Bu yil “Oltin qalam” kimlarga nasib etadi?
Mamlakatimizda media sohasi vakillari o'rtasida o'tkaziladigan turli ijodiy tanlovlar ko'pligiga qaramasdan, qo'liga qalam tutgan har bir ijodkor borki, “Oltin qalam” sohibi bo'lishni orzu qiladi. Chunki “Oltin qalam” tanlovining nufuzi baland, bu mukofot ijod maydonida yuksak e'tirof ramziga aylanib ulgurgan desak xato bo'lmasa kerak.
Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov Tashkiliy qo'mitasining ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilgi tanlov uchun 500 dan ziyod OAV vakillari 4 mingga yaqin ijodiy ishlarini topshirgan. Xususan, televidenie yo'nalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist o'z materiallarini taqdim etgan bo'lsa, radio yo'nalishida 26 nafar, bosma OAV yo'nalishida esa eng ko'p — 178 nafar, internet nashrlari yo'nalishi bo'yicha 75 nafar, “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida ham har yilgidan ko'proq — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashishni ixtiyor etgan. “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun”, “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” kabi rag'batlantiruvchi o'rinlar uchun topshirilgan ijodiy ishlar ham salmoqli raqamlarni tashkil etgan.
Ta'kidlash joizki, Prezidentimizning 2022 yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida jurnalistlar o'rtasida har yili an'anaviy o'tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o'tkazish vazifasi belgilangan.
Shunga ko'ra “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov Hakamlar hay'ati tarkibiga har bir yo'nalish bo'yicha ustoz jurnalistlar, media sohaning taniqli vakillari kiritilganini aytish kerak.
Kuni kecha “Oltin qalam” XVIII tanlovi Hakamlar hay'atining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tanlovga topshirilgan ijodiy ishlarni hakamlar hay'ati a'zolari baholashga kirishdi.
Ijodiy ishlar Hakamlar hay'ati tomonidan adolat mezonlari asosida xolis va haqqoniy baholanishiga va “Oltin qalam” o'zining munosib sohibu sohibalarini topishiga shubha yo'q. Demak, joriy yilning may oyi boshida tantanali tarzda o'tkazilishi ko'zda tutilgan “Oltin qalam” tanlovining taqdirlash marosimida har yilgidek eng munosib ijodkorlar g'olib va sovrindorlar sifatida e'tirof etiladi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati.