Yosh jurnalistlar — uyushma a'zolari safida!
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zolari safi o'z kasbiga mehr qo'ygan, yangilikka intiluvchan, bilimli va iqtidorli yosh jurnalistlar hisobiga tobora kengayib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2023 yillarda ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi”da uyushmaga a'zolar qabul qilishni takomillashtirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini to'laqonli himoya qilish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratilgani yosh jurnalistlarni ham uyushma a'zosi bo'lishga ruhlantirdi.
Shu o'rinda umumiy gaplarni emas, aniq misollarni keltirib o'tsak. Sabina Alimova — 2019 yilda O'zbekiston Milliy universitetining bakalavr, 2021 yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan. Ayni paytda “Yangi O'zbekiston” – “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyatida madaniyat va ma'rifat bo'limi mudiri vazifasida faoliyat yuritmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev, 2023 yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti “Internet jurnalistika va mediamenejment” fakultetini tamomlagan. O'zbekiston Milliy axborot agentligi “Xalqaro axborot” tahririyatida yetakchi muharrir bo'lib ishlagan. Hozir O'zA Prezident “POOL” markazi yetakchi muharriri.
Yosh jurnalistlar — uyushma a'zolari safida!
Islom Asilbekov, 2023 yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini bosma OAV yo'nalishi bo'yicha tamomlagan. 2021 yilda “Mard o'g'lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Hozirgi vaqtda “Hurriyat” gazetasi yetakchi muxbiri.
Bugungi kunda “Renessans TV” telekanalida “Ovoza” informatsion dasturi muxbiri sifatida faoliyat olib borayotgan Nurullo Rasulovni ham shunday iqtidorli yosh jurnalistlar qatoriga kiritish va bu ro'yxatni yana davom ettirish mumkin.
Xo'sh, biz yuqorida tilga olgan yosh jurnalistlarni qanday jihatlar birlashtirib turadi? Ular 2-3 tadan chet tillarini mukammal bilishadi, tezkor zamon bilan hamnafas, ijtimoiy faol, yanada muhimi, hali yosh bo'lishlariga qaramasdan, jurnalistika sohasida o'z so'zini ayta olgan va e'tirofga sazovor bo'lgan. Demak, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi bo'lishga to'la munosib nomzodlar desak, mubolag'a bo'lmaydi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov uyushma a'zoligiga qabul qilingan Sabina Alimova, Behruz Xudoyberdiyev, Nurillo Rasulov va Islom Asilbekovga yangi namunadagi a'zolik guvohnomalarini topshirar ekan, uyushma a'zolariga yaratilgan imkoniyatlar, media soha rivoji yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida so'z yuritdi.
Xususan, jurnalist va tahririyat xodimlarini xorij mamlakatlariga tajriba almashish, stajirovka o'tash, nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuborishda uyushma a'zolariga alohida e'tibor qaratilishini ta'kidladi.
— Har qanday rag'bat va e'tirof ijodkorga kuch beradi, ilhom bag'ishlaydi, — dedi Islom Asilbekov. — Yosh bo'lishimga qaramay, ustozlar tomonidan e'tirof etilib, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi degan nomni olishimning o'zi mas'uliyat. Tabiiyki, mas'uliyat bor joyda tinimsiz mehnat, so'zingiz, qalamingiz bilan insonlar qalbiga kirib borish vazifasi yotadi. 29 yoshimda uyushma a'zoligiga qabul qilinganim, albatta, mazkur tizimda yoshlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari rivojlanayotganidan, yosh jurnalistlar bilan hamkorlikda ko'plab loyihalar amalga oshirilishidan dalolat beradi. Uyushma a'zosi degan nomni oqlashga sidqidildan harakat qilaman.
Ijodkorlar bilan uchrashuv
“Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasini tayyorlashda ishtirok etgan ijodkorlar kuni kecha Samarqand viloyati Matbuot uyida bo'lishdi. Mehmonlar dastlab O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi, “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyati faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirda uyushmaning viloyat bo'limi raisi A.Haydarov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri F.Toshev tahririyatlardagi ijodiy muhit, jurnalistlarga yaratilgan sharoitlar, yangilik va xabarlarning yoritilishi haqida ma'lumot berdi.
Uchrashuv davomida mehmonlar viloyat matbuoti tarixi muzeyi bilan tanishdilar. Ular bu yerda viloyat, tuman va shahar gazetalarining arxiv ma'lumotlari, taxlamlar, tahririyatda ishlash bilan bog'liq tarixiy manbalarni ko'zdan kechirdi.
“Mahorat maktabi”: mavzu tanlash mahorati
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog'iston bo'limi qoshida atoqli jurnalist Sharap Usnatdinov nomidagi “Mahorat maktabi” tashkil etilib, faoliyat olib boryapti.
Kuni kecha ushbu “Mahorat maktabi”ning navbatdagi mashg'uloti Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining filologiya fakulteti jurnalistika ta'lim yo'nalishi talaba-yoshlari ishtirokida o'tkazildi. Mashg'ulotni O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Mahorat maktabi” rahbari Rao'aj Otarbayev “Sharap Usnatdinovning mavzu tanlash mahorati” mavzusida olib bordi.
Mashg'ulot davomida yozuvchi va jurnalist Sh.Usnatdinovning “Kimge kesh, kimge taң sәhәr” (“Kimga kech, kimga tong sahar”), “Soңg'ы aңshы” (“So'nggi ovchi”) kitoblari va gazetalarda turli yillarda chop etilgan maqolalari tahlil qilindi. Talaba-yoshlarga taniqli ijodkorning hayot yo'li va asarlari haqida ma'lumotlar berildi.
“Bir qatim nur” kitobi taqdimoti
Navoiy viloyati Karmana tumani Axborot-kutubxona markazida tajribali jurnalist Salima Umarovaning “Bir qatim nur” nomli kitobi taqdimoti o'tkazildi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo'limi, Navoiy pedagoglarni yangi metodikalarga o'rgatish milliy markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda OAV vakillari, shoir va yozuvchilar, o'qituvchi va murabbiylar, kutubxona xodimlari, jurnalistlar hamda kitobxon yoshlar ishtirok etdi.
Ma'naviy-ma'rifiy tadbirda Salima Umarovaning “Bir qatim nur” kitobiga kiritilgan hikoya, qissa va boshqa ma'rifiy bitiklar, ularda aks etgan qahramonlarning kechmishi to'g'risida va bu asarlarning shaxs tarbiyasidagi o'rni xususida so'z yuritildi.
— Kutubxonamizda mavjud bo'lgan har bir kitobning o'z o'quvchilari bor. Agar yaxshi kitob bo'lsa, albatta, o'quvchilar orasida qo'lma-qo'l bo'lib ketadi, — dedi Karmana tumani Axborot-kutubxona markazining Axborot-bibliografiya xizmati rahbari Laylo Navro'zbayeva. — Salima Umarovaning kitoblari ham o'quvchilar tomonidan ko'p o'qiladigan adabiyotlar safida ekanligini alohida e'tirof etish lozim. Ijodkorning nafaqat nazm yo'nalishida, balki nasr yo'nalishida yozgan asarlari ham kitobxonlar qalbidan chuqur joy olayotgani quvonarlidir.
Tadbirda Salima Umarovaning shogirdlaridan Ra'no Rabbimova, Jamshid Bo'ronov va Latofat Rajabova so'zga chiqib, ustoz-ijodkorning sermahsul ijodi, ibratli xislatlari, jurnalistlik faoliyatida erishgan yutuqlari hamda “Bir qatim nur” nomli yangi kitobiga kiritilgan hikoyalar va ma'rifiy bitiklarning ma'naviy hayotimizdagi ahamiyati to'g'risida to'xtalib o'tishdi.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Axborot xizmati.