Biz bilgan va bilmagan Temurbek
Yaqinda “Ma'naviyat” nashriyotida O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Temurbek” tarixiy qissasi katta adadda nashrdan chiqdi. Kitobda Buyuk Sohibqiron Amir Temurning bolalik va yoshlik davrlari yoritilgan. Kitob Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamkorligida ko'rkam muqovada chop etildi; ichki bezaklari esa sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilgan holda yaratildi.
Mudofaa vazirligi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Raqamli texnologiyalar vazirligining AT zali va Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada “Temurbek” tarixiy qissasining qizg'in taqdimotlari o'tkazildi va bu tadbirlar izchil davom etmoqda. Kitob rejali ravishda respublika maktablariga tarqatildi.
Prezidentimiz Temurbeklar maktabining muhtasham binosi ochilishida so'zlagan nutqida Sohibqiron Amir Temur bobomiz shaxsining millat uchun buyuk ahamiyati haqida to'xtalib, shunday degan edilar:
“Amir Temur bobomizning yoshligini kim biladi? Beruniy, Imom Buxoriy, Xorazmiy haqida gapiramiz, baralla hammaga shunday allomalar yurtidan ekanimizni aytamiz, lekin tarixini bilasanmi, desa, faqat “buyuk bo'lgan” deya olamiz, xolos. Hozir biz farzandlarimizni vatanparvar, g'ururi baland, o'z tarixini teran biladigan ruhda tarbiyalashimiz lozim”.
Bu jo'shqin so'zlar yuraklarga uchqun soldi, milliy g'ururni uyg'otdi. Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda ijodiy jamoaning qo'llab-quvvatlashi bilan muhtaram adibimiz bu mavzuda uzoq izlanishlar olib bordi, manbalarni qayta-qayta ko'rib chiqdi. Kitob haqida mashhur temurshunos olimlar va yozuvchilarning fikrlari olindi hamda asar taniqli ekspertlar nazaridan o'tkazildi. Natijada Amir Temur haqida yangi ma'lumotlarni taqdim etuvchi to'laqonli, ajoyib asar dunyoga keldi.
“Biz, — deb yozdi muallif, O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali “Temurbek” qissasining muqaddimasida, — Allohning irodasi, davlatimiz rahbarining xohishi, ko'nglimiz buyrug'i, yaqin do'stlarning da'vati, aziz o'quvchilarimiz, ayniqsa, yoshlar, ko'pchilik tarixchilar, adabiyot namoyandalari va ziyolilarning takliflari bilan qo'limizga qalam olishga jazm etdik. Bizning kitobimiz Sohibqiron Amir Temurning bolaligi va yoshligi haqidagi badiiy tarixdir”.
Kemtik tarix
Amir Temur — buyuk sarkarda, xaloskor, ulkan saltanat asoschisi, adolatli hukmdor, turkiy xalqlar — “Mulki Turon”ning jahon tarixidagi o'rnini yuksakliklarga ko'targan daho shaxs.
Insoniyat tarixida o'chmas iz qoldirgan eng buyuk jahongirlar — Aleksandr Makedonskiy (miloddan avvalgi IV asr), Yuliy Sezar (miloddan avvalgi I asr), Gannibal (miloddan avvalgi III asr), Chingizxon (XIII asr) va Amir Temur (XIV-XV asrlar) biror marta jangda mag'lub bo'lmagan g'oliblardir.
Dunyo taqdirini o'zgartirib yuborgan, harbiy to'qnashuvlar strategiyasi va taktikasini san'at darajasiga ko'tara olgan Aleksandr Makedonskiyning miloddan avvalgi 331 yilda bo'lib o'tgan Gavgamela jangi hamda Sohibqiron Amir Temurning 1402 yildagi Anqara jangi ularning sarkardalik dahosi ramzi sifatida insoniyat tarixidan abadiy joy oldi.
Sohibqiron Amir Temur obrazi, uning o'ziga xos qirralari, ayniqsa, surati va siyrati, tug'ilishi, bolaligi, savodi hamda hayotining so'nggi kunlari tafsilotlari millionlab insonlarning ongu shuurini, mana, salkam 700 yildirki, hamon maftun etib kelmoqda.
Mana, atoqli adib Muhammad Ali yana Amir Temur mavzusiga qo'l urdi va “Temurbek” tarixiy qissasini nashr ettirdi. Endi u tariximizning eng mavhum, oq dog'lar bilan qoplangan davri — Amir Temurning bolalik va o'smirlik yillari tafsilotlarini qalamga oldi. Kamina faxr va zo'r zavq ila kitobni maroq bilan o'qib chiqdim.
Ko'p jahongirlarning bolalik va o'smirlik davri tarixi yetarlicha yoritilmagan — Chingizxon, Sezar, Gannibal va boshqa ko'plab tarixiy shaxslarning qismati shunday. Chunki agar ular podshohlar yoki daholar avlodidan bo'lmasa, tarix o'z bahosini so'ngroq beradi. “Shu bolakayning yulduzi qachon charaqlaydi, undan buyuk shaxs chiqadimi-yo'qmi?” — buni o'z vaqtida kim ham bilib, payqay olardi? To'g'ri, daholar bolaligida o'zgacharoq bo'ladi, aqlu zakovati teranroq, qiliqlari hayratomuz kechadi… Lekin buyuk jahongirlik hammaga ham nasib qilmaydi, tarixda kamdan-kam uchraydi. Uni bolalikdan ilg'ash qiyin. Shu sababdan ularning bolaligi vaqtida qalamga olinmagan, degan fikrdaman.
Amir Temurning bolaligi sir-sinoatlarga boy edi. U haqdagi haqqoniy ma'lumotlar yo'q hisobi. Lekin bu bo'shliqlardan unumli foydalangan tariximiz g'animlari Amir Temurga “qon bilan tug'ilgan”, “savodsiz”, “qo'y o'g'risi”, “yovvoyi”, “shafqatsiz” va hokazo yorliqlarni yopishtirib, ulug' shaxs haqida noto'g'ri tasavvurlar uyg'otdi, tariximizni soxtalashtirdi.
Men aksariyat vatandoshlarim kabi bu jumboqlarning barchasiga Muhammad Alining “Temurbek” qissasidan javob topdim.
Avvalo yozuvchida murakkab mavzular va tarixiy shaxslar haqida qalam tebratish uchun ichki ma'naviy huquq bo'lishi kerak. U uzoq yillik mehnat va izlanishlar bilan vujudga keladi. Bu — aksioma. Adibimiz, shubhasiz, shunday huquqqa ega. Uning kitobxonlar mehriga sazovor bo'lgan to'rt jildlik “Ulug' saltanat” roman-epopeyasi, “Sarbadorlar” tarixiy romani buning yaqqol isbotidir.
Muhammad Ali o'z qissasini tarix ilmining so'nggi yutuqlariga asoslanib yozdi. Temurbekning bolaligi va o'smirligi tarixini haqqoniy, adolatli, badiiy to'qimalar vositasida jonli va ishonchli tasvirlab berdi. Bu — ishonarli tarix. Badiiy asarlarning insoniyat tafakkuri oldidagi buyuk xizmati ham aslida shunda.
Yozuvchi ta'kidlaganidek, “Amir Temur muarrixlarga yoshlik davri tarixini yozmaslikni, yozganlarini esa o'chirib tashlashni maslahat bergan, chunki bu ma'lumotlar odamlarga ishonarsiz tuyulishi mumkin” edi-da. Hadislardan birida: “Aytayotganingiz rost bo'lsa-yu, lekin tinglovchi uchun ishonarsiz bo'lsa, uni aytmang”, degan mazmundagi gaplar bor. Masalan, yosh Temurbek o'z tengqurlari bilan “davlat-davlat” o'yinini o'ynagan, unda podshoh, vazirlar, lashkarboshi, amirlar, navkarlar va qozilar tayinlangan. Jarayon qatnashchilaridan biri “millatga, saltanatga xiyonat qilganlik”da ayblanib, qattiq jazolangan. Endi tasavvur qiling, 12-14 yoshlardagi Temurbekning bunday fikrlashiga, hukm chiqarishiga, adolat o'rnatishiga qaysi o'quvchi osongina ishonardi? Vaholanki, Temurbekning yoshligi xuddi shunday ajoyib-g'aroyib voqealarga boy bo'lgan. Axir yovqur bahodir, buyuk jahongir bir kunda shakllanib qolmaydi-ku.
Yangi O'zbekistonni qurayotgan millatimiz milliy g'ururimizga aylangan Amir Temur yoshligining haqqoniy tarixini ham bilishi kerak. Xalqimizda bu tarixni bilishga tashnalik, katta ehtiyoj bor. Bu kemtikni to'ldirishga Muhammad Ali bel bog'labdi. U “Temurbek” qissasida qalamga olingan tarixiy jarayonni to'g'ri ko'rsatgan, obrazlarning barchasi tarixiy shaxslardir. Badiiy to'qimalardan unumli foydalanilgani natijasida aniq davr manzarasi yaratilgan, Amir Temurning bolalik va yoshlik yillari tarixi qayta tiklangan. Bu tahsinga loyiq.
Asarning nihoyatda ishonarli chiqqanini yana bir bor ta'kidlaymiz. Asarda Amir Temurga qilingan nohaq tuhmatlar tarixiy faktlar va badiiy ifodalar bilan fosh etilgani juda quvonarlidir. Tan olish joiz, Muhammad Ali o'zbek tarixiy romanchiligining ustasi va haqli ravishda O'zbekiston tarixining chuqur bilimdoni hisoblanadi. Asardagi barcha badiiy qahramonlar — Temurbek, Muhammad Tarag'ay, Qorachor No'yon, Tegina xotun, Ubaydullo Buxoriy, Shayx Shamsiddin Kulol, Shohsuvor munajjim, Kebekxon, Qozonxon, Amir Qazog'on, Amir Husayn, Amir Burqal, Joku barlos, Sayfiddin, Abbos va yana o'nlab obrazlar tariximizda mavjud bo'lgan shaxslardir. Ular shunchalik ustalik bilan badiiy obrazlarga aylantirilgan, surati va siyrati ishonarli qilib tasvirlanganki, o'quvchida beixtiyor kino ko'rayotgandek hissiyot paydo bo'ladi. Shuningdek, muallif yurt tabiatini — Turon pasttekisligi, Hisor tog'lari, Taxti Qoracha, Chak-Chak dovonlari, Kesh shahri va Xo'ja Ilg'or qishloqlarini shunchalik go'zal, aniq va tiniq ta'riflaydiki, o'quvchi bu joylarni hayoti davomida ko'p marotaba ko'rgan bo'lsa-da, unda yana bir karra shu yurtlarga sayohat qilish ishtiyoqi uyg'onadi.
“Temurbek” qissasi Amir Temurning tug'ilgan kuni arafasidagi tafsilotlar bilan boshlanadi va uning 24 yoshida, ya'ni 1360 yili Mo'g'uliston xoni Tug'luq Temurxon xizmatiga kirishi hamda Kesh viloyati hokimi bo'lishi tafsilotlari bilan yakunlanadi.
Asarning “Yulduzlar o'yini” bobida koinotdagi yulduzlar (chunonchi, Somon yo'li, Hulkar, Oltinqoziq va h.k.) hamda burjlarning joylashishi astronomik aniqlikda tasvirlanadi. O'shanda, Temurbek tug'ilgan kunda — 1336 yil 9 aprelda koinotda Mushtariy (Yupiter) va Mirrix (Mars) yulduzlari bir-biriga juda yaqin kelib, bir safga tizilgan, ya'ni “qiron” yuz bergan ekan. Shu sababdan Amir Temur nomiga “Sohibqiron” sifati ham qo'shib aytiladigan bo'ldi. Darvoqe, uning ismi ham tasodifan qo'yilmagan. Ulug' pir Shamsiddin Kulol ko'kdan kelgan ilohiy bir qudrat undovi bilan Qur'oni Karimni ochadi va ko'zi 57-“Hadid” surasiga tushadi… “Hadid” — temir degani. Allohning inoyati bilan chaqaloqqa “Temurbek” deb ism qo'yadilar. Buning tafsilotlarini qissadan o'qib, haqiqiy ma'naviy huzur olishingiz mumkin.
Surada shunday deyilgan edi:
“Biz o'z payg'ambarlarimizni aniq hujjat, mo''jizalar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun Mezon-tarozi tushirdik. Yana Biz temirni tushirdik-yaratdik. Unda kuch-quvvat va odamlar uchun manfaatlar bordir”.
Yana bir gap: go'yoki Temurbek musht bo'lib tugilgan qo'llaridan qon sizib turgan holda tug'ilganmish. Aslida, barcha chaqaloqlarning tug'ilishi xuddi shunday bir xil ko'rinishda bo'ladi, bu — biologik jarayon. Bu to'g'rida uning g'animlari avval rivoyat to'qishdi, keyin afsonaga aylantirishdi. Aslida, bu rivoyat Temurbek emas, balki Chingizxon bilan bog'liqdir.
Faqat bitta farq bor edi: Temurbek boshqa chaqaloqlardan o'zgacharoq edi. Uni ilk bor ko'rganlarning xayolida yilt etib “Bola — boshidan” degan xalq maqoli paydo bo'lardi. Uni yozuvchimiz juda chiroyli, xalqona qilib quyidagicha tasvirlaydi:
“Aslida, beshik to'yining gashti bo'lakcha-da! Beshik — farzandning balog'atga erishish yo'lidagi dastlabki pog'onasi. Chaqaloq shu beshikdan chiqib, yurib ketadi! Bolaning yurib ketishi — dunyoni olishidir! Lekin kutilmaganda bir muammo chiqdi… Temurbekni belaganlarida… go'dakka beshik xiyla torlik qildi!”
Ushbu so'zlarni o'qigan har bir o'quvchi — momolar, onalar, bobolar va otalar darhol mazmunni tushunadilar, tasavvur qiladilar. Chunki turkiy zot borki, beshikdan o'tgan. Buning ustiga, yozuvchimiz so'zlashuvda o'sha davr lahjasidan foydalanib shunday tasvirlaganki, beixtiyor Temurbekning tug'ilishidanoq o'zgacha bir bola bo'lganiga amin bo'lasiz, ishonasiz.
Yana bir jumboq: Amir Temur savodsizmidi?
Javobni “Temurbek” qissasidan izlaymiz.
Amir Temurning otasi Muhammad Tarag'ay amirzodalar avlodidan bo'lib, Keshning nufuzli beklaridan edi. Negadir ibn Arabshoh Muhammad Tarag'ayni “hayqiroq cho'ponlardan” deb tuhmat qildi. Beshinchi otasi Qorachor No'yonning Chingizxon bilan yozma ahdnoma tuzganligiga tarixiy ishoralar bor. Albatta, bu sulola asoschilarining yozish va o'qishni bilganligidan dalolat beradi. Shunday ekan, bir necha avlod o'tib, Amir Temurning savodsiz bo'lishi mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Onasi Tegina xotun Buxoro shayxulislomi, ma'rifatli Ubaydullo Buxoriyning qizi bo'lib, u o'qimishli va savodli ayol edi.
“Temurbek” qissasida o'sha davr madrasa ta'limi, darslari, manbalari va kitoblari juda ishonarli tasvirlangan. Ota tomonidan bekzoda, ona tomonidan shayxzodalarga borib taqaladigan Temurbekni olti-etti yoshlarida Mavlono Mehtar domlaning Keshdagi maktabiga berdilar.
Qissada madrasa va boshlang'ich ta'lim o'sha davr talabidan kelib chiqib juda jonli tasvirlangan:
“Madrasa bir qavatli binoda, shinam, istarasi issiq hovlida joylashgan bo'lib, kirgan kishi yana kirsam deydi. Temurbek madrasaga birinchi kelgan kuni… bolaning bilimini sinash niyatida Mehtar muallim ta'lim taxtachasiga chiroyli qilib abjad harflarini bitib ro'parasiga qo'ydi va: “Mana bu alif, mana bu be…” deyishga ham ulgurmadi. Temurbek bir qarashdayoq sharillatib o'qib berdi”.
Keyingi tafsilotlar ham Temurbekning yuqori savodli shaxs bo'lganligiga ishora qiladi.
Milodiy 1360 yili mo'g'ul xoni Tug'luq Temur “bobom Chingizxondan qolgan mulk” deya da'vo qilib, Movarounnahrga lashkar tortib bostirib keldi. Tahlikali, parokanda zamon bo'lib, jon saqlash uchun kim Xurosonga, kim toqqa qochgan edi… Ana shunday og'ir damlarda Amir Temur maslahat so'rab, Shayx Zayniddin Abu Bakr Toyobodiyga xat yozadi va pirdan javob ham oladi. Bu juda xavfli va o'lim tahlikasi mavjud bo'lgan vaziyat edi. Xatni birovga yozdirib, yana birovga o'qitadigan zamon emasdi, bu Amir Temurning o'ta xufiyona ishi edi. Uning boshidan o'tgan keyingi voqealar tahlili shuni ko'rsatadiki, xatni Temurbekning shaxsan o'zi yozgan va o'zi o'qigan.
Sohibqiron keyinchalik hayoti davomida ko'plab donishmandlar va daholar (Hofiz Sheroziy, ibn Xaldun va h.k.) bilan suhbatlar qurdi va ularning barchasida o'zini yuqori saviyali savodxon, tarix bilimdoni sifatida ko'rsatib, suhbatdoshlarini hayratga soldi. Bunga tarix guvohlik beradi.
Muhammad Ali “Temurbek” qissasida Temurbekning avval oilada, so'ng madrasada ta'lim olganligini qiziqarli tarzda tasvirlab bergan. Bu — ayni tarixiy haqiqat. Demak, Amir Temur arabiy imloda yozgan, o'qigan, turkiy, forsiy va mo'g'uliy tillarda gapira olgan savodli shaxs bo'lgan.
“Qo'y o'g'risi”
Bu ham Sohibqiron hazratlariga qilingan navbatdagi tuhmatlardan biri edi. Emishki, Amir Temur yigitlik davrida qo'y o'g'irlab kun kechirganmish. Ibn Arabshoh yozadi: “Kechalarning birida u bir qo'yni o'g'irladi va uni orqasiga o'ngarib oldi. Shunda cho'pon kamon o'qi bilan uni yelkasidan urib yaraladi va yana bir o'q bilan sonidan jarohatlab, holdan toydirdi”. Voqea Keshda yuz bergandek hikoya qilinadi. Lekin shu muarrixning o'zi boshqa bir joyda aynan shu voqealarni Sajistonda (Seyiston) bo'lib o'tgan tarixiy jarayonlarga bog'lab yozadi. Birinchidan, bu yerda mantiqsizlik, ikkinchidan, tarix ilmida kechirilmaydigan noxolislik yuz bergan. Bir narsani ta'kidlash joizki, ibn Arabshoh (o'zining e'tiroficha) voqealarni odamlardan qanday eshitgan bo'lsa, shunday yozgan. Ularga tanqidiy ko'z bilan qarash lozim.
Temurbek maktab yoshida otasi kabi mutasavvif Shayx Shamsiddin Kulol ta'sirida bo'lgan, uni pir tutgan. Temurbekning bolaligidan shakllangan axloqi, iymoni, tasavvuf va darveshlik tuyg'ulari uning o'g'rilik bilan kun ko'rishiga hech qachon yo'l qo'ymas edi.
Temurbek o'zgacha bir ishtiyoq bilan, ayniqsa, harbiy o'yinlarni mashq qilar, badanini chiniqtirar edi. Zukkoligi, dovyurakligi va adolat tuyg'usi uni tengqurlarining peshvosiga, yo'lboshchisiga aylantirgandi.
“Temurbek” qissasini o'qir ekansiz, Temurbekning yigitlik chog'idagi hayoti xronologik jihatdan nihoyatda tig'iz, tarixiy voqealarga boy kechganining guvohi bo'lasiz. U juda erta ulg'aydi va el-yurt xizmatiga bel bog'ladi. O'zi “Temur tuzuklari”da ta'kidlaganidek, “O'n ikki yoshimdan jahongashtalik qismatim bo'ldi”.
Temurbekning bolaligi 1352-1353 yillargacha davom etdi. 1354 yili otasi Muhammad Tarag'ay Temurbekni Zanjirsaroyga, Amir Qazog'on huzuriga olib bordi. U xon xizmatiga kirdi. 1355 yili Amir Joku barlosning qizi Turmush oqoga uylandi. 1356 yili Amir Temurning to'ng'ich o'g'li Jahongir Mirzo dunyoga keldi. 1355-1358 yillarda Amir Qazog'onning harbiy xizmatida bo'ldi. 1360 yili Amir Temur iqtidorli harbiy qo'mondon, amir sifatida Mo'g'uliston xoni Tug'luq Temurxon xizmatiga kirdi. 1361 yili Kesh viloyatining hokimlik vasiqasini qo'lga kiritib, o'z yurtiga ega bo'ldi.
Endi tasavvur qiling, voqealarning tig'izligiga va uning xizmat pillapoyalaridan shiddat bilan o'sganiga e'tibor bering: bolaligi islom arkonlarini o'rganish bilan o'tgan, yigitlik davrida avval yuzboshi, keyin mingboshi, bosh qo'mondon sifatida Amir Qazog'on davlatiga xizmat qilgan va nihoyat Kesh viloyatining hokimi bo'lgan shaxs qaroqchi yoki o'g'ri bo'lishi mumkinmi?
Bu Amir Temurga nisbatan tarixning tuhmati edi. Aksincha, u Amir Qazog'on xizmatida bo'lgan chog'da dashtdan kelgan ko'chmanchilar yurtni bosib, xalqning mol-holini haydab ketganida, Temurbek o'z navkarlari bilan zudlik bilan ularni quvib yetdi va jangga kirishdi. Bosqinchilar mag'lub bo'lib qochishdi; mol, qo'y, yilqi va tuyalar qaytarib olib kelinib, egalariga topshirildi.
Bunday voqealar, ayniqsa, 1358 yili Amir Qazog'on o'ldirilganidan so'ng, boshboshdoqlik davrlarida ko'p bo'lib turar edi. O'shanda Temurbek elparvarlik yo'lini tanladi, avom xalqni himoya qildi. Shu sababli hamma yoshu qari, ayniqsa, tengdoshlari unga intildi, kelib uning safiga qo'shilaverdi. U suyukli yo'lboshchiga, xaloskorga va bahodirga aylandi. Tarixiy qissada Temurbekning davlat arbobi bo'lib voyaga yetish jarayoni ravshan ko'rsatib berilgan. Amir Temurni zamonning o'zi yetishtirdi.
Rivoyatlarning ildizi
O'shanda, XIV asrda alg'ov-dalg'ov zamon edi, dushman ko'p edi — mo'g'ullar, forslar, hindular, ichki dushmanlar, qaroqchilar, xoinlar… Bularning gaplarini ispaniyalik elchi Rui Gonsales de Klavixo ham eshitgan va o'zining “Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403-1406)” asarida yozib qoldirgan. Elchi Samarqandda 1404 yil sentyabr-oktyabr oylarida Amir Temur Sohibqiron bilan bir necha bor bazmlarda, rasmiy qabullarda uchrashgan, suhbatlar qurgan. Yana, tabiiyki, atrofdagi har xil kayfiyatdagi odamlar, jumladan, “ichki dushmanlar” bilan ham gaplashgan va ulardan Amir Temurning tug'ilishi hamda bolaligi to'g'risida hayratomuz, afsonaviy rivoyatlarni eshitgan. Bu tarzdagi axborotlarga, ayniqsa, elchilar o'ch bo'ladi va ular o'z yurtlariga voqealarni bo'rttirib, quloqni qomatga keltiradigan qilib olib ketishgan.
Tasavvur qiling: 1404 yil sentyabr-oktyabr oylarida Konigildagi to'y tantanalarida va rasmiy qabullarda o'nlab yurtlarning — Xitoy, Tibet, Mo'g'uliston, Xo'tan, Hindiston, Xuroson, Tabriz, Gilon, Bag'dod, Misr, Ispaniya elchilari qatnashgan. Ularning o'zaro eng sevimli suhbat mavzularidan biri Sohibqiron Amir Temurning bugungi sarkardalik zafarlari va, albatta, uning afsonaviy, sirli o'tmishi hamda yoshligi tarixi edi. Elchilar o'z yurtlariga, hukmdorlariga ushbu hayratomuz tarixlarni olib ketdilar. Bu ularning vazifasi ham edi-da.
Xuddi mana shu gaplarni arab tarixchisi ibn Arabshoh ham eshitgan va o'zining “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” asarida yozib qoldirgan, tarixga muhrlagan. Ibn Arabshoh 1401-1408 yillarda Samarqandda yashagan, agar uning 1389 yilda tug'ilganligini inobatga olsak, u o'shanda 12-19 yoshlarda bo'lgan. Ayni axborotga, bilimga chanqoq yoshda edi.
Har ikkala muallif — Klavixo va ibn Arabshoh o'z asarlarini o'sha davrlarda urf bo'lgan tarixiy hikoyanavislik tarzida, biroz badiiylashtirib, o'quvchilarni hayratga soladigan bo'htonlarni ham ayamasdan qo'shib yozishdi. Ayniqsa, o'zlaridan oldin yozilgan kitoblarda zikr qilingan, dunyoning qaeridadir, kim bilandir bo'lib o'tgan hayratomuz afsonalarni ham ikkilanmasdan Amir Temur shaxsiga yopishtirishdi.
Shu sababli ham tarixchilarimiz oldida turgan vazifalardan biri — ibn Arabshoh va Klavixo asarlarini qanchalik e'zozlamaylik, o'sha davrdan qolgan yodgorlik deb qanchalik ulug'lamaylik, ularning manbalariga tanqidiy va mantiqiy tahlil nuqtai nazaridan yondashish lozim bo'ladi. Tariximizning haqqoniyligini ta'minlash yo'lida uni bo'htonlardan tozalashimiz lozim deb o'ylayman.
Muhammad Alining “Temurbek” qissasi aynan mana shu noxolisliklar, tuhmat va bo'htonlarni fosh qilishga qaratilgan. Asar tariximizning kemtik joylaridan birini — Amir Temurning yoshligi va o'smirligi davri tarixini badiiy to'qimalar, jonli obrazlar va faktlar orqali to'ldirdi. Adib millatimiz tarixining g'animlariga qudratli zarba berdi.
Buyuk Temur va Mustaqil O'zbekiston
Yuqoridagi Amir Temurga tegishli epitetlarni tan olish u yoqda tursin, ularni baralla ayta olish uchun ham bizga mustaqillik kerak edi. Buyuklarga baho berish, ularning tarixdagi o'rnini ko'rsata olish ham sharafli ishdir. 1991 yilda ona Vatanimiz mustaqil bo'ldi. Millatimizning buyuk farzandi Amir Temur xotirasi, tarixi xalqimizga qaytarildi. Uning jahon tarixida tutgan o'rniga monand haykallar o'rnatildi; maydonlar va ko'chalar buyuk bobomiz nomi bilan yuritilmoqda. “Temurbeklar maktabi” tizimi yaratildi, bu nom milliy g'oyamizga aylandi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Temurbeklar maktabi ochilishida so'zlagan nutqida:
“Vatanning har bir posboni Amir Temur va ulug' lashkarboshilarimiz o'gitlarini, ularning harbiy merosini chuqur bilishi kerak, deb qayta-qayta ta'kidlab kelaman. Bu o'lmas va bebaho meros hozirgi kunda ham har birimizning qalbimizga cheksiz g'urur baxsh etadi, muqaddas tuprog'imizga sadoqat tuyg'ularini kuchaytiradi”, deb bejiz ta'kidlamadilar. 2026 yili Sohibqiron Amir Temurning 690 yilligi Yangi O'zbekistonimiz yuksalishi shiddatiga xos va mos ravishda nishonlandi. Ajab emaski, biz intilayotgan Uchinchi Renessans ildizi va poydevori Buyuk Temur tomonidan yaratilgan ikkinchi Renessans davrlariga borib ulanadi.
Uchinchi Renessans poydevorini qurishda jonbozlik qilayotgan yoshlarimizga Amir Temur ruhi yor bo'lsin!
Xalq sevgan yozuvchimiz Muhammad Aliga yangi-yangi, bundan-da yuksak asarlar yaratishi uchun kuch-quvvat tilaymiz. Endi uning asarlarini o'qib, Sohibqiron bobomizning hayoti va faoliyati haqida to'liq hamda aniq ma'lumotga ega bo'la olamiz.
“Temurbek” kitobining taqdiri shon-shuhratli bo'lsin! Yoshlarimizga, barcha yurtdoshlarimizga bu asarni mamnuniyat bilan o'qishni tavsiya qilaman.
Temur ShIRINOV,
O'zbekiston Respublikasi fan arbobi.
