Niyati nurli ijodkor

To'yxat o'rnida

 

Inson borki, o'z imkoniyati darajasida fikrlab yashaydi. Ko'nglidan kechganlarni tiliga chiqarmasligi mumkin. Ammo turfa xayol, orzu-armon, turmush tashvishlarining charxpalagi, voqea-hodisalar silsilasi uni bir zum tark etmaydi. Yurakning qatida, qalbning osmonida aylanaveradi.

Shu tobda shuurda bir savol yuz ochadi. So'zga ehtiyoj qachon tug'iladi?

Qalb ko'zi ochilganda… Olamni ko'ngil ko'zi bilan ko'rolgan odam hayrat havosidan simirib, hikmat nidosining domiga tushadi. Yaxshi so'z aytgisi keladi. Yaxshi so'z nimaning mevasi? Aqlning! Muhabbatning! Xalqimizda “jon ozig'i” degan ibora bor. Yaxshilik, hatto bir og'iz yaxshi lutf ham har qanday dardga darmon. Chin ma'noda — jon ozig'i.

 

Toshkent viloyatining farzandi, qator shogirdlar yetishtirib, bugun ustoz maqomiga erishgan ajoyib jurnalist, hamisha uyg'oq, hamisha faol ijodkor Rahmatilla Sheraliyevning “Mehr manzillari” kitobi ham mehr chashmasidan qonib ichib, muhabbat mehrobiga tiz cho'kkan qalb sohibining hayotga, oqibatli, oriyatli, daryodil insonlarga olqishi, degim keladi. Yana ham yorqinroq izhor axtarsak-da, do'stimizning bitiklarini “xush duo” desak, ko'ngil oftoblanadi. Kimdir sizni yaxshilar olamiga yetaklasa, demak, u insonning niyatidayoq nur bor.

Keling, avval Rahmatilla Sheraliyevning shaxsi haqida o'z qarashlarimiz, nuqtai nazarimiz, bilganlarimizni aytaylik. Ma'lumki, egizaklar dunyoga kelganda, Hasan Husandan besh-o'n daqiqa oldin dunyoga keladi. Ana shu besh-o'n daqiqa birinchi tug'ilganga akalik sharafini beradi. Hasan Husanning akasi hisob­lanadi. Men Rahmatilladan o'n to'rt kunlik kattaman, demak, akasiman deyishga haqliman. Agar siz buni maqola muallifi hazillashyapti, deb tushunayotgan bo'lsangiz, mayli, nima ham derdim?!

Ammo yoshimizga xos jiddiy fikr yuritadigan bo'lsak, biz tengdoshmiz, kasbdoshmiz. Hayotning past-baland yo'llarida qariyb chorak asrdan buyon yelkadoshmiz. So'zim avvalidayoq bir rost gapni aytib qo'ymasam, adolatdan bo'lmas. Biroz qizg'anchiqligini hisobga olmasa, bu olamda mening do's­timdek mukammal inson yo'q. Aziz o'quvchi, siz bu “fazilati”ga ko'p ham e'tibor beravermang. Shu darajada qalbi daryo, oq ko'ngil, lutf qilganda beqiyos daryodilki, so'ziga mahliyo bo'lganingizni bilmay qolasiz.

Agar dilingizda qandaydir gumon aylanayotgan bo'lsa, “Mehr manzillari” kitobini boshidan oxirigacha o'qib chiqing. Ha aytgancha, kitobning ikki-uch sahifasini o'qisangiz, keyin qanday tugatib qo'yganingizni o'zingiz bilmaysiz. Eng muhimi, kitob kahramonlari o'zlarining fe'l-atvorlari, hayot tarzi, qalb olami bilan qanchalik e'tiboringizni tortsa, muallif ham shu darajada dilingizga yaqin bo'lib boraveradi. Chunki Rahmatilla quruq bayonchilik yo'lidan borib, sizni ham, o'zini ham qiynamaydi. Jonli qahramonlari yonida o'zining butun bo'y-basti, orzu-armonlari, topganu yo'qotganlari bilan ko'rinadi. Ko'ringanda ham ko'rkam ko'rinadi.

Aslida, xalqona aytganda, “Qozonda bori cho'michga chiqadi”. Rahmatilla Sheraliyev chin ma'noda katta harflar bilan yoziladigan oqil, samimiy, yaxshi inson. Ham siyosiy, ham ijtimoiy, ham ma'naviy barkamol, o'qib-uqigan qalam sohibi. Yolg'ondan yiroq, rostga jon tikkan va buni amalda isbotlab kelayotgan baquvvat ijodkor.

So'zimiz avvalini “fikr” so'ziga urg'udan bosh­lagan edik. Zero, fikr – bu momiq bulutlar bag'ridan to'kiladigan billur yomg'ir yoki boboquyosh ko'ksidan taraladigan tillo nur emas. U aql ziyosi, qalb qo'ri, dilning zilol chashmasi. U – teran zakovat mevasi. Bir insonga fikringni ma'qul qilish uchun o'zing o'qigan bo'lishing, inson zotining murakkab fe'lini anglashing, kuldirishdan oldin kulib, yig'latishdan avval yig'lab ko'rishing kerak bo'ladi. Yurib ko'rmagan odam yo'l qadrini, mehnat qilmagan kishi mashaqqat nimaligini, o'zi bir tepaga chiqmagan inson tog' qadrini qayoqdan bilsin? Yashash – bu imtihon deya bejiz aytilmagan.

Rahmatilla hayot degan murakkab imtihondan yorug' yuz bilan o'tayotgan inson. Padaribuz­rukvori erta qazo qilib, bolalikdanoq volidai muhtaramasiga yelkadosh, og'ir mehnatda kamarbasta bo'lishga to'g'ri kelgani va buning uddasidan chiqqani ba'zan o'zimni o'zimga eslatib yuboradi. Axir Hasan Husandan, Husan Hasandan ayro bo'lurmi? Otasizlik Rahmatillaning ham mitti jismiga barvaqt ketmon chopish, o't o'rish, mol boqish kabi ro'zg'orga oid yumushlarni ortgan, bolalik bog'ida yayrab yurish imkonini bermagan. Chopqillab mehnat qilishga majbur qilgan. 4-sinfdanoq paxta dalalariga chiqqan. Egatlar uning daftari, g'o'zapoya qalami bo'lgan. U dardlarini, orzu-havaslarini oppoq qog'ozga emas, qalbi qatiga yozib, muhrlab boravergan.

Mustabid tuzumning millat boshiga solgan zug'umi bolalikdayoq uning qalb ko'zini ochgan. Erta ulg'aytirgan, tiyrak nazar ato etgan, hush­yorlikka o'rgatgan. Shu bois ham Rahmatilla ulg'ayganda hayotda o'z maqomiga ega bo'ldi. O'rnini, qadrini topdi. O'zi kirgan davralarga nuri, hurmati, salobati undan oldinroq kiradigan bo'ldi. Chunki u yoshligini nafaqat qora mehnatga baxshida etdi, balki ilm oldi, o'qib o'rgandi, amal pillapoyalaridan yuksaldi, umri yo'llarida ulug'landi. Pirovardida bugun o'z maktabi, o'z mavqeiga ega bo'ldi.

Axir, “Respublikada xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiyi” unvonini davlatimiz har kimga ham munosib ko'ravermaydi. Bu halol mehnatning amaldagi e'tirofi. Ana shu e'tirof Rahmatilla Sheraliyevga shu darajada yarashdiki, do'stu yorlari o'zlari olgandek quvondilar. Aslida, o'zi aytganidek “Otaxon gazetaning bolajon muxbiri” bo'lib ish bosh­lagan yillaridayoq “Hayot omili” kabi ilk maqolalari bilan katta shov-shuvlarga sabab bo'lgan edi. Fidoyi jurnalist, daryodil rahbar, mehribon ustoz “Toshkent haqiqati” gazetasining bosh muharriri Ahmad Ismoilovning qattiqqo'l “imtihonlari”dan o'tgan. Nufuzli jamoada eng yosh bo'lim mudiri bo'lib ishlash osmondan tushadigan omad emas. Bu yosh jurnalist Rahmatilla Sheraliyevning yorqin nur sochib turgan iste'dodining ilk mevasi, ayni kez boshqalar tomonidan yangi ijodkorning tan olinishi edi, desak to'g'ri bo'ladi.

