Qari bilganni pari bilmas
Qurol momo o'gitlari
Qishloqqa borishni, odamlar bilan suhbatlashishni yaxshi ko'raman. Yaqinda borganimda gilamdo'z qishloqdoshim Sharofatdan so'radim:
— Ilgari har yili bitta gilam to'qirdilaring, hozir esa to'qimay qo'ydilaring. Qo'ylarning junini nima qilyapsizlar?
— Tandirga solib yoqib yuboryapmiz.
— Narxi tilla bilan barobar junni achinmay yoqib yuboryapsizlarmi? — so'radim undan.
— Bitta gilam to'qishning mehnati katta bir imorat qurish bilan barobar. Shuncha og'ir mehnat bilan to'qigan gilamimizning rangi ikki yil o'tmasdan o'chib ketib, gilamga o'xshamay qolyapti. Shuning uchun gilam to'qimay qo'ydik, — dedi u xo'rsinib.
Unga maslahat berganday bo'lib: “Ulug' yoshli momolardan so'rasalaring bo'lmaydimi? U momoning bilmagan narsasi yo'q, tili sayroqi, gapi qayroqi”, — dedim men.
Sharofat asli havasli gilamdo'z emasmi, qalbiga o't tushdi. Shu kuniyoq u ikkita issiq non, bir pishim sariyog' olib Qurol momonikiga jo'nadi. Qurol momo bilan ko'rishayotib: “Siz emasmi dunyoda, hammadan ham ziyoda!” deb momoni suyib bag'riga bosdi.
— Oyna, (aylanayin degani) esan-sovmisilar? Qanday shamol uchirdi seni?
— Gilamning shamoli uchirdi, momo, — dedi dadillik bilan Sharofat. — O'lib-tolib gilam to'qiymiz, hech vaqt o'tmay rangida rang qolmaydi. Shuning sababini sizdan so'rab bilay deb keldim.
— Jonim senga sadaqa, jonim bilan oytaman. Ilgari qishlog'imizda faqat dumbali jaydari qo'ylar boqilardi. U qo'ylarning juniga to'qilgan gilamning rangi yetmish, yuz yildan keyin ham yashnab turardi. Hozir esa jaydari qo'ylarimizga dumli arabi qo'ylar qo'shib boqilyapti. Ularning qo'shilishidan zoti past qo'zilar tug'ilyapti. Dumli, arabi qo'ylarning juni bo'yoqni yaxshi oladi-yu, lekin ko'p o'tmay, rangi o'ngib ketadi. Dumli qo'yning go'shti echkining go'shtidan farqi yo'q. O'zimizning jaydari qo'y junidan to'qilgan gilamlarni shipirsang (supursang) ochilaveradi, o'ziga kirni olmaydi. Yog'li ovqat yoki bo'yoq-so'yoq to'kilib ketmasa bo'ldi…
Sharofat so'zlarini diqqat bilan tinglayotganini ko'rib, momo yanada ochildi:
— Endi men senga oytsam, toza jaydari qo'yning junini olishning davosi ularni arabi qo'ydan ajratib boqish kerak. Qo'tonlarini alohida qurish kerak. Ularning junini boshqa junlarga qo'shish kerak emas. Ana shunda to'qigan gilamlarning rangi o'chmaydi, doimo yashnab turadi. Jaydari qo'ylarning junini tandirga yoqmay, davlatga topshirish kerak. Ulardan foydalansa bo'ladi. Ey, oytaversam, ko'nglimda gapim ko'p, qizim.
— Aytavering, jon-jon deb eshitaman, momo, — dedi Sharofat.
— Ilgari har uchta uyning birida qorabayir otlar bo'lardi. Yigitlar yoshligidan boshlab ot minib katta bo'lishardi. Hozir esa qishlog'imizda bitta yoki ikki kishida ot bor. Otda hikmat ko'p. Qorabayir ot yetti yoshga kirguncha yetti xil rangda tovlanadi, der edi bobolarimiz. Otning ikki qulog'i orasidan jannatning shamoli esadi, degan gap tarixdan qolgan. Ot mingan yigit o'zini qanot paydo bo'lganday sezadi. Yigitlarimizning gavdasi maydalashib boryapti, chunki ular ot minmay katta bo'lishyapti-da. Ot minib katta bo'lgan yigit bilan ot minmay katta bo'lgan yigitni birga tikka turg'izib, ularning ko'zlari va gavdasiga qarang, ana shunda ularning farqini bilasiz. Qadimda ot minib katta bo'lgan yigitlarni “dov jigit” deyishgan. Amir Temur bobomiz qorabayir zotli ot mingan. To'xtamish bilan do'stlashganda unga o'zining qorabayir zotli oq otini in'om qilgan. Qurib ketgur To'xtamish esa Amir Temur bobomizga do'stlik qilmagan, nomardlik qilgan. Qishlog'imizda otboqarlar ko'paysa deyman-da. Yigitlarimiz o'qisin ham, ot ham minsin. Yana oytaveraymi, bolam? — so'radi momo.
