Etti milliy dastur: Taraqqiyotning yangi bosqichi sari

Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimda Davlatimiz rahbari tomonidan kelgusi o'n yillikda mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiquvchi 7 ta milliy dastur e'lon qilindi.

Shu o'rinda o'tgan davrda, aniqrog'i, so'nggi 8-10 yil ichida o'zining ko'lami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik yangilanishlar yuz berganini alohida e'tirof etish joiz.

Eng avvalo, har bir inson erkin va farovon hayot kechiradigan xavfsiz jamiyat barpo etish bo'yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu ezgu maqsadlarning uzviy davomi bo'lgan 7 ta milliy dasturning har biri jamiyat hayotining muhim bo'g'inlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan.

Ayniqsa, bilim va malaka, sog'liqni saqlash, yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi, suv va ekologiya, qonun ustuvorligi, mahalla instituti hamda tinchliksevar tashqi siyosat singari strategik yo'nalishlar qamrab olingani g'oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz beshinchi milliy dastur sud mustaqilligini kuchaytirish hamda qonun ustuvorligini ta'minlashni umummilliy qadriyatga aylantirishdan iborat ekanini alohida ta'kidladi.

Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida asosiy e'tibor inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga hamda xalqning davlatdan rozi bo'lishini ta'minlashga qaratiladi.

Aynan ushbu yo'nalishda bugungi kunda ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar tizimning xalqchil, shaffof va sifatli davlat xizmatlari ko'rsatuvchi tuzilmaga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

So'nggi yillarda ichki ishlar organlari tizimini zamon talablari asosida qayta tashkil etish, boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish va xodimlarning kasbiy mahoratini oshirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Belgilab berilgan ustuvor vazifalar doirasida ichki ishlar organlarining ish uslubi tubdan o'zgartirilib, tizim aholiga sifatli xizmat ko'rsatish bo'yicha yangi bosqichga ko'tarildi.

Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi tomonidan aholiga 60 ga yaqin davlat xizmati ko'rsatilayotgan bo'lib, ularning 95 foizi to'liq raqamli ko'rinishda taqdim etilmoqda.

Xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar tomonidan 2026 yilning yanvar-aprel oylarida o'tkazilgan “Sifatli davlat boshqaruvi”ni baholash dasturi yakunlariga ko'ra, Ichki ishlar vazirligi respublikamizdagi 40 dan ortiq vazirlik va idoralar orasida davlat xizmatlarini ko'rsatish samaradorligi bo'yicha eng namunali davlat organi sifatida e'tirof etildi.

Shuningdek, raqamlashtirish bo'yicha milliy reytingda vazirlik 2023 yildagi 31-o'rindan 5-o'ringa, axborot xavfsizligi reytingida esa 51-o'rindan 1-o'ringa ko'tarildi.

Jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanib, ko'plab yurtdoshlarimizning minnatdorligiga sabab bo'lgan muhim tashabbuslardan yana biri — ichki ishlar organlarida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi yo'lga qo'yilganidir. Xususan, har oyda Ichki ishlar vaziri, har haftada vazir o'rinbosarlari hamda hududiy boshqarma boshliqlari tomonidan shaxsiy fuqarolar qabullarini o'tkazish qat'iy tartibga solindi. Tizim ochiqligi va shaffofligini ta'minlash maqsadida muntazam ravishda jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumanlari tashkil etilmoqda.

Yurtimizdagi ta'lim muassasalarida xavfsiz muhitni yaratish maqsadida mavjud 10 898 ta umumta'lim maktabida o'quvchilarning dars mashg'ulotlariga to'liq qatnashishini nazorat qilish va noxush holatlarning oldini olish bo'yicha inspektor-psixolog, profilaktika inspektorlari hamda Milliy gvardiya qo'riqlash xizmati xodimlarining hamkorlikdagi faoliyati yo'lga qo'yildi. Poytaxtimizda esa “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi to'liq joriy etildi.

Jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini kafolatlashga qaratilgan “Xavfsiz va sog'lom yurt” tezkor-profilaktik oyligi muntazam o'tkazib kelinmoqda.

“Mening inspektorim” mobil ilovasi ishga tushirilib, 6 milliondan ortiq aholi tizimga ulandi hamda fuqarolarning ichki ishlar xodimlari bilan to'g'ridan-to'g'ri, tezkor raqamli muloqot olib borish imkoniyati kengaytirildi.

Davrning o'tkir muammosi bo'lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo'nalishida tunu kun faoliyat yuritadigan “Call-markaz” ishga tushirilib, aholiga huquqiy yordam ko'rsatish amaliyoti kuchaytirildi.

Hududiy ichki ishlar organlaridagi hamkorlik samarasini poytaxtimizning Chilonzor tumani misolida yaqqol ko'rish mumkin. Joriy yil boshidan Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish va “Chilonzor tajribasi”ni shakllantirish maqsadida qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tuman hokimligida idoralararo tezkor shtab tashkil etilib, barcha mahallalarga ichki ishlar organlarining tajribali xodimlari, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarga esa vazirlikning sohaviy xizmat rahbarlari biriktirildi.

Jamoat xavfsizligini mustahkamlash maqsadida qo'shimcha kuch sifatida IIV Akademiyasi kursantlari va tinglovchilari jalb etildi. Patrul-post xizmati xodimlarining tunu kun uch bosqichli xizmat faoliyati yo'lga qo'yilib, qo'shimcha 25 ta patrul yo'nalishi belgilandi. Kechki va tungi vaqtlarda qo'riqlash xizmatining tezkor harakatlanuvchi 10 ta guruhi, Milliy gvardiya avtoekipajlari va ko'ngilli volontyorlar safarbar etilib, xizmat samaradorligi keskin kuchaytirildi.

Oilaviy nizolar kelib chiqayotgan xonadonlar, huquqbuzarlik va jinoyat sodir etish ehtimoli mavjud bo'lgan shaxslar bilan individual, manzilli ishlash mexanizmi takomillashtirildi.

Tumandagi barcha mahallalarda “Mahalla targ'ibotchisi” guruhlari tuzilib, fuqarolarni firibgarlik, kiberjinoyatlar va axborot texnologiyalari orqali sodir etiladigan xavflardan ogohlantiruvchi 323 mingdan ziyod targ'ibot tarqatmalari yetkazildi.

Dori vositalarining giyohvandlik va psixotrop moddalar ro'yxatiga kiritilganligini tezkor tekshirish imkonini beruvchi “Psixotrop” telegram boti ishga tushirildi.

Vazirlik tizimidagi ilmiy va ta'lim muassasalari tomonidan mahallalarda kriminogen vaziyatni ilmiy tahlil qilish ishlari yo'lga qo'yildi. Jumladan, IIV Akademiyasining 18 nafar professor-o'qituvchisi tomonidan 75 kunga mo'ljallangan 12 modulli o'quv dasturi asosida 308 nafar “mahalla yettiligi” vakillarining malakasi oshirildi.

Albatta, bunday maqsadli va puxta harakatlar o'z natijasini ko'rsatmoqda. Xususan, joriy yilning o'tgan 8 oyida tumanda oldini olish mumkin bo'lgan jinoyatlar soni sezilarli darajada kamayib, jinoyatlarni fosh etish ko'rsatkichi yaxshilandi.

Olib borilgan targ'ibot ishlari natijasida aholi xonadonlari va muhim ob'yektlarni texnik qo'riqlovga topshirish ikki barobarga ortdi. Natijada Chilonzor tumanidagi 55 ta mahallaning birortasi ham “qizil” toifaga kiritilmasligiga erishildi.

Aholi bilan ochiq va yaqin hamkorlik yo'lga qo'yilgani, yurtdoshlarimizning “Mening inspektorim” mobil ilovasiga faol ulanishi natijasida “102” qisqa raqamiga kelib tushgan murojaatlar 15 foizga, profilaktika inspektorini bevosita chaqirish bilan bog'liq xabarlar esa 36,3 foizga qisqardi. Bu esa tumanda xavfsiz muhitni yaratish bo'yicha ko'rilayotgan izchil chora-tadbirlarning amaliy samarasidan dalolat beradi.

Bu birgina poytaxtning Chilonzor tumanida erishilgan natijalardir. Hozirgi kunda har bir hududda jinoyatchilikning oldini olish bo'yicha ana shunday ijobiy tajribalarni tatbiq etish, aholi osoyishtaligini ta'minlash borasida zamonaviy yondashuvlarga tayangan holda keng ko'lamli ishlar davom ettirilmoqda.

Bir so'z bilan aytganda, o'tgan davr ichida ichki ishlar organlari faoliyatining barcha jabhalarida tub o'zgarishlar amalga oshirildi. Qonunbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish, quruq raqam va statistikadan chekinib, aniq va sezilarli amaliy natijalarga o'tish asosiy tamoyilga aylandi.

Beshinchi milliy dastur o'z mohiyatiga ko'ra jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkam qadriyatga aylantirishni ko'zda tutar ekan, ichki ishlar organlari oldida kelgusida ham bajarilishi lozim bo'lgan qator ustuvor vazifalar turibdi.

Mazkur dastur talablari asosida ichki ishlar organlarining xalq manfaatlari yo'lidagi izchil faoliyati yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini kafolatli himoya qilish bo'yicha ishlarni yanada yuqori pog'onaga ko'taradi.

Bu esa Yangi O'zbekistonning bosh g'oyasi — inson qadrini ulug'lash va xalqimiz uchun xavfsiz, tinch hamda farovon turmush sharoitini ta'minlashning muhim amaliy omili bo'lib xizmat qiladi.

Xurshidbek RO'ZIYEV,

Ichki ishlar vazirligi

Birlashgan tahririyati bosh muharriri,

podpolkovnik.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 3 =