Kitob – oftobdan qalblar nurlanar

Hazrat Alisher Navoiy kitobni beminnat ustozga tenglab, bilim va ma'naviy yuksaklikka erishishning eng asosiy manbai, deb ta'riflaydilar.

Hurmatli Yurtboshimizning “…hammamiz uchun ayni paytda juda muhim ahamiyatga ega bo'lgan masala, ya'ni kitobxonlikni keng yoyish va yoshlarimizning kitobga bo'lgan muhabbatini, ularning ma'naviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi turibdi” degan fikrlari mohiyatida ham bashariyat ilmu ma'rifati, ma'naviyat tarixida yorqin yulduz kabi qolgan ajdodlarimizning kitobning barkamol avlod shakllanishidagi beqiyos o'rni, ahamiyati haqidagi fikr-xulosalari davlatimiz ichki siyosatidagi eng dolzarb masalalardan ekani e'tirof etilgan.

Dunyo hamisha o'zgarishda, yangilanishda, taraqqiyot sari kashfiyotlar bo'laveradi. Faqat insonlar ongini ezguliklar, hayot tarzini xayru barakotlar bilan to'ldirishga xizmat qiladigan kitoblar hech eskirmaydi, yangi-yangi avlodlar bunday kitoblarni misoli qalblarida asragan kabi ehtiyot qiladilar, kelajakka eng ulug' meros sifatida qoldiradilar.

Zero, faylasuf Sitseron aytganidek, “Kichkina bo'lsa ham, bog'ing va kutubxonang bo'lsa — sen boshqa hech narsaga muhtoj emassan”.

Yakunlanayotgan yilda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi ham respublikamiz o'quvchi-yoshlariga mazmun-mohiyati jihatidan ibratli va qiziqarli hamda shunga munosib ravishda zamonaviy dizaynga ega bo'lgan sifatli kitoblar yetkazib berishga o'zining hissasini qo'shdi.

Ma'lum qilinganidek, 2023 yili O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e'lon qilingan tanlovda uyushma “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritgan edi. Loyiha doirasida “Kitobxon bolalar” turkumida Orif To'xtashning “Shalola”, Abdurahmon Akbarning “Oq qovunning bolasi”, Muhabbat Yo'ldoshevaning “Uchar hammom”, Isoqjon Nishonovning “Sehrgarning uzugi”, hammualliflarning  “Bolalikning qo'lidan tutib” nomli kitoblari “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida; “Dunyo daholari” turkumidagi “Stiv Jobs – kompyuterga jon bergan odam”, “Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi”, “Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi”, “Motsart – musiqa dahosi”, “Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitoblar esa “ASAXIY BOOKS” MChJda, bu o'n nomdagi kitoblar hammasi bo'lib 10 000 nusxada chop etildi.

Ushbu kitoblarning Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda viloyatlarda bo'lib o'tgan taqdimotlari, aytish mumkinki, jonkuyar o'qituvchilar va kitobsevar bolajonlar uchun haqiqiy bayramga aylanib ketdi.

Kitoblarning dastlabki taqdimot tadbiri, avval ham xabar qilinganidek, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida “Kitobsevar millat” shiori ostida bo'lib o'tdi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Respublika Jurnalistlar uyushmasi hamkorligida o'tkazilgan bu tadbirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, poytaxt axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda  yosh kitobxonlar ishtirok etdilar.

“O'zbekiston” nashriyoti bosh muharriri Muhiddin Omon olib borgan ushbu dastlabki taqdimotda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Dilshod Saidjonov, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva; ijodkorlar Orif To'xtash, Zahro Hasanova va boshqa ziyolilar mamlakatimizda yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, kitob va kitobxonlikni keng targ'ib qilishga alohida e'tibor qaratib kelinayotganini alohida ta'kidladilar. Ijodkorlar, kutubxona xodimlari bu yangi nashrlar, shuningdek, kitobxonlik bo'yicha o'z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdilar.

— Bugun taqdimoti o'tkazilayotgan o'n nomdagi kitoblardan o'rin olgan she'rlar, hikoya va ertaklar mazmuniga mos yorqin, chiroyli rasmlar bilan boyitilib, bolalar e'tiborini o'ziga jalb qiladigan zamonaviy dizaynda, sifatli chop etilgan, — dedi “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova. — Chunki bugungi o'quvchi-yoshlarning talab va qiziqishlari keng qirrali, zamon bilan hamnafas.

Haqiqatan ham, ayni kitoblarning har biri betakror g'oyaviy mazmuni va shunga munosib bezaklari bilan yosh o'quvchi diqqatini tortadi. Ayniqsa, “Dunyo daholari” turkumida tayyorlangan kitoblar orqali fizik olim Albert Eynshteyn, rassom, ixtirochi, yozuvchi, musiqachi Leonardo da Vinchi, “kompyuterga jon bergan odam” Stiv Jobs, “charm qo'lqop qiroli” deb sharaflangan Muhammad Ali, dunyoga mashhur bastakor Motsart hayoti, ularning faoliyati bilan bog'liq ma'lumotlar bilan tanishish bolajonlarning ilmu fanga, sportga, san'atga bo'lgan qiziqishlari, muhabbatlarini orttiradi; o'z sohasida jahonshumul e'tibor qozongan bu mashhur shaxslarning hayotiy ibrati yosh qalblarni maqsad sari dadil qadam tashlashga o'rgatadi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda respublikamiz viloyatlarining nufuzli ilm maskanlarida  “Kitobsevar millat” shiori ostida bo'lib o'tgan, yuqorida nomlari qayd etilgan o'nta kitob taqdimotlarida joylardagi Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar o'qituvchi va o'quvchilari vakillari, OAV xodimlari, viloyat hamda shahar-tuman axborot-kutubxona markazlarining rahbarlari, ziyolilar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Nukus shahridagi Prezident maktabida “Kitobsevar millat” shiori ostida o'tkazilgan kitoblar taqdimotida O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko'chimov, “Yangi O'zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov ham ishtirok etib, keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari, g'amxo'rliklari bilan mamlakatimizda kitobxonlikni targ'ib etish, barcha hududlardagi o'quvchi-yoshlarni ilmiy, g'oyaviy-badiiy jihatdan yetuk kitoblar bilan ta'minlashga qaratilgan qator tadbirlar o'tkazilayotgani va ularning ijobiy samaralari haqida gapirdilar.

— Kitob – ruhiyatimiz ozuqasi, u bilan do'stlashish kishi qalbini ezgu maqsadlar bilan yuksaltiradi, shuningdek, unga jahonni tanitadi, yaxshiliklar yo'lida hamrohlik qiladi, ezgulikka yetaklaydi, — dedi Xiva tumani axborot-kutubxona markazi rahbari Malohat Ro'zmetova. — Keyingi yillarda Yurtboshimiz rahbarligida kitobxonlikni kengaytirish va uni rag'batlantirish uchun amalga oshirilgan tadbirlar natijasida kitob o'qishga qiziquvchan, bu bebaho ilmu ma'rifat, ma'naviyat chashmasi bilan do'stlashgan bolalar soni keskin ortib boryapti. Ularning ma'naviy ehtiyojlarini qondirishda yangi kitoblar bizga suv va havodek zarur, qadrli.

E'tiborli jihati shundaki, barcha taqdimot tadbirlari ishtirokchilari, ayniqsa, ustozlar, kitob va kitobxonlik targ'ibotchilari, ma'naviyat fidoyilari, o'quvchilar yuzida ta'lim dargohlari kutubxonalariga, axborot-kutubxona markazlariga yangi kitoblar kirib borayotganidan xursandlik, minnatdorlik tuyg'ulari yaqqol aks etib turardi.

— Yosh avlodga ta'lim-tarbiya berishda kitoblarning o'rni beqiyos. “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo'yicha o'smir bolalarga kitoblarni nashrga tayyorlashdan oldin mutaxassislar bilan maslahatlashdik. Bu yoshdagi farzandlarimizning imkoniyatlari, bilim darajasi, qiziqishlari, o'ziga xosliklaridan kelib chiqib badiiy asarlar, mashhurlar hayotiga oid kitoblar tanlandi, — dedi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. — Nafaqat viloyatlar markazlarida, balki shahar-tuman axborot-kutubxona markazlarida ham ayni kitoblarning taqdimoti bo'lib o'tdi. Demak, yurtimizning eng chekka hududlari bolajonlari ham yangi badiiy nashrlardan xabardor bo'ldilar, ularni olib o'qishlari uchun imkoniyat yaratildi. Ilmu ma'rifat tarqatishdek xayrli ishga hissa qo'shganimizdan juda xursandmiz.

10 000 nusxadagi kitoblar respublikamizdagi Prezident maktablari, maxsus ixtisoslashtirilgan maktablar, axborot-kutubxona markazlari, ijod maktablariga va oilaviy bolalar uylariga tuhfa etildi.

“Hech qaysi mebel kitobchalik maftunkor emas”, degan edi dun­yo­­ga mashhur adiblardan biri. O'ylaymizki, kitoblar xonadonlarning, ta'lim dargohlarining eng bebaho boyligi, qalblarning ustozi-do'sti bo'ladi. Taqdim etilgan har bir kitobni bir o'quvchi, aytaylik, bir hafta davomida o'qib chiqsa ham, bu kitoblardan ming-minglab yosh avlod nur-ziyo oladi, aqlu shuuri va tafakkuri boyiydi, ma'naviyati yuksaladi, tenglar ichra teng bo'lib qaddiyu qadrini tiklayotgan Yangi O'zbekistonga munosib farzandlar kamol topadi.

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

mas'ul xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − four =