— Bemalol, — dedi Sharofat.
— Ilgari bolalarning o'yinlari ham farzandlarimizni tarbiyalagan. Masalan, qishloqda har bir tandirning yonida kichkina tandircha bo'lgan. Onasi non yopayotganda qizcha o'z tandirchasiga o't yoqib oqartirib, qip-qizil kulchalar yopgan. Shunday qilib o'sgan qiz katta bo'lganda non yopish unga oddiy va maroqli ish bo'lgan. Hozir ba'zi kelinlarimizga non yop deb ko'ring-chi, nega hamma yeydigan nonni bitta men yopishim kerak, deb turib oladi. “Ettidan boshlasang, yetishib qoladi”, degan maqol bor. Shunga ko'ra qizchalarimizga yetti yoshligidan boshlab, qo'g'irchoqlariga ko'ylak tikishni, urchuq yigirishni o'rgatishimiz kerak. Bosma rusumli kashtaning avval sodda ko'rinishlarini o'rgatishimiz, ularni shunga qiziqtirishimiz zarur. Uzilgan tugmasini joyiga o'rnatolmaydigan qiz-juvonlarimiz ko'p. Bolam, so'rayversang, oytaberaman ko'ksimdagi og'riqlarimni, faqat gap bularga amal qilishda.
— Albatta amal qilamiz, momojon.
“Qirda o'sgan qirgulim”
Til bayrami o'tib ketdi, maqola yozish shartmidi, deyishingiz mumkin. Yo'q, ona tilimizning boyligi va harorati, kuch-qudrati haqida har doim, uzluksiz yozishimiz kerak. Tilimiz barhayot ekan, xalqimizning ruhi ham barhayot bo'ladi. Ulug' ma'rifatparvar bobolarimiz “Milliy tilni yo'qotmoq millat ruhini yo'qotmoqdir”, deb bejiz aytmagan.
Bundan ikki yilcha avval qishloqqa to'yga bordik. To'yxona darvozasidan kirib borishimiz bilan bir ayol sovuqqina ko'rishib, “Hu, ana u yoqqa, to'yding to'riga kattalarding xotinlariga alohida joy qilib qo'yganmiz, to'g'ri o'sha yoqqa o'tib ketabering”, — dedi menga. Hovlidagi chorpoyalarda o'tirishgan farishtalardek momolar bilan ko'rishmay o'tib ketishni o'zimga ep ko'rmadim.
Boshlab ko'rishganim — Noroy momoni darrov tanidim. U keng, qir-adirlardan iborat qishlog'imizda o'sganimga ishora qilib, meni bag'riga bosib ko'risharkan, shunday deb suydi: “Qirlarda o'sgan qirgulim! Omonmisan?”
O'sha to'yga oddiyroq bilaguzuk taqib borgan edim. Onamning qadrdon qishloqdoshi Halima momo meni quchoqlab ko'rishdi: “ Oynalayin, osmondagi oydi bilaguzuk qilib taqqan qizim, esonmisan?”
Yana bir momo “Omonmisan, oypari qizim?” — dedi.
Quvonganimdan terimga sig'may ketdim. “Bunchayam tillaringiz shirin, gaplaringizdan mehr yog'iladi-ya! O'zlaringiz sog'-omonmisizlar, qishloqda hamma yaxshimi?” — deyishdan nariga o'tolmadim. Shaharda yashab, tilim quruqlashib qolganidan juda uyaldim.
