Balli, Qulman Ochil!

Yozuvchi, publitsist, tarjimon, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Qulman Ochilning “PIR nashr” nashriyotida hikoya va qissalardan iborat “Erkak” deb nomlangan kitobi chop etildi. Kitobga atoqli adib Erkin A'zam so'zboshi yozgan.
Bugungi avlod eshitganmi-yo'qmi, sho'ro zamonida Valentin Katayev degan dongdor yozuvchi bo'lardi. “Oqarib ko'rinar bir yelkan” va “Polk o'g'li” degan qissalari juda mashhur, maktab darsliklariga ham kiritilgan edi. Umuman, ko'p asarlari sovet vatanparvarligi, sotsialistik bunyodkorlik, kommunistik targ'ibot ruhida edi.
Ana shu adib kutilmaganda butkul boshqa uslub, boshqa mazmunda yoza boshladi. “Xayol chechaklari”, “Mening olmos gulchambarim” kabi xotiranamo asarlarini o'qigan odam bularni “mafkurasi mustahkam” kechagi sovet adibi yozganiga ishonolmasdi. Ayniqsa, “Allaqachon yozilgan Verter” qissasi sho'ro siyosatiga batamom qarshi ruhda edi…
Sezib turibmiz, muqoyasamiz unchalik ham o'rniga tushmayotir. Biz bor-yo'g'i ijodkor shaxs umri davomida ham usluban, ham e'tiqod bobida keskin o'zgarishi mumkinligiga misol qidirdik, xolos, topganimiz esa shugina bo'ldi.
Kamina ana shunga yaqin ijodiy o'zgarishni ikki hamqalam do'stimda kuzatganimni aytmoqchiman. Biri — Xayriddin Sulton, ikkinchisi esa — Qulman Ochil. Birinchi deganimiz ma'lum tanaffusdan so'ng mutlaqo kutilmagan mavzu va shakllarda yoza boshladiki, buni olqishlamasak bo'lmaydi.
Qulman Ochilga kelsak, biz uni asosan faol jurnalist, publitsist sifatida bilardik. Mustaqillik arafasida matbuotimizni jonlantirgan, obod qilgan katta-katta suhbatlar shu tinib-tinchimas, dovyurak do'stimizning nomi bilan bog'liq. Peshqadam ziyoli arboblar bilan qilingan bu yozma muloqotlarda o'sha kezlar tilga olish ham qaltis hisoblangan hayot-mamot masalalari ko'tarilardi.
Ko'p o'tmay esa serg'ayrat do'stimiz adabiy qalamini qaygadir yashirib, talay yillik “qish uyqusi”ga ketdi: rasmiy idorada og'ir mehnatning tagida bo'ldi. To'g'ri, ora-orada hajviyasimon nimarsalardan iborat bir-ikki to'plam ham chiqardi, qay birigadir o'zim so'zboshi yozib berganga ham o'xshayman. Ammo bulari shunchaki ermak yo'ligamidi deyman-da.
Nihoyat, o'zining ta'biri bilan aytsak, karaxtlik holatidan chiqib, hujayralariga toza qon yugura boshladi… Va ana shunda uyg'ondi, ishga tushdi yigit!
Shuncha zamon qayga ketdingiz, Qulman Ochil? Tengqurlaringiz allaqachon besh-oltita “yostiq”ni dumalatib tashladi-ku, siz esa endigina safga qo'shilib turibsiz! Shungamikan, ba'zi safdoshlaru g'ofil jamoatchilik andak begonasirab, ajablanibroq qaraydi sizga. Parvo qilmang, birodar, doim shunday bo'lib kelgan, shunday bo'laveradi.
Qulman Ochil ijodida keskin burilish, menimcha, uning aka-uka o'rtasidagi oddiy sen zo'rmi, men zo'rmi musobaqasi g'ayirlikka, baxillikka aylanib, xunuk oqibatlarga olib kelgani aks ettirilgan “Qasd” va kechagi “O'zbek ishi”ning hali adabiyotda tasvirini topmagan qirralari dadil ko'rsatib berilmish “Gardan va gardun” qissalarida yaqqol sezildi.
Yashirmayman, men o'shanda muallifning kutilmaganda bir necha kalla o'sganiga, safimizda hazillashib bo'lmaydigan asl bir adib paydo bo'lganiga ishonch hosil qilganman.
Shundan keyin belidagi ijod kamarini mahkam tortgan adib yigirmaga yaqin katta-kichik hikoya e'lon qildi. Biri-biriga o'xshamaydi, biri-biridan o'tgulik. Hikoyaki, o'ttiz yillar burun, “kitobxo'rlik” ayni avjida mahallari yozilganida adabiyotni alg'ov-dalg'ov qilib tashlaydigan. Hikoyaki, muallifini zumda katta ro'yxatlarga eltib qo'shadigan. Hikoyalarki, bugun birov o'qib birov o'qimay qolayotgan… Afsus!
Bu asarlarda qahramonning gardanida eskidan qolgan bo'yinturuq yo'q, ularni o'qib, o'sha zamonda ta'lim olgan birov-yarimning rostakamiga boshi ham qotadi: buning qay biri ijobiy, qaysi biri salbiy? Salbiy bo'lsang, nari tur… Nega voqealar oqimi biz kutgan, biz o'rganib qolgan tomonga emas, butkul boshqa yoqqa qarab ketdi?..
Guvohman, muallif shu yillar orasi juda qattiq mutolaaga berildi, navqironlikka xos tiyiqsiz bir g'ayrat, ishtiyoq bilan avval qo'li tegmagan asarlarni bamisoli yutib-sipqorib chiqdi. Tinimsiz izlanish, unnash-urinish, o'ziga talabchanlik oqibatida badiiy matn zichlik, serma'nolik kasb etdi, shuning barobarida ortiqcha izoh, serso'zliklar barham topib, havas qilgulik lo'nda ifodaviy bir uslub bo'y berib qoldi. “Yigit so'zim”, “Nadur xayoling”, “Senzura”, “Topor”, “G'arov”, “Seni deyman”, “Vasenka”, “Qizil ko'rpacha”, “Juma kuni” singari ajab zalvarli hikoyalar shu tariqa dunyoga keldi.
Bularning har biri haqida alohida-alohida maqola bitgulik. Ammo maqola qilib o'tirilsa, keyin ularni kim o'qiydi? Keling, har kim o'zi o'qisin, o'zi mulohaza qilsin. Bizning esa muallifga bittagina savolimiz qoldi:
— “Xatar darvozasi”ni qachon o'qiymiz, Qulman Ochil?
Erkin A'ZAM,
O'zbekiston xalq yozuvchisi.