Mahalla — obodlik va birdamlik manzili

Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi hamda Özbekiston Mahallalari uyuşmasi örtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida Surxondaryo viloyatida “Yangi Özbekiston mahallalari — obodlik va birdamlik manzili” şiori ostida ommaviy axborot vositalari vakillari uçun mediatur taşkil etildi.

Tadbirdan asosiy maqsad mahallalarda amalga oşirilayotgan keng kölamli islohotlar, aholi turmuş darajasini yaxşilaş, bandlikni taʼminlaş va infratuzilmani rivojlantiriş borasidagi amaliy natijalarni keng jamoatçilikka yetkazişdan iborat böldi. Mediatur davomida jurnalistlar viloyatda mahalla tizimida amalga oşirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanişdi. Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 723 ta mahalla mavjud bölib, şundan 48 tasi çegara va olis hududlarda joylaşgan. Viloyatda 3 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi.

2026 yilning birinçi çoragida “Kambağal oilalar reyestri”ga kiritilgan 9 mingdan ziyod oilaga barqaror bandlik xizmatlari körsatildi. Minglab fuqarolar iş bilan taʼminlanib, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi, kredit va subsidiyalar ajratildi. Aholi murojaatlarini mahallaning özida hal etiş tizimi yölga qöyilgani natijasida murojaatlarning aksariyati ijobiy yeçim topmoqda. Viloyatda mahalla binolarini quriş va taʼmirlaş işlari ham izçil davom ettirilmoqda. 14 ta mahallaga yangi binolar qurib berilgan, qator mahalla binolari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy körinişga keltirilgan.

Mediatur iştirokçilari dastlab Termiz tumanidagi “Qahramon” mahallasida bölib, bu yerda yölga qöyilgan issiqxonaçilik, gulçilik va köçatçilik faoliyati bilan tanişdilar. Ayniqsa, mahallaning tajribali tomorqaçisi Boboyor Xolboyevning faoliyati katta taassurot qoldirdi. U 52 sotix yer maydonida taşkil etgan dehqon xöjaligida pomidor, bodring, bulğor qalampiri, karam mahsulotlari bilan bir qatorda önlab turdagi gul köçatlarini yetiştirmoqda. Uşbu xöjalik orqali 12 nafar fuqaro doimiy iş bilan taʼminlangan bölib, ularning aksariyatini “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar taşkil etadi. Boboyor Xolboyevning taşabbuskorligi va mehnatsevarligi davlat tomonidan munosib qadrlanib, u “Namunali tomorqaçi” kökrak nişoni, “Özbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nişoni hamda “Döstlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Jurnalistlar Termiz tumanidagi “Ayritom” mahallasida davlat granti asosida barpo etilgan sport maydonçasini közdan keçirdilar. Mazkur maskan yoşlarni sportga keng jalb qiliş, ularning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş hamda soğlom turmuş tarzini tarğib etişda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mediatur davomida Termiz şahridagi “Kokildor ota” mahallasiga ham borib, hududda amalga oşirilayotgan bunyodkorlik işlari bilan tanişildi. Bugungi kunda uşbu mahalla iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan tez rivojlanayotgan hududlardan biriga aylangan. Bu yerda asosiy iqtisodiy yönaliş issiqxonaçilik bölib, yuzlab xonadonlarda pomidor, bodring, qalampir va qulupnay yetiştirilmoqda. Mahallada yaqinda zamonaviy mahalla binosi foydalanişga topşirilgan bölib, tadbirkor Abdulvahob ota Abdusattorov taşabbusi bilan bunyod etilgan uşbu binoda “mahalla yettiligi” uçun barça qulayliklar yaratilgan. Jurnalistlar tomorqadan unumli foydalanayotgan xonadonlar hamda haşar yöli bilan bunyod etilayotgan piyodalar yölakçalarini ham közdan keçirdilar.

Mediaturning eʼtiborli manzillaridan biri Jarqörğon tumanidagi “Yangi Özbekiston” mahallasi böldi. Çöl hududini özlaştiriş hisobiga bun­yod etilayotgan uşbu massivda qisqa muddat içida köp qavatli uylar, maktab, boğça va mahalla binolari qad rostlagan. Minglab aholi yangi xonadonlarga köçib kirgan. Hududda axborot texnologiyalari va ingliz tiliga ixtisoslaşgan öquv markazlari, mikromarkazlar hamda savdo obʼyektlari faoliyat yuritmoqda. Içimlik suvi, gaz, elektr va issiqlik tarmoqlari tortilib, keng kölamli kökalamzorlaştiriş işlari amalga oşirilgan. Jurnalistlar bu yerda yaratilgan zamonaviy infratuzilma va aholi uçun yaratilgan qulayliklarni yuqori baholadilar.

Şuningdek, mediatur davomida Jarqörğon tumanidagi “Guliston” mahallasida yölga qöyilgan kartoşkaçilik faoliyati bilan ham tanişildi. Bu yerda aholi tomorqadan samarali foydalanib, nafaqat öz daromadini oşirayotgani, balki içki bozorni qişloq xöjaligi mahsulotlari bilan taʼminlaşga ham munosib hissa qöşayotgani qayd etildi.

Surxondaryo viloyatida taşkil etilgan mazkur mediatur mahallalarda amalga oşirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etiş, ilğor tajribalarni ommalaştiriş hamda davlat va jamoatçilik örtasidagi oçiq muloqotni mustahkamlaşga xizmat qildi. Jurnalistlar mahalla tizimi inson manfaatlarini taʼminlaş, aholi turmuş darajasini yaxşilaş va jamiyatda tinç hamda farovon muhitni şakllantirişda muhim kuçga aylanib borayotganiga yana bir bor amin böldilar.

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

Özbekiston Jurnalistlar uyuşmasi

Axborot xizmati xodimi.

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan