Amir Temurmi yoki Adam Smit?
Odam Atodan boshlab to Hotamgacha va undan hozirgi damgacha o'tgan sultonlarning qonunlarini va ularning turish-turmushlarini donolardan so'rab-surishtirdim. Har qaysilarining yo'l-yo'riqlari, turish-turmushlari, qilish–qilmishlari hamda aytgan gaplarini xotiramda saqladim va yaxshi axloqlari, ma'qul sifatlaridan o'rnak olib, ularga amal qildim.
“Temur tuzuklari”dan.
Biz bu sarlavhani bejiz yuqoridagidek tanlamadik, so'zimizning boshidanoq ta'kidlash kerakki, Sohibqiron Amir Temur ham o'tmishdoshlari Muso Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayhon Beruniy singari jahon sahnasida burilish yasagan shaxslardan biri hisoblanadi.
To'g'ri, bugungacha mamlakatimizda bu shaxsning davlatchilik faoliyati, bosib o'tgan yo'li haqida ko'p yozilgan, ko'p ishlar amalga oshirildi, lekin bu zotning iqtisodiy islohotlarining mohiyati hali to'laligicha sharhlab ko'rsatilgan emas. Chunonchi shotland iqtisodchisi Adam Smit va boshqa yevropalik olimlardan uch yuz yil oldin, boshqa jihatlarini qo'yib turaylik, birgina agrar munosabatlar masalasida ko'pgina adolatli sa'y-harakatlarni amalga oshirgan ediki, ularni to'laligicha izohlab, xalqimizga kengroq ma'lumot berish bugungi vazifalarimizdan biridir.
Muhtaram olimlarimiz ko'p bora ta'kidlayotganlaridek, iqtisodiy globallashuv bilan ma'naviy globallashuv tabiiy chambarchas bog'langan holda olib borilsagina, dunyoni navbatdagi falokatlardan qutqarish mumkin.
O'zimiz ham bilamizki, kosmopolitizm mafkurasi rivojlangan hozirgi zamonda qadimgi yodgorliklarni, o'tmishni mensimaslik kayfiyati ustunlik qilayotgan jihatlar hamon mavjud ekan, ulardan ko'z yumib bo'lmaydi. Zamonaviy iqtisodchi olimlarimiz Q.Muftaydinov hamda Q.Yo'ldoshevlar o'zlarining “Sharq iqtisodiy ta'limotlar tarixi” asarida: “Biroq hozirgi kunda ham chop etilayotgan iqtisodiy nazariya darsliklarida ham bu haqda lom-mim deyilmayotgani kishini ajablantiradi”, deya o'z e'tirozlarini aniq ifoda etishganini haqli talab deyish mumkin. Chunki iqtisodni bilmagan hukmdor na ulkan saltanat qura oladi, na Renessansga asos soladi.
Yuqorida tilga olganimiz, buyuk hukmdor differensial renta ta'limotining nafaqat mohiyatini ochgan, balki uni amalda qo'llagan va shu tufayli ulkan Turonzamin saltanati atigi besh-o'n yil ichida yuksak taraqqiy etgan hamda mamlakat hayotining barcha jabhalarida iqtisodiy baquvvat boshqaruv tizimi yuzaga kelgan edi. Lekin uning iqtisodiy islohotlaridan bosh maqsadi oddiy xalqning ijtimoiy ahvolini, yashash turmush darajasini yaxshilashdan iborat bo'lganini esa alohida ta'kidlash kerak, chunki aynan shu shaxsning yuksak iqtidori, ulug'vor islohotlari tufayli Turonzamin davlatchiligida kuch va adolat uyg'unlashtirildi, o'zigacha bo'lgan o'tmish yetti asr davomida turli toifalar qo'lida sarson bo'lgan davlatchiligimizni qayta tiklab, bunyodkorlik, hunarmandchilik, adabiyot, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda misli ko'rilmagan natijalarga erishishda karvonboshilik qildi. Ayniqsa, ma'naviy barkamollik orqali saltanat iqtisodini yuksak darajaga ko'tardiki, bundan hatto bolalar, ayollar ham katta manfaat ko'rdi yoxud ular o'zlarining shu jamiyatning teng huquqli va davlat tomonidan to'la muhofaza qilingan shaxs ekanliklarini g'urur bilan ifoda eta olardilar. Zero, biz ana shu azaliy buloqlarimizdan tashnaligimizni qondiramiz. Shu ma'noda mamlakatimiz Prezidentining: “Bugun ma'naviyat boshqa sohalardan o'n qadam oldinda yurishi kerak, ma'naviyat chinakam ma'noda yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!” — deya alohida qayd etganini nazarda tutishga to'g'ri keladi (Shavkat Mirziyoyev. “Hozirgi zamon va Yangi O'zbekiston”, Toshkent, “O'zbekiston”, 2024. 264-b.). Bil'aks, Yangi O'zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanayotganimiz bejiz emas: ulardan biri — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bo'lsa, ikkinchisi ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma'naviyatimizdir.
Demak, biz tariximizning eng yaxshi an'analaridan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz, aqlli xalq hamisha muammolarini yashirmasdan, ularni joyida hal etishga harakat qiladi. Shu ma'noda, 1929 yillarda AQShda, 1945 yilda Yaponiyada, 1970 yillarda Xitoyda yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklarni vaqtida aniqlab, to'g'ri tadbir va rejalar asosida mamlakat karvonini to'g'ri yo'lga boshlab yuborganlari uchun ham bugun bu mamlakatlar jahonda o'z mavqelariga egadirlar. O'sha yillarda tug'ilgan yoshlar aynan bugungi iqtisodiy taraqqiyotni o'z o'rniga qo'yganlari biz uchun aynan ijobiy tarixiy saboqlar, deyishga asosimiz bor.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqadigan bo'lsak, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 5 fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san'at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi Qarori ana shu qarashlarga hamohangligi bilan katta ahamiyat kasb etadi. Unga ko'ra, buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uyg'onish davrining milliy va umumbashariy mohiyati, yosh avlodni Yangi O'zbekiston bunyodkori etib tarbiyalash borasidagi ulkan o'rni va ta'sirini inobatga olib, ushbu yo'nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko'tarish ko'zda tutilgan.
Shu o'rinda “Yapon ruhiyati — G'arb texnikasi” (“Vakon-yosay”) degan shiorga e'tibor berib ko'raylik. Yapon pragmatizmining boshqalardan farqi ana shu shiorda namoyon edi: “Ular har qanday rivojlangan g'arb davlatlarining mamlakatga kirib kelgan yangiliklarini ko'r-ko'rona qabul qilgan emaslar”. AQSh, Yevropa texnologiyalarini o'zlashtirish jarayonida milliy qadriyatlarni saqlagan holda yaponlarni yangicha ishlash sharoitlariga o'rgatdilar va rivojlangan mamlakatlardan o'zib ketishga erishdilar. Demak, adolatli va zukko rahbarlarning odilona tutgan yo'llari, o'z paytida chiqargan qarorlari xalqni to'g'ri yo'lga, taraqqiyotga, pok ma'naviy olamga yetaklaydi va mamlakat karvonining to'g'ri odimlashiga asosiy mayoq bo'ladi.
Shu jihatdan qaraganda, biz o'tmish oldida ham mas'ulmiz, zero, xalqning buyuklik xislatining yana bir muhim jihatlaridan biri shuki, u o'zining kimligini, tarixini, o'tgan ajdodlarining yorqin vakillarini unutmaydi. Ularning davlatchilik ishlarining eng yaxshi an'analarini o'zlashtiradi va zamon talablariga moslab, uni rivojlantirib, tiriklikning yangi o'zanlarini paydo etadi va elu yurtning tinch, osoyishta yashashi, ayniqsa, yosh avlodning ma'nan barkamol shakllanishiga teran e'tibor qaratadi.
Sohibqiron Amir Temurning iqtisodiy ilmi va tushunchasining shakllanishida MANTIQ ILMI hayotiy zarurat edi: insondek murakkab mavjudotning IKKI EShIK orasida nafaqat to'g'ri shakllanishi, balki intihosida ham to'g'ri yo'lda bo'lishi dunyoviy bir zarur talabdir. Xo'sh, nima uchun Sohibqiron Amir Temurning iqtisodiy mantiq ilmiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz, degan savolga ham adolatli iqtisodiy tizim uchun avvalo ma'naviy asos kerak edi, degan xolisona to'xtamga kelish kerak, deb o'ylaymiz. Zero, Husayn Voiz Koshifiyning “Mardlik dasturi”dagi javonmardlik sharhlari kishini bir umrga o'ylantirib qo'yadi. Bizda bu harakat X asrdan e'tiboran keng quloch yozgan edi.
Bu qanday harakat edi?
Oilasi, ahli ayoli, Vatani va xalqi, yoru do'stlari xizmati uchun umrini baxshida etish, faqat yaxshilikni o'ylab, ezgu ishlardan charchamaslik, ezgu xulq-atvorga ega bo'lish, topganini o'zgalar bilan baham ko'rish, ya'ni “bir mayizni qirqqa bo'lib, baham ko'rish”, muhtojlarga o'z vaqtida, o'z paytida yordam berish, piru ustozlar, do'st-birodarlar nomusi, sharafini himoya etish, ZOHIRAN va BOTINAN pok yurib, pok yashash, pokiza insonlar sharafini qozonish va hokazo oliy xislatlar JAVONMARDLIKning asosiy shartlari edi.
Bu afsona emas, biron-bir badiiy asarning ideal qahramoni xususiyatlari haqida gap bormayapti (Husayn Voiz Koshifiy. “O'zbekiston”, Mardlik dasturi. 288-b.), aksincha, bu oliyjanoblik o'tmishimizda mavjud bo'lgan ulkan va bebaho dastur edi.
Arab sayyohi Ibn Batuta o'zining “Safarnoma” kitobida Turonzamin kishilarining fazilati haqida yozar ekan, “Men dunyo kezib, bunday odamlarni (ya'ni javonmardlarni) boshqa o'lkalarda uchratmadim”, deb qayd etgan.
Ma'naviy barkamollik bilan erishilgan iqtisodning barakali bo'lishi oddiy tushuncha, ammo uni qo'llash, unga rioya etish boshqa masala, zero, xazinaga bir chaqa noqonuniy topilgan kirim bo'lsa, qanchalik zarar bo'lishini o'zingiz ham yaxshi bilasiz. Shu bois ham Sohibqiron Amir Temur xalqning rizqiga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lganki, bunday jiddiy munosabatlar o'zining ijobiy natijasini bergan. Chunonchi ingliz olimasi Xilda Xukxemning ta'kidlashicha, Turonda g'alla hosili serob bo'lib, bir necha pensga (inglizlarning 1/12 shillingiga teng mayda chaqasi) bir yarim bushel (inglizlarning 36,4 litr yoki kilogrammga teng og'irlik o'lchovi) arpa sotib olish mumkin bo'lgan, ya'ni bu ham ma'naviyat: to'q odam, to'q xalqning odob-axloqi joyida bo'ladi.
Agar Amir Temur iqtisodiy islohotlarining ayrim jihatlariga e'tibor bersak, masala yanada oydinlashadi, chunonchi, har bir navkarga bir ot bahosida maosh belgilanganini olib ko'raylik. Nima uchun bir ot bahosida? Sabab shuki, avvalo bu narsa Amir Temurning zukko iqtisodchi bo'lganidan darak beradi, chunki o'sha paytlarda ot eng qimmatbaho ulov hisoblanar, shu barobarida maosh olgan askar oilasini bemalol boqa olar, hatto ortiqcha daromad qilishi ham mumkin edi. Ana endi bugungi kundagi eng qimmatbaho yengil mashina narxini bir ko'z oldingizga keltirib ko'ring-chi, u zotning bu muammoga qanchalik zukkolik bilan yechim topganiga guvoh bo'lasiz.
Shu bois ham Amir Temurning iqtisodiy islohotlari xalq hayotini yengillatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. “Temur tuzuklari”da, ayniqsa, keng va teran bayon etilgan, ya'ni:
— kimki biror sahroni obod etsa, birinchi yili hosildan soliq olinmagan. Bu albatta, yer o'zlashtiruvchi uchun ham, davlat uchun ham katta foyda edi, chunki dehqon uchun bu rag'bat bo'lsa, davlat uchun esa yangi tushumlar irmog'ining paydo bo'lishining ajoyib omili edi;
— yana xiroj ham ekindan ko'tarilgan hosilga va yerning unumdorligiga qarab olingan. Chunonchi doim uzluksiz ravishda koriz, buloq va daryo suvi bilan sug'orilgan ekin yerlar nazarda tutilib, unday yerlardan olingan hosilning (uchdan ikki) hissasi raiyatga, (uchdan) bir hissasi esa saltanat xazinasiga tushgan. Bulardan tashqari, kuzgi, bahorgi, qishki va yozgi dehqonchilikdan olingan hosil raiyatning o'zida qolgan;
— qaysi bir dehqonning yerni ekishga mablag'i bo'lmasa, ularga davlat tomonidan ko'mak berilgan;
— dehqonlar va aholidan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo'lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug' va kerakli qishloq xo'jalik uskunalari tayyorlab berilgan;
— kimning uy imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar bilan ta'minlangan.
Ko'rinadiki, mamlakatdagi mavjud tabiiy tartib-qoidalar aholining xohish-irodasi uchun xizmat qilgan va shu yo'sinda mamlakatda ma'naviy rivojning yuksalishiga erishilgan. Birgina misol: tuman beklari uch yil muddatga tayinlangan va shu davrda hududning ijtimoiy ahvoli, obodonchiligi yaxshilansa, ularning boshqaruv muddati yana uzaytirilgan.
“Tuzuklar”da yozilganki: “Amr qildimki, to'rt vazir har kuni devonxonada hozir bo'lsinlar. Birinchisi mamlakat va raiyat vaziri. Bu vazir mamlakatning muhim va kundalik ishlarini, raiyat ahvolini, viloyatlardan yig'ilgan hosil, soliq-o'lponlar, ularni taqsimlash, kirim-chiqimlarni, (mamlakat) obodonligini, (aholining) farovonligi ishlarini va mulkni qay tarzda tartibga keltirayotganligini menga bildirib tursin” .
Bu o'rinda muhimi shuki, Sohibqiron Amir Temur tanlangan vazir uchun ish nizomini aniq bitgan va uning bajaradigan ishlari asosan xalq manfaatiga qaratilishi ana shu birgina misoldan ham ma'lum. Yana bir e'tiborli jihati, mamlakatda qo'li kalta kishilar ko'p bo'lishi mumkin, xo'sh, ularni ishga jalb etib, og'irliklarini yengil qilish uchun qay tarzda chora-tadbirlar lozim? Bu to'g'ridagi aniq ko'rsatmalarni yana u zotning “Tuzuklar”idan topamiz: “Xarob bo'lib yotgan yerlar egasiz bo'lsa, holisa (davlat daromadlari va yerlari bilan shug'ullanuvchi oliy mansabdorlardan iborat hay'at) tarafidan obod qilinsin. Agar egasi va yerlari bilan shug'ullanuvchi oliy mansabdorlardan bo'lsa-yu, obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o'z yerini obod qilib olsin”.
Lekin ish shu bilan yakunlanmaydi, mamlakat obod bo'lsa, xalq ko'ngli yorishib, go'zallikdan bahra olib, ham ma'nan, ham ruhan madad olib, o'zlari ham ezgulikka qo'l berishadi. Shu bois ham, “Yana amr qildimki, xarob bo'lib yotgan yerlarda korizlar qurishsinlar, buzilgan ko'priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga (yangi) ko'priklar solsinlar, yo'l ustiga rabotlar bunyod etsinlar”, degan ko'rsatmalar berilgan.
Mamlakat ichkarisi kabi o'zga hududlarda ham, hatto turli yurishlar chog'ida ham tinimsiz obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Masalan, 1381 yilda Xurosonga yurishi chog'ida Murg'ob vodiysida to'xtab, daryodan ariqlar qazib, suv chiqarishga farmon bergan. Tez muddatda 20 dan ziyod ariqlar qazilgan va har bir ariq o'sha boshliqlar nomiga qo'yilgan: Umar Tobon o'g'li, Oq bo'g'a, Shayx Ali Bahodir, Davlatshoh Jondor, Alouddin Inoq, Mengli Xoja, Kebekchi Yurtchi, Qutlug' xotun (ayol) va hokazo. Ushbu sug'orish tarmoqlari Murg'ob vohasida hozirgi Bolo Murg'ob shahridan yuqoriroqda, shuningdek, Hofizi Abro' Dilkusho, Ganjiravon, Ganjxona Shayx Ali Sa'd, Gulbog'on, Hasan Jondor Saxdak, Purdor, Ali Malik, Sanjidak kabi ariqlar qazilib, suv chiqarilgan. Suv mevali bog'lar, yashnagan dalalar, xalqning farovonligi deganidir.
Bunyodkorlik ishlari haqida ham alohida to'xtalishga to'g'ri keladi.
Sohibqiron yetti yillik yurishi arafasida (1399 – 1404) qishlovni Ozarbayjonda o'tkazib, yirik ikkita qurilishni amalga oshirgan. Rumga yurishidan oldin Arron Qorabog'ida qishlovda turganida Aras (Araks) daryosi vodiysi ilgari xarob bo'lib yotgan katta ariqni ko'rib, bir oy ichida 10 farsaxdan ortiq (60 – 70 km) ariqni qazdirib, bu ariqda kemalar qatnovini yo'lga qo'ygan. Ariqqa Barlos arig'i deb nom berilib, uning sharofatidan ko'p tegirmonlar va bog'-bo'stonlar obod bo'lgan.
Shuningdek, Sohibqiron yetti yillik yurishidan qaytishida yana qishlovni Ozarbayjonda o'tkazgan. 1403 yil bu yerda qo'shini Araks va Kura daryolari birlashgan joyidagi 1224 yilda mo'g'ullar tomonidan vayron qilingan Boylaqon shahri qurilishini qiyin ob-havo sharoitida (oktyabr oyida) bir oy muddatda nihoyasiga yetkazdirgan. Mazkur shahar va atrofini suv bilan ta'minlash uchun Aras (Araks) daryosidan maxsus ariq ham bir oyda qazdirilgan. Ariqning uzunligi olti farsax, eni o'n gaz bo'lib, u Aras (Araks)dan boshlanib, Boylaqon shahri va atroflarini suv bilan ta'minlagach, Kura daryosiga borib quyilgan:
— ariqning uzunligi 6 farsax, eni o'n gaz;
— chuqurligi 70, ba'zi joylarda 4-8 gazni tashkil etgan (bir gaz 78,74 sm);
— aksariyat qismida 4, undan kam 2 gazgacha ham bor edi.
Sohibqiron topshirig'iga ko'ra, muarrix Hofizi Abro' ham ariqni qazishda geodezik ishlarni bajarishga bosh-qosh bo'lgan va bu haqda noyob ma'lumotlarni yozib qoldirgan. Ushbu sug'orish inshootlari tufayli mamlakatda dehqonchilik taraqqiy etgan, aholining turmush darajasi yaxshilangan va atrof-muhit musaffoligi ham ancha barqarorlashgan.
Ayniqsa, Toshkent shahri bilan bog'liq voqealar biz uchun juda mo''tabar va qimmatli sanaladi. “Shaharni — Toshkandni ikkinchi marta olganimdan so'ng yetti yilgacha bu yerlarni obod qilishga kirishdim, — deya qayd etgan Amir Temur. — Sayxun va Jayhun suvlaridan dehqonlarni ta'minladim. Ko'pgina ochilmagan yerlarini ochib, ziroat berdimki, har qanday yerni ekinsiz qoldirmaslik chorasini ko'rdim. Dehqonlar ham mamnunlik bilan bundan istifoda etmoqqa, mahsulotlarni ko'paytirishga ko'ngil qo'ydi. Natijada bir dona bug'doy urug'idan ikki yuz donadan to'rt yuz donagacha hosil olmoqliklariga erishildi. Buning soyasidan Turon aholisi hayoti farovonlashib, boy bo'lib ketdi. Mahsulotga omborlar to'lib ketganidan o'lturadigan uylariga ham bug'doy to'ldirmoqqa majbur bo'ldilar. Hatto ayrim joylarda o'z vaqtida yig'ishtirib olinmagan mahsulot qor ostida qolib ketdi”.
Bu baraka qaerdan, degan savol haqida yana bir karra mulohaza yuritsak, Amir Temur iqtisodiy islohotlarining avvalo xalq manfaati uchun xizmat qilganini ko'ramiz, chunki u zot 200-300 ming qo'shinini ham tinchlik paytlarida yurtni obod etib, xalqning turmushini yaxshilashga qaratgani har jihatdan e'tiborli voqealardir.
Amir Temur boshlab bergan iqtisodiy-ma'naviy tizim o'zidan keyin ham katta va keng miqyosda davom etdi. Tariximizda bunga misollar ko'p, ammo biz ulardan bir-ikkitasi bilan cheklanamiz, xolos.
Haqiqatan ham, Amir Temur va Temuriylar davrida xalq uchun jonini jabborga berib ishlagan shaxslar ko'pchilikni tashkil etadi. Ana shunday zotlardan biri Xo'ja Ahror valiy hazratlari bo'lib, u zot 1404 yilda Toshkentda tug'ilgan. Yirik yer-suv, mol-mulk egasi bo'lgan. Ali Safiy: “Hazrati Eshonning mol-mulklari, asbob-anjomlari haddan ko'p, hisob va sanoqdan tashqari edi”, deydi. Aytishlaricha, hazratning Qarshida 150 ming tanob, ya'ni 28 ming gektar, Samarqandda 200 ming tanob, ya'ni 35 ming gektar yeri bor edi.
Avliyo kishi shuncha boylikni qaerdan to'plagan va nima qilgan, degan savolning paydo bo'lishi aniq.
1451 yilda temuriy shahzodalardan biri Abu Said mirzo Toshkentga kelganida, Xo'ja Ahror valiyning yordami bilan o'zining raqibi Mirzo Abdulla qo'shini ustidan g'alaba qozonadi. Ana shu g'alabadan so'ng Abu Said mirzoning u zotga ixlosi ortib, uni Samarqandga olib kelgan va Xoja Kashfir mahallasidan unga boshpana qilib bergan.
Xo'ja Ahror valiy juda serbarakotli kishi bo'lib, uning har bir qadamidan baraka yog'ilib turardi. Abusaid mirzoning tarxonlik yorlig'iga sazovor bo'lgach, u oddiy dehqonlarning og'irini yengil qilishga, xalqning osoyishtaligi va ma'naviyatining butun bo'lishi yo'lida diqqat-e'tibori va kuch-quvvatini sarf etadi. Natijada ko'pgina dehqonlar o'z yerlarini uning imtiyozli hisobiga o'tkazib, tinchgina daromad topishga, o'zlari istagandek ro'zg'or tebratishga muyassar bo'ladilar. Albatta, bu xalqqa yoqadigan ish edi. Shu bois ham butun Turon mulkida Xo'ja Ahrorning obro'yi kun sayin yuqorilab boradi. Ayniqsa, 1458 yilda uch nafar temuriy shahzoda: Sulton Ahmad mirzo, Umarshayx mirzo hamda Sulton Mahmud mirzolar Shohruxiya shahrida bir-birlariga tish qayrab turganlarida, Xo'ja Ahror valiy shoshilinch ravishda Samarqanddan kelib, ularni bir joyga to'plab, katta xunrezlikning oldini to'sadi va o'rtada sulh tuzilishiga erishadi. Tasavvur eting, bu uch shahzoda bir-birlari bilan jangga kirishganlarida butun Toshkent viloyati suvoriylar va jangchilar oyoqlari ostida qolib, toptalar va qanchadan-qancha begunoh aholining yostig'i qurishi ham aniq edi.
Bu shaxsning ana shu ezgu ishi, ya'ni juda katta urushning oldini olib, uch shahzodani adolat bilan sulhga ko'ndirgani olamshumul voqea emasmi? Bu ham iqtisod, bu ham soliq, ya'ni xalqning qancha mulki, boyligi saqlab qolindi, davlat ham soliqlaridan ayrilmadi. Xo'sh, buni yozish kerakmi-yo'qmi yoki men faqat iqtisod, soliq haqida yozishim kerak, deya tarixning ana shu muhim burilish nuqtasidan ko'z yumib o'tib ketish kerakmi?
Evropada yoki jahonda urushning oldini to'sgan shunaqa boy kimsa, yana boshqa avliyo bormi?
Bu ham mayli, bu yog'ini eshiting:
Umarshayx mirzo Toshkent viloyati aholisiga 250 ming dinor soliq solganda, bu mablag'ni Xo'ja Ahror valiy o'z hisobidan to'lab yuboradi va yana qo'shimcha 70 ming dinorni soliqchilarga berib, davlat xazinasiga tortiq etadi (A.O'rinboyev. Xo'ja Ahror. “Buyuk siymolar, allomalar” to'plami. “Meros”, 1996, 52-b.)
“Bizning boyligimiz faqirlar uchun. Boyligimizning siri shunda”, degan edi u zot (Sherzod Otamurodov. Xoja Ubaydulloh Ahror, Toshkent, “Movarounnahr”, 2004, 48-b.).
“Biz bu yo'lni tasavvuf kitoblardan emas, xalqqa xizmat tufayli qo'lga kiritdik”, deb yozgan u zot.
Yana bir o'rinda: “Men umrim davomida birovdan hadya qabul qilmadim”, deya ta'kidlab o'tgan. Demak, bugungi yosh avlod bilishi kerakki, bizning ulug' ajdodlarimiz ta'magirlikni or bilishgan, undan hazar qilishgan. Goho ta'magir kishilarni ko'rsak, o'zimiz ham ularga achinib qaraymiz, agar yoshlik qilib, o'zimiz ham shu ahvolga tushgan kezlarni eslasak, nimaga oldinroq Xo'ja Ahror valiyning asarlarini o'qimagan ekanman, nimaga u zotning hayotini o'rganmagan ekanman, deb achinamiz. Zero, biz bugun davlatlimiz, kechagi o'zgalarning qo'lidagi “qullar” emasmiz. Bizning o'z suv ichar buloqlarimiz, shoir aytganidek, o'z sig'inar mozorlarimiz bor. Zero, buning yana bir uchi Sohibqiron Amir Temur tamal toshi qo'ygan adolatli soliq sohasiga borib taqaladi.
Temuriylar Uyg'onish davrining yana bir hotamtoy vakili, millat tayanchi, ulug' shoir, davlat va jamoat arbobi Mir Nizomiddin Alisher Navoiy hisoblanadi. Chunonchi otasi G'iyosiddin kichkina Temuriylar davrida Sabzavor shahrining hokimi edi. Vafot etgach, undan o'rtancha o'g'il Alisherbekka ham biroz mulk meros qolgan. Shoir o'ta zukko inson edi. U otasining mulkini sovurishni emas, uni asrab, ko'paytirishni o'ylaydi va tadbirkorligini ishga solib, halol yo'l bilan rizq topib, tezda boyib ketadi. 1481 yilda bitilgan “Vaqfiya” hujjati ma'lumotlariga ko'ra, unga qarashli yerlar 500 jaribni tashkil etgan. Bulardan tashqari, gavjum bozorlarda u zotning qator savdo rastalari ham mavjud edi. Mazkur yerlar, bog'u rog'lar, savdo do'konlaridan keladigan daromadlarini u hotamtoylik bilan muhtoj oilalarga, yetim-esirlar, beva-bechoralar, ilmli insonlar, madrasa, machitlar, talabalar ehtiyoji uchun sarflab yuborardi. Davlatga solig'ini o'z vaqtida to'lar, xayru xudoyini ham unutmasdi. Hatto bir gal podshoh do'sti Sulton Mirzo Husaynning davlat xarajatlari ko'payib ketib, xalqqa soliq solmoqchi bo'lganda, aholiga jabr bo'lmasin deb, o'z hisobidan 25 ming dinorni butun mamlakat ahli uchun hech bir og'rinmay to'lagan edi.
Bundan tashqari, o'sha davrning ko'zga ko'ringan muarrixi Xondamirning ma'lumot berishicha, Alisher Navoiy o'z mablag'i hisobidan 52 rabot, 19 hovuz, 16 ta ko'prik, 9 hammom va bir qancha madrasa, masjid, xonaqoh va shifoxonalar qurdirgan. Astrobod shahridagi Mir saroyi va jome masjidi, Marv shahridagi madrasa shular jumlasidandir.
Temuriylar Uyg'onish davrining bu ikki mo''tabar donishmandi haqida juda ko'p e'tiborli fikrlarni aytish mumkin, ammo masala shundaki, shaxsning boylik orttirishi faqat o'z manfaati, o'zining to'q va boy yashashi uchun emas, balki bu ham Tangrining unga tiriklikda in'om etilgan omonati, deb bilishi kerakligini va bu boylikning ham aslida xalqniki ekanini Amir Temur qayta-qayta takrorlab o'tganki, bunga uning avlodlari kabi xalqning nufuzli vakillari ham amal qilishgan.
Zero, tariximizdagi bu ikki yirik ajdodimiz haqida qisqacha bo'lsa-da, behuda to'xtalmadik. O'sha zamonlarda bunday hotamtoy, savobtalab va xalqning chinakam g'amxo'ri bo'lgan nufuzli shaxslar haqida so'z yuritsak, sahifalar yetmaydi, ammo zukko kitobxonlarimiz shu qisqa tafsilotlarning o'zidan ham kerakli xulosa chiqara oladilar, deb o'ylaymiz.
Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek:
Gar yaxshi amal kishiga odat bo'lg'ay,
Umri bu amal birla ziyodat bo'lg'ay!
To'lqin HAYIT,
O'zFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi
Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi rahbari.