1999 yilning iyun oyi, kamina O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi rahbari bo'lib ish boshlagan paytim, Rahmatilla viloyatimiz ma'naviy-ma'rifiy ishlarining sarkori edi. Ana shu yildan keyin hayot bizni qalban bir-birimizdan ajratmadi. Rahmatilla qaysi tashkilotda faoliyat ko'rsatmasin, uni hamisha Toshkent viloyati zaminiga kindik qoni tomgan yurtdoshim sifatida viloyatimizda ishlashga ham chorlab, ham da'vat etib keldim. Boisi, o'xshash qismat bizni bir-biriga haddi sig'adigan do'stlar etib kamolga yetkazdi.

Rahmatilla “Xalq so'zi” gazetasining Toshkent viloyatidagi maxsus muxbiri bo'ladimi, viloyat mahalla tizimida ishlaydimi, qishloq xo'jaligi jurnaliga muharrirmi – qisqasi, teran fikr sohibi, yaxshi tashkilotchi, o'z o'rnida tezkor, oqil rahbar sifatida nazarga tushdi, hurmat qozondi.

Birgina misol, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining birinchi o'rinbosari bo'lib ishlayotganida o'zining ta'biri ila aytsak, “bilag'onlik” qilib, kutilmaganda yangi kitob yaratish vazifasini zimmasiga yuklab oladi. Albatta, poezd yurib ketgan, “otni tilimga bog'lashim kerak edi” deb peshonaga mushtlab o'tirishdan ham foyda yo'q. Rahmatilla “Bismilloh…” deb ish boshladi. “Notiqlik mahorati”, “Mas'uliyat yuki”, “Mafkuraviy xarita”, “Qalbni zabt etish vositasi”, “Tayanch nuqtasi”, “Notiq va uning “men”i” kabi aniq va lo'nda fikrlar jamlangan, ilmga asos­lanib, tavsiyalar berilgan “Sog'inib kutgan uchrashuvlar” degan mo''jaz risola dunyoga keldi. Bu kitob Rahmatilla Sheraliyevning tom ma'noda ijodkor ekanini ko'rsatuvchi yana bir yorqin dalil bo'lgandi. Do'stimning ijodiy faoliyatidan bu kabi misollarni, yutuqlarni ko'plab keltirishim mumkin.

Ammo umr bo'yi kamtarlikni kasb etgan insonni, uning sobit tutumiga qarshi yurib, noqulay ahvolga solishdan o'zimni tiyganim ma'qul. Fikrimni muxtasar qilishdan oldin uning kitobi nomiga qo'yilgan va ushbu to'plam poyonida e'lon qilingan “Mehr manzillari” maqolasi haqidagi dilso'zimni aytgim keldi.

O'z onasining hurmatini, xizmatini joyiga qo'ya olmayotganidan ko'nglida kemtiklik his qilib, vijdoni oldida xijolatda yurganlar bu kitobni, aynan shu maqolani o'qishlari shart! Hali jisman to'liq kamolga yetmagan, ammo hayot taqozosi, turmushning toshdan og'ir tashvish­lari 14 yoshidayoq kelinlik libosini kiydirgan va yana ayolidan ayrilib qolgan 40 yoshli erkak bilan bir yostiqqa bosh qo'ygan, marhum kundoshining farzandlaridan tashqari, yana o'zining besh farzandini oq yuvib, oq tarab, yetimlik nonini yedirmay kamolga yetkazgan ona haqidagi dardli qo'shiq… bu maqola.

O'rni kelganda aytib qo'yay, nega Rahmatilla bu maqolasini “esse” yoki “badiha” deb atamagan? Nega mehrdan, halollikdan, vafodan, mehnatu zahmat boisi — qo'llaridagi qadoqdan ayolga, hamda o'ziga haykal qo'ygan, Tangri taolo 102 yosh umr bilan siylagan volidai muhtaramasi haqida guldek, olovdek qissa yozmagan?

Aziz o'quvchi, bu savollarga javob o'rnida, keling, fikrim ozgina cho'zilsa ham ushbu maqolada onaning farzandga, farzandning onaga bo'lgan mehridan ikki iqtibos keltiray.

Qo'shnisining o'zidan katta o'g'li bilan kolxoz polizidan tarvuz o'g'irlagan bolalarni qorovul uyigacha quvlab keladi. O'z halolligini boshiga ro'mol qilib o'rab yurgan onaizor o'g'irlikka qo'l urgan o'g'lini xivchin bilan savalaydi. Arazlagan bola kechki ovqatni yemay, yotib oladi. Shunda “Onam qadoq qo'llari bilan badanlarimni silar ekanlar:

— Hecham o'g'irlik qilma. O'g'irlangan narsani yeb bo'lmaydi, — dedilar. Keyin juda mayin ovozda so'zlarini davom ettirdilar:

— Urayotganimda o'zing ham qochib ketmading-da, o'g'lim. Qo'lingni mahkam ushlamagan edim-ku. Qochganingda orqangdan quvlamasdim…”

Men ushbu iqtibosni o'qiyotganimda ham, maqolamga ko'chirib yozayotganimda ham ko'zimga yosh keldi. Onasi bilan ketmon chopgan ayollar ro'yxatini tuzib, 35 nafar ayolni xonadoniga chorlab, bir piyola choy ustida mashvarat qilgan o'g'ilni ko'rganmisiz?

Yoshlari 90 dan oshgan onasining uy yumushlari bilan andarmon bo'layotganidan xijolat bo'lgan Rahmatilla quyidagilarni bayon qiladi:

“Bir kuni yaqin do'stim, taniqli shifokor Zafar Umarovga maslahat soldim:

— Onamni qabulingizga olib kelsam, suhbatlashib, endi uy yumushlarini kelinlarga topshiring. O'zingiz yetti qavat ko'rpachaga o'tirib olib, ularni duo qiling, deb quloqlariga quyib bering.

Doktor bir oz o'ylanib qoldi-da, dabdurustdan:

— Onangiz joningizga tegdimi? Tekkan bo'lsa, olib keling, – dedi. – Harakat bu – hayot-ku! Qimirlab, uy yumushlarini qilib yurganlariga xursand bo'lmaysizmi? Ish qilmasalar, yotib qoladilar.

O'shanda rosa izza bo'lganman. Onam xonadonimizning fayzu barakasi, chiroyi ekanlar. Bugun onam ekkan turfa gullarni qo'msayman. Endi hovlimizdagi gulxonalar har hafta-o'n kunda g'irillatib o'rib turiladigan ko'k maysazorga aylangan. Na jilvasi, na bir ifori bor ularning. Undan kim, qanday bahra oladi, tushunmayman. Zamonaviylik, deb bilishsa kerak buni, hoynahoy, o'zimdan aqlli o'g'illarim…

Endi, yoshim 70 ga borib, o'tgan umrimga nazar solar ekanman, onam bilan bog'liq armonlarim ko'z o'ngimdan o'tadi”.

Ha, do'stim Rahmatilla Sheraliyevning bugun yoshi yetmishga yetdi. Eng muhimi, bu qutlug' yoshini yorug' yuz, toza imon, sadoqatli yor, mehribon ota, fidoyi jurnalist, oqil rahbar bo'lib qarshi olyapti. Bu qutlug' kunlar unga shu darajada yarashyaptiki, o'zi sadoqat va halollik bilan bunyod etgan umr taxtida savlat to'kib o'tiribdi. Savlatining soyasida esa baxtiyor farzandlar, shirin-shakar nabiralar quvonchdan qanot chiqarishgan. Ular bobosi boshida oppoq kabutarlardek parvona. Ilohim, bu totli damlarga ko'z tegmasin. Saodatli damlari yana uzoq-uzoq yillar bardavom bo'lsin.

 

Umr oqar suvdir — daryosi bo'lak,

Yaxshining el ichra ziyosi bo'lak,

Sizga do'stu yorning duosi bo'lak,

Sog'u omon bo'lsin oltin boshingiz,

Do'stim, qutlug' bo'lsin yetmish yoshingiz!

 

Darvoqe, Rahmatilla Sheraliyev ayni kamolga yetgan, jurnalistika sohasida viloyatimizdagina emas, balki butun respublikamizda ustoz sifatida e'tirof etilayotgan bir payt­­da kutilgan lavozimga, mas'uliyatli vazifaga tayinlandi. U ham bo'lsa, Jurnalistlar uyushmasining Toshkent viloyati bo'limi rahbarligiga. Nazarimda, bu voqea viloyatimizdagi barcha ziyolilarga, xususan, jurnalistlarga birdek ma'qul bo'ldi.

Yana bir gap. Men do'stim Rahmatilla Sheraliyev sha'niga nimaki aytgan bo'lsam, 70 foizi uni er sifatida e'zozlagan, hurmatini joyiga qo'ygan ayoli — bolalarining oqila onasi Muhayyoxonga tegishlidir. Ilohim, ularga piru badavlatlik nasib etsin.

Mahmud TOIR,

O'zbekiston xalq shoiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × two =