Sehrli va suyukli ona tilim

Hammamizga ma'lumki, ona Vatanimiz o'z erkiga, hurriyatiga hali erishmasdan avvalroq, ya'ni 1989 yili “O'zbekiston Respublikasining Davlat tili to'g'risida”gi Qonuni qabul qilingan edi. Bu juda katta yutuq, muvaffaqiyat bo'lgan, albatta. Lekin, baribir, yurtimiz Istiqlolga erishgandan keyingina ona tilimiz nufuzi, obro'si haqida baralla aytadigan, so'zlaydigan bo'ldik. Xususan, Prezidentimizning 2019 yilda qabul qilgan Farmoniga muvofiq, 21 oktyabr sanasi mamlakatimizda O'zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Quyida e'lon qilinayotgan “Sehrli va suyukli ona tilim” sarlavhali maqola “Dunyo o'zbeklari” internet nashri bosh muharriri, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Ismat Xushevning bundan qariyb 25 yildan ko'proq vaqt avval “Hamkor” – “Business partner” – “Delovoy partner Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri vazifasida ishlagan paytlari yozilgan.

Unda o'zbek tiliga, millatimizning o'zligi va bebaho qadriyatlariga sobiq sho'rolar zamonida nechog'liq tajovuz qilingani, xalqimizning pok e'tiqodi, aqidalariga ayovsiz chang solingani qalamga olinishi bilan birga, o'zbek tilining sehri, jozibasi haqida ham mushohada yuritiladi.

Tahririyat

Ming yillarkim bulbul kalomi

O'zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo sho'rlik to'tining holi

O'zgalarga taqlid hamisha.

 

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she'rga solaman.

Sen yo'qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to'ti bo'lib qolaman!

           Abdulla ORIPOV

Barchaga yaxshi ma'lumki, sovetlar, ya'ni sho'rolar davrining g'ayritabiiy va g'ayriinsoniy siyosati nafaqat elning mol-mulkini umumlashtirgan, nafaqat insonning qo'l-oyog'ini, haq-huquqini kishanlagan, balki uning qalbiga ham tajovuz qilgan – muqaddas tili, e'tiqodi, aqidalariga ham chang solgan edi. U zamonlarda, ne tongki, hatto “Vatan”, “Millat” va “Til” kabi muqaddas tushunchalar ham soxtalashtirildi. “Katta Vatan” degan iboralar paydo bo'ldi. Tug'ilgan yering — “kichik Vatan”, SSSR esa — “katta Vatan”, uni albatta katta harf bilan yozishing shart! Ajabki, o'sha paytlar Vatan, millat, til tushunchalari tugul, eng muqaddas zot – ona ham ikkita bo'ldi. “Mening ikki onam bor”, deya she'rlar ham yozildi…

Sovetlar mamlakati Vatan, millat va til tuyg'ularini chalkashtirgan bo'lsalar, iymonni og'u deb aytdilar. Ona tilimizni “ulug'” va “qudratli til”ga qurbon qilmoqni istadilar. Xalqlarni birlashtirib, “Sovet xalqi”ga aylantirmoqchi bo'ldilar. Xuddi ana shu davrga kelib, millat va til eng ko'p ta'qibga uchradi. Chunki sho'ro tuzumining asl maqsadi azaldan millatlarni yo'qotish edi. “Bir davlatning ichida turli millatlar bo'lishi zararlidir, biz markschilar ularni birlashtirib, qo'shib yuborishimiz kerak” (V.I.Lenin “Milliylik va milliy mustamlakachilik masalasi haqida”, To'la asarlar to'plami. 22-tom, 113-bet). Yoki “Marksizm millatchilikka murosasizdir… Marksizm har qanday millatchilik o'rniga baynalminallik, barcha millatlarning oliy birlikda qo'shilishini olg'a suradi” (V.I.Lenin. O'sha asar, o'sha tom. 128-129-betlar).

Shubhasizki, bunday “bashorat”laridan xavotirga tushgan milliy inqilobchilar undan qocha boshladilar. “Inqilob g'alabasi” xavf ostida qolganini, chorizm asrlar davomida qon bilan qurgan saltanat qulashini sezgan bolshevoylar xalqlarga, jumladan, 1917 yil 20 noyabrda Sovnarkom raisi Lenin va Millatlar masalasi bo'yicha xalq komissari Stalin imzosi bilan musulmonlarga “murojaatnoma” e'lon qildilar. Bu dog'uli hujjatda, jumladan, shunday deyiladi: “Rossiya va Sharqning ezilgan, sho'rlik mehnatkashlari va musulmonlari, biz sizga murojaat qilamiz! Bundan buyon sizni odat va e'tiqodingiz, milliy va madaniy dargohlaringiz erkin va daxlsizdir. O'z milliy hayotingiz bilan erkin va daxlsiz yashayvering. Sizning bunga haqqingiz bor!” (“Dokumenti Vneshney politiki SSSR”, 1957 yil. 1- qism. 34-35-betlar). Chorizmda ezilgan millatlar bolshevoylarning bu puch va'dalariga ishondilar, chunki “o'z mamlakatlariga ega bo'lish”, “o'z milliy hayoti bilan erkin va daxlsiz yashash” ularning azaliy orzusi edi.

…Umr oqar daryo, deydilar. Xuddi kechagidek yodimda. Tilimizga davlat tili maqomi berilayotgan o'sha paytlarda “o'zbek tili davlat tili bo'lolmaydi, u juda kambag'al va nochor til” deganlar ham juda ko'p edi. Men sizga hozir kimlardir, qachonlardir kamsitgan, lekin aslida juda go'zal, ona tilimizning naqadar boy, latofatli va jozibali ekanligini isbotlovchi qator misollar keltirmoqchiman.

Hazrat Navoiydan boshlasak. Faqat bir iltimos, ishxona-yu ro'zg'or tashvishlarini bir lahza bo'lsa-da unutib, quloq tuting. Ana shunda, ehtimol, siz ham tilimizning naqadar sehrli va suyukli ekanligiga yana bir bor iymon keltirsangiz, ne ajab!

 

Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulro' kelmadi,

Ko'zlarimg'a kecha tong otguncha uyqu kelmadi.

 

Lahza-lahza chiqdimu, chekdim yo'lida intizor,

Keldi jon og'zimg'ayu, ul sho'xi badxo' kelmadi.

 

…Ey Navoiy, boda birla xurram et ko'ngil uyin,

Ne uchunkim, boda kelgan uyga qayg'u kelmadi…

 

Bu yerda endi izoh ortiqcha bo'lsa kerak!

Yoki shohlik tojini muqaddas ayoli, dilbar mahbubasi oldida qullik kamariga almashtirishni afzal ko'rgan Bobur Mirzo bitgan mana bu satrlarga e'tibor bering-a:

 

Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,

Sen shu'lasen, ul shu'lag'a men quldurmen.

Nisbat yo'qdur, deb ijtinob aylamakim,

Shahmen elga, vale senga quldurmen.

 

Sizni bilmadim-u, lekin mening nazarimda suyukli yor vasfini Boburdek mukammal kuylagan oshiq shoirlar bu ko'hna dunyodan ko'plab o'tgandir. Ammo o'z suygan yori haqqi-hurmati butun bir podsholik vakolatini o'zidan mosuvo etishga qaror qilgan boshqa shoh va shoir bu yorug' dunyodan o'tmas, ehtimol.

Umuman, biz ayollarimizdan, go'zal qizlarimizdan, munis rafiqalarimizdan doimo minnatdor bo'lmog'imiz lozim. Qadim Sharqda donolarimiz insonning nechog'liq aqlu odobga, madaniyatga ega ekanligini, uning ayolga bo'lgan munosabatidan bilmoq kerak, deb bejiz aytishmagan. Endi bilsam, biz o'zbeklar dunyodagi eng xushxulq va yuksak madaniyatli millat ekanmiz.

Xo'sh, qadim asrlardan buyon ne-ne ijodkorlar qalbiga ilhom baxsh etib kelayotgan qudratli va betimsol o'zbek tilimizning bugungi kundagi mavqei qanday? Keling, yaxshisi, bu savolga ham dilbar she'riyatimizdan javob izlaylik.

…Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetida o'qib yurgan talabalik yillarim Sobirjon ismli toshkentlik bir do'stim bilan xuddi biz kabi Moskvada o'qib yurgan bir o'zbek qiziga ismining bosh harflari kelib chiqadigan muvashshah yozganimiz hali-hanuz yodimda:

Ne baxt, sizni yakshanbada mehmonlikka chorlasak biz,

Armon to'la qalbimizni bir damgina shod aylasak.

Sizlar kelib davramizda to'lin oydek porlasangiz,

Iymonli, pok, sof qizlarni biz siz bois yod aylasak.

Bu yurtlarda angladikki, sof tuyg'ular kamyob ekan,

Angladikki, qadri ham past ekan bunda muhabbatning.

Gul chehralar ichra bunda o'zbek qizi noyob ekan,

Ayondir endi sizga taklifi Sobir va Ismatning…

 

Kamina bu bilan endi hech qachon qaytib kelmaydigan talabalik yillarimning sho'x va shaddod, go'zal damlari naqadar serzavq kechganini shunchaki e'tirof qilmoqchi emasman. Har kimning ham o'z yoshligi va hech kimga bermaydigan, hech narsaga almashmaydigan o'z yorug' xotiralari bo'ladi. Men bu she'r orqali biz Moskvada o'zbek tilini sog'ingan, uni yaxshi ko'rgan va o'z ona tilim deb suygan dilbar qizlarimizning shu go'zal satrlar bois bizga nechog'liq karam va ehtirom ko'rsatganliklarini aytmoqchi bo'ldim, xolos. O'zbek tilini qadrlash, uni madh etish bizga olis musofir yurtlarda ham ana shunday faxr va muhabbat baxsh etgan edi.

Bilasizmi, yaqinda Germaniya va Fransiya davlatlarida bo'lib qaytdim. Safar taassurotlarimni e'lon qilgan maqolalarimda ulug' nemis shoiri Gyotening ba'zi she'rlaridan foydalandim:

 

To bыlo mrachnoy poroy noyabrya.

Xmurilos nebo surovo.

Dul veter. Xolodnыm,

dojdlivыm dnem.

Vstupal ya v Germaniyu snova.

 

Maqolalarimning o'zbekcha nusxasida bu she'rlarni tarjima qilishda qiynalmasmikanman deb, biroz cho'chigan edim. Lekin bizning o'zbek tilimiz shu qadar boy ekanki, nazarimda,  men qilgan tarjima ham yomon chiqmadi:

 

Kuzgi, izg'irinli, ma'yus soniya –

Osmon qovog'idan yog'ar edi qor.

Shu yomg'irli kunda, ey, Olmoniya –

Yana quchog'ingga keldim men takror!

 

Germaniyaning shahar va qishloqlari juda ozoda, yog' tushsa yalagudek. Imoratlarini aytmaysizmi? Biram ko'rkam, biram serviqor! Bu hozirgi ta'rif. Lekin Gyote bundan bir necha asr ilgari yozgan:

 

O, gospodi, kak prilizano vsyo!

Ni musora, ni pыli!

I bogateyshie zdanya vezde.

V vesma impozantnom stile.

 

Men esa ona tilimizga shunday o'giraman:

 

Yo, Xudoyo, bu qanday jannat,

Na bir chang bor, na kir, na g'ubor.

Hashamdor binolar turar sersavlat,

Qasrlar, saroylar ko'rkam, ulug'vor.

 

Ha, bizning tilimiz ana shunday boy va rang-barang. Biroz zerikdingiz, chog'i. Keling, endi muhabbat haqidagi satrlarga navbat beraylik.

Sirdaryolik Bahor Xolbekova yozadi:

 

Ostonada turma, ichkariga kir,

Bu baxtdan o'zimni qo'yay yo'qotib.

Intizor yashadim kutib kimnidir,

Endi sen turibsan eshigim qoqib.

 

Bir og'iz so'z dema, ichkariga kir,

Men to'lgan dilimni senga ochayin.

Mening hayotimning kamini to'ldir,

Sening nim baxting ham to'lishi tayin…

 

She'r hamma vaqt ham sizga yorug' xotira-yu yaxshi kayfiyatlar beravermaydi. Muhabbati tan olinmay, yuragi siqilib, o'ksib yurgan yolg'iz va diltang kunlarida ham omadsiz oshiqlar ijod qilishgan:

 

Yondim-u va lekin hijron tunida

Senga ahvolimni etmadim bayon.

Sokin kechalari ko'zim o'ngida

Munis qarashlaring bo'ldi namoyon…

 

Bu ma'yus va mahzun satrlarni o'qib, hammamiz ham o'zimizning qachonlardir boshimizdan o'tgan sho'rlik muhabbatning iztirobli damlarini eslab ketamiz:

 

– Xayr endi…

Qalbimda bir vido qoldi,

Xayr endi, sen ketding, begunoh ohu.

Bugun sen qaydasan? Qaylarda qolding?

 

Bugun bosh ustingda kimning panohi?

Seni kech topgandim, erta yo'qotdim,

Qarg'agin, loyiqman sening qahringga.

O'zgalar qalbida qadr uyg'otdim,

Biroq yetolmadim o'zim qadringga…

 

Yaxshiyamki, ana shunday daqiqalarda senga yakkayu yagona yupanch va taskin beruvchi she'rlar bor ekan bu dunyoda. Ehtimol, shoirlarga odamlarning mehr va havas bilan qarashlarining ham boisi shundadir. Shoir hammamizning boshimizdan kechgan ishqiy iztiroblarimizni faqat yakka o'zi yuragining eng tubiga joylab, so'ngra dilbar misralarga tizishi mumkin:

 

Chuvaladi o'ylarim sensiz,

Xayolimga taroq urgayman.

Mening qo'lim yetmagan yulduz,

Tushlarimda seni ko'rgayman…

 

Qo'lidan boshqa ish kelmagan, o'z ko'ngil qo'ygan mahbubasiga munosib bo'lish baxtiga erisholmagan oshiq yigit endi nimani ham orzu qilishi mumkin?

 

Yomg'irli kun edi,

Atrof jim-sokin.

Ma'yus ko'zlaringga boqardim sarmast!

Sekin shivirlading: “Boqmagil, yigit,

Sevging menga yangilik emas”.

Yomg'ir ham tinmadi o'sha kuni hech,

U ham quvolmadi ko'zda xobingni.

Sovuq, rutubatli xonamga shu kech

Olib qaytdim achchiq iztirobingni…

 

Mana, ko'rdingizmi? So'zning, she'riyatning – ona tilimizning sehri nimada? Yoki zerikdingizmi? Yo'q, hali zerikishga ulgurmadingiz. Negaki shu paytgacha, shunchaki “ona tilim” deb yurgan rasmiy davlat tilimiz shu qadar maftunkor va jozibali ekanligini hech qachon bugungidek kuchliroq va teranroq his etmagandirsiz, balki… Ana shunday boy va badiiy, go'zal va malohatli til ekan jonajon zabonimiz. Demak, shoir aytganidek, tilimiz hech qachon yo'qolmasin!

Ismat XUShEV,

“Hamkor” – “Business partner” – “Delovoy partner Uzbekistana” gazetalari Bosh muharriri.

2000 yil. Toshkent shahri.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 4 =