“Tilni dil kaliti, deydilar, bolam”, — dedi momolardan biri yuzi to'la ajin, lekin charaqlagan ko'zlari bilan menga mehr bilan qarab. “Bu momolarning yuzi bunchayam shu'lador bo'lmasa!” — degan fikr ko'nglimdan o'tdi. Ular bilan ancha vaqt suhbatlashib o'tirdim. Rahmatli onamning qadrdonlarini ko'rib, sog'inchlarim ancha pasaydi. Momolardan biri: “Sen ham bizlarga salom bermay, biz tomonga qarab ham qo'ymay, to'g'ri to'rga, alohida tayyorlangan joyga o'tib ketasanmi, deb o'ylovdik. Yo'q, unday qilmading, bolam. Sendaylardi aytadi-da: ko'rsang, tag'in ko'rguday, ko'rib ko'ngling to'lg'uday”, — dedi.
Alohida tayyorlangan stolda o'tirganlardan biri ikki marta kelib, “sizni to'rdagi joyga chaqirishyapti”, deb ketdi. Endi joyimdan qo'zg'algan edim, momolardan biri duoga qo'l ochdi: “Boshing eson, jo'ling ravon, ko'rganing jahon bo'sin. Elimiz tinch, rizqu nasibasi eshikdan enaversin, tuynukdan to'naversin!”
To'rda o'tirgan o'zim tengilarga qo'shilib borganimdanoq, ularning bittasi birdaniga:
— Buncha yopishdingiz shu momolarga? — dedi.
— Yopishaman-da, ular mening rahmatli onamni ko'rishgan, otamni ko'rishgan.
— Dugonajon, bizlar yaqinda yangi quti olmoqchimiz. Sizlarni yangi qutimizni yuvishga chaqiramiz-da. O'shanda albatta biznikiga kelingizlar.
— Qutingiz nimasi? — so'radim men.
— Yangi mashina-da. Mashina olaverganimiz uchun mashinani quti deyishga o'tganman. Hamma vaqt qutilarning eng zo'rini mindik, endi eng yangisini tezroq sotib olib minaylik, deb o'tiribmiz-da.
O'tirganlarning boshqasi gapga qo'shildi:
— Kecha tilla do'koniga kiruvdim. Zo'r taqinchoqlar kelibdi. Juda allambalolari bor ekan. Sira ko'zimning oldidan ketmayapti. Qizimga bir-ikkitasini olib qo'ymasam bo'lmaydi.
— Taqinchoqning o'rniga qizingizga kiyim-kechak, kitob sotib olib bersangiz bo'lmaydimi? — dedi og'irgina bir ayol.
— Kitobni o'qib nima qiladi qizim? Uni bir boyvachchaga erga berib olsam bo'ldi, boqadi o'zi hammadan ziyod qilib!
To'rtinchi ayol gap boshladi:
— Qizim o'n oltiga kirdi. Bir hafta oldin opam qiziga fotiha to'y qildi. O'sha to'yga qizimni ham olib bordim, qishloqda hali hech kim kiymagan kiyimlarini kiygizib. Bir haftadan keyin opam qizini uzatmoqchi. Kecha do'konlarni aylanib, qizimga yangisini izlab topolmadim, ertaga shaharga boraman. Zo'rlaridan olaman. Bir kiyintirayki, hammaning og'zi ochilib qolsin.
— Kechagi fotiha to'yga yangisini kiygizib olib bordim, dedingiz-ku, — dedi boyagi og'irgina ayol.
— Kechagi hafta kiyganini hamma ko'rdi-da.
Yana bittasi gap boshladi:
— Kecha maktabda ota-onalar majlisi bo'ldi. Bolalarimning muallimi nima dedi deng? “Hamma o'quvchilar maktab formasida kelishadi. Sizning qizingiz esa boshqacha qimmatbaho liboslar kiyib keladi” emish. “Bor bo'lgandan keyin kiyadi-da”, devdim, muallim sayray ketdi: “Bu yer maktab. O'quvchilarning hammasi bir xil rusumda kiyinib kelishlari kerak. Bolangizni turli-turli kiyintirguncha, o'qishiga, tarbiyasiga e'tibor qilsangiz bo'lmaydimi?” — dedi. Indamadim, tushunchasi orqada qolgan shu bitta prostoy muallim bilan tenglashib o'tiraymi, dedim ichimda.
Bir payt shu stolda o'tirganlarning hammasi birdaniga turib, o'yinga tushib ketishdi. Joyimdan turib, pastda chorpoyada o'tirgan momolar safiga borib qo'shilganimni o'zim ham bilmay qoldim.
Sayyora BEKMIRZAYEVA,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.
