Buyuk merosning zamonaviy talqini

Islom sivilizatsiyasi markazi bilan jurnalistik hamkorlik

Toshkent shahrida qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi — xalqimizning ko'p asrlik tarixiy, ilmiy va ma'naviy merosini bir makonda jamlagan noyob maskandir. Bu yerga qadam qo'ygan har bir inson nafaqat tarixiy eksponatlar bilan tanishadi, balki asrlar davomida Movarounnahr zaminida shakllangan ilm-fan, tafakkur va ma'rifat an'analarini teran his etadi.

Markaz ekspozitsiyalari islom sivilizatsiyasi hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi haqida hikoya qiladi. Ona zaminimiz Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mirzo Ulug'bek kabi donishmandlar nomi bilan uzviy bog'liq. Ularning matematika, tibbiyot, astronomiya, geografiya, hadis ilmi va boshqa sohalarga qo'shgan bebaho hissasi bugungi zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida ham muhim o'rin tutadi.

Markazning o'ziga xos jihatlaridan biri — tarixiy jarayonlarning yettita asosiy tematik portal orqali yoritilishidir. Ushbu portallarda O'zbekiston hududidagi qadimgi sivilizatsiyalar, islom dinining kirib kelishi va rivojlanishi, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti, Temuriylar davri hamda undan keyingi tarixiy jarayonlar izchillik bilan namoyish etiladi. Shu tariqa tashrif buyuruvchilar tarixni alohida eksponatlar yig'indisi sifatida emas, balki o'zaro bog'liq va yaxlit jarayon sifatida tasavvur qilish imkoniga ega bo'ladi.

Tarixni asrab-avaylashning eng muhim yo'li — uni kelajak avlodga bekamu ko'st yetkazishdir. Buning uchun esa tarixiy haqiqatlarni faqat darsliklar yoki muzey vitrinalarida saqlab qolishning o'zi kifoya qilmaydi. Uni zamonaviy tilda va ilg'or vositalar yordamida hikoya qilish, yoshlar qalbiga yetkazish zarur. Bugun jurnalistika aynan shu ezgu vazifani bajarishda muhim vositaga aylanmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yilganini alohida ahamiyatga ega deyishimiz mumkin. Mazkur tadbirda ­ommaviy axborot vositalari vakillari, professor-o'qituvchilar, talabalar va yosh izlanuvchilar ishtirok etdi. Uchrashuv tarixiy merosni zamonaviy jurnalistika vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish, yosh jurnalistlarning amaliy ko'nikmalarini rivojlantirish hamda ta'lim va madaniyat sohalari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan e'tiborlidir.

Markazning boy ilmiy salohiyatini uning kutubxonasi misolida ham ko'rish mumkin. Bu yerda 2 500 dan ortiq qo'lyozma va toshbosma asarlar, ya'ni qariyb 40 ming bosma nashr hamda 350 mingdan ziyod elektron material jamlangan. Bunday keng manbalar bazasi nafaqat tarixchi va tadqiqotchilar, balki jurnalistlar uchun ham ulkan bilim va ma'lumotlar xazinasidir.

Zero, zamonaviy jurnalist uchun tarix shunchaki sana va raqamlar yig'indisi emas, balki inson taqdiri, ilmiy kashfiyotlar, buyuk g'oyalar va jamiyat xotirasi haqida mukammal bilimga ega bo'lish talab etiladi.

Ana shu jihatdan O'zJOKU va Islom sivilizatsiyasi markazi o'rtasidagi hamkorlikning muhim yo'nalishlaridan biri sifatida gid-jurnalistika alohida e'tiborga loyiq. Ushbu yo'nalish orqali talabalarni tarixiy ob'yektlar, muzeylar va madaniy meros maskanlarini jurnalistik nuqtai nazardan o'rganishga, ular haqida professional ekskursiyalar va mediamateriallar tayyorlashga yo'naltirish ko'zda tutilgan.

Gid-jurnalist oddiy gid yoki shunchaki ma'lumot yetkazuvchi muxbirdan farqli ravishda tarixiy manbani sinchkovlik bilan o'rganadi, faktlarni tekshiradi, voqealar o'rtasidagi mantiqiy bog'liqlikni topadi va uni auditoriyaga qiziqarli hikoya shaklida yetkazadi. Bugungi multimedia jurnalistikasida bu ko'nikmalar videoreportaj, podkast, fotosuratlar, ijtimoiy tarmoq kontenti va hujjatli loyihalar bilan uyg'unlashishi mumkin.

Hamkorlik doirasida kelgusida tarix, madaniyat, ma'rifat va jurnalistika yo'nalishlarida tanlovlar hamda ijodiy loyihalarni tashkil etish, iqtidorli talabalarni rag'batlantirish ko'zda tutilganligi ham e'tiborli. Muvaffaqiyatli natija ko'rsatgan talabalarni stipendiyalar bilan qo'llab-quvvatlash imkoniyati yaratilishi esa yoshlarni ilmiy izlanish va ijodiy faoliyatga yanada ruhlantiradi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu jarayon uchun ulkan ma'rifiy maydon. O'zJOKU esa ushbu tarixni professional jurnalistika vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazadigan yosh mutaxassislarni tayyorlashda muhim rol o'ynaydi.

Farangiz ABRUYEVA.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 2 =