish.

Shuningdek, xalqimiz farzandlarini o'qitish va kasb egallashlari jarayonida oylab, yillab salbiy natijalar ko'rsatgan, o'quvchi-shogirdlar bilan til topisha olmaydigan, uquvsiz, o'z kasbiga noloyiq, tizimga “adashib” kelib qolgan o'qituvchi-ustozlar, murabbiylarga chora sifatida:

— avvaliga oylik-maoshidan ushlab qolish;

— majburiy-ixtiyoriy malaka oshirish, qayta tayyorlash kurslariga jalb qilish;

— ana shunday qo'llab-quvvatlashdan keyin ham o'zgarish bo'lmasa, bu sohada ishlash huquqidan mahrum qilish kabi keskin choralarni ham adolatli ravishda qo'llash lozim bo'lar edi.

Umuman olganda, har qanday rivojlanishni istayotgan jamiyat poraxo'rlik, tanish-bilishchilik, nepotizm va o'z kasbiga layoqatsiz, loqayd­lik illati kabi salbiy holatlar bilan murosasiz kurashishi lozim. Nohaqlikka, adolatsizlikka, kasbdoshlar orasida ko'rolmaslik, guruhbozlik kabi holatlarga umuman yo'l qo'yilmasligi kerak.

Shubhasiz, o'qituvchi xor bo'lgan jamiyat ro'shnolik ko'rmaydi, qullik simpatiyasidan qutula olmaydi. Bir umr rivojlangan davlatlarga ilmsiz, mustaqil fikriga ega bo'lmagan qora ishchilarni yetkazib berish bilan shug'ullanadi.

Albatta, e'tirof etish joiz. Ta'lim-tarbiya sohasidagi bugungacha erishilgan va erishilayotgan yutuqlarni hech kim inkor qila olmaydi.

Uzoq yillar davomida paxta dalalariga surgun qilingan o'qituvchi — o'z ish joyiga qayt­­di. Yana bugun hech kim ustoz va murabbiylarni yuqorida aytilganidek, ko'cha tozalashga, daraxt oqlashga jalb qilolmaydi. Bu ishlar shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning jasorati, shaxsiy irodasi tufayli amalga oshdi. Yo'qsa, bundan 5 yil avval istagan kishi — nafaqat mahalliy hokimlar, ularning o'rinbosarlari, militsiya boshliqlari-yu, prokurorlar va hatto ozgina iqtisodiy baquvvat korchalonlar o'qituvchilarni istagan vaqtda istagancha turtkilashi odatiy holga aylangan edi. Ehtimol, bugun shukuhli bayram arafasida bu gaplarni aytish   noo'rin, mavridi emasdir. Ammo gap kelganda… deganlaridek, ko'nglimizdagini to'kib solmoqchi bo'ldik-da. Bu ham bo'lsa, mo''tabar va aziz ustoz va murabbiylarga cheksiz hurmatimiz bois, albatta.

Yana bir gap. Davlatimiz rahbarining tashab­busi, niyati xalq ziyoliylarining oylik-maoshlarini 1000 AQSh dollariga yetkazish. Bu reja, ezgu niyat yaqin vaqtlarda amalga oshishidan nafaqat ko'p yuz ming sonli o'qituvchi va murabbiylar, balki hamma-hamma umid­vordir.

… O'qituvchi, Ustoz, Murabbiy! Sizga ta'zim, Sizga ehtirom!

Bobomurod NUR,

faylasuf,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 2